28.01.2026 | 10:06
1469
MAHALLA – KATTA OILA
Olmazor tumani “Orzu” MFY raisi Elmira UMAROVA bilan suhbat

– Elmira Abdumannopovna, mahalla – katta bir oila ekanini bilamiz. Hamma oilalarda bo‘lgani kabi bu “ro‘zg‘or”ning ham o‘ziga yarasha past-balandi, yutuq-muammolari bo‘lishi tabiiy. Shu ma’noda, katta hovlining bekasi bo‘lish qiyin emasmi?
– Juda chiroyli o‘xshatish qildingiz. Men 16 yildan buyon mahalla tizimida ishlayman. O‘tgan vaqt mobaynida baland-pastlarni qarichlab o‘rgandim. 2025-yil may oyida “Orzu” mahallasi raisligiga saylandim. Ochig‘ini aytaman, ovoz berish natijasi mening foydamga bo‘lishini kutmagandim. Mahalladoshlarim ishonchidan ko‘nglim ko‘tarilgan bo‘lsa-da, yuragimda biroz xavotir, hadik paydo bo‘ldi. Lekin oilamning, hamkasblarimning daldasi bilan o‘zim ko‘rgan-bilgan joyda tezda ishga kirishib ketdim.
Xodim bo‘lib yurgan yillarimda ba’zilarning ayol rahbarlarga istehzo bilan nopisand qarashini ko‘rib, ko‘nglim cho‘kkan paytlar bo‘lgan. Lekin o‘zim rais bo‘lgach, bildimki, odamlarimizning dunyoqarashi o‘zgaribdi, xotin-qizlarning yutuqlaridan quvonadigan, ularni qo‘llab-quvvatlaydigan jamiyatga aylanibmiz. Bu bejiz emas, mas’ul vazifalarda faoliyat yuritayotgan ayollar, oliy ma’lumotlilar safini kengaytirayotgan qizlarimiz odamlar ongidagi eskilik qoliplarini parchalab, muzlarni eritmoqda.
Aytaylik, Olmazor tumanida 64 ta mahalla bo‘lsa, rais sifatida 10 nafar ayol ish olib boradi. Ish va oilani barobar ushlash ham muhim bu o‘rinda. Chunki mahallaga rahbarlik qiladigan, odamlarni birlashtiradigan, yaxshi-yomon kunida yonida turadigan odamning o‘zi uy-ro‘zg‘orini sarishta qilib qo‘ygan bo‘lishi kerak. Oilam tarozining bir pallasida tursa, katta oila – mahallamni tarozining ikkinchi pallasiga qo‘yaman. Ikkalasini barobar tutishga harakat qilaman. Oilam ko‘magida zimmamdagi mas’uliyatli vazifani imkon qadar uddalab kelyapman.
Muhimi, bugungi kunda tumandagi namunali mahallalardan birimiz. Albatta, guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, mahalla ahli orasida, ish jarayonida turli holatlar yuz berib turadi. Lekin, umuman olganda, mahallamiz tinch.
– Fuqarolarning siyosiy-ijtimoiy ongini oshirish, haq-huquqi va majburiyatlarini tushuntirish borasidagi ishlar haqida so‘zlab bersangiz. Muhim qarorlar ijrosini ta’minlashda mahallaning o‘rni qanday?
– Ma’lumki, har bir mahalla tizimida rais boshchiligida yettilik mavjud. Bu yettilik davlatimiz rahbari hamda hukumat tomonidan chiqarilgan hujjatlar mohiyatini aholiga o‘z vaqtida yetkazishni zimmasiga olgan. Shuningdek, mahalla qo‘mitasi qoshida Oqila ayollar kengashi, Ayollar maslahat markazi faoliyat yuritadi. Ular har oyda yig‘ilib, olib borilayotgan ishlar natijasi, navbatdagi muhim vazifalar haqida maslahatlashib oladi. Aytaylik, bir safar nuroniylar yig‘ilsa, kelasi safar yoshlar bilan suhbat tashkil etiladi. Zarurat tug‘ilsa, ba’zi masalalar bo‘yicha chetdan mutaxassislar taklif qilinadi. Mahallamiz faollari orasida nafaqada bo‘lgan huquqshunos ayol bor. Bundan tashqari, bizga hamkor tashkilot hisoblangan Milliy gvardiyadan ham huquqshunos mutaxassis har juma kuni mahallamizga kelib, aholidan kelib tushgan murojaatlarga yechim topishda yordam beradi. Bilasizmi, shu kuni kamida 10-15 odam huquqiy yordam olib, o‘z muammosini hal etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Prezidentimizning o‘tgan yil yakunida Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi mahallamiz fuqarolariga shu voqelikning ertasigayoq keng miqyosda yetkazildi. Yig‘ilishda mahalla uchun muhim yangilik – 2026-yilga “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nom berilgani va uning mazmun-mohiyati, mahallani rivojlantirish masalasi jamiyatni yuksaltirish bilan bog‘liq ekani chuqur tahlillarda ochib berildi.
“Mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi”.
“Murojaatnoma”dan
Shu yig‘ilishda qatnashganim uchun bir holatni mamnuniyat bilan aytib o‘tmoqchiman. Gap shundaki, yil nomi e’lon qilinayotganida ko‘pchilik birdan qarsak chalib yubordi. Shunda Prezidentimiz yig‘ilganlarga qarab: “Mana, yig‘ilishimizda ko‘plab mahalla raislari ishtirok etayotgan ekan”, deya ta’kidladi. Mahallani rivojlantirish uchun, avvalo, infratuzilmani rivojlantirish kerakligi alohida ta’kidlandi. Yana ham muhimi, kambag‘allikni qisqartirish masalasi. Bular shunchaki gap emas, yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarning amaldagi ifodasidir.
– Mahalla rahbari sifatida har bir xonadon holidan xabardorsiz, albatta. Bugun ijtimoiy himoya borasida islohotlar ko‘lami kengayib bormoqda. Ayni masala mahallada qanday sado bermoqda?
– Aytaylik, har bir xonadon ostonasidan hatlashingiz bilan oilaning yashash sharoiti haqida tasavvur hosil qilasiz. Gap-so‘z ham shunga yarasha. Ba’zi oilalar o‘ziga to‘q bo‘lsa ham, davlatdan nimadir undirib qolmoqchi bo‘ladi. Deylik, bir boyvachchaning daromadi, mol-mulki elektron manbalarga atay kiritilmagan. Lekin mahallani aldab bo‘lmaydi-ku! Yana shunday oilalar borki, dardini aytishga, ko‘mak so‘rab mahalla idorasiga chiqishga tortinadi, andisha qiladi. Ularni albatta, xonadonbay ishlab, aniqlash zarur.
Biz ko‘makka muhtoj oilalarni imkon qadar har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu borada Ijtimoiy himoya milliy agentligi bo‘limlari bilan birga, saxovatli yurtdoshlarimiz, muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor korxonalar ko‘magidan ham foydalanamiz. Ayni paytda mahallamizda to‘qqizta kambag‘al oila bo‘lsa, tuman hokimining yordamchisi bilan birgalikda bu oilalarni kambag‘allikdan olib chiqish uchun qanday yordam berish borasida reja tuzib oldik. Ana shu reja asosida ish boshlaganmiz.
To‘rt yarim mingdan ortiq aholining javobgarligi bor bugun zimmamda. Ayniqsa, xotin-qizlarga e’tibor masalasi javobgarligimdagi asosiy masala, deb o‘ylayman. Ilgari ham xotin-qizlar bilan ko‘p ishlaganman. Ularning muammolari qanchalar ko‘pligi va bu muammolarga tezroq yechim topish zarurati ish jarayonida asosiy e’tiborimda turadi. Chunki ayol tinch-xotirjam, oilasi farovon, kelajagidan ko‘ngli to‘q bo‘lsa, farzandlar ham baxtiyor yashaydi. Ayni paytda yoshlar masalasi ham bugun dolzarb vazifalardan biri bo‘lib turibdi.
– Mahalla faollari ishlarida ochiqlik, oshkoralik, javobgarlik degan tushunchalarga amal qilish qay darajada ta’minlangan?
– Mahallamizda o‘n besh kishidan iborat Faollar kengashi ish olib boradi. Kengashda mahallamizda o‘tadigan tadbirlar, tashkiliy ishlar muhokama qilinib, tegishli yo‘l-yo‘riq, yo‘nalish berilgach, amaliy ishga o‘tiladi.
“Baxtli oilalar hammasi bir-biriga o‘xshash bo‘ladi. Baxtsiz oilalar esa har biri o‘zicha baxtsiz”.
