10.04.2024 | 21:02
334
MADANIYAT TO‘LQUNLARI

I
Har kimga ma’lumdirki, dengizlarning to‘lqunlari bir tarafdan ikinchi tarafg‘a ko‘chub yuriydir.
Bu kun bir tarafda to‘lqun bo‘lsa, ertasi ikinchi tarafda boshlanub, avvalgi shovullab, qichqirub, shodligindanmi yoki boshqa bir sababdanmi bir necha sajin yuqoriga sakrashub turgon yerlari sukut va sokit bo‘lub qoladir. Shunga o‘xshash Bani bashar (Odam bolalari) orasida ham madaniyat to‘lqunlari quvishub va surishub yuriydir. Bir asr ichinda taraqqiy va madaniyat dunyosinda g‘o‘ta urub, suzishub yurgan bir qavmni ko‘rasanki, ikinchi asrda tanazzul dunyosiga yuzlanub, vahshiylik olamining eng og‘ir nuqtasiga borub yetadur. Buning sababi ijtihod va g‘ayratning ozayuvi, ittifoq, insof va adolatning yo‘qoluvi, xalqning ilm-u ma’rifatdan uzoqlashub, buzuq ishlarga mayl va rag‘batlari ortuvidir.
Har bir millat maishat tarafindan taraqqiyga yuz qo‘ymasa, ma’naviy tarafdan, ya’ni ma’rifat tarafidan ham taraqqiy qilolmas, bir kishining o‘z maishatiga yetarlik mol-u ashyosi bo‘lmasa va bularning sababiga harakat qilmasa, moddiy va ma’naviy ishlarni qilmoqdan ojiz qolur. Va bunday och-u yalang‘och o‘z avqotini o‘tkara olmayturgan bir xalqga ma’rifat, madaniyat, ulum va funundan dars vermak munosib bir ish o‘lmasa kerak, chunki faqir xalqlarning kecha-kunduz fikri-zikri non topmak va bola-chaqasining qornini to‘yg‘uzmakdir. Taajjubki, mamlakatimizning yerlari, o‘simlik tuprog‘i barakatlik bo‘lib turub, yerli xalq och va yalang‘och, boyqush kabi vayronalarda umr o‘tkaradirlar.
Bu taraqqiy zamoni va madaniyat asri, bilmam, bizni na yerga olib borajak, ibrat ko‘zi ila Eski shahrimizning musulmon dahalariga nazar solgan kishi har mahallada yuzdan to‘qson xonalarni(ng) buzilgan, yorilgan, vayrona va inqiroz dunyosiga yuzlangan bir holda ko‘radir. Go‘yo bu xonalarning devorlari, tomlari lisoni hol ila bizni ilmsizlik, tarbiyasizlik, to‘y deb minglarcha aqchalarni behuda isrof qilmak, to‘ylarda jomafurushlik qilmak vayrona va xarobazorlikg‘a soldi, deyurlar. Emdi, vayrona sohiblarini faqir va xorlikda yashagan, bola-chaqalarini qo‘l kuchi ila to‘ydiradirgon, to‘y degan yerda muqaddas Vatanini sotub, sarf qilmoqdan tortinmaydirgan “hoziram huzuram” deb istiqbolini o‘ylamagan va bolalarining saodatini tushunmagan bir qavmdan qanday taraqqiy, madaniyat va ma’rifat kutmak kerak? Och-yalang‘och, kulfat, mehnat va zahmat balolari orasida o‘ralib qolgan bir qavmga: “Madaniyatga kiringiz, maktab solingiz, o‘qungiz, taraqqiy qilingiz” kabi so‘zlarning foydasi o‘lmadig‘i oftobdan ham ravshandir. Bu faqirlikning eng qo‘rqunch to‘lqunlari orasida ezilgan xalqimizni to‘y marazidan qutqarurga tirishmak va iloj istamak lozimdir..
