Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.04.2024 | 08:27

img295

O‘ZBEK MILLIY RUHI ZAVOL BILMAGAY

Mamlakatimizda buyuk ajdodlarimiz Mir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hazratlarining tavallud ayyomlari ma’rifatparvar xalqimizning ardoqli bayramlari sifatida keng nishonlanayotgan shukuhli kunlarda azim poytaxtimizdagi “Ma’rifat markazi” – Simpoziumlar saroyida yana bir betakror madaniy voqea – O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyevaning ijodiy-ma’rifiy kechasi bo‘lib o‘tdi.

Avvalo, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mazkur ijodiy loyihaning tashabbuskori bo‘lgani, xususan, Simpoziumlar saroyini yurtimizning eng atoqli, eng suyukli san’atkorlari har oyda xalqimiz bilan, milliy san’atimizning haqiqiy muxlislari bilan uchrashib, o‘zaro muloqotga kirishadigan ijodiy dargohga aylantirish bo‘yicha muhim tavsiyalar berganini ta’kidlab o‘tishimiz lozim.

Albatta, nodir va noyob, yuksak badiiy olam sanalmish akademik, ya’ni mumtoz san’atni chin yurakdan anglash, his qilish, e’zozlash odamdan chuqur tayyorgarlik, keng dunyoqarash, falsafiy tafakkur va nozik didni talab etishi barchamizga ma’lum.

O‘zining mazmunan yangi hayotini bosh­layotgan ushbu san’at koshonasidagi birinchi go‘zal anjuman, haqli ravishda, xalqimizning ardoqli farzandi, benazir iste’dodi va mahorati bilan millionlab qalblarni hayajonga solgan, el-yurtimizning shonli tarixini, uning buguni va kelajagini, avlodlarga qoldirajak bebaho merosini o‘z san’ati timsolida butun dunyoga namoyon etib kelayotgan Munojat Yo‘lchiyeva ishtirokida o‘tkazilishi lozim edi va shunday bo‘ldi ham.

Shu o‘rinda, Fransiyada faoliyat yurita­yotgan “Temuriylar assotsiatsiyasi”ning ko‘p yillik raisi, taniqli san’atshunos olima Frederik Bres­sandning quyidagi fikrlarini eslab o‘tsak:

“Bir yili Samarqandga, “Sharq tarona­lari” xalqaro festivaliga taklif etilgan edim. Oqshom chog‘i anjumanning tantanali ochilish marosimi boshlandi. Mehmonlar safidan joy olib, sahnaga yuzlandim.

Bir mahal Registon maydonining naq to‘rida, Tillakori madrasasi sahnida ulug‘vor qiyofadagi bir temuriy malika namoyon bo‘ldi. U shunday muhtasham viqor va salobat bilan yurib kelar ediki, men beixtiyor, tarix kitoblarida tasvir­langan Sohibqiron Amir Temurning suyukli malikasi Bibixonim shu bo‘lsa kerak, degan xayolga bordim. Yaqinroq kelga­nidan so‘ng, bu — ulug‘ san’at­­kor Munojat Yo‘lchiyeva ekanini bil­dim.

Benazir hofizaning nafaqat sehrli ovozi, balki obraz yaratish mahorati, artistizmi, uning sirli, chaqnoq va ma’no­dor ko‘zlari, aslzodalar kabi ohista qadam bosishini ko‘rib, joyimda qotib qoldim. Nainki men, balki butun maydon ahli shunday hissiyot og‘ushida edi.

Munojatning go‘zal siymosidan nazo­kat va ulug‘vorlik ufurib turardi. Temur va Navoiy davrlarini, Hirotdagi Shohruh Mirzo saltanatida, Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek saroylarida hukm surgan mu­hit va ruhni qayta jonlantirgan edi bu malika”.

Shu kuni Simpoziumlar saroyiga yig‘ilgan milliy san’atimizning chinakam ixlosmandlari ham temuriylar zamoniga, navoiylar davriga qaytganday, ulug‘ ajdodlarimizning yuksak insoniy fazilatlarini yod etganday bo‘ldilar.

