30.01.2026 | 14:25
1648
ENG KATTA BOYLIK
O‘zFA O.Sodiqov nomidagi Bioorganik kimyo instituti direktori, akademik Abbosxon TO‘RAYEV bilan suhbat

– “Moziyg‘a qaytib ish ko‘rish xayrlik”, deb yozgandi Abdulla Qodiriy. Ushbu muassasa qariyb yarim asr avval tashkil etilgan ekan. Bunga qanday ehtiyoj tug‘ilgan edi? Bu dargohga nega aynan Obid Sodiqov nomi berilgan?
– Juda o‘rinli savol berdingiz: bugungi yutuqlar, istiqboldagi rejalar kafolatining poydevorini qo‘yib berganlarni yod etish, xotirasiga hurmat ko‘rsatish biz – shogirdlarning burchimiz.
Bioorganik kimyo instituti O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga qarashli bioorganik kimyo bo‘limi negizida 1977-yil iyul oyida tashkil etilgan. Institut yaratilishi kimyoda yangi yo‘nalish – tirik hujayrada biologik faol modda tuzilishi bilan funksiyasi orasidagi o‘zaro bog‘liqlikni o‘rganuvchi bioorganik kimyoning shiddatli rivojlanishi boshlanish vaqti bilan mos kelgan. Organik kimyo, fizik-kimyoviy biologiya va bioorganik kimyo metodlari zamonaviy biotexnologiyaga asos bo‘ldi.
Institutning tashkil etilishi va rivojlanishi taniqli kimyogar olim, akademik Obid Sodiqovich Sodiqov nomi bilan bog‘liq. Bioorganik kimyo rivojiga qo‘shgan ulkan xizmatlari e’tiborga olinib, 1987-yilda institutga olim nomi berildi.
Obid Sodiqovich O‘zbekistonda kimyo fanining tashkilotchilaridan biri edi. Markaziy Osiyo yovvoyi florasi tabiiy birikmalarini o‘rganish amaliyotida olimning ulkan hissasi bor. Ustoz kimyo fanida yangi yo‘nalish hamda mamlakat va xorijda taniqli bo‘lgan tadqiqotchilar maktabini yaratgan. 500 dan ortiq ilmiy nashr, jumladan, 7 ta monografiya muallifi, 10 nafar fan doktori va 80 dan ortiq fan nomzodlarini tayyorlagan.
– O‘z vaqtida ulug‘ olimlar Obid Sodiqov, Abduvali Abduvahobov, Shavkat Solihov, bugungi kunda akademik Abbosxon To‘rayev rahbarlik qilayotgan institutning faoliyati, ilmiy izlanishlar va yangiliklar haqida aytib o‘tsangiz.
– Institutimiz faoliyati tibbiyot, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi sohalari bilan uzviy bog‘liq. Ushbu yo‘nalishlardagi muammolar yechimi ilmiy izlanishlarimizda o‘z aksini topgan.
Institut ko‘p yillardan buyon yangi original dori vositalarini izlash, ularni ishlab chiqarish va amaliyotda qo‘llashgacha yetkazib borish vazifalari bilan shug‘ullanadi. Maqsadimiz xalqimizni tabiiy birikmalar asosida yaratilgan samarali dori vositalari bilan ta’minlashdan iborat.
Bugungi kunda institut tomonidan o‘ndan ortiq dori vositalari yaratildi, ular amaliyotda qo‘llanmoqda. Jumladan, “Rutan” tabletkasi gripp va COVID-19 viruslariga qarshi samarali ta’sirga ega. Shuningdek, “Rutan” asosida yangi biologik faol qo‘shimchalar – “Rutavir”, “Geravir” preparatlari, qon to‘xtatish xususiyatiga ega “Glilagin” tabletkasi, tabiiy birikmalar asosida jarrohlik amaliyotlarida qo‘llash uchun “Gemostatik gubka” vositasi yaratildi va amaliyotda qo‘llanmoqda.
Institutimiz yosh olimlari tomonidan Xitoy Fanlar akademiyasining olimlari bilan birgalikda saratonga qarshi samarador kam toksiklik namoyon etuvchi, saraton hujayrasida to‘planish, sog‘lom hujayralarga nojo‘ya ta’sir ko‘rsatmaydigan xususiyatiga ega “Galaktorubitsin” dori vositasi yaratildi va uning klinikoldi sinovlari tugallanmoqda.
