Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


28.06.2024 | 23:14

img431

MAHORAT, JASORAT VA FIDOYILIK MAYDONI

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, taniqli yozuvchi va olim Xurshid DO‘STMUHAMMAD bilan suhbat

– Xurshid aka, uzoq yillik ijodiy faoliyatingiz jurnalistika bilan cham­bar­chas bog‘liq. Ayting-chi, jurnalist uchun eng muhimi nima? Hadmi, haqiqatmi? Buning qay biri soha faoliyati salohiyatini belgilashda ko‘proq hissa qo‘shadi, jurna­listlik kasbi nufuzini oshiradi? Umuman, jurnalist nimalarni puxta egal­lashi shart deb hisoblaysiz?

– Savolda “had”, “haqiqat” so‘zlari ma’no jihatidan bir-birini to‘ldirib kelyap­ti. Tabiiy, jurnalistika har qanday zamon va makonda haqiqat uchun kurashadi. Boshiga qanday kun tushsa, ana shu kurash yo‘lida tushadi, nima topsa yoki nima yo‘qotsa, haqiqatni aytish istagi, ehtiyoji tufayli topadi yoki yo‘qotadi.

Haqiqat bitta bo‘ladi, deyi­shadi. Nazariy va mantiqiy jihatdan to‘g‘ri gap, biroq biz haqiqatning shakl-shamoyili, rang-ro‘yi, ma’no-mazmuni, jozibasi va hokazosi ara­lash-qura­lash bo‘­lib ketgan zamonda yashayap­miz. Misol uchun, osmondan yog‘a­­yotgan qorning oqligini kim bilmaydi deysiz, biroq bu tabiiy hodisaning sariq yo qizil­ligini, u nafaqat qish mavsumida, balki faqat yoz chillasida yog‘ishini “isbotlovchi” shu qadar qudratli kuchlar borki, sog‘lom aql-idrok ham ip esholmay qoladi.

Dunyo mana shunday talotumni boshdan kechirmoqda. Shu sharoitda rost gapni haqiqat, haqiqatni rost gap sifatida ayta olish, deylik, qor oppoq bo‘lishini isbotlay bilish ko‘pchilik o‘ylaganidek juda-juda oson emas.

Zamonamiz jurnalisti mana shunday holatda yashayapti, ishlayapti, ijod qil­yapti.

Nachora, shu kasbning boshini tutdingmi, hayoting mazmuni, izzat-obro‘ying, osh-noning shuning ortidanmi, marhamat, zimmangdagi yuk zalvorli – uni ko‘tarishga majbursan, xizmatga shaysan, aks holda barcha dabdaba-yu as’asalaring o‘zingni va sohani beobro‘, beburd qilishdan boshqaga yaramaydi.

Xalqimizda “Hadding sig‘adimi?” degan ibora bor. Ma’nosi ancha chuqur! Undan foydalanaylik-da, ustma-ust savollar keltirib chiqaraylik: jangovar jurnalistika sohasining tom ma’nodagi jangchisi, fidoyisi bo‘lishga hadding sig‘adimi? Jurnalist sifatida jamiyatning (demak, xalqning) koriga yaraydigan gapni baralla ayta olishga hadding sig‘adimi? Jurnalistika sohasining ijodiy mashaqqatlariga bardosh berishga hadding yetadimi? Har qanday haqiqatni rasamadi bilan keng xalq ommasi e’tiboriga yetkazish mahoratini o‘zlashtirganman, demoqlikka hadding sig‘adimi? Aytgan va tarqatgan haqiqating yo‘lida o‘zingni, huquqingni, sha’ningni himoya qilishga hadding yetarlimi?

Jurnalist egallashi shart bo‘lgan xususiyatlar mazkur savollar zamirida mujassam deb o‘ylayman.

– Jurnalistning asosiy vazifasi bo‘l­mish axborot to‘plash va uni tarqatish ishini bugun blogerlar jurnalistlarga nisbatan tezroq uddalamoqda. Chetdan qaraganda, jurnalistlarning mavqeyi tushganday ko‘rinadi. Ammo aslida ayni teskarisi bo‘ldi, fikrimcha. Chunki blogerlik sohasining ommalashuvi jur­nalistikaning zalvorini, uning jamiyatda o‘z o‘rniga ega soha ekanini qayta namoyon qildi. Shunday emasmi?

– To‘g‘ri, axborot to‘plash va uni tarqatish nihoyatda xayrli vazifa. Bu borada blogerlarga tasanno aytmog‘imiz ke­rak, albatta. Men jurnalistlik va blogerlik faoliyati orasini “xitoy devori” bilan ajra­tish tarafdori emasman. Faqat axborot to‘plash va tarqatish katta, zalvorli jurnalistikaning ibtidosi ekanligini yoddan chiqarmaylik. Ilgari ham jurnalistikaning ushbu bosqichini o‘zi uchun sharaf deb bilgan zabardast jurnalistlar bo‘lgan, ular­ning ayrimlari “axborot qiroli” degan e’tirofga sazovor ham bo‘lishgan. Faqat “bloger” degan so‘z, atama muomalada bo‘lmagan, xolos.

