10.12.2024 | 15:42
405
KONSTITUTSIYANING DA’VATKOR RUHI, SHUKUHI
O‘tgan yilning bahori mamlakatimiz tarixi va xalqimiz hayotida unutilmas va shukuhli voqealarga boy bo‘ldi. Xususan, O‘zbekiston Konstitutsiyasini eng zamonaviy talablar maqomida yanada takomillashtirish maqsadida e’lon qilingan referendum munosabati bilan yo‘llangan taklif-mulohazalar oqimi qizg‘in tus oldi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzurida tashkil etilgan maxsus guruh a’zolarining qo‘li qo‘liga tegmas, mamlakatimizning turli viloyatlari, shahar va tumanlaridan paydar-pay kelib turgan xat-xabarlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, tasniflash, guruhlashtirish va ularni o‘rnatilgan tartibda ishchi guruhiga taqdim etish o‘ta mas’uliyatli vazifa edi.

Xatlarda bayon etilgan fikr-mulohazalar alohida mavzu, lekin aksariyat maktublardagi bir o‘xshashlik – turli manzillardan, turli yosh va jinsdagi vatandoshlarimiz nomidan yo‘llangan xatlar matnidagi “shaxsiy fikrim”, “shaxsiy qarashim”, “shaxsiy nuqtayi nazarim” mazmunidagi ta’kidli iboralar e’tiborni tortmay qo‘ymasdi. Yuzaki qaraganda, oddiy va tabiiy tuyulgan mazkur ta’kidlar aslida nihoyatda jiddiy ijtimoiy-psixologik ahamiyatga ega edi.
Gap shundaki, jamiyatda kechayotgan ulkan islohot jarayonlari kishilarning ruhiyatida, tafakkurida, dunyoqarashida favqulodda o‘zgarishlar yasashi g‘oyatda jiddiy masalalardan hisoblanadi. 2017-yilning ilk kunlaridan qizg‘in tus olgan islohotlar nafaqat mamlakatimiz, jamiyatimiz va fuqarolarimiz hayotida, balki katta-yu kichik har bir vatandoshimiz dunyoqarashida o‘ziga xos ruhiy evrilishlar jarayoni boshlanishiga turtki berdi. Boshqacha aytganda, jamiyatdagi yangilanish ehtiyoji va istagi odamlar kayfiyatidagi yangilanish ehtiyoji va istagida o‘z aksini topa boshladi. Bunday holatlarda tabiiy ravishda kishilarda shaxslashuvga moyillik kuchayadi, ya’ni fuqarolarda daxldorlik tuyg‘usi ortadi, shaxs – jamiyatda yuz berayotgan o‘zgarishlarning bosh va markaziy figurasiga aylana boradi.
Bugun biz to‘la asos va ishonch bilan aytishimiz mumkinki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz Vatanimizning Bosh huquqiy hujjati sifatida fuqarolar tiynatida shaxslashuv jarayonini boshlab beruvchi, shaxslashuvdek oliy insoniy martabaga – komillikka undovchi, da’vat etuvchi manba vazifasini o‘tamoqda. Ushbu mulohazadan kelib chiqilsa, Konstitutsiyaning dastlabki satrlarida zikr etilgan “xalq irodasi” iborasi Bosh hujjatimiz tub mohiyatining, ustuvor ma’no-mazmunining, kerak bo‘lsa, markaziy o‘qi-umurtqasining timsoli o‘laroq boboso‘z vazifasini o‘tayotganini, zero, har qanday “xalq irodasi” tushunchasi mohiyatan shaxs va shaxslar irodasidan boshlanishini anglash qiyin emas.
