12.08.2024 | 14:49
535
IJOD VA JASORAT
Said AHMAD,
O‘zbekiston Qahramoni, xalq yozuvchisi
O‘zingga yaqin va qadrdon odam haqida biron gap aytish shunchalar qiyin bo‘lishini bilmas ekanman. Har kuni ko‘rishadigan, necha martalab gaplashadigan do‘stingning fazilatlari senga juda oddiy bir narsa bo‘lib qolarkan. U saxiymi, baxilmi, bag‘ri kengmi, fe’li tormi, do‘stiga vafodormi, birovning qayg‘usiga qayg‘udoshmi, negadir e’tibor bermas ekansan. Bu hammaga xos odat-da, deb qo‘yaqolarkansan.
Iste’dodli, allaqachon xalq mehriga sazovor bo‘lgan yozuvchi O‘tkir Hoshimov to‘g‘risida bir nima yozay, deb shuncha urinaman, qani biron satr yozolsam.
Bir donishmand agar azamat chinorni bo‘y-basti bilan ko‘raman, desang sal naridan turib qara, agar yonidan qarasang, uning faqat bir bo‘lagini ko‘rasan, uzoqdan qarasang, butun salobati bilan ko‘rasan, degan ekan. Bu juda dono gap. Rassom ham yaratayotgan asarini necha martalab, orqaga bir-ikki qadam chekinib kuzatadi.
Men ham O‘tkirni sal naridan turib ko‘rmoqchi bo‘ldim… Ana shundan keyin moʻjizaga o‘xshagan bir holatni sezdim. Men unchalik pisand qilmagan, ba’zan nazarimga ilmagan yozuvchi bola ko‘z oldimda yuksalib, chinakam san’atkorga aylandi. Endi men uni bor bo‘yi bilan, jami fazilatlari bilan, o‘zbek adabiyoti rivojiga, mustaqil respublikamizning kamoliga qo‘shayotgan munosib hissasi bilan aniq ko‘ra boshladim.
O‘tkir qanday kitoblar yozgani to‘g‘risida gapirib o‘tirish ortiqcha. Ular o‘zbek va qardosh xalqlar mulkiga aylanib ketgan. Shundoq bo‘lsa ham, bu iste’dodli adibning asarlarini tilga olmaslik insofdan bo‘lmas. “Bahor qaytmaydi”, “Qalbingga quloq sol”, “Nur borki, soya bor”, “Dunyoning ishlari”, “Ikki eshik orasi”, “Tushda kechgan umrlar”, “Ikki karra ikki – besh” kabi qissa va romanlari, yuzdan ortiq dilbar hikoyalari, komediya va fojialari xalq orasida juda mashhur bo‘lib ketgan.
Totalitar tuzumning oqavasi bijg‘ib, oqib turgan bir paytda “O‘zbek ishi”, “Davlat siri”, “Do‘stlik hurmatdan boshlanadi” kabi o‘nlab maqolalarni yozish uchun katta jasorat kerak edi. O‘tkir har qanday zarbadan, hujumlardan qo‘rqmay, ba’zan hatto hayotini xavf ostida qoldirib, xalq dilida tug‘yon urib turgan gaplarni ochiq-oshkora ayta oldi.
Sho‘ro paytida Moskva matbuoti tarqatayotgan tuhmat va haqoratlardan sabr kosasi toshgan O‘tkir Hoshimov sobiq kompartiya minbaridan turib baralla ovoz bilan ularni fosh qildi: “…O‘zbek ishi” degan gapni kim o‘ylab topdi? Nima uchun “Arman ishi”, “Moldavan ishi” emas-da, aynan, “o‘zbek ishi”? o‘zbek nima yomonlik qildi? Qo‘shib yozishlar boshqa joyda yo‘qmi? “O‘zbek ishi” tufayli armiyadagi qanchadan-qancha yigitlarimiz nobud bo‘lyapti. Temir tobutlar faqat Afg‘onistondan emas, ittifoqning turli chekkalaridan ham kelib turibdi. Bizning farzandlarimizga “bosmachi”, “qo‘shib yozuvchi”, “poraxo‘r” deb qarashyapti va ochiqdan ochiq o‘ldirishyapti. “O‘zbek ishi” degan haqoratli gapni o‘ylab topganlar hali tarix oldida javob beradilar”.
“Sharq yulduzi” jumhuriyatimizda nashr qilinadigan adabiy-badiiy, ijtimoiy-siyosiy jurnallar ichida eng mashhur – ommaviy jurnaldir. O‘tkir shu jurnalning bosh muharriri sifatida aktiv faoliyat ko‘rsatadi.
