04.02.2025 | 09:36
538
KURRAYI QUTLUG‘NI ASRAMOQ KERAK!
O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi professori, akademik Nurislom TO‘XLIYEV bilan suhbat

– Hurmatli Nurislom aka, davlatimiz rahbarining tashabbusiga binoan 2025-yil mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi. Yil nomida o‘z aksini topgan ikki katta muammo yechimiga qaratilgan davlat dasturi loyihasi ham jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Dastavval ana shu ikki tushuncha mohiyatiga to‘xtalib o‘tsangiz.
– Bu yilga bunday nom berilishi teran ramziy ma’noga, ayni chog‘da, katta amaliy ahamiyatga ega. Darhaqiqat, atrof-muhit musaffoligini ta’minlash insoniyat uchun hayot-mamot ahamiyatiga molik masalaga aylangan bugungi davrda an’anaviy iqtisodiyotning zamonaviy muqobili sifatida “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish lozim bo‘ladi. Xayrli ishning kechi yo‘q, deydilar. Biz bunday xulosaga kechikibroq bo‘lsa-da kelganimiz ayni muddao bo‘ldi. Barchamiz ko‘rib, guvoh bo‘lib turibmizki, atrof-muhit ifloslanishi allaqachon milliy doiradan chiqib umuminsoniy muammoga aylandi. Mashhur naqlda aytilgandek, “Amazon o‘rmonlarida jajji kapalakning bir qanot qoqishi AQShda bo‘ronga sabab bo‘lishi mumkin”. Chindan ham, iqlim o‘zgarishi, ozon qatlami siyraklashuvi kabi muammolar bugun nafaqat bir mintaqa, balki butun dunyo xalqlariga tahdid tug‘dirmoqda. Nima deysiz endi, bobo quyoshning nurlaridan barchamiz bab-baravar bahramand bo‘lganimiz kabi atrof-muhit ifloslanishi oqibatida yuzaga keladigan salbiy asoratlardan ham butun insoniyat ulush olishga majbur-da!
Bunday fojiaviy holatlarga o‘rganib, befarq bo‘lib qolayotganimiz ayniqsa achinarlidir. Nazarimda, hozir insoniyatning istiqboliga soya solayotgan eng katta tahdid bu – ekologik muammolar. Negaki, urushlar, ziddiyatlar, muhorabalarni odamzod sog‘lom tafakkurga quloq tutib, o‘zaro kelishib hal etishi mumkin. Ammo bashariyat ekologik muammolarga bugun jiddiy e’tibor qaratmasa, ertaga vaziyat butkul nazoratdan chiqib ketishi tayin.
O‘tgan asrning oxirlarida shakllangan va mutaraqqiy dunyo kun tartibidan muqim o‘rin egallagan “yashil” iqtisodiyot konsepsiyasi ham aynan atrof-muhitni asrab-avaylash, inson iqtisodiy faoliyatining uni o‘rab turgan makonga salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgandir. Ya’ni, endilikda iqtisodiyotda asrlar mobaynida hukm surib kelgan “Manfaat – birlamchi” degan qoidadan, xalqona aytganda, “Taka bo‘lsin-u sut bersin” qabilidagi yondashuvlardan voz kechilmoqda. Iqtisodiy o‘sishga har qanday yo‘l bilan emas, balki atrof-muhitga zararni imkon qadar kamaytirish orqali erishish g‘oyasi ilgari surilmoqda.
“Yashil” iqtisodiyot, sirkulyar iqtisodiyot, chiqindisiz iqtisodiyot, yopiq iqtisodiyot, tiklanadigan resurslar iqtisodiyoti, barqaror iqtisodiyot kabi atamalar o‘zaro ma’nodosh, bir-birini to‘ldiruvchi yo‘nalishlarni aks ettiradi. Ular chiziqli, ya’ni an’anaviy iqtisodiyotga muqobil yangi taraqqiyot modellaridir. Qanday istiloh ishlatilmasin, mohiyat, maqsad va marra bitta: davlatlar atrof-muhitni asrashi, iqtisodiyotning ekologik yo‘nalishiga urg‘u berishi, pirovardida inson, tabiat va taraqqiyot o‘rtasida muvozanatga erishishi kerak!
Yashil iqtisodiyot modeli insonning tabiiy boyliklarni mas’uliyat bilan istifoda etishi, iqtisodiy taraqqiyot deya atrof-muhitga, odamlar salomatligiga yetkazilayotgan ziyon-zarardan ko‘z yummaslikni talab etadi. Bu esa, o‘z navbatida, ishlab chiqarishda resurslar sarfini kamaytirish, tiklanadigan manbalarni o‘zlashtirishga e’tibor qaratish, umuman, tabiatga munosabatda oqilona, odilona yondashuvni taqozo qiladi.
– Muammoga alohida e’tibor qaratilib, uni bartaraf etishga davlat miqyosida, tizimli ravishda kirishilayotgani quvonarli, albatta. Zotan, atrof-muhitni asrash masalasi biror zamonda hozirgidek dolzarb, o‘tkir muammoga aylangan emas. Mudom “o‘t balosi, suv balosidan asrasin” deb duo qilib yuradigan xalqimiz to‘rt unsur keltirayotgan turfa musibat, balolarga duchor bo‘lmoqda. Bu tabiat qasdimi yoki xom sut emgan bandayi ojizlarning xatosimi?
– Tabiat injiq va o‘jar xilqat. U bilan hisoblashmaslik katta yo‘qotishlarga olib kelishi tayin. Sovetlar davrida “Biz tabiatdan in’om kutib o‘tirmaymiz, balki undan tortib olamiz” qabilida g‘ayriaxloqiy shior bor edi. Alqissa, biz tabiatdan asrlar mobaynida go‘zal yurtimiz “kokillarini yuvgan” Amudaryo va Sirdaryoni tortib oldik. Oqibati ayon: muazzam Orol dengiz qurib bormoqda, cho‘llashish jarayoni kuchayib ketgan.
Milliy atrof-muhit ma’lumotlari markazining (NOAA) Global iqlim hisobotida 2023-yilning har oyi eng issiq oylar qatoriga kirgani, yilning ikkinchi yarmida (iyun–dekabr) oylarning barchasi rekord darajada issiq bo‘lgani qayd etilgan. Xususan, iyul, avgust va sentyabr oylarida global harorat o‘rtacha ko‘rsatkichdan 1,0oC yuqori bo‘lgan. Oylarning ketma-ket ravishda o‘ta issiq kelishi ilk bor kuzatilgan.
O‘zbekistonda esa o‘rtacha yillik havo harorati aksar hududlarda me’yordan 1,6–2,3oC, Orolbo‘yi va cho‘l zonalarida o‘rtacha 2,9–3,1oC gacha yuqori bo‘ldi. Mamlakatimizning faqatgina tog‘li hududlarida o‘rtacha yillik harorat jahon normasidan oshmadi va 0,5–0,9oC gacha qayd etildi. Soha mutaxassislari fikricha, O‘zbekiston mavsumiy suv toshqinlari va qurg‘oqchilik tufayli gidrometeorologik xatar va tabiiy ofatlar xavfi mavjud mamlakatlar sirasiga kiradi. Qolaversa, ko‘chkilar, chigirtkalar bostirib kirish xavfi ham mavjud.
Iqlim o‘zgarishi ortidan qishloq xo‘jaligi uchun ob-havo sharoitining yomonlashishi, hosildorlikning pasayishi va favqulodda hodisalar sonining oshishi oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligi hukumatlar, xalqaro tashkilotlar va butun dunyo oldida turgan eng dolzarb va murakkab muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 828 milliondan ziyod odam surunkali ochlikdan aziyat chekayotir. Ko‘plab mamlakatlarda to‘yib ovqatlanmaslik, ayniqsa, bolalar o‘rtasida ko‘p uchramoqda. “Bo‘sh qop tik turmas”, deydi dono xalqimiz. Oziq-ovqat yetishmovchiligi butun boshli avlodlarning jismoniy va ruhiy rivojlanishdan ortda qolishiga sabab bo‘layotir.
– Ekologik madaniyat, atrof-muhitni asrash haqida gap ochilsa, Gʻarbning mutaraqqiy davlatlari o‘rnak qilib ko‘rsatiladi. Yevropa davlatlarida ko‘cha-yu xiyobonlar yog‘ tushsa yalagudek toza ekani yoki yaponiyalik muxlislar futbol o‘yinidan so‘ng stadionni ko‘ngilli ravishda tozalab ketishiga barchamiz tahsin-u tasanno aytamiz va beixtiyor o‘z kamchiliklarimizni tanqid qilmoqqa tushamiz. O‘ylanib qolasan kishi: o‘tmishda ham biz atrof-muhitni asrashga hozirgidek beparvomidik yo keyinchalik bu illatga mubtalo bo‘ldikmi? Axir, uyat, uvol, andisha, farosat, did, sajiya… kabi boshqa tillarga aynan tarjima qilib bo‘lmaydigan so‘zlarimiz ko‘p-ku?!
– To‘g‘ri aytdingiz, atrof-muhitni asrash bobida Gʻarbiy Yevropa mamlakatlari, qolaversa, Kunchiqar o‘lkadan o‘rnak, ibrat olsa arziydigan jihatlar bisyor. Shu bilan birga, ayrim masalalarda velosipedni qayta ixtiro qilib o‘tirmagan ham ma’qul. Ming yillar davomida shakllangan milliy urf-odatlarimiz, islomiy qadriyatlarimiz borki, agar ularga og‘ishmay rioya qilsak, mutaraqqiy dunyoga ham ibrat ko‘rsata olamiz. Binobarin, ekologik madaniyatni faqat rasmiy qonun-qoidalar bilangina qaror toptirish mushkul. Masalaning ma’naviy-axloqiy jihatlari ham katta ahamiyatga ega.
Tabiiy boyliklarni ko‘z qorachig‘idek asrash, oqilona xarjlash islomda ne’matlarga shukronalik va ibodat sifatida qaraladi. Ne’matlarni, tabiiy boyliklarni havoga sovurish, isrofgarlik taqiqlanadi.
Asrlar osha yashab kelayotgan islom ruhi bilan sug‘orilgan urf-odatlarimiz, an’analarimiz ham ona tabiatni asrashga o‘rgatadi. Masalan, oqar suvga suprindi, chiqindi tashlash qattiq qoralangan. Bugun esa ayrim yurtdoshlarimiz katta anhorlarga kanalizatsiya suvini oqizishdan ham uyalmayotir. Shu qadar befarq, loqayd bo‘lib ketdikki, ichimlik suvi isrof bo‘lishiga ham tomoshabinmiz, hatto nosoz jo‘mrakni alishtirib qo‘yishga yaramaymiz. Oilada o‘g‘il farzand tug‘ilsa, unga atab ko‘chat ekishdek go‘zal odatimiz bor edi. Xo‘sh, qay birimiz farzandimizga atab yerga nihol qadadik? Bu odatni-ku qo‘ying, “Yashil makon” deb atalgan xayrli tashabbusni ham gohida ko‘zbo‘yamachilikka aylantirib yubormayapmizmi?!
– Nurislom aka, aytganlaringizdan anglashilmoqdaki, tarixning turli davrlarida xalqimiz qaysi din yo mazhabga e’tiqod qilmasin, tabiatni asrash, ona zaminni e’zozlash, berilgan ne’matlarning qadriga yetish kabi ezgu xislatlar uning fitratida mavjud bo‘lgan. Bugun zehniyatimiz puchmoqlarida mudrab yotgan o‘sha xislatlarni qayta uyg‘otmoq uchun nimalar qilishimiz kerak?
– Ko‘ngilda bot-bot bosh ko‘tarib qoladigan og‘riqli savolni berdingiz, Olimjon inim! Darhaqiqat, tabiatni onadek e’zozlash xalqimiz fitratida jo bo‘lgan xislat, ya’niki jibilliy fazilat. Pinakka ketgan, mudroq bosgan xislatlarni uyg‘otish uchun siz-u biz, jamiyatdagi barcha ziyolilar bir yoqa, bir yeng bo‘lib harakat qilishimiz, ma’rifiy targ‘ibotni kuchaytirishimiz kerak, nazarimda.
Sirasini aytganda, islomda ekologik madaniyat va mas’uliyat tabiatga hurmat, uni asrab-avaylash va boyliklardan oqilona foydalanish tamoyillariga asoslanadi. Qur’on va hadisda odamzodning yerning qo‘riqchisi sifatidagi roli ta’kidlanadi, Allohning in’omlarini hurmat qilish lozimligi uqtiriladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ham atrof-muhitni muhofaza qilish masalasiga doir tavsiya, ko‘rsatma va buyruqlar berganlar. Hadisda bunday deyiladi: “Agar biror banda ko‘chat ekadigan bo‘lsa, undan inson, hayvon yoki qush yesa, bu o‘sha bandaga qiyomat kunigacha sadaqayi joriya bo‘ladi” (Muslim rivoyati). Yoki “Ertaga qiyomat desa ham ko‘chat eking” degan mazmundagi hadisni yodga olaylik.