Qishloq xo‘jaligi sohasida ham ma’lum yutuqlarga erishildi. Jumladan, hosildorlikni oshirishga mo‘ljallangan stimulyatorlar ishlab chiqildi. Qolaversa, DAG preparati yaratildi. Ushbu preparat bilan chigitga va g‘o‘zaga rivojlanish davrida ishlov berish orqali hosildorlik 10-15 foiz ko‘tarildi. Ushbu preparat qator qishloq xo‘jaligi klasterlari sinovidan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Yangi avlod mutaxassislari – bizning faxrimiz. Yoshlarimiz Xitoy, Rossiya, Turkiya, Yevropa mamlakatlaridagi yirik ilmiy markazlarda amaliyot o‘tamoqda. Bu, o‘z o‘rnida, yoshlarni yangi zamonaviy izlanishlarga undab, ilmiy yo‘nalishini dunyo standartlari darajasiga olib chiqmoqda.
– Salmoqli yutuqlarda yoshlarning ham hissasi borligi quvonarli. Xususan, institut qoshida Yosh olimlar kengashi ham faoliyat yuritishi haqida o‘qidik. Uning maqsad va vazifalari nimalardan iborat?
– Savollaringiz muassasamizning boshqalar e’tibor qaratmaydigan jihatlarini ham ochib berishga xizmat qilyapti.
Yosh olimlar kengashi institutga asos solinganidan buyon faoliyat yuritadi. Kengash tarkibiga qirq yoshgacha bo‘lgan ko‘ngilli xodimlar kiradi. Kengash yosh olimlarning manfaatlari hamda fikrlarini institut rahbariyatiga, ilmiy kengashiga va boshqa ichki, tashqi tashkilotlarga taqdim qiladi. Kengash yig‘inlarida ishtirok etar ekanman, shogirdlarimizga tez-tez shunday mulohazarimni aytib turaman:
“Ilm tez natija bermaydi. Ba’zan yillar davomida qilingan mehnat bir necha satrlik xulosada aks etadi. Shu jarayonda sabrli va intizomli bo‘lish juda muhim. Xatodan qo‘rqmang! Ilmiy kashfiyotlarning katta qismi xatolar orqali keladi. Xato – mag‘lubiyat emas, balki tajriba. Vaqtdan unumli foydalaning. Vatan va jamiyat oldidagi mas’uliyatni unutmang! Ilm-fanning eng oliy maqsadi – inson va jamiyatga xizmat qilish. Olingan bilim Vatan ravnaqiga hissa qo‘shishi kerak. Halollikni ilmiy prinsipga aylantiring! Plagiat, soxta natijalar, yengil yo‘llar ilmni emas, shaxsni yo‘q qiladi. Ilmiy halollik – olimning eng katta boyligi!”
Bu fikrlarimga hozir yana bir xulosa qo‘shilgan: “Sun’iy intellektdan to‘g‘ri foydalaning. Ilm ulkan va sirli o‘rmon. Unda har kim o‘z so‘qmog‘ini, jilg‘asini topishi, shu orqali murodga yetishi kerak. Balki zamonaviy qulaylik sizni “o‘rmon”ning shinam nuqtasiga olib kirib qo‘yar, lekin unda yashab qolish va kurashish yana o‘zingizga qoladi”.
– Bu so‘zlar ko‘p yillik hayotiy va ilmiy tajribalar hosilasi ekani ko‘rinib turibdi. Yigirma yildan buyon institut rahbarisiz. Kecha va bugunni qiyoslaganda ko‘z o‘ngingizdan nimalar o‘tadi?
– Fanlar akademiyasining ilm-fanni rivojlantirishga, uni mamlakat iqtisodiyoti bilan integratsiya qilishga, shuningdek, chuqur fundamental izlanishlar, amaliy, innovatsion loyihalarni hayotga tatbiq qilishga mas’ul tuzilma ekani ko‘pchilikka ma’lum. Afsuski, shunday yillar bo‘ldiki, mana shu kunday ravshan haqiqatdan ko‘z yumildi, Akademiya o‘z holiga tashlab qo‘yildi. O‘sha davrlarda ilmiy xodimlar sobiq ittifoq davridan qolgan ilmiy jihozlarda izlanishlarni davom ettirishga majbur bo‘ldi va shu sababli jahon miqyosidagi ilmiy raqobatga dosh bera olmadik…
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil so‘ngida olim va ziyolilar bilan uchrashuvi mamlakatimiz ilm-fani uchun uyg‘onish bongi bo‘ldi. Qisqa muddatda olamshumul o‘zgarishlar boshlandi. Bir paytlar Fanlar akademiyasi tarkibidan yulib olinib, oliy ta’lim tizimiga o‘tkazib yuborilgan institutlar adolatli ravishda qayta tiklandi. Izlanishlar uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlar yaratildi. Ilmiy xodimlar moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlandi. Xalqaro hamkorlik eshiklari ochildi.