Ulug‘ bobomiz Amir Temur shaxsiga toshlar otilayotgan bir paytda O‘tkir u haqda qator maqolalar e’lon qila boshladi. Hujumlardan, do‘q-po‘pisalardan cho‘chimagan bosh muharrir buyuk sarkarda faoliyatini izchil yoritishda davom etdi. Bir vaqtlar badnom qilingan “Temur tuzuklari”, “Zafarnoma”, “Kecha va kunduz” kabi asarlar shu jurnalda e’lon qilindi. Unda Qur’oni karimning o‘zbekcha tarjimasi osonlikcha bosilgani yo‘q… Undan oldinroq esa O‘zbekiston televideniyesida tashkil etilgan “Bahs” ko‘rsatuvini O‘tkir Hoshimov qariyb o‘n yil boshqardi. “Bahs”da hayotimizdagi ijtimoiy mavzulardan tashqari, oila va muhabbat masalalari keng va qamrovli yoritildi. Hammani qiziqtirgan masalalar unda dadil va hozirjavoblik bilan aytildi. Bu yerda ham O‘tkir Hoshimov kimgadir yoqmasligi mumkin, degan andishaga bormay, millionlab teletomoshabinlar dilidan tiliga chiqolmay turgan, chirsillagan gaplarni dadil ayta oldi. Bu ko‘rsatuvlar O‘tkir Hoshimovga katta obro‘ keltirdi. Teleekran oldida o‘tirgan millionlab kishilar uni adolat uchun kurashuvchi, jasur ijodkor deb baholadilar.
Agar siz uning kitoblarini diqqat bilan o‘qisangiz, ijodi xalq hayoti bilan naqadar hamohang ekaniga, sahifalar qatidan nechalab insonlar taqdiri bosh ko‘tarib chiqayotganiga guvoh bo‘lasiz. Uning yozganlari afsona ham, ertak ham emas. Sof haqiqat. Kitobxon unda yo otasi, yo akasi va yoki yaqin bir kishisi bilan uchrashadi. Ularning kurash va mehnatda o‘tgan tarixlariga ro‘baro‘ keladi. Olamdan nom-nishonasiz o‘tib ketgan, ammo shon-sharaf bilan yashagan kishilar ko‘z oldimizda paydo bo‘ladi. Ularning quvonchlaridan ko‘ksimiz qalqib-qalqib ketadi, g‘am-u anduhlaridan ko‘zlarimizdan yosh to‘kiladi.
“Ikki eshik orasi” romani qayta-qayta nashr qilinganiga qaramay, kitob do‘konlarida turib qolmadi. Talash bo‘lib ketdi-ya. Romanda urush va urushdan keyingi yillardagi qishloq hayoti, urushning jami og‘irliklarini, mahrumiyatlarini azamat yelkasida ko‘targan, o‘zi yemay topganini jangchilar og‘ziga tutgan, fidoyi dehqonlar jasorati madh qilingan. Nikoh kechasining ertasiga kuyovini jangga jo‘natib, kelinlik libosini ish kiyimiga almashtirgan chillali kelinlarning og‘ir, mashaqqatli mehnatlari, ota o‘rniga ketmon ko‘tarib dalaga chiqqan norasida go‘daklar, o‘g‘li o‘rniga yer chopib bukchaygan chol-kampirlar ko‘z oldingizda paydo bo‘ladi. Siz ularning ovozini eshitasiz, saraton jazirasida terlagan serajin yuzlarini ko‘rasiz. Ularning qaddini tik ushlab turgan kuch g‘alabaga ishonch edi. Urush yo‘llariga nigoron ko‘z tikkan chol-kampirlar tong otguncha: “Ey xudo, o‘qlar tagida yurgan bolaginamni o‘z panohingda asra”, deya duo qilardilar. Ochlik, yupunlik, ayriliqlar, erta xazon bo‘lgan muhabbat alamlari, judolik, qarg‘ish, yig‘i, g‘azab – hamma-hammasi romanda nihoyatda ishonarli tasvirlangan.
“Ikki eshik orasi” romani o‘zbek adabiyoti xazinasida o‘z o‘rnini topgan asarlardan biri bo‘lib qoldi. Bu asar xalqlar boshiga kulfat solgan ikkinchi jahon urushi to‘g‘risida yozilgan achchiq va alamli yilnomadir.
O‘tkir Hoshimov xalqimizning fidoyi, rostgo‘y yozuvchisi sifatida hamisha o‘z mavzusi bo‘lib kelgan xalq hayotini uzluksiz kuzatadi va unda aytish nihoyatda zarur bo‘lgan nuqtalarini qalamga oladi.
Vatanimizning mustaqillikka erishishi adib ijodi uchun yangi imkoniyatlar berdi. Sho‘ro zamonida yozilmagan qonun bor edi. “Sovet adabiyoti va dramaturgiyasida komediya yozish mumkin, drama yozish mumkin, ammo fojia yozish mumkin emas. Chunki sho‘ro hayotida fojia yo‘q!” Holbuki, fojia har qadamda bor edi. Saksoninchi yillarda markazdan kelib, O‘zbekistonda qirg‘inbarot o‘tkazgan Gdlyan va Ivanov deganlari qilgan xