Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


16.02.2026 | 16:05

img1361

“LISON UT-TAYR” – ISHQNOMA

Alisher Navoiyning “Foniy” taxallusi bilan bitgan “Lison ut-tayr” dostoni sovet davrida eng ko‘p xato bilan talqin etilgan asari hisoblanadi.

Shuning uchun uni “ishqnoma” deb atash dabdurustdan ko‘pchilik tomonidan to‘g‘ri qabul qilinmasligi ham mumkin. Chunki biz “ishqnoma” deganda, ikki jins vakili bo‘lgan oshiq va ma’shuqa muhabbati aks ettirilgan, “Tohir va Zuhra”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Zaynab va Omon” kabi asarlarnigina tushunadigan bo‘lib qolgan edik-da. Shuning uchun sovet davrida oliy ta’lim talabalari uchun darslik sifatida chop etilgan “O‘zbek adabiyoti tarixi”ning birinchi kitobida (1976) ham, fundamental tadqiqot bo‘lmish besh jildlik “O‘zbek adabiyoti tarixi”ning XV asrning ikkinchi yarmi adabiyotini o‘rganishga bag‘ishlangan 2-jildida (1977) ham “Lison ut-tayr”ning ishqiy doston ekani qayd etilmagan.

Navoiyning yana bir asari bo‘lmish “Mahbub ul-qulub” ‒ oxirigacha mag‘zi to‘liq chaqilmagan o‘ta muhim va noyob badiiy yodgorlik. Unda, jumladan, shoirlar va oshiqlar o‘ta nozik darajada, dohiyona zukkolik va aniqlik bilan tasnif qilib berilgan. Shoirlar tasnifida ular ijodiga aynan tasavvuf nuqtayi nazaridan turib yondashiladi. Dadil turib bunday deyishimizga asos bo‘ladigan sabab shuki, tilga olingan bir arab va yigirma fors-tojik shoiri orasida “malik ul-kalom” Abu Abdullo Rudakiy (858–941) bilan “ustodi fan” Abulqosim Firdavsiy (935–1020) yo‘q. Chunki ularning she’riyatida tasavvuf unsurlari mavjud emas-da. Shunday qilib, Navoiy shoirlarni besh guruhga bo‘ladi: “maoniy xazoyinidin ma’rifat javharin ter”ganlar; “haqiqat asrorig‘a majoz tariqin mahsul qil”ganlar;  “ajoz tariqi adosi alar nazmig‘a g‘olib va alar bu shevaga ko‘prak rog‘ib”lar; “haqiqat va majoz tariqida komil va ilmi ikkalasi tariqida vofiy va shomil”lar; “nazm bila ko‘ngullar xushnud va xursand va rozi-yu bahramand”lar.

Demak, birinchi guruh haqiqiy ishqni kuylaydi. Ikkinchi guruh haqiqiy ishqni majoziy ishq orqali kuylaydi, ya’ni Xudoning sirlarini majoz, demak, uning suvrati, nusxasi, ramzini tasvirlash orqali aks ettiradi. Uchinchi guruh majoziy ishqning o‘zinigina kuylaydi. To‘rtinchi guruh ham haqiqiy, ham majoziy ishqni baravar kuylaydi. Bunga muallif faqat Abdurahmon Jomiynigina kiritadi. Mantiqan va mohiyatan Navoiy ijodi ham ana shu guruhga mansub. Beshinchi guruh hayotni tasvirlaydi, lekin bu tasvirlarning haqiqiy ishqqa hech aloqasi yo‘q. Buni muallif “adno tabaqa”, ya’ni “past toifa” deb hisoblaydi. Xuddi ana shu guruh asarlarida dunyoviy ishq kuylanishi mumkin. Navoiy dastlabki to‘rt guruhga kimlar kirishini aniq qilib aytib o‘tgani holda, beshinchi guruhga mansub biron-bir shoirning nomini tilga olmaydi. Buni, odob doirasidan tashqari, deb hisoblagan ko‘rinadi.