“Munojot”, “Taronai bayot”, “Ushshoq”, “Tong otguncha”, “Samarqand ushshog‘i”, “Tano­var”… Xalqimizning ming-ming yillik orzu-armonlarini, quvonch va tashvishlarini o‘zida namoyon etadi­gan bunday o‘lmas qo‘shiq­lar ma’rifiy kecha­ning chinakam qah­ramoniga aylangan Munojat Yo‘lchiyeva ijrosida tinglovchilarni yana bir bor hayrat va hayajonga soldi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezi­­­dentining maslahatchisi, yozuvchi Xayrid­din Sultonov, Alisher Navoiy nomidagi xalq­aro jamoat fondi rahbari Olimjon Davlatov, O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov, O‘zbek milliy Maqom san’ati markazi direktori Soyibjon Begmatovning hofiza haqida bil­dirgan fikrlari katta qiziqish bilan tinglandi.

“Munojat Yo‘lchiyeva to‘g‘risida gapi­­rish oson. Bu inson o‘ta kamtarin, meh­­natkash va kamsuqum inson, – dedi jumladan o‘z so‘zida Xayriddin Sultonov. – Lekin ayni paytda u kishi haqida so‘z yuritish qiyin.

Men bu holatni quyidagicha izohlagan bo‘lardim: dengiz yoki ummonni qanday ta’riflash, ifodalash mumkin? Ularning ming bir sifati, belgi-alomatidan qay birini aytish mumkin?

Mashhur yozuvchi Anton Pavlovich Chexov: “Men dengizning eng zo‘r, eng mukammal tasvirini bir maktab o‘quv­chi­sining inshosida o‘qidim. U “Dengiz juda katta” deb yozgan edi”, deydi.

Munojat Yo‘lchiyevaga ham bir so‘z bilan, muxtasar tavsif beradigan bo‘lsak, avvalo, shuni aytishimiz kerakki, u – juda katta talant sohibasi. Munojat Yo‘lchiyeva jahon san’atining eng yuksak mezonlari bilan o‘lchanganda ham, ana shu talablarga to‘la javob bera oladigan san’atkor desak, albatta, yang­lishmagan bo‘lamiz.

Munojat Yo‘lchiyevaga “O‘zbekiston Qah­ramoni” unvoni berilgani bejiz emas. Bu yuksak e’tirof, avvalambor, u kishidagi temir intizom, fidoyilik, o‘ziga nisbatan o‘ta talabchanlik va kuchli irodaning tasdig‘idir.

YUNESKO qarorgohida Xiva va Buxoro, keyinroq Toshkent shahrining yubileylari muno­sabati bilan uyushtirilgan konsert das­turlarida Munojat Yo‘lchiyevaning yulduzli onlariga shaxsan guvoh bo‘lganman. Bu tomo­sha­larga hofizamizning yuzlab ixlos­mand­lari nafaqat Fransiya, ayni vaqtda Belgiya, Niderlandiya, Germaniya, Ispaniya, Shveytsa­riyadan, qo‘ying­ki, butun Yevropadan yog‘ilib kelganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman.

Albatta, bu odamlar o‘zbek tilini tushun­masdi, ammo ular xonandamizning mo‘jizakor ovozini eshitib, yurak-yuragidan chiqayotgan nola va dardlari, sahnada o‘zini beqiyos husni tavajjuh bilan tutishi, yuksak darajadagi san’atkorona mahoratni ko‘rib, tik turib olqishlab qarsak chalishgani hamon ko‘z oldimdan ketmaydi.

Shaxsan men bugungi kechadan katta ma’naviy oziq oldim. Maqom malikasining teran dard va iztirob bilan ijro etgan o‘lmas qo‘shiqlarini sel bo‘lib tinglar ekanman, o‘z­bek xalqining necha ming yillik tarixi, ota-bobo­larimiz boshidan kechirgan mashaqqat va azoblar, qirg‘in-u qatag‘onlar, ularning ozodlik va ezgulik uchun asrlar davomida olib borgan mardona kurashlari ko‘z oldimdan birma-bir o‘tgandek bo‘ldi.

Shu asnoda beixtiyor bir savol tug‘iladi: biz nega yengil-yelpi tomoshalarni, saqich chaynab, bodroq kavshab ko‘riladigan konsert-u filmlarni xush ko‘ramiz? Sababi oddiy — ular bizni o‘ylash, fikrlash degan tashvishdan xalos qiladi.