Bu islohotlar yoshlar o‘rtasida ilmga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi. Bugungi kunda Fanlar akademiyasi tarkibidagi institutlar tomonidan olib borilayotgan fundamental, amaliy izlanishlar xorijda olib borilayotgan tadqiqotlar bilan bemalol raqobatlasha oladi. Shu sababli, rivojlangan mamlakatlarning ilmiy markazlari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi institutlari bilan hamkorlikda ishlashdan manfaatdor bo‘lmoqda. Ushbu natijalarning asosiy sabablaridan biri xalqaro va ichki ilmiy loyihalarni davlatimiz tomonidan moliyalashtirish yo‘lga qo‘yilganida deb bilaman.
Institutlarda yangi ilmiy yo‘nalishlar ochilgani yoshlarning ilmga jadal kirib kelishiga turtki bo‘ldi. Bugun Fanlar akademiyasi institutlari tarkibining qariyb 40 foizini yosh olimlar tashkil etadi.
– Islohotlarning izchilligi ham bu borada muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ana shu xayrli ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam. Shunday emasmi?
– Ushbu tarixiy qaror ilm-fan oldida turgan muammolarni hal etishning muhim huquqiy yechimi bo‘ldi, deb bilamiz. Unda Fanlar akademiyasining o‘nta ustuvor ilmiy yo‘nalishi aniq belgilab berildi. Shu bilan birga, 2030-yilga qadar ilmiy xodimlar tarkibida yoshlar ulushini 60 foizga yetkazish, yangi ilmiy ishlanmalar soni va tijoratlashtirishdan olinadigan mablag‘lar hajmini 3 baravar, nufuzli jurnallarda maqolalarni 4 baravar, xalqaro hamkorlikdagi ilmiy tadqiqotlar sonini 3 baravarga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu vazifalarning o‘z o‘rnida bajarilishini ta’minlovchi sharoitlar davlatimiz tomonidan yaratib berilishi qarorda o‘z aksini topgan.
Shuningdek, institutlar uchun eng katta muammolardan biri yakunlangan ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘lib, qarorda bu masalaning yechimiga katta e’tibor qaratilgan. Endilikda olim iqtisodiyot uchun kerakli muammoning yechimi ustida faoliyat yuritadi. Tijoratlashtirish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida “Fan va sanoat integratsiyasi kengashini” tuzish nazarda tutilgan. Ushbu kengash Prezident Administratsiyasi tomonidan tasdiqlanadi va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan loyihalar, iqtisodiyot tarmoqlarida yechim talab etadigan muammolar ro‘yxatini, davlat tomonidan kafolatlanadigan buyurtmalarni belgilaydi va ilmiy muassasalar tomonidan bajarilgan ishlanmalarning amaliyotga kirib borishi to‘la ta’minlanadi.
Fanlar akademiyasi tizimidagi muhim muammolardan yana biri – yangi ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb etish, kerakli yo‘nalishlarni uzluksiz moliyalashtirish, maqolalarni nufuzli jurnallarda chop ettirish, ayrim butlovchi qismlarni xarid qilish kabi vazifalar yechimi uchun manba yo‘q edi. Qarorda ko‘zda tutilgan muhim vazifalardan biri mana shu muammolar yechimiga qaratilgan bo‘lib “Fanlar akademiyasi jamg‘armasi”ni tashkil etish va yiliga bu maqsadlar uchun 80 milliard so‘m ajratish nazarda tutilgan. Bunday yechim birinchi marotaba amalga oshirilmoqda va barchamizni juda quvontirdi.
Xulosa o‘rnida bir fikrni ta’kidlab o‘tmasam bo‘lmaydi. Mamlakatimizda ro‘y berayotgan tarixiy islohotlar va uning samarasi, barcha yutuqlarimiz muhtaram Prezidentimiz aytganlaridek, eng katta boylik – tinchlik sabablidir. Biz ana shu boylikni avaylab, qadriga yetib, hamma jabhada halol xizmat qilsak va shu orqali farzandlik burchimizni o‘tasak, o‘ylaymanki, hamma sohada, jumladan, ilm-u ma’rifatda ham yuksak marralarni zabt etamiz!
– Xalqimizda “Olim bo‘lsang, olam seniki” degan naql bor. Umid qilamizki, ming yillar bayroqdor bo‘lgan olimlarimiz oltin silsilasi davom etadi, ergashib kelayotgan yosh izlanuvchilar Sizning qutlug‘ an’anangizni rivojlantiradi. Domla, samimiy suhbatingiz uchun rahmat! Sizga ezgu va sharafli vazifangizda kattadan katta yutuqlar tilab qolamiz!
Zarnigor IBROHIMOVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2026-yil 23-yanvardagi 4-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