Lev TOLSTOY
Mazkur kengash yig‘ilishida yopiq ishlar ham ko‘rib chiqiladi. Bunga oilaviy mojarolarni misol qilib keltirish mumkin. Bu kabi yig‘ilishlarda shunday savol-javoblar o‘rtaga chiqadiki, bunda oilaviy sirlarni ko‘pchilikning og‘ziga tushishdan saqlab qolish zarurati tug‘iladi. Ya’ni, qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarmaslik, oila a’zolarining keyingi hayotiga maishiy gap-so‘zlar ta’sir qilmasligi kerak. Muammolar bir-biriga o‘xshamaydi. Shuning uchun yolg‘iz raisning o‘zi ularga yechim bera olmaydi. Ko‘pni ko‘rgan nuroniylar, ilmli mutaxassislar bu ishga jalb qilinadi. Bir oilaning notinchligi yetti qo‘shniga ta’sir qiladi. Tasavvur qiling, bir ko‘chada hamma uylar oldi gulzor-u, bittasiniki xazon, chiqindi uyumi… Ana shu joy butun hudud obodligiga dog‘ tushiradi.
– Rostini aytganda, oiladagi muammolarning aksari moddiy masalalardan kelib chiqadi: birovi to‘qchilikdan, birovi yo‘qchilikdan…
– …va bekorchilik, qanoatsizlikdan ham. Uyda o‘tirib, hunar o‘rganmasa, ilm olmasa, o‘z ustida ishlamasa, xayolga nimalar kelmaydi, deysiz? Erkaklarimiz ro‘zg‘or butligi uchun astoydil harakat qilmoqda. Lekin xotin-qizlar ham oila farovonligi uchun qarab turmasligi kerak.
Masalan, ayni paytda mahallamizda xotin-qizlar uchun ish o‘rinlari tashkil qilish maqsadida tikuvchilik, shuningdek, ishsiz aholini ish bilan ta’minlash maqsadida qandolat korxonasi ochishga kirishganmiz. Chunki aksariyat ayollarning turmush o‘rtoqlari farzandlari qarovsiz qolib ketishini xohlamaydi. Shuni nazarda tutib, mahallaning o‘zida yangi ish o‘rinlari yaratishni maqsad qilganmiz. Ko‘rib turganingizdek, maqsadimizni ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi xayrli ishlar boshlangan. Jamoatchilik bilan birgalikda hali ko‘p ishlarni amalga oshirishni niyat qilganmiz. “Yolg‘iz otning changi chiqmas”, deydilar-ku. Bu borada mahalla yettiligining hamjihatligi muhim o‘rin tutadi.
– Mahallaning kutubxonalari haqida gaplashsak…
– Bizda bir emas, uchta kutubxona bor. Biri mahalla idorasida, ikkitasi ko‘p qavatli uylarning orasida joylashgan. Har bir kutubxonada yoshlar uchun ham, katta yoshdagi mahalladoshlar uchun ham kerakli ilmiy va badiiy adabiyotlar mavjud. Muhimi, bu maskanlar hamisha gavjum.
“Mahalla yoshlarining kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida maktab kutubxonalarini har yili 10 million dona badiiy adabiyotlar bilan ta’minlab boramiz”.
“Murojaatnoma”dan
Yonimizda joylashgan Renessans universitetida maktab o‘quvchilari va talabalar uchun 12 turdan ortiq to‘garak ishlab turibdi. Ularning ichida eng kattasi robototexnika to‘garagi bo‘lib, juda ko‘pchilik yoshlar shu yerda shug‘ullanadi. Shuningdek, yaqinimizda joylashgan 243-maktab bilan muntazam aloqadamiz. Yoshlar yetakchimiz tomonidan faqat qizlarni emas, o‘g‘il bolalarni ham oilaga har tomonlama tayyorlash borasida tadbirlar ishlab chiqilgan. Milliy gvardiyaning psixologi har oyda bir marta kelib, o‘smir yigitlar bilan suhbat o‘tkazadi. Mazkur maktab bitiruvchilaridan 14 nafari o‘tgan yili oliy o‘quv yurtlariga davlat granti asosida o‘qishga kirdi. Bu, albatta, mahallamiz uchun faxr.
– Mahallaga kelishimiz bilan bu yerning fayzli, diltortar go‘sha ekaniga amin bo‘ldik. Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, ayniqsa, qadriyatlarimizni tarbiyalashdagi ishlaringizga rivoj bersin! Samimiy suhbat uchun rahmat!
Suhbatdosh:
Gulchehra UMAROVA
“Jadid” gazetasining 2026-yil 23-yanvardagi 4-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



