Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


18.11.2024 | 17:37

img2514

Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romanidan iqtiboslar

Muallif o‘z romanida butun umr dalada ketmon chopib, serquyosh yurtida yelkasi oftob ko‘rmagan, qut-barakot yurtida kosasi oqarmagan munis o‘zbek xalqi siymosini Dehqonqul timsolida badiiy talqin etadi.

Bobomiz urmish ketmonni o‘zidan o‘zga yerdan tortib ololmaydi.

E-e, Ketmon, Ketmon. Senga ketmon bo‘lsa bo‘ldi. Sen ham odamday bo‘lib, ketmondan bosh ko‘tarsang ekan, dunyodan xabardor bo‘lsang.

Bo‘laman degich el bir-birini botirim deydi, bo‘lmayman degich el bir-birini etini yeydi.

Sho‘rolar, biz to‘ng‘ich, siz kenjasiz, deydi. Biz sizlarning katta akalaringiz bo‘lamiz, deydi. Shunday ekan, sizlar bizga bo‘ysunishlaringiz lozim, deydi.

Qizil rang — yaxshilikka olib kelmaydi. Qizil rang — odamni aldaydi.
Qizil rang — qon rang! Qon yomon, yomon! Qon rangdan yorug‘lik tilama. Qon rangdan ro‘shnolik tilama. Qon rangdan panoh tilama. Qon rang — jallod rang!
Yomondan qoch-da qutul, yo, ton-da qutul, deydi.

Bosmachi bo‘lib, qaysi yurtni bosib olibmiz? Bosmachi bo‘lib, qaysi elni talon-taroj etibmiz? Dehqonqul! Bosmachi degich gapni ular o‘ylab topdilar.
— Kimlar?
— Kimlar bo‘lardi — qizillar-da. Kimlar bo‘lardi — padar la’nat cho‘chqalar-da. Cho‘chqalar o‘zlari yurtimizga bostirib keldi. Yana tag‘in, bizni bosmachi deb atadi. Padar la’nat cho‘chqalar o‘zlarini yorliqlarini bizning peshonamizga yopishtirdi.

Biz nima qilaylik, bari din-imonini sotyapti. Birovi Sho‘ro bo‘layapti, birovi firqa bo‘lyapti, birovi hosilot bo‘layapti. Dehqonqul! Men ularni jigit sanamayman, Yo‘q, jigit sanamayman. Gapni o‘roli keldi, aytayin… Ular xunasa! Ha, xunasa!

Yurting — Churkiston!
— Unday dema! Turkiston de, Turkiston! Men O‘rusiyangni Cho‘chqaiston deyotganim yo‘q!

— Chanishev! Sen kim? Ayt, sen kim? No‘g‘ay musulmon farzandi. Sen musulmon farzandi bo‘la turib, manavi o‘rislar gapiga kirib kelding. O‘rislar mening kallamni yeyish uchun sen no‘g‘aylarni bekorga tanlamadi. Boisi — o‘zbak bilan no‘g‘ayni tili bir, dini bir, urf-odati bir. Bilsang — sen no‘g‘ay o‘zingga o‘zing miltiq o‘qtalib kelding! Endi ayt, tuzemes menmi yo sen to‘qqiz qaytgan no‘g‘aymi?
O‘rtoq Lenin Turkistonni O‘zbakiya deb ataymiz, deb edilar. O‘rtoq Lenin so‘zi so‘z, gapi gap! Bilasanmi, o‘rtoq Lenin nima uchun Turkistonni yo‘q qilib, O‘zbakiya deb atamoqchi edi? Turkiston — turkiy xalqlar ota yurti. Shundan turkiy tuzemetslar otalari yurti Turkiston uchun qo‘llariga qurol olmoqda. Turkiy tuzemetslar otalari yurti Turkiston uchun jonlarini tikmoqda. Ana shu Turkistonni yo‘q qilib tashlasak, turkiy xalqlar qaysi otlik ota yurt uchun jihod qiladilar! Bunday dohiyona g‘oya faqat Lenindan keladi!