Bu tasnifotda, birinchidan, turkiy adabiyot qamrab olinmagan (buning sabablarini aniqlash ‒ ilm uchun alohida masala, biz bu mavzuga daxl qilmadik), ikkinchidan, muallif kamtarlik qilib, o‘zini ana shu to‘rt guruhning birortasida qayd etib ketishni lozim topmagan. Biroq maqsadi kelajak avlod kitobxonlariga shunday aniqlik kalitini topshirib ketish ham bo‘lgan edi, deyishga to‘la asosimiz bor. Garchi turkiy adabiyot qamrab olinmagan bo‘lsa-da, bu tasnifni turkiy shoirlarni guruhlashtirishda ham bemalol qo‘llashimiz mumkin. Navoiy zamonasida aynan shunday yoki shunga yaqin tasnifdan foydalanilganini tasdiqlash uchun qo‘limizda yetarli dalil ham mavjud. Bu “Holoti Pahlavon Muhammad” asarida keltirilgan hazilga yo‘g‘rilgan bir suhbat. Unda Nasimiy ishqi haqiqiyni, Lutfiy esa ishqi majoziyni kuylagan shoir sifatida qayd etiladi.

“Mahbub ul-qulub”da oshiqlar ham tasnif etiladi. Ularni muallif to‘rt guruhga ajratadi. Birinchi guruhda uch turdagi oshiqni sanaydi: inson oshiq timsoli (Farhod, Majnun); ramziy oshiqlar (parvona, u shamga oshiq; andalib, u gulga oshiq); ishqni kuylagan shoir oshiqlar (Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy). Bu oshiqlarning hammasi bevosita adabiyot bilan bog‘liq. Shu tariqa asar muallifi ishqni oldindan so‘z san’atiga vobasta qilib qo‘yadi. Chunki bu unga keyin yana kerak bo‘ladi. Xo‘sh, bular kimga oshiq? Ya’ni ma’shuq kim?

Navoiyning javobiga ko‘ra, u – bir husn: “Va ul ma’shuq husnedin (“bir husndan”) iboratdurkim, “Innallohu jamilun yuhibb ul-jamol” (bu hadisi sharif mazmuni: “Haqiqatda, Alloh go‘zaldur va go‘zallikni sevadi”) andin xabar berur…”

Bu “husn sultoni” – Tangri taolo. Muallif shoirlarni tasnif qilganda, ko‘rganimizdek, ana shu haqiqiy ma’shuqqa ishq qay darajada tasvirlangani yoki tasvirlangan-tasvirlanmaganidan kelib chiqqan edi. “Lison ut-tayr”da majoziy ishq kuylanganmi yoki haqiqiy ishq tarannum etilganmi?” degan masala mohiyatini ayonlashtirishda bu juda muhim nuqta hisoblanadi.

Haqiqiy ishq ham, majoziy ishq ham mohiyatan bitta tushunchaning tarkibiy qismlarini tashkil etadi. Ikkalasining zamirida ham amalda Alloh taologa muhabbat, ya’ni ilohiy ishq yotadi. Shuning uchun “haqiqiy ishq” bilan “ilohiy ishq”, bizningcha, teng tushunchalar emas. Boshqacha aytganda, “haqiqiy ishq” va “majoziy ishq” adabiyotdagi hodisani anglatadi. Ilohiy ishq – Xudoga ishq. Uni adabiyotda to‘g‘ridan to‘g‘ri tasvirlash usuliga “haqiqiy ishq”, biror allegorik, ya’ni majoziy yo‘l bilan tasvirlash esa “majoziy ishq” deyiladi.

Demak, ilohiy ishq tushunchasi haqiqiy ishqni ham, majoziy ishqni ham o‘z ichiga qamrab oladi. Bular, albatta, musulmon Sharqi mumtoz adabiyotida mavjud ishq tasviri tasnifotidagi yangi qarashlar. Biz bu atamalarni ana shu tarzda qo‘llashni taklif qilamiz.

