Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


05.08.2025 | 08:40

img524

O‘ZBEK MATEMATIKASINING OLTIN DAVRI

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 30-dekabr kuni mamlakatimizning yetakchi ilm-fan namoyandalari bilan uchrashib, dildan muloqot qilgan edi. Ana shu uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslar, Davlat rahbarining olimlar oldiga qo‘ygan dolzarb va kechiktirib bo‘lmas masalalari shundan dalolat ediki, endi ilm-fanga munosabat tubdan o‘zgaradi, yangicha dunyoqarash shakllanadi. Bundan keyin ilm ahli faqat o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘ladi, ularni na “oq oltin” hashari, na moddiy-texnik bazaning g‘aribligi, na maosh pastligi bezovta qilmaydi.

Xullas, bugun yaratib berilayotgan shart-sharoitlarga munosib bo‘lish, ulardan unumli foydalanib, yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shishgina qolgan edi. O‘shanda bunday yuksak maqsadlar tez orada amalga oshishiga ayrimlar ishonmagani ham sir emas. Chunki biz uzoq yillar davomida ziyolilarga panja ortidan qaralishiga, “kamtarona” hayotga ko‘nikib qolgan edik.

Oradan ko‘p vaqt o‘tar-o‘tmas, Prezidentimizning uzoqni ko‘ra bilishi, zamon talabini to‘g‘ri anglab, ilm-fanga bergan e’tibori naqadar to‘g‘ri bo‘lgani yaqqol ayon bo‘lib qoldi. Zotan, dunyodagi hech bir mamlakat va jamiyat ilm-fansiz zamon talablari darajasida rivojlanishi mumkin emas.

Bugun yurtimizda jahondagi yetakchi institutlar, universitetlar, ilmiy markazlar va akademiyalar bilan ilmiy hamkorlik butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi. Xorijning yetakchi o‘quv va ilmiy muassasalarida ta’lim va ilmiy daraja olgan yurtdoshlarimiz uchun mamlakatimizda qulay shart-sharoitlar yaratildi.

O‘sha tarixiy muloqotdan so‘ng o‘zini hurmat qilgan har bir olim buyuk ajdodlarimiz izidan borib, manfaatli loyihalar ustida ilmiy tadqiqotlar olib borishi kerakligini teran his qildi.

Biz bu yo‘lda dunyoga ikki buyuk Renessansni taqdim etgan ulug‘ salaflarimizdan o‘rnak olishimiz kerak. Shu o‘rinda birgina Muhammad Xorazmiyni olaylik. Buyuk vatandoshimiz zamonaviy algebra fanining asoschisi va “algoritm” ilmiy tushunchasining otasi sifatida butun insoniyatga bebaho meros qoldirdi. Undan bugun ham bahramand bo‘lib turgan bashariyat ajdodimizdan oshkora va g‘oyibona minnatdor.

Muhammad Xorazmiy 783-yilda Xorazmda tug‘ilgan. O‘sha paytda ushbu sharofatli zamin dunyo miqyosida fan va ta’lim markazlaridan biri bo‘lgan. Bobomiz o‘ttiz yoshga to‘lmasidanoq Movarounnahrdan tashqarida ham ma’lum-u mashhur edi. Ishonch bilan aytish mumkinki, Xorazmiy dunyoga dong taratgan Markaziy osiyolik birinchi olim edi. Bunday deyishimizga sabab, Muhammad Xorazmiy ilm-fan dahosi sifatida shuhrat qozongan davrda Ahmad Farg‘oniy 11 yoshda, buyuk muhaddis Imom Buxoriy esa hali dunyoga kelmagan edi. Beruniy va ibn Sino kabi allomalar oradan bir asr o‘tgach dunyoga keldi.

Muhammad Xorazmiyga qadar odamlar matematika deganda asosan geometriyani, ya’ni yerni o‘lchashni, yanayam aniqroq aytganda, yer uchastkalarini o‘lchashni tushunishgan. Matematiklar ko‘pincha geometriklar deb nomlangan.

Agar hisob-kitoblarni amalga oshirish kerak bo‘lsa, qadimgi matematika faqat raqamlarga murojaat qilgan, hech qanday formula ishlatilmagan.

O‘sha davrda raqamlar va kasr sonlar bilan ishlash murakkab jarayon bo‘lib, ko‘pchilik uchun tushunarsiz edi. Yevropada rim raqamlari ishlatilgan, ular bilan oddiy arifmetik amallarni bajarish juda qiyin edi.