Payg‘ambarimiz tuproqni quritmaslik, unga dam berish va yerga ishlov berish qoidalariga rioya qilishni ham buyurganlar. Shuningdek, u zot daraxtlarni zaruratsiz kesish va o‘simliklarni yo‘q qilishdan qaytarganlar.
Havo ko‘zga ko‘rinmasa-da, benazir hayotiy manbadir. Islomiy ta’limot ham uni toza saqlashni uqtiradi. Aholi yashash joylariga chiqindi tashlash va sog‘liq uchun zararli chiqindilarni yoqishni man etadi. Bu kabi hadislardan tabiatni asrash ham insoniy, musulmoniy burchimiz ekani oydinlashadi.
– Savolim keskinroq ohangda bo‘lsa ma’zur tutgaysiz, domla. O‘tmishda butun dunyoga ustozlik qilganimiz haqida ko‘p gapiramiz. Gʻarb hatto sanitariya-gigiyena qoidalarini ham musulmon Sharqidan o‘rgangan deymiz ko‘ksimizga urib. Moziyda jumlayi jahonga muallimlik qilganimiz haq-rost, uni rad etmoqchi emasmiz. Ammo hadeb tarixiy shuhratdan bahs etish bilan bugunimiz o‘zgarib qolmaydi-da. Xo‘sh, atrof-muhitni asrash borasida bugungi musulmon dunyosidagi vaziyatni qanday baholaysiz?
– E’tibor bersangiz, suhbat davomida muvozanat, me’yor kabi tushunchalar xususida bir necha o‘rinda fikr bildirdim. Nazarimda, tarixiy xotira, tarixiy g‘urur bobida ham me’yorni unutmagan ma’qul. Bevosita savolda ko‘tarilgan masalaga kelsak, musulmon dunyosi asta-sekin bo‘lsa-da atrof-muhitni asrash nechog‘li muhim ekanini anglab bormoqda. Xususan, XXI asrda ko‘plab musulmon mamlakatlarida islomiy tamoyillarga asoslangan ekologik harakatlar paydo bo‘ldi.
Global musulmon iqlim tarmog‘i (Global Muslim Climate Network) dunyo bo‘ylab musulmon faollarni birlashtirib, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va tabiiy resurslarni muhofaza qilishga chaqiradi. Bu tuzilma xalqaro sammitlarda ekologik masalalarni ilgari surishda muhim rol o‘ynamoqda. “Yashil masjid” tashabbusi orqali dunyo bo‘ylab masjidlar quyosh energiyasiga o‘tmoqda. Bundan tashqari, yomg‘ir suvini yig‘ish tizimlari o‘rnatilmoqda, ekologik ta’lim tadbirlari o‘tkazilmoqda.
2015-yilda islom ulamolari va yetakchilari Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Islom deklaratsiyasini qabul qildi. Ushbu hujjatda musulmon mamlakatlari iqlim o‘zgarishiga qarshi faol kurashish va barqaror rivojlanish tamoyillarini amalga oshirishga da’vat etilgan.
Musulmon davlatlari bu yo‘nalishda ko‘plab dasturlarni amalga oshirmoqda. Masalan, Saudiya Arabistonining “Yashil Saudiya” dasturidan ko‘zlangan maqsad o‘rmon plantatsiyalari maydonini ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish va karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirishdan iborat. Ushbu dastur doirasida 10 milliard tup daraxt ekish rejalashtirilgan.
Birlashgan Arab Amirliklarida barqaror urbanizm namunasi hisoblangan Masdar shahri barpo etilmoqda. Bu maskan qayta tiklanadigan energiyadan foydalanadi, chiqindilar minimallashtiriladi va atrof-muhitni saqlash uchun innovatsion texnologiyalar joriy qilinadi.
Ko‘p nufusli Indoneziya ham o‘rmon va biologik xilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirmoqda. Bu borada daraxt kesishni kamaytirish, mangrov ekotizimini tiklash tashabbuslarini qayd etish joiz.
Kuzatuv va tahlillar tarixiy amaliyotdan tortib, zamonaviy tashabbuslargacha – islomning tabiatni muhofaza qilish an’anasi musulmon jamiyatlarida atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanishga faol hissa qo‘shishini ko‘rsatadi. Keltirilgan misollar ekologik mas’uliyat islom dunyoqarashining ajralmas qismi ekani va u global ekologik muammolarni hal qilishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilishini yana bir karra tasdiqlaydi.