Xulosa chiqyaptiki, “majoziy ishq” degani “dunyoviy ishq” degani emas. Aslo. Axir, dunyoviy ishq zamirida Xudoga ishqqa, hatto, ishora ham ko‘zda tutilmaydi-da. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”idagi Otabek va Kumush, “Mehrobdan chayon”idagi Anvar va Ra’no, Hamid Olimjonning “Zaynab va Omon”idagi qahramonlar o‘rtasidagi ishqni qaysi asoslarga ko‘ra “majoziy ishq” deya olamiz? Bunday ishqni “dunyoviy ishq” deyish kerak.

“Lison ut-tayr”da ham, unga asos bo‘lgan Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr”ida ham mohiyatan haqiqiy ishq kuylangan. Biroq bu ikki dostonda, kirish boblarni hisobga olmaganda, Xudo timsoli yo‘q. Simurg‘ ramzan Allohni anglatib kelgan. Bu dostonlarni har qancha ishqi haqiqiy ta’rifidagi asar sifatida baholasak ham, ularda majozning ham alohida o‘rni bor.

“Mahbub ul-qulub”dagi oshiqlar tasnifi bilan shoirlar tasnifi aynan mos tushmaydi. Bunga asosiy sabab nima? Mantiqan ikkalasi bir xil bo‘lishi kerak edi-ku. Navoiyshunosligimizda hozircha masala bu tarzda qo‘yilmagan.

Holbuki, vaziyat shuni taqozo etadi. Buni aniqlamay turib, masalaning asl mohiyatiga yetishning aslo iloji yo‘q.

Navoiy oshiqlar tasnifida ishqni endi beshga emas, uchga ajratadi.

Birinchisi, avom ishqi. “Avom”ni hozir, asosan, “o‘qimagan”, “tushunmagan”, “qoloq” odamlarga nisba­tan ishlatamiz. So‘z aslan “xalq”, “ko‘pchilik”, “omma” degan ma’noni anglatadi. Shuning uchun Navoiy tasnifidagi bu so‘zni “ommaga, ya’ni ko‘p­chilikka xos ishq” deb  tushunishimiz kerak. Bu ishqni ta’riflar ekan, adib shunday deb yozadi: “Avom un-nos orasida bu mashhur va shoye’durkim, derlar: “Falon falong‘a oshiq bo‘lubtur” va bu nav’ kishi har nav’ kishig‘a bo‘lsa bo‘lur, shag‘ab va iztiroblaricha lazzati jismoniy va shahvati nafsoniy emas va bu qismning biyikrak martabasi shar’iy nikohdurkim, bari xaloyiqqa sunnatdur va muboh va pastroq martabasida parishonliq va mushavvashliqlar va besomonliq va noxushliqlareki, zikri tarki adabdur va bayoni behijobliqqa sabab”. Oxiri nikoh bilan tugaydigan bu ishqni bugun “dunyoviy ishq” deb yuritamiz.

Ikkinchisi, xavoss ishqi. “Xavoss” – “xos kishilar” degani. Navoiy ta’rificha: “Ul pok ko‘zni pok nazar bila pok yuzga solmoqdur va pok ko‘ngul ul pok yuz oshubidin qo‘zg‘olmoq va bu pok mazhar vositasi bila oshiqi pokboz mahbubi haqiqiy jamolidin bahra olmoq”. Pok mazharga pok nazar bilan boqish shart. Bu pok mazhar vositasi bilan mahbubi haqiqiy, ya’ni Tangri taolo jamolidan bahra olish zarur. O‘zi-ku, “xavoss” deganda, so‘fiylar, ya’ni Xudoga oshiqlar tushuniladi. Ammo Navoiy xavoss ishqi qismida ham so‘fiylarni emas, balki shoirlarni tilga oladi ‒ Xusrav Dehlaviy, Shayx Iroqiy, Xoja Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy nomlarini hurmat-u ehtirom bilan qayd etadi.

Keyin kamtarlik bilan hazrat Jomiy muhabbati jomidagi quyqalarni ichgan, ya’ni unga payravlik qilgan va uning irshodi sulukidan foniyvash bo‘lgan, dard-u ishq yo‘lida aytganlari turk ulusida haroratomez va sort (fors-tojik) xaylida ofatangez bir guruhni ham qo‘shadi: “Yana ul hazrat jomi muhabbatidin durdkashlar va irshodi sulukidin foniyvashlarkim, dard-u ishq tavri adosida guftorlari turk ulusida haroratomez va sort xaylida ofatangezdur”. Bu jumlada Navoiy o‘zini ham ko‘zda tutadi (“foniyvashlarkim” so‘zi ham bejiz qo‘llanmagan). Bu bilan o‘zini ham shu xavoss ishqi vakillariga qo‘shadi. Bahonada bu toifa shoirlarning maqsadini ham bayon etadi.

Uningcha, bu shoirlarning maqsadi uchta: o‘zini ana shu xavoss ishqiga mansub qilish; oshiqning og‘ir ahvol va ma’shuqning haddan tashqari go‘zalligini tasvirlash; oshiq va ma’shuqning bir-biriga yaqinligi va munosibligi, moslashuvi va tarbiyatini aks ettirishdan iborat. Chunki butun koinot bozorining to‘s-to‘poloni va moddiy olam gumbazli yopiq bozorining shovqin-suroni ana shu ishqni so‘z va tovush orqali ifodalashdan kelib chiqadi va busiz insonning kalomi joni yo‘q bir tanadek, bashariyat alfozi va iboralari gul-u rayhonsiz bir chamandek gap.

Shu tariqa, Navoiy kitobxonni mana bu xulosani hazm qilishga tayyorlaydi: “So‘zkim, dard choshnisidin harorati bo‘lmag‘ay, nursiz sham’ bil va sarvarsiz jam’ gumon qil. Hosilekim, so‘zga bu taronadur va mundin o‘zga borcha afsonadur va so‘z ishq so‘zidur va ko‘ngulda hayot nash’asi ishq o‘zidur”. Agar so‘zning dard ta’midan harorati bo‘lmasa, uni nursiz sham va boshliqsiz jamoa gumon qilish lozim. Biror asar yozilsa, unda so‘z ishq taronasidan iborat bo‘lishi kerak va bundan boshqa narsalar faqat afsona, xolos, so‘z ishq so‘zidan boshqa narsa bo‘lmasin, ko‘ngilda hayot huzur-halovati faqat ishqning o‘zidangina iborat. Xulosa o‘rnida keltirilgan baytda Navoiy, adabiyotning bosh vazifasi ishqni kuylashdan iborat bo‘lmog‘i darkor, degan pozitsiyasini qat’iy qilib qo‘yadi:

So‘zki, ma’nosida ishq o‘ti nishoni bo‘lmag‘ay,
Bir taharruksiz badan onglaki, joni bo‘lmag‘ay.

Gap ishq zikrida ketayotgan edi. Fikr burilib, adabiyotga bog‘landi. Chunki tasavvufiy dunyoqarash bo‘yicha qaralsa, butun borliqning yaratilishidan asosiy maqsad ‒ ishq. Jonli va jonsiz mavjudotning hammasi Xudoga hamd aytadi.

Osmon jismlarining harakati, o‘simliklarning ko‘kka bo‘y cho‘zishi, qushlarning sayrashi, daryolarning oqishi-yu dengizlarning mavjlanishi ‒ hamma-hamma narsa zamirida ishq yotadi. Ishq ‒ hayotning mag‘zi. Uning mavjudlik tarzi. Modomiki, adabiyot hayotni aks ettirishga mas’ul ekan, u aynan ana shu ishqni kuylashi zarur. Ishqning haqiqiysi esa ‒ Allohga muhabbat, albatta. Bu tahlillardan, Navoiy – bus-butunicha tasavvuf shoiri, degan xulosa kelib chiqadi.

Uchinchisi, siddiqlar ishqi. “Sadaqa”, “sidq”, “siddiq”, “sodiq”, “sadoqat” so‘zlari, shuningdek, “sidqidil” qo‘shma so‘zining birinchi kalimasi bir o‘zakdan yasalgan. Oddiy ma’noda, rostgo‘y, sadoqatli, oqibatli odamga nisbatan ham “siddiq” so‘zi ishlatiladi. Diniy ma’noda Xudoga qattiq ishonuvchi, iymoni o‘ta baquvvat, Yaratganga sidqi komil kishi ko‘zda tutiladi.

Payg‘ambarlardan Yusuf alayhissalomning, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning xalifalaridan Abu Bakrning laqabi “Siddiq” bo‘lgan. “Sidq” deganda, hamma narsani Xudo ko‘rib-bilib turibdi, deb hisoblab, hech qachon yolg‘on gapirmaslik yo xato ish qilmaslik ham tushuniladi.

Ammo Navoiy “siddiq” so‘zini tasavvufiy ma’noda qo‘llab, sharhlaydi. Siddiqlar ‒ oshiqlarning eng yuksak darajaga yetganlari. Navoiy ta’rificha, ularda quyidagi xususiyatlar mavjud: siddiqlar Haqning jamoli jilosiga u aks etadigan narsa vositasisiz, ya’ni to‘g‘ridan to‘g‘ri shaydo; bular shu darajada o‘zini yo‘qotganki, Haq jamoli aks etadigan narsalarni mushohada qilish ulardan olib qo‘yilgan; bir narsaga (Xudoga yetishga) haddan tashqari  berilishlari oqibatida atrofdagi bor narsalarni ko‘rish, unga guvoh bo‘lishdan mosuvolik ularda halok bo‘lish maqomini hosil etgan; agar hodisalar yeli falak gulshani varaqlarini uchirsa, ular bundan xabar topmaydi ham va yulduzlar gulbarglarini har tarafga sovursa, ularga undan asar yetmaydi ham; his-tuyg‘ulari tajalliyot jamoli zarbasidan va shavqlari cheksiz ishq hujumi g‘alabalaridan hosil bo‘lgan; sohibi kitob bo‘lgan payg‘ambarlar – Dovud, Muso, Iso alayhissalomlar va Muhammad sollallohu alayhi vasallam yetgan darajalardan nazarlarini olishmaydi va Allohga yaqin farishtalar o‘tgan yo‘llarga nazar tashlashmaydi; hollari matlub (Xudo) jamoli mushohadasi va mashg‘ulotlari uning yaratuvchiligi mulohazasi va visol mayi kamoli zo‘ridan ko‘ngillari o‘zini yo‘qotgan (bexud) va mast, ketma-ket tajalliyot hamlasidan a’zolari shikast topgan; ruhlarida vasl bodasidan o‘zga maqsad va ko‘ngillarida Haq mushohadasidan boshqa orom yo‘q; bular ishqda vasldan maqsad topganlar va “Inda malikin muqtadirin” maqomida orom olganlar hisoblanadi; bu toifani “vosillar”, ya’ni “vaslga yetganlar” va “ishqdan vasl maqsadi hosil bo‘lganlar” deyishadi.

So‘ng muallif xulosaga o‘tadi: “Ishqning g‘oyati bu yergachadur va oshiqqa vaslning nihoyati bu so‘zni dergachadur. Bu oshiqlarkim, ollinda qabul ahlidurlar va tariqati mashoyix istilohotida “vusul ahli”durlar, bularni “Tangriga oshiq” desa bo‘lur, “mahbub” ham va “Haqg‘a tolib” ot qo‘ysa bo‘lur, “matlub” ham”. Bu oshiqning ma’shuqqa aylanishi jarayonini aks ettiradi.

Chunki ishq komillikka yetsa, oshiq ma’shuqqa aylanadi. “Bu oshiq edi” yoki “Bu ma’shuq edi”, deb o‘tirishga hojat qolmaydi. Hallojning: “Ana-l-Haq” (“Men Xudoman”) degani, Majnundan ismini so‘raganlarida: “Layli”, deb javob qaytargani, “Lison ut-tayr”da (“Mantiq ut-tayr”da ham) qushlarning o‘zi “si murg‘” (“o‘ttiz qush”) bo‘lgani tasavvufda “vasl” deganidir.

“Saddi Iskandariy” dostonining 1-bobida shoir Allohga murojaat qilib, sening chiroying Quyoshiga insonning o‘zligi parda bo‘la oladi, agar uni o‘zligidan kechtirsang, uning senga bo‘lgan ishqi kuchayadi, qayoqqa boqsa, seni ko‘radi, o‘zini yitiradi, deydi:

Seni ko‘rdi har yonki, soldi ko‘zin,
Chu bori sen o‘ldung, iturdi o‘zin.

Bu ham aynan “Lison ut-tayr”dagi o‘ttiz qushning o‘zlari “si” “murg‘” bo‘lgani bilan bir xil holat tasviri hisoblanadi.

Navoiy umrining so‘ngida “Mahbub ul-qulub”ni bejizga yozmadi. Bu asar amalda shoir va mutafakkir ­dunyoqarashining xulosasi, shu bilan birga, barcha asarlarining o‘ziga xos qo‘llanmaviy ochqichi, ya’ni kaliti ham hisoblanadi.

Undagi shoirlar va oshiqlar tasnifidan bexabar holda uning ijodi, xususan, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” hamda “Lison ut-tayr” dostonlari mohiyatiga aslo yetib bo‘lmas edi. “Mahbub ul-qulub” tasniflariga suyanib, aytish mumkinki, “Farhod va Shirin”da xavoss, “Layli va Majnun” hamda “Lison ut-tayr”da siddiqlar, “Sab’ai sayyor”da esa avom ishqi tasvirlangan.

Bir qarashda, “Farhod va Shirin”da ham, “Layli va Majnun”da ham sevishganlar ishqi qalamga olingan. Endi savol tug‘iladi: nima uchun tilga olingan bu birinchi doston nomida oshiq (Farhod) oldin, ma’shuq (Shirin) keyin tilga olingan-u ikkinchi dostonda ma’shuq (Layli) oldin va oshiq (Majnun) keyin qayd etilgan? Sababi, “Farhod va Shirin”da Farhod ‒ Shiringa nisbatan faol, “Layli va Majnun”da Layli ‒ Majnunga nisbatan faol. “Layli va Majnun”dagi ba’zi voqealarga asoslanilsa, Layli oqilona ish tutib, Majnunga nima qilmoq kerakligi yo‘lini ko‘rsatadi ham.

Tasavvufiy jihatdan, “Farhod va Shirin”da sahv (hushyorlik) yo‘li tasvirlangan, “Layli va Majnun”da esa sukr, ya’ni mastlik, sarxushlik yo‘li.

“Xamsa”ning birinchi dostoni bo‘lmish “Hayrat ul-abror”ni beshlikning umumiy kirishi, deb hisoblasak, “Farhod va Shirin” hamda “Layli va Majnun”ni tezis sifatida qabul qilishga to‘g‘ri keladi. Ularda, tasavvufda sahv yo‘li bilan ham, sukr yo‘li bilan ham asl maqsadga, ya’ni yor vasliga yetish mumkin, degan g‘oya ilgari surilib, hayotiy voqealar dalili orqali isbotlangan.