Buning nimaligini aniq bilish uchun men rim raqamlari bilan oddiy hisob-kitoblarni amalga oshirish zarur bo‘lgan bitta misolni keltiraman. Qadimgi Rim imperiyasi davrida armiyaning asosini legionlar tashkil etgan. Har bir legion o‘nta kohortadan iborat bo‘lgan. Har bir kohortada 555 nafar piyoda va 66 nafardan otliq askar xizmat qilgan. Oddiy savolga javob berishga harakat qiling – o‘nta kohortada qancha otliq bor edi? Javob bugun siz-u biz uchun o‘ta jo‘n: 66 ni 10 ga ko‘paytirib, 660 hosilasini olsak bas.

Ana endi rim raqamlaridan foydalanib, LXVI va X ning ko‘paytmasini topib ko‘ring-chi! LXVI x X = DCLX.

Zamonaviy o‘quvchi bu yerda yozilgan narsalarga qarab nimanidir tushuna oladimi? Qanday qilib tenglik belgisining chap tomonida turgan ifodadan o‘ng tomonda turgan natijani olish mumkin? Shunchaki bu tenglamaga rasm sifatida qarang va uni unuting.

Agar siz Muhammad Xorazmiyning hind hisobi haqidagi kitobidan foydalansangiz, unda muammoni 0 belgisini o‘ng tomondagi 66 raqamiga qo‘shish orqali hal qilish mumkin. Faqat nolni qo‘shing!

Nafaqat qadimgi Rimda, balki o‘rta asr Yevropasida ham buni amalga oshirish mumkin emas edi, chunki ularda nol raqami yo‘q edi. Yevropaliklar ilk bor nol haqida Xorazmiyning kitobidan bilib oldilar.

Muhammad Xorazmiyning asarlari bilan tanishgan Yevropa hayratda qoldi. Lekin xristian ruhoniylari haqida bunday deb bo‘lmaydi. Ular Xorazmiy kitoblarini taqiqlashga urindi, ammo hech qanday cheklov alloma g‘oyalarining tarqalishini to‘xtata olmadi. Endilikda Muhammad Xorazmiy tomonidan ushbu kitobda bayon etilgan g‘oyalar hayotimizga shu qadar kirib keldiki, biz boshqacha bo‘lishi mumkinligini tasavvur ham qila olmaymiz.

Buyuk ajdodimizning hind hisobi haqidagi mashhur kitobining lotin tiliga tarjimasi “Dixit Algorizmi” (“Al-Xorazmiy dedi”) degan so‘zlar bilan boshlanadi. Butun dunyo matematiklari shundan so‘ng qanday matematik amallar qaysi ketma-ketlikda bajarilishi kerakligi haqidagi har bir aniq ko‘rsatmani “algoritm” deb nomlay boshladi.

Muhammad Xorazmiydan oldin zamonaviy ma’noda tenglamalar mavjud emas edi. Meros masalalarini hal qilish uchun tavakkal va xato orqali bo‘lsa ham taqsimotning barcha ishtirokchilarini chor-nochor qondiradigan butun yoki kasr sonlar ro‘kach qilinardi, vassalom.

Xorazmiy bobomiz o‘zining mashhur “Kitob al-jabr va-al-muqobala” asarida birinchi marta tenglamalar yechiladigan qoidalarni ko‘rsatgan. Hozirda ular birinchi va ikkinchi darajali tenglamalar deb ataladi. Ushbu buyuk kitob lotin tiliga tarjima qilgandan so‘ng, Yevropada ular uchinchi va to‘rtinchi darajali tenglamalarni yechish uchun xuddi shunday qoidalarni izlay boshladilar. Bu eng taniqli olimlar tomonidan amalga oshirildi. Ular o‘rtasida ochiq musobaqalar bo‘lib o‘tdi va ko‘plab tomoshabinlarni jalb qildi. Nihoyat, norvegiyalik taniqli matematik Nils Abel beshinchi va undan yuqori darajadagi tenglamalar uchun umumiy yechim qoidalarini yaratish imkonsizligini isbotladi va shu bilan bu boradagi urinishlarga yakun yasadi. Ma’lumki, matematika fani bo‘yicha Nobel mukofoti ta’sis etilmagan, ammo unga tenglashtirilgan Abel mukofoti bor. Bu nufuzli sovrin Abel ishidan deyarli ikki yuz yil o‘tgach berila boshlangan. Aytish mumkinki, agar Muhammad Xorazmiyning ajoyib risolasi bo‘lmaganida, ushbu mukofot ham bo‘lmas edi.

Muhammad Xorazmiy 44 yoshga to‘lganida, unga Yer sharining radiusini aniqroq o‘lchash bo‘yicha ishlarni boshqarishni taklif qilishdi. U iqtidorli yosh olim Ahmad Farg‘oniyni o‘z jamoasiga olib, bu ishni ajoyib tarzda bajardi. Bunday vazifani uddalash uchun eng mos joy – bu chuqur quduqlar bilan jihozlangan tekis sirt hisoblanadi. Xorazmiy Bag‘dod yaqinidagi Sinjar cho‘lini tanladi va u yerda kerakli o‘lchovlarni amalga oshirdi. Olingan natijalarni matematik qayta ishlash Muhammad Xorazmiy boshliq olimlar guruhi tomonidan amalga oshirilgan yuqori darajadagi 1 gradusning sinusini hisoblashni talab qildi. Bu hisob-kitoblarning aniqligi olti asr davomida, yana bir ulug‘ ajdodimiz Mirzo Ulug‘bek tomonidan amalga oshirilgan matematik hisob-kitoblarga qadar tengsiz bo‘lib qoldi…

Keyingi davrlarda o‘lkamizda hukm surgan jaholat va mustamlakachilik oqibatida ilm-fan taraqqiyoti ham to‘xtab qolgani hammamizga yaxshi ma’lum. Mustaqillik yillarida yosh davlatimizning imkoniyati qadar yaratilgan sharoitlarga ko‘nikishga to‘g‘ri keldi.

So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar esa ilm-fan olamiga yangi havo olib kirdi. Avvalo shuni ta’kidlashni istardimki, mamlakatimizda matematikani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Men AQSh, Yaponiya, Germaniya va boshqa mamlakatlardagi dunyoning ko‘plab yetakchi universitetlarida ishlaganman, ammo matematikaga bizdagiday xayrixoh munosabatni hech qayerda ko‘rmadim.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Matematika instituti Milliy universitetning matematika fakulteti yaqinidagi ajoyib binoga ko‘chib o‘tdi. Shu tariqa yurtimizda yagona matematika kompleksi yaratildi. Matematika konferensiyalarida qatnashish uchun turli mamlakatlardan kelgan olimlar yangi binolarimizni ko‘rib, qoyil qolishmoqda.

Eng muhim o‘zgarish – iqtidorli yoshlar orasida matematika faniga katta qiziqish paydo bo‘ldi. Yigirma yil oldin dissertatsiyalar deyarli himoya qilinmay qolib ketgan edi. Hozir esa yosh matematiklar mukammal dissertatsiyalarini ajoyib tarzda himoya qilmoqda. Natijada bizning universitetimiz matematika bo‘yicha dunyodagi eng nufuzli universitetlarning yuqori uchligidan joy oldi. Bu shuni anglatadiki, matematik tayyorgarlik natijalariga ko‘ra jahondagi yetakchi universitetlarning 97 foizi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetidan quyida joylashgan!

Asosiysi, yoshlar endi o‘z salohiyatlarini aynan o‘z yurtida to‘laqonli namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ishonchim komilki, ushbu islohotlar natijasida o‘z iste’dodini to‘liq namoyon etish uchun barcha imkoniyatlarga ega bo‘lgan yoshlarimiz orasidan Muhammad Xorazmiy kabi buyuk ajdodlarimiz asos solgan ulug‘ an’analarning munosib davomchilari bo‘lgan buyuk matematiklar yetishib chiqadi.

Shavkat Orifjonovich Alimov 1945-yil 2-mart kuni tug‘ilgan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor.

1967-yilda Moskva davlat universitetini tamomlagan. Qator yillar mazkur dargohda ishlagan. Ko‘p yillik faoliyati davomida Toshkent davlat universitetida kafedra mudiri, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Matematika instituti direktorining o‘rinbosari, Samarqand davlat universiteti va Toshkent davlat universiteti rektori, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, mamlakatimizning Xitoy Xalq Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi vazifalarida ishlagan.

Asosiy ilmiy ishlari matematik fizikaning xususiy hosilali differensial tenglamalari muammolariga, xususan, o‘z-o‘ziga qo‘shma elliptik operatorlarning spektral nazariyasiga, differensial va integral tenglamalar muammolariga bag‘ishlangan.

Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti sohibi.

Shavkat ALIMOV,
akademik

“Jadid” gazetasining 2025-yil 1-avgustdagi 31-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596