Ikkinchidan, chinakam jurnalist o‘zi to‘p­lagan va tarqatayotgan axboroti uchun mas’uliyatli ekanligini unutishga haqqi yo‘q. Salohiyatli, zalvorli, miqyosli professional jurnalistika mana shu o‘rinda boshlanadi. Bunday maqomni zabt etish esa eng epchil bloger do‘stimizga ham nasib etavermasligini unutib qo‘ymaylik.

– Xalq shoir, yozuvchi va rassomni taniydi. Lekin jurnalistlarni ko‘pam tani­maydi. Vaholanki, yozuvchi va shoir­lar tuyg‘ularini qog‘ozga tushirsalar, jurnalistlar xalq hayotidan, turmushidan lavhalar yozadilar, munosabat bildi­radi­lar. Nega shunday ekan-a?

– El-yurtning nazariga tushish borasida birorta kasb egasi jurnalistlarda bo‘lgani­dek cheksiz imkoniyatga ega emas. Chunki jurnalist kasbining maqsad-vazifasidan, missiyasidan kelib chiqib xalq odami, xalq vakili, xalq jonkuyari, xalq fidoyisi hisoblanadi. Nega u taniqli bo‘lmasligi kerak? Qan­day qilib u tanilmay yuraverishi mumkin? Agar u boshqa ijod kishilariga qara­­gan­da el-yurtning nazariga tushmagan bo‘lsa, bosh aybdor uning o‘zi!

– Dunyo jurnalistikasidan biz o‘rga­nishimiz kerak bo‘lgan jihatlar?

– “Dunyo jurnalistikasi”, “Jahon jurnalistikasi” nisbiy tushunchalar aslida. Konkret aytish lozim bo‘lsa, yuksak ijodiy mahorat, professionallik va fidoyilik borasida har qan­cha o‘rgansak shuncha oz!

– Jurnalistika bu – shoshilinch ada­biyotdir. Shu ma’noda, har bir maqolada, hattoki, oddiy bir xabarning ham adabiy jihatini saqlash kerak. Shu haqda fikringiz?

– “Jurnalistika – shoshilinch adabiyot”, deb topib aytdingiz. Ehtimol, “Dolzarb adabiyot” desak ham xato bo‘lmas. Lekin “adabiy jihat” alohida mavzu, alohida muammo. Jurnalistika adabiyotning ukasi, inisi, chunki har ikkala sohaning o‘zagi, poydevori, umurtqasi, jilvasi, bezagi, ohanrabosi – so‘z! So‘z esa cheksiz ijodiy mahorat demakdir, muttasil izlanish demakdir. So‘zni, tilni ardoqlash borasida birinchi qatorda jurnalist turmog‘i ham qarz, ham farz. Afsus, bu borada milliy jurnalistikamiz maydonidagi muammolar o‘rkach-o‘rkach bo‘lib, tog‘-tog‘ bo‘lib “yuksalishda” ja­dal davom etmoqda desam, bu yumshoq kinoyani to‘g‘ri talqin qiluvchilar ko‘pchilik deb o‘ylayman.

– Bugungi kun jurnalistikasining yutuq va kamchiliklari nimalarda deb o‘ylaysiz?

– Milliy jurnalistikamiz zamon va davr o‘zgarishlari silsilasini boshdan kechirmoq­da. Jamiyatda kechayotgan yangilanishlarga basma-bas yangilanishga harakat qilmoqda. Bu yangilanishlar kasbimizdagi yutuq darajasiga ko‘tarilishi uchun yana ancha ter to‘kishga to‘g‘ri keladi, kamchiliklar sifatida esa mezon o‘zgarmasdir: jur­nalistika – ijodiy mahorat, jasorat va yuksak professional fidoyilik maydoni bo‘lib qolaveradi!

– Respublikamizda matbuotga berila­yot­gan e’tibordan qoniqasizmi? Umuman, bugungi o‘zbek jurnalistikasini ku­zatib borasizmi?