— Men o‘zbakman, o‘zbak! O‘zbak qayerda tavallud topadi — ana o‘sha yerda umr kechiradi! Chanishev! Baliq jannatmakon sohilda bo‘lsa-da, o‘lib qoladi. Balchiqdan-balchiq suv bo‘lsa-da, tashlab yuborsa bo‘ldi — tag‘in tiriladi-qoladi. Chanishev! O‘zbak-da ana shunday! O‘zbakka jannatmakon-da tatimaydi. O‘zbak jannatmakonda-da o‘z el-yurtini qo‘msab-qo‘msab ado bo‘ladi. O‘zbak jannatmakondan do‘zaxmakon paxtazorini qo‘msab-qo‘msab qaytib keladi.

O‘zbak qayerda tavallud topadi — ana o‘sha yerda o‘ladi! O‘zbak o‘z el-yurtida o‘ladi! O‘zbak o‘z o‘lan-to‘shagida o‘ladi! O‘zbak — ana shunday o‘zbak!

Qayerda xushhavo tabiat bo‘ladi — o‘sha yer o‘ris uchun yurt bo‘ladi. Qayerda qorni to‘yadi — o‘sha yer o‘ris uchun yurt bo‘ladi. O‘ris — ana shunday o‘ris!

— Chanishev! Sen meni O‘rusiyaga olib borasan-da — paqillatab otib tashlaysan. Qaysi bir o‘raga kafansiz ko‘mib tashlaysan. Vatan gadosi — kafan gadosi bo‘lib o‘laman. Kafansiz o‘ligimni kim el-yurtimga olib kelib ko‘madi? Kafansiz o‘ligim it o‘likdayin O‘rusiyada qolib ketadi! Ana undan keyin, bola-baqram meni qayerlardan yo‘qlab yig‘laydi? Bola-baqram qayerlarga borib otamlab yig‘laydi? Bola-baqram qaysi mozorim boshiga borib yig‘laydi? Bola-baqram ulug‘ ayyom kunlarda qaysi mozorimga chiroq qo‘yadi? Shunday ekan, otarman bo‘lsang, mana, ko‘krak — ot! Lekin — o‘z el-yurtimda ot! Shahid bo‘lsam — o‘z el-yurtimda shahid bo‘layin! Shahidimni o‘z el-yurtim ko‘msin!

Direktorimiz eshikni ichkaridan qulflab joriya etadi:
— O‘rtoqlar, beshinchi sinfdan boshlab barcha paxta frontiga safarbar etiladi!
O‘ynab qo‘yay, beshinchidan, o‘ynab qo‘yay, deyman! To‘rtinchidan beshinchiga ko‘chganlarimga pushaymon bo‘laman. O‘ninchi sinf gap qaytaradi:
— O‘qish nima bo‘ladi, domla, o‘qish nima bo‘ladi?
Direktorimiz shahodat barmog‘ini shipga nishlaydi. Tantanavor-tantanavor nishlaydi.
— Paxtazor — daftaring bo‘ladi, g‘o‘zalar husni-xating bo‘ladi! — deydi.

Oppoq soch odam lablarini cho‘chchaytirib-cho‘chchaytirib o‘ylab qoladi.
— Bolalarim… — deydi. — Men sizlarni bola deyishgayam tilim bormayapti. Sizlar kattalar hayotini boshdan kechiryapsiz. Siz ko‘rayotgan kunlar bolalik emas — qarilik. Qachon boladay bo‘lib kun ko‘rasiz — unisini paxtadan so‘raysiz.
Oppoq soch odam direktorimizdan Qizil Bayroqni oladi.
— Bolalarim, manovi Ko‘chma Qizil Bayroq. O‘z oti o‘zi bilan Ko‘chma, — deydi. — Ko‘chma Qizil Bayroq shu vaqtgacha birovga vafo qilmadi — sizgayam vafo qilmaydi. Bir kilo kam tersangiz bo‘ldi — qo‘lingizdan boshqa birov qo‘liga ko‘chib o‘tadi-ketadi. Shunday ekan, Qizil Bayroqqa ko‘p sajda qila bermanglar. Qizil Bayroqni saqlab qolaman deb, ko‘p kuchana bermanglar. Qo‘llaringizdan kelganicha tera beringlar.