Islomga xos ekologik tamoyillarni xalqaro miqyosda joriy etishda bir qator qiyinchiliklar ham mavjud. Avvalo, global ekologik munozaralarda islom qadriyatlari va ularning barqaror rivojlanishga ta’sir salohiyati ko‘pincha yetarlicha baholanmaydi. Bunga islomiy ekologiya tamoyillarini targ‘ib qiluvchi ilmiy nashrlar va o‘quv dasturlari yo‘qligi ham sabab bo‘lmoqda. Boz ustiga, ayrim musulmon davlatlari barqaror rivojlanish tamoyillariga zid bo‘lgan siyosiy beqarorlik, mablag‘ yetishmasligi va neft-gazga qaramlik vajidan ekologik dasturlarni amalga oshirishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Islomiy ekologik tamoyillarni global miqyosda joriy etish talay mushkulotlarni yengib o‘tishni taqozo etadi. Biroq bu jarayon yanada barqaror va ekologik mas’uliyatli jamiyatni shakllantirish uchun keng istiqbollarni ochadi. Islomiy qadriyatlarning xalqaro barqaror rivojlanish dasturlariga muvaffaqiyatli integratsiyalashuvi sayyoramizni kelajak avlod uchun saqlab qolishda muhim o‘rin tutadi.
– “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish davr talabi ekanini hamma bot-bot takrorlaydi. Nima deb o‘ylaysiz, tabiiy xomashyo – neft va gaz zaxirasiga boy bo‘lgan O‘zbekiston “yashil” iqtisodiyot rivojidan manfaat ko‘radimi?
– Shubhasiz, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish – davr talabi. Zotan, undan boshqa muqobil yo‘lning o‘zi yo‘q. U an’anaviy iqtisodiyotning zamonaviy rivojlanish modeli hisoblanadi. Insoniyat oldida ikki yo‘l turibdi: yo tiklanmaydigan resurslarni iste’mol qilib tugatish orqali sayyoramizdagi ekologik vaziyat butunlay izdan chiqariladi (Tabiiy resurslarning ham cheki-adog‘i bor. Hozirning o‘zidayoq gaz, neft, ko‘mir va boshqa qazilma boyliklarni kovlab olib, borgan sari yerning pastki qatlamlariga tushib bormoqdamiz. Bu esa qazib olish xarajatlarini ko‘paytirmoqda) yoinki o‘z vaqtida etakni yig‘ib, “yashil” iqtisodiyotga o‘tiladi, shu orqali odamlarning risoladagidek hayot darajasi ta’min etiladi.
Bu talablar dunyo iqtisodiyotining ajralmas subyektiga aylangan O‘zbekistonga ham daxldor, albatta. O‘zingiz xomcho‘t qilib ko‘ring, mamlakatimizda 1 dollar yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish uchun 0,4 kg neft ekvivalenti sarflanadi. Bu jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan (0,11 kg) 3,6 barobar ko‘pdir. Boya aytganimizdek, “yashil” iqtisodiyot energiya sarfini minimallashtirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tishni yoqlaydi. O‘zbekistondagi issiqxona gazlari chiqindilarining 90 foizidan ziyodrog‘i karbonat angidrid va metan bilan bog‘liq bo‘lib, bu hududlar ekologik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunday vaziyatda ekologik toza transport va energiya tejovchi texnologiyalardan foydalanish orqali zararli chiqindini kamaytirish mumkin.
“Yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish uchun suv va energiya kabi tabiiy resurslardan tejamkor foydalanish texnologiyalarini joriy etish, issiqxona gazlarini kamaytirish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash zarur. Darvoqe, yangi tashabbuslar nafaqat ekologik vaziyatni yaxshilash, balki mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini ham beradi.
– Yaqin fursatda atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish bo‘yicha davlat dasturi amalga tatbiq etiladi. Davlatning bu boradagi vazifalari ma’lum. Xo‘sh, jamiyat ahli, vatandoshlarimiz ushbu muammolarni tezroq bartaraf etish uchun nimalarga e’tibor berishi lozim deb hisoblaysiz?