– Biz gazeta jurnalistikasi, jurnal jurnalistikasi muhitida ulg‘aygan avlod vakil­larimiz. Bu kayfiyatni hech qanday to‘siq, kamchilik izdan chiqarolmaydi. Va to‘g‘ri deb hisoblaymiz. Ya’ni har qanday milliy jur­nalistika mavqeyini GAZETA JURNA­LIS­TIKASI belgilab beradi. “Xalq so‘zi”, “Yangi O‘zbekiston”ni varaqlamagan kuni­­miz oz. “Jadid”, “Ma’rifat”, “Hurriyat”, ­“Ishonch” va ayrim siyosiy partiya nashrlari, shuning­dek, “Tafakkur”, “Ma’naviy hayot”, “Vatan” hamda adabiy jurnallar (jumladan, bolalar nashrlari) zarur mav­qeni saqlashga hara­kat qilmoqda. Telekanallarimiz asosan shakl, qiyofa izlanishi bilan ovora, radiojurnalistika omma­boplashish imkoniyatlaridan samaraliroq foydala­nishini istardik. Ijtimoiy tarmoqlarda keyingi payt­­larda yangilanishdan ko‘ra depsinish ko‘p­roq ko‘zga tashlanayotgandek.

Vaholanki, mamlakatda matbuotga har qachongidan e’tibor yuqori. Zamonaviy milliy matbuot vujudga kelganiga taxminan 150 yil vaqt o‘tgan bo‘lsa, hozirgidek emin-erkinlik kamdan kam kuzatilgan. Bugun kasb bayramimiz munosabati bilan hamkasblarga qarata aytadigan muhim tilagim bor – kasbimizning, shaxsimizning, so‘zimizning sha’ni, oriyati, nafsoniyati, g‘ururi, shukuhini ko‘tarishimiz zarur­ligini biron daqiqa, biron lahza bo‘lsin, unutmaylik! Mana shunday maqomlarga ko‘tarilgan soha va soha egalarigina yanada yuksak e’tiborga loyiq, munosib hisoblanadilar. Zero, sohaning va soha kishilarining mavqeyi, salohiyati, nufuzi, g‘ururi va nafsoniyati nechog‘li balandlasha borsa, unga ko‘rsatilayotgan e’tibor darajasi ham shunchalik salmoqli tus oladi. Tahririyatlarimiz orasida ijodiy mahorat borasida sog‘lom raqobat muhiti vujudga kelsa, shuningdek, nigohi, qalami o‘tkir peshqadam jurnalistlarimiz jamoasi ko‘zlarimizni yashnatib tursa, bu kabi e’tibor-u qo‘llab-quvvatlashlar uzukka ko‘z qo‘ygandek yanada yarashadi.

– 27-iyunning bayram qilinishi jadid bobolarimiz tomonidan chop etilgan “Taraqqiy” gazetasining birinchi soni nashr etilgan kun bilan bog‘liq. Nima deb o‘ylaysiz, biz o‘sha jadid bobolari­miz boshlagan ishni davom ettira olyapmizmi?

– Buni qarang, jadid bobolarimizning barcha sa’y-harakatlari matbuot bilan cham­barchas bog‘liq bo‘lgan. O‘sha zamon­larda matbuot bosh minbar vazifasi­ni o‘tagan. Badiiy adabiyot ham to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’na­viyat-ma’rifatga xizmat qilgan. Muh­­taram Prezidentimiz to‘g‘ri aytdilar, o‘z davrida jadid bobolarimizning orzu-istaklari ro‘yobga chiqqanida edi, hozirgi ko‘plab muammolar allaqachon yechimini topgan bo‘lur edi. Demak, zamon o‘zgardi, taraqqiyot shiddati ham butkul boshqa sur’atda kechmoqda, buni unutmasligimiz kerak. O‘z vaqtida jadid­larimizni qiynagan, ortiqcha o‘zaro kurashlarga kuch sarflashga majbur qilgan katta-kichik mojarolarni endi, oradan 100-120 yil o‘tgach ham ezib-ichki qilib yotmasligimiz kerak. Eskilik va yangilik, milliy va umuminsoniy, tafakkur hurligi va biqiqligi singari muammolar o‘z-o‘zidan barham topmog‘i kerak bo‘lgan zamon kishilarimiz, axir.

– “Jadid” gazetasi haqida fikrla­ringiz?

– “Jadid” kutilganidan ham shiddat bilan atoqli gazetalarimiz safidan o‘rin olmoqda. Uning har bir yangi sonini intiqib o‘qimoq­damiz. Uning faol mualliflari ko‘paya borayotgani quvonarli. Ixtisos­lashgan o‘z mualliflari shakllanayotgani yanada quvonarli. “Jadid” – fikr dunyosi nihoyatda keng, qamrovi bepoyon, qalbi daryo, tutqich bermas quvnoq-kuyunchak, tog‘dek zalvorli, serjoziba va sershiddat nashr bo‘lib qolishiga ishonaman va ana shu qutlug‘ nom bilan atalgan gazeta orqali yurtimizdagi barcha jurnalist do‘stlarimizni kasb bayrami bilan chin dildan tabriklayman. O‘sha gap: “Tilda, fikrda, ishda birlik!” doimiy shiorimiz bo‘lsin.

Muhayyo RUSTAM qizi suhbatlashdi.


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596