Ziyodni onasi paxtazorga boqib-boqib yig‘laydi:
— Voy bolam-ay, paxtaga yo‘liqqan bolam-ay!..
Ziyodni onasi paxtazorga aytib-aytib yig‘laydi:
— Voy bolam-ay, paxta urib ketgan bolam-ay!..

Dala ko‘ngli nozik bo‘ladi — vaqt-bevaqt oralay bersa ko‘ngliga oladi. Dala fe’li injiq bo‘ladi — bot-bot traktor sola bersa aynib qoladi.

Meni-da ayolim bor — u bir etak farzand tug‘ib berdi. Bir etak farzandlarim onasi bo‘lmish ayolimiz, men uchun qo‘li kosov ayolimiz, men uchun sochi supurgi ayolimiz aybimdan o‘tsin — ayol aralashmish ish ochiq mozor bo‘ladi.
Meni-da qizlarim bor, qizlarim gunohimdan o‘tsinlar — ayol aralashmish siyosat yurt sho‘ri bo‘ladi, ayol aralashmish siyosat el sho‘ri bo‘ladi.

Emish-emish —bir ajin bir qayg‘uni bildirar emish.
Emish-emish — bir ajin bir dardni bildirar emish.
Emish-emish — bir ajin bir armonni bildirar emish.

Taom icha-icha ayolimizga razm soldim.
Bechora dalada-da bir ko‘ylakda yuradi, uyda-da bir ko‘ylakda yuradi.
Bechora kunda-da bir ko‘ylak kiyadi, tunda-da bir ko‘ylak kiyadi.
Bechora haftalab bir ko‘ylak kiyadi, oylab bir ko‘ylak kiyadi.

— Nimaga muncha tipirchilaysiz? — dedi partkom.
— Manavi… bo‘lmaydi, partkom bova.
— Nimasi bo‘lmaydi, mixday-ku?
— Ishtonboqqa o‘xshab shalvirayapti.
— E, unday demang! Madaniyatli gapiring!
— Qo‘yni no‘xtasiga o‘xshayapti, partkom bova.
— E, bir ishtonbog‘ deysiz, bir no‘xta deysiz! Bu galstuk, yugoslavskiy galstuk! Otliqqa topilmaydi!

— Bari Daqqiyunusdan qolgan gaplar, — dedi. — Men ham bor, shu gaplar ham bor. Bular o‘zi besh-olti guruh. Besh-oltoviyam olg‘ir guruh. Bir-birini yeyman deydi. Aslida, birinchi so‘zlaganlarni gapi juft gap. O‘shalarni mashinasini dalaga chiqarsa bo‘ladi. Ammo ikkinchi guruh yo‘l bermaydi. Chunki ikkinchi guruhni ilmiy rahbari martabasi baland odam, o‘zim bo‘lsam deydi. Boshqalarni bo‘lishini xohlamaydi. Nimaiki yangilik bor, kashfiyot bor — shunga sherik bo‘lgisi keladi. Aslida, qo‘lini sovuq suvgayam urmaydi. Ammo hamma ishda, hamma ro‘yxatda nomim bo‘lsa, deydi. Tayyor oshga egalik qilgisi keladi. Shu sabab, tish-tirnog‘i bilan qarshilik qiladi. Ilmda nima ko‘p — kamchilik ko‘p, bo‘lmasa — topadi! Keyin, gapida turib oladi. Birida ilm zo‘r, birida martaba zo‘r, birida orqa zo‘r. Bular dunyodan ana shunday bir-birini yeb o‘tib ketadi. O‘rtada o‘lgan-o‘lgan — dehqon o‘lgan!