– “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish borasida hukumatimiz tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani rost. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining uchinchi ustuvor yo‘nalishi “Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish” deb ataladi. Bu yo‘nalishga muvofiq, har yili 200 mln tup daraxt ekish va mamlakatda yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, bog‘lar, “yashil belbog‘”lar, daraxtzorlarni barpo etish, o‘rmonzorlarni ko‘paytirish, ayniqsa, Orolbo‘yi mintaqasida o‘rmonzorlarni 2,3 mln gektarga yetkazish kabi vazifalar qo‘yilgan. Bu shoyon tahsinga loyiq, albatta. Ammo bu borada shaxsiy namuna va mas’uliyatning rolini inkor etib bo‘lmaydi. Suvsiz, qum-toshloq yerga navniholni qadab qo‘ygan bilan daraxtzor barpo bo‘lib qolmaydi. Uni parvarishlash lozim, axir. Yurtimizda daraxt kesishga moratoriy e’lon qilinganidan barchaning xabari bor. Biroq ba’zi hududlarda daraxtkushlik davom etmoqda. Puldor tashkilotlar, vallomatlar arzimagan jarimani to‘lab, nomiga bir-ikki ko‘chat tiqib qo‘yishi mumkin. Lekin u ko‘chat qachon o‘sib-ulg‘ayadi-yu, qachon soya-salqin, kislorod beradi? Demak, O‘zbekistonni, shu aziz Vatanni sevadigan har bir ziyoli, har bir fuqaro bu ishga mas’ul bo‘lishi kerak. Daraxtzor barpo qilish qancha tup ko‘chat ekish bilan emas, qancha tup ko‘chat parvarish qilish va o‘stirish bilan baholanishi kerak.
Bu borada yana bir e’tiborga molik masala bor. Islomda ekologik mas’uliyatning asosiy tamoyillaridan biri moʻtadillikka rioya qilish va isrofga yo‘l qo‘ymaslikdir. Avvalgi savollarga javoblarda ta’kidlaganimizdek, Qur’oni Karim va hadisi sharifda isrofgarchilik, haddan oshish nafaqat tabiatni, balki jamiyatni ham halokatga olib keluvchi illat ekani qayta-qayta ta’kidlangan, keraksiz hashamat, ortiqcha hoy-u havas qoralangan. Bunday oqilona yondashuv resurslarni tejash, atrof-muhitga yukni kamaytirish va ekologik ofatlarning oldini olishga yordam beradi.
E’tibor qiling-a, yetarlicha saqlash va tashish infratuzilmasi, shuningdek, qayta ishlash darajasining pastligi tufayli katta miqdorda ne’matlar isrof qilinadi. Oqibatda jahon bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlarining qariyb uchdan bir qismi nobud bo‘ladi. Bu jami ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarining 1,5-2 mlrd tonnasi chiqindi sifatida tashlab yuboriladi, demakdir. Vaholanki, insoniyat yo‘qotadigan oziq-ovqatning chorak qismi butun dunyoda ochlik muammosini hal qilishga yetadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili 3 mln tonna oziq-ovqat chiqindiga tashlanadi. Odamni seskantiruvchi raqam-a, shunday emasmi?!
Chiqindilar atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ma’lum. Hozircha mamlakatimizda chiqindilarni yo‘q qilish bo‘yicha an’anaviy usul (poligonlarga ko‘mish) amal qilmoqda. Bu holatda zaharli moddalar tuproq, yerosti suvlari, havo va umuman, atrof-muhitni ifloslantiradi. Metan va boshqa issiqxona gazlari ham iqlimga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuni e’tiborga olib, Milliy strategiyaga maishiy chiqindilarni 50 foizga qisqartirish vazifasi kiritilgan. Maishiy chiqindini qayta ishlash va undan ekologik toza mahsulot ishlab chiqaruvchi klasterlar tizimini joriy qilish ishlarini ham kengaytirish maqsadga muvofiqdir.
Qahramon shoirimiz Abdulla Oripov bir she’rida Yer sayyorasini “kurrayi qutlug‘” deb alqaydi. Mana shu birgina ibora zamirida ona zamin naqadar aziz va moʻtabar ekani haqida ulug‘vor hikmat yotadi. Ma’lumki, har bir hikmat asriy tajriba va xulosalar samari o‘laroq dunyoga keladi. Shu hikmat har birimizni ogohlikka chorlamog‘i lozim.
Olimjon DAVLATOV suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 31-yanvardagi 5-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