Jamiyatimizda so‘nggi yillarda kuzatilayotgan o‘ziga xos ijtimoiy-siyosiy, huquqiy-ma’naviy ko‘tarilish-evrilishlar zanjiri xalqimiz ongi va tafakkurining mustahkam qatlamiga aylana borayotgani quvonarli voqea, albatta. Va faxr bilan baralla tasdiqlamog‘imiz darkorki, amaldagi Konstitutsiya moddalari har jihatdan mazkur zanjirning mustahkamligini oshirishga qaratilganligi bilan ham qadrli va qimmatlidir.
Davlat suvereniteti, chunonchi, mustaqilligi, demokratligi, huquqiyligi, avvalambor xalq manfaatlari uchun xizmat qiladi. Davlatning fuqarolar oldida mas’ulligi, o‘zbek tilining davlat tili maqomiga egaligi, qolaversa, milliy mansubligidan qat’i nazar, mamlakatimizning har bir fuqarosini “Vatandosh” deb atalguvchi yagona oliy martaba ostida jipslashuvga undalayotgani xolis niyatli har bir kishiga cheksiz g‘urur, iftixor bag‘ishlaydi.
O‘zbekiston – nufuzi 40 millionga yaqinlashib borayotgan, dunyo jug‘rofiy xaritasida salmoqli o‘ringa ega katta davlat. Binobarin, hayot istalgan paytda muhimdan-muhim masalani ko‘ndalang qo‘yishi tabiiy. Bunday holatda ana shu masalaning umumxalq mashvarati – referendumga qo‘yilishi (9-modda) fuqaroga, shaxsga bo‘lgan ehtirom, ishonch ramzi hisoblanadi.
Demokratiya va demokratiya prinsiplari tildan tushmaydigan mavzu. Bu prinsiplarning mag‘zi shu qadar bemiqyos va shu qadar mazmundorki, ular xususida so‘z aytish har qanday insonning bahri dilini ochadi. Axir insonning “hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari” (13-modda) OLIY qadriyat ekanligi belgilab, tasdiqlab qo‘yilmoqda. Bu kabi oliy maqomlarga erishmoqlik, jumladan, insoniy farovonlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’min etishda qonuniylik, ijtimoiy adolat va birdamlik tamoyillarini qo‘llash davlat zimmasida qolmoqda (14-modda).
Mana shunday huquqiy muhit hukm surgan jamiyatda fuqaro davlat bilan qay tartibda munosabat o‘rnatishi katta ahamiyatga ega. Mazkur munosabat qay tartibda o‘rnatilishi 20-moddada aniq-ravshan zikr etilgan. Ya’ni, bunday holatlarda “huquq va majburiyat” mezonlari orqali adolatli muvozanatga erishiladi. Ushbu moddaning so‘nggi xatboshisi nafaqat mazkur moddaning, balki Konstitutsiyamizning buyuk insonparvarlik ruhi bilan sug‘orilganini tasdiqlaydi. O‘qiymiz: “Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi”.
Bu norma bir tomondan, insonning insonligini ulug‘lovchi, ikkinchi tomondan, oddiy fuqaroni shaxslik maqomiga undovchi da’vatkor chaqiriqdek o‘qiladi.
“Shaxsiy huquq va erkinliklar” deb nomlangan VII bobdan joy olgan 11-modda bevosita biz so‘z yuritayotgan mavzuni atroflicha qamrab olgan. Yuqorida ta’kidlanganidek, Konstitutsiyaning 13-moddasida inson “hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari” haqida so‘z borgan bo‘lsa, 26-modda mazkur huquqlarni yana bir karra alohida ta’kidlamoqda, tasdiqlamoqda, uqdirmoqda. Ya’ni, “Insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir”.
Sha’n va qadr-qimmat mavjlari nihoyatda serjilva, serto‘lqin. Ularni atroflicha va to‘laqonli idrok etish mavzuida jild-jild kitob yozish mumkin. Kundalik turmushimiz so‘qmoqlarida esa bu borada istagancha “haroratli” va “sovuq” misollar uchrashi hech kimga sir emas. Mamlakatimizning Bosh qomusi – Asosiy hujjati esa takror-takror ta’kidlamoqda, o‘zini shaxs deb bilgan har bir fuqaroni hushyorlikka, ogohlikka undamoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, navbatdagi moddada mazkur qadriyat, “Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega” deya yanada mustahkamlanmoqda. 31-moddada yana va yana sha’n va qadr-qimmatni himoya qilish huquqi ulug‘lanmoqda.