Qirqinchi yillarni o‘rtalarida Rozenblyum degich ixtirochi mashinaga urchuq qo‘yib, paxta terishni o‘ylab topibdi. Shundan buyon urchuq bilan paxta terish joriy bo‘libdi. Shundan buyon paxtani shu urchuqlar terar ekan. Shu vaqt mobaynida urchuqlardan bir necha marta voz kechmoqchi bo‘libdi. Ammo urchuq o‘rnini bosa oladigan texnika topa olmabdi. Yuzdan ziyod… paxta terish mashinasi haqida yuzdan znyod dissertatsiya yaratilibdi! To‘qson kishi fan nomzodi bo‘lib, to‘qqiz kishi fan doktori bo‘libdi! Ikkita akademik saylanibdi. Ammo mashina hamon o‘sha-o‘sha — qirqinchi yillarda Rozenblyum yaratgan mashina emish! Yana-tag‘in — bari dissertatsiyalar ayni ana shu urchuqlar haqida emish!

Odamzot Gagarin bo‘lib Oy uchdi. Odamzot Oydan tosh olib keldi.
Ammo… dehqon og‘irini yengil qilajak paxta terish mashinasi yaratilmadi!
Odamzot yuragi joyiga o‘zga yurak joylashtirildi. Odamzot yuragi almashtirildi!
Ammo… urchuq almashmadi! Shugina urchuq o‘rni uchun bir texnika o‘ylab topib bo‘lmadi! Dehqon ko‘nglidagiday bir paxta tergich mashina yaratilmadi!

— Xat-savod bor! — dedim. — Ana shu «M», «J»larni o‘qib ko‘rib kirdim! Mana shunday kelib o‘qidim: «M» — marjalarniki bo‘ldi. «J» — jigitlarniki bo‘ldi. Xudoga shukur, jigitman! Jigitlarnikiga kirib keta berdim!

Umrda shunday kun bo‘ladi: odam birdan aynib qoladi!
Ko‘ngilga qil sig‘maydi. Ko‘ngil bir xijil bo‘ladi, bir lanj bo‘ladi.
Ko‘ngilni nimadir bir nima barmoq botirib-barmoq botirib tirnaydi.
Ko‘ngilni bir hadik bosib keladi. Ko‘ngil tub-tubi nimadir bir nima bo‘ladi, deydi.

— Eb-ye, eb-ye, odam yonsin ekan-da! Odam yonar ekan-da! Ho‘l kundani yonganini ko‘rib edingmi? Odam ana shu kundaday yonar ekan! Odam badanlari pish-pish etib yonar ekan! Odam badanlaridan suv chiqib-suv chiqib yonar ekan! Odam badanlaridan suv oqib-suv oqib yonar ekan! Odam badbo‘ydan-badbo‘y hid chiqarib-hid chiqarib yonar ekan!..

Ayollar yonmoqda O‘zbekistonda
Bu haqda yozilmas bizlar tomonda,
U qanday og‘riqdir, sho‘rlik gullarni
Olovga yo‘llagan, yoqqan gulxanni?
Ularga ayondir men bilmagan sir:
Ne sabab olovga bo‘ldilar asir?
Bu haqda yozilmas, aytilmas so‘zlar
Kul ustida qanot qoqmas qaqnuslar
Tutun-la qovushib o‘rlaydi haryon
Manguga tark etar tanadagi jon
Isyondir bu, soxta hayot qa’rida
Chimildiq ko‘rmagan kelin bag‘rida
Onalar yoshidan chaqnagan o‘tdir
…Dunyo-chi, beparvo ko‘z yumib o‘tdi…
Olamni bosmoqda shomning sharpasi
Qolmadi jahonda shodlik nafasi
Dam sayin tug‘ilar menda ham shuki
Bu yorug‘ olovda poklanish erki
Bu haqda yozilmas bizlar tomonda
Ayollar yonmoqda O‘zbekistonda!
Bor dunyo soqovdir, so‘z demas xudo
Inson kelajagi yonar dahr aro!