I I
Ovrupolilar hozirgi yigirmanchi asrgacha madaniyat to‘lqunlari ichra yashadilar va bu cholishqon ovrupolilar madaniyat to‘lqunlaridan qo‘rqmadilar, qochmadilar, harakat qildilar, asbob va mashinalar hozirladilar. Va bu madaniyat to‘lqunlarini o‘zlarig‘a asir-u musaxxar qilub oldilar. 15 nchi asrda madaniyat suvlarini surib, Amriqo qit’asig‘a olib bordilar. Amriqoning yerli vahshiy xalqlari “eshiklaridan oqg‘on suvning qadrini bilmadilar”, madaniyatga kirishmadilar, qabul qilmadilar. Ota-bobolaridan qolg‘on odatlarini tashlamadilar, o‘zlaricha vahshatda avratlarini yaproqlar ila o‘rtub, boshlarig‘a tovus patlarini sanchub, yalang‘och goh daraxtlar ustida, goh kafalarda, goh yerto‘lalarda do‘mbira va chirmandalarni cholub, yashay berdilar, madaniyat orqalaridan quvdi, qochdilar. Na yerga borsalar, madaniyat ham bordi, qochib qutulolmadilar, oxirida madaniyat g‘alaba qilib, inqiroz dunyosig‘a kuzatub yubordi. Mana shu jumladan, yarim-yorti vahshatda yashash O‘rta Osiyoga, Turkistonimizg‘a Rusiya hukumati ila barobar madaniyat suvlari kelub kirdi. Hozir yarim asrdurki, madaniyat bizni orqamizdan quviyur. Biz qirdan qirg‘a qochurmiz, qarshimizda maishat mashaqqatlari chiqub hujum qilur, o‘ngimizdan bilimsizlik va jaholat kelub, jonlarimizni siqur, so‘ngimizdan musriflik, faqirlik va bid’atlar chiqub yo‘limizni to‘sur. Dangasalik, yalqovlik, ishsizlik ustimizdan bosub bo‘g‘mak istar.
Ajabo! Bizlar hamon bu eskincha romka orasidan chiqub qochmak istamaymiz. Biroz tushunmak va o‘ylamak lozimki, bu romka orasindan chiqub qochmak va qutulmak mumkinmi? Yo‘qmi? Bizim fikrimizcha, qochmoqning imkoni yo‘q, kutulmak-u xalos bo‘lmakning faqat birgina chorasi bordurki, madaniyatni qabul qilmak va madaniyatga kirishmakdir. Lekin kirishganda ham madaniyatning haqiqatini bilmak va haqiqiy madaniyatga kirishmak lozimdir. Ba’zi yoshlarimizga o‘xshash usti yaltiragan, ichi qaltiragan bo‘lub, boshlariga Yevrupo qalpog‘ini kiyub “Madaniyat!”, “Madaniyat!” deb og‘izlarini ko‘purturub, oz-moz musulmoncha, chala-yarim ruscha so‘ylashub kulgu bo‘lib yurmak madaniyat bo‘lmay, masxarabozlikning bir shu’basidur.
Yoshlarimizdan madaniyatga loyiq ravishda o‘qub, diniy va madaniy kishilar hozirlansa, tarbiya va ta’limg‘a mohir olim va olima, adib va adibalarimiz yetushsa, maktab va madrasalarimiz muntazam va tartiblik bo‘lsa, ziroat, sanoat va tijorat ishlariga mohir kishilar yetushub, zamonag‘a muvofiq ravishda ish yuritilsa, tartiblik “Dorul-yatim” – yetimxonalar, “Dorul-ojizin” – kambag‘alxonalar, kutubxonalar va qiroatxonalar ochilsa, shirkat (товарищество)lar barpo qilinsa, yuqorida dedigimiz kabi, xalqimiz orasida zamonag‘a loyiq ulum va funundan boxabar ulamolarimiz ko‘paysa, och va yalang‘och kishilarimizning maishatlarini tuzatmak uchun harakat qilinsa, o‘qutilsa, axloq va odob o‘rgatilsa, shul vaqtda eskincha orasidan chiqub, haqiqiy madaniyat bo‘stonig‘a yuzlang‘on hamda madaniyat to‘lqunlaridan qutulub, sohili salomatg‘a chiqg‘on bo‘lur eduk. Sohili salomatg‘a chiquvimizga zamon musoid verurmi, vermasmi bilmaymiz.
Ilm ila olam musaxxar bo‘ldi, biz johil hanuz,
Xobi g‘aflat boshimizg‘a yetsa ham g‘ofil hanuz,
Ochmayin ibrat ko‘zin biz uyqug‘a moyil hanuz,
Ilmi hikmatlarg‘a bizlar bo‘lmaduk qobil hanuz
She’rini virdi zabon qilmakdan boshqa choramiz yo‘q.
Abdulla AVLONIY
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