Mumtoz san’at esa buning aksidir. U shunchaki hordiq chiqarish vositasi emas, avvalo, qalb so‘rog‘i, vijdon qiynog‘idir.

Mumtoz san’at asarlari odamzotni hayot haqida o‘ylashga undaydi, oxirat kuni savol-javob muqarrar ekanini esga soladi. Dunyoga kelib halol-pok yashadimmi, ota-onam oldidagi qarzimni uzdimmi, farzandlarimga to‘g‘ri tarbiya berdimmi, xalq, millat, Vatan oldidagi burchimni ado eta oldimmi, degan og‘ir-og‘ir savollarni o‘rtaga tashlaydi. Xohlasak-xohlamasak, bizni shu haqda mulohaza va mushohada yuritishga, insonlik maqomiga qaytishga majbur qiladi.

Bugun Munojat Yo‘lchiyeva qariyb ikki soat davomida aynan mana shu haqda yonib kuyladi. Biz yumshoq kreslolarda bemalol o‘tirib konsert tomosha qildik, ammo bu inson tik oyoqda turgan holda, ana shunday og‘ir “yuk”ni o‘z yelkasida ko‘tarib, mislsiz ruhiy bosimni o‘zining nozik yuragidan o‘tkazib kuyladi.

Shu sababli Simpoziumlar saroyida bo‘lib o‘tayotgan ushbu ijodiy-ma’rifiy kecha katta ibrat namunasi sifatida ta’sirchan tarbiyaviy ahamiyatga egadir. Bunday go‘zal dasturlarni yana ko‘plab uyushtirishimiz kerak.

Takror aytishga to‘g‘ri keladi – og‘ir, tahlikali davrda yashayapmiz. Ko‘p mamlakatlarda mil­liylik, oilaviy qadriyatlar, ezgu tuyg‘ular tobora tanazzulga yuz tutmoqda.

Bunday qaltis zamonda kim, qaysi xalq bu kabi xuruj va bo‘hronlardan omon chiqa oladi? Kim bu kabi hayot-mamot sinovlariga mardona bardosh berib, ularga qarshilik ko‘rsata oladi? Albatta, mustahkam irodasi bilan o‘z milliy tabiatini saqlay oladigan, o‘z g‘urur va iftixorini mahkam tutgan, yagona xalq bo‘lib birlashgan millat va jamiyat o‘zligini yo‘qotmaydi.

Taskin shuki, Munojat Yo‘lchiyeva kabi ulug‘ san’atkorlarimiz bor ekan, o‘zbek milliy ruhi zavol bilmagay”.

Mana shunday shukuhli kunda faqat o‘z shon-shuh­ratiga g‘arq bo‘lmasdan, dunyodan o‘tib ketgan mehribon ustozi – mashhur sozanda va bastakor Shavkat Mirzayev xotirasini yod etishi Munojat Yo‘lchiyevaning yuksak insoniy xislatlarini yana bir bor namoyon etdi, ayni paytda, barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun insoniylik sabog‘i bo‘ldi.

Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutining Maqom xonandaligi kafed­rasi sozandalari, shuningdek, ustoz san’atkor Munojat Yo‘lchiyevaning iqtidorli shogirdlari To‘rabek Muxtorov va Adolat Ismoilova ijro etgan kuy-qo‘shiqlar unutilmas kechaga o‘zgacha fayz va shukuh bag‘ishladi.

Taassurotlarimiz so‘ngida barcha san’at ixlos­mand­lari nomidan hurmatli san’atkorimiz Muno­jat Yo‘lchiyevaga mana shunday chinakam ma’ri­fat kechasi uchun alohida tashakkur izhor etamiz, bu unutilmas tadbirni tashkil etgan barcha fidoyi inson­larga, Madaniyat vazirligi xodimlari, Maqom ansambli jamoasiga, rejissyorlarimizga minnatdorlik bildiramiz.

O‘ylaymizki, ming-minglab qalblarga ma’naviy uyg‘oqlik baxsh etadigan bunday san’at bayramlari muhtasham saroy sahnasida muntazam davom etadi.

B.ISKANDAROV

2024-yil 16 -fevral 8-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596