— Kattalarga amal kerak, Dehqonqul! Sening ayoling kerak emas! Kattalarga mansab kerak! Sening ayoling kattalarni gazagiga dori emas! Ayollar o‘z joniga qasd qila bersa, kattalarni tinch qo‘ymaydi! Ishdan oladi, partiyadan o‘chiradi! Sening ayolingni deb, kattalar mansabidan ayriladimi? Ayrilmaydi, o‘lsayam ayrilmaydi. Yo‘lini qiladi… Tentakka chiqar, deb buyuradi. Kasalxonaga qabul qilma, deb buyuradi. Bajarmayin, meni ishdan haydaydi, partiyadan o‘chiradi.

Odam biron imoratga ziyon bersa — falon moddaga binoan javobgarlikka tortiladi. Odam biron texnikaga ziyon bersa — falon modda bo‘yicha qamatiladi. Odam birovni ursa — falon moddaga binoan kesiladi.
Nima uchun odam yerni zahar dorilaydi — ammo javobgarlikka tortilmaydi? Nima uchun odam yerni zaharlab xo‘rlaydi — ammo javobgarlikka tortilmaydi?

O‘zbakni qoniqib mehmon kutgani — podsho bo‘lgani!

Rejissyor tag‘in yelkam qoqdi.
— Barra kalla, barra kalla! — dedi. Rejissyor yelkam qoqa-qoqa meni mashina taraf jo‘natdi.
Men yo‘l-yo‘lakay raisimizdan so‘radim:
— Rais bova, rejissyor nima deyapti?
— Barakalla deyapti, barakalla.
— Barakallani shunday deydimi?
— Ha, endi… ular VGIKda o‘qigan-da, VGIKda.
— O‘shanda shunday o‘qitadimi?
— Ha, endi… VGIKni bitirgan-da, VGIKni.

Zaharli dori omborda o‘zbekdan boshqa xalq chiday olmaydi-da. Chunki o‘zbek xalqi yil o‘n ikki oy dalada zaharli dori sepib ishlaydi-da. Yil o‘n ikki oy zaharli dori hidlab yashaydi-da. Shu sababli o‘zbek xalqini zaharli dori omboriga joylashtirdik. Chiniqqan xalq-da, chiniqqan.

«Qizil zona»ning o‘z qonun-qoidalari bo‘ladi. Zindon ana shu «Qizil zona» qonun-qoidalariga bo‘ysunadi. «Qizil zona»da Lenin yo‘q! «Qizil zona»da Sho‘ro hukumati yo‘q! «Qizil zona»da adolat yo‘q! «Qizil zona»da inson or-nomusi, inson shon-shuhrati, inson qadr-qimmati… yo‘q, yo‘q! Tag‘in yo‘q! «Qizil zona» o‘z nomi o‘zi bilan — qizil, qizil! Qizil rang — qon rang! Qon rang bilan o‘ynashma, baran, qon rang bilan o‘ynashma! Aks holda — qizil qoningga bo‘yalasan! Aks holda — qizil qurbonlik bo‘lasan, qizil qurbonlik!..

Men… dalalarimni deya, qaytib kelaman!
Tupkani tagidan bo‘lsa-da, qaytib kelaman!
Ana shunda sho‘rtuproq dalamga a’lo nav paxta ekaman. Undan a’lo-a’lo tola olaman. Qumloq dalamga moy bergich paxta ekaman. Undan xushta’m-xushta’m paxtamoy olaman.
To‘yimli-to‘yimli paxtamoy olaman.
Oqtuproq dalamga oqlik mo‘l paxta ekaman. Undan yegulik oqlik olaman. Ichgulik oqlik olaman.
Men qaytib kelaman!

Men qaytib kelaman.
Yetti qavat yerni ostidan bo‘lsa-da, qaytib kelaman.
Men dalalarimni deya, qaytib kelaman.
Meni dalalarim qaytarib keladi…

Oqil Abdubarnoyev tayyorladi.


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596