“Sab’ai sayyor” esa antitezis vazifasini o‘taydi. Ya’ni unda: “Agar sahv yo‘li bilan ham, sukr yo‘li bilan yurilmasa, nima bo‘ladi?” degan savol o‘rtaga tashlanib, hayotiy isboti bilan javob berilganki, bunda asl maqsad amalga oshmaydi. Tabiiyki, “Saddi Iskandariy” sintez o‘rnida keladi. Taniqli adabiyotshunos Ibrohim Haqqul o‘zbek mumtoz adabiyotidagi ruboiylar kompozitsiyasida 1- va 2-satrlar ‒ tezis, 3-satr ‒ antitezis va 4-satr ‒ sintezdan iborat bo‘lishini yaxshi ko‘rsatgan va biz yuqoridagi xulosani ilgari surishda ana shu tayyor formulirovkaga suyandik.

Navoiy “Farhod va Shirin”da salaflari asarlariga ham tanqidiy yondashib, jumladan, Xusravning ko‘p xotinli qilib tasvirlangani, ya’ni uning goh Maryam, goh Shakar, goh Shirin ishqida yonganini qoralaydi. Lekin o‘zi “Sab’ai sayyor”da Bahromni yetti qasrda yetti mamlakat malikasiga uylantirib qo‘yadi. Bahrom o‘zi bu yoqda Dilorom ishqida kuyib-yonib yotibdi-yu, bu yoqda har kecha bir yangi xotini og‘ushida orom olyapti. Bu – “Farhod va Shirin”dagi muallif pozitsiyasiga tamoman zid. Chunki “Sab’ai sayyor”da shoirning maqsadi oxiri nikoh bilan tugaydigan avom ishqi fojiasini ko‘rsatish bo‘lgan. Buning zamirida, agar ishq avom tasavvurlari darajasidan yuqoriga ko‘tarilmasa, ya’ni yashashdan maqsad umrni Yaratgan vasliga yetish ishqi bilan o‘tkazishdan iborat bo‘lmasa, foydasi yo‘q, deyish ilinji yotibdi. Shuning uchun Navoiy asarlari, xususan, dostonlari mohiyatini uning umum ijodidan, ya’ni boshqa asarlaridan ayri holda tahlil etishning aslo iloji yo‘q. Bu jihatdan “Lison ut-tayr” ayniqsa ajralib turadi. Tahlillarimiz Navoiy asarlarini o‘zaro qiyosiy o‘rganish yo‘lidagi dastlabki urinishlardan biri sifatida qabul qilinishi lozim.

Endi “ishq”, “oshiq” (“ushshoq”) va “ma’shuq” tushun­chalarining o‘zaro vobastaligi masalasi o‘rtaga tushadi. “Saddi Iskandariy” 1-bobi oxirida mana bu baytlar ham keladi:

Yaqin anglasam, g‘ayr bordur adam,
O‘zung oshiq-u ishq-u ma’shuq ham.
Chu ma’shuq-u oshiq sen o‘ldung tamom,
Sanga ishq-u ushshoqdin, vassalom.

Bu misollarda Xudoning o‘zi “ishq”, “oshiq” (“ushshoq”) va “ma’shuq” ekani ayonlashadi. Chunki ishqning manbasi – Alloh taolo. Demak, u – ma’shuq.

Oshiq (banda) ma’shuqni sevadi. Uning ishqi komillikka yetsa, ma’shuq ham oshig‘ini sevadi. Sevdimi, endi uning o‘zi ham oshiqqa aylanadi. Vasl yuz berib, oshiq bilan ma’shuq qovushadi. So‘fiyning ruhi Allohga yetadi. Endi: “Bu oshiq edi, bunisi ma’shuq edi”, deb ajratishning hech imkoni qolmaydi. “Lison ut-tayr”da o‘ttiz (“si”) qush (“murg‘”)ning o‘zi “Simurg‘” bo‘lgani mohiyatida ham aynan shu g‘oya yotadi.

Shuning uchun ham “Lison ut-tayr” ishqnomadir.

Sultonmurod OLIM

“Jadid” gazetasining 2026-yil 6-fevraldagi 6-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img107

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img618

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img614