Shaxsning fuqarolik huquqlari haqida so‘z borganda har bir ziyoli odam ko‘z o‘ngida 33-moddada bayon etilgan huquqiy me’yorlar misoli oftob taftidek nur taratadi. Zero, yashash huquqidan so‘ng fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi inson hayoti, umri, kasb-kori, faoliyati, taqdiri va qismati, qolaversa, avlodlarining istiqboliga ham bevosita, ham bilvosita ta’sir ko‘rsatadigan, iz qoldiradigan kuchga ega. Ongli insonning fikrlashi, hayotini o‘zi istagan e’tiqod asosiga qurgan holda o‘z nuqtayi nazarini emin-erkin ifoda va izhor etish huquqini ta’minlash zamonaviy bashariyat tamadduni va dunyoning eng ilg‘or yuksakliklari sari dadil odimlayotgan O‘zbekiston uchun g‘oyatda dolzarb va muhim vazifa, missiya bo‘lib qolaveradi.
Biz demokratiya, so‘z va fikr hurligi mavzusidan so‘z ochilsa, Gʻarb tajribalariga murojaat qilishga odatlanib qolganmiz. Vaholanki, misol tariqasida, allomayi zamon Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan bundan qariyb 110 yil muqaddam tayyorlangan “Turk adami markaziyat (federalist) firqasining maromnomasi”da keladigan, “Har kim o‘z fikrini, xayolini so‘ylamakda, matbuot va boshqalar vositasi ila nashr va e’lon qilmakda ixtiyorlidur” degan so‘zlari so‘z va fikr erkinligi har qanday davr va zamonda ham jamiyat taraqqiyoti va ravnaqini ta’min etuvchi qudratli vosita bo‘lib qolaverishidan, qolaversa, ayni shunday orzu-niyatni o‘zimizning jadid bobolarimiz ham istaganidan, talab qilganidan dalolat beradi.
Inchunin, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 33-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan “axborot izlash, olish va tarqatish huquqi” 53-moddadagi “ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi” me’yorida mantiqan davom etgan. Ikki moddadagi qadriyat esa “Intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi” degan me’yor darajasiga ko‘tarilgan.
Har qanday millatning, xalqning, jamiyatning kuch-qudratini undagi intellektual salohiyatdan kelib chiqib tosh-u tarozi pallasiga qo‘yish allaqachon zamonaviy yuksalish mezonlari darajasiga ko‘tarilgan. Xususan, navbatdagi Uyg‘onish yuksakliklari orzusida yashayotgan Vatanimizda mavjud barcha imkoniyatlar aql-idrok, tafakkur, zehn-zehniyatni ardoqlashga qaratilayotgani pirovardida shaxsning, shaxs imkoniyatlarining ardoqlanishi ekanligiga alohida urg‘u berging keladi kishi. Zero, har qanday tafakkur ortida inson omili, inson omili ortida esa shaxs omili qad rostlaydi, har ikki omil ortida esa Vatan, xalq, jamiyat manfaati davom etadi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kunni xalqimiz ulug‘ shodiyona sifatida nishonlar ekan, uning tub mohiyatidagi SHAXSni ulug‘lovchi, fuqarolarimizni SHAXS sifatidagi komillikka undovchi da’vatkor ruhi-shukuhini har lahza, hamisha qalbimiz to‘rida saqlamoqqa, asrab-avaylamoqqa burchlidirmiz.
Xurshid DO‘STMUHAMMAD,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 6-dekabrdagi 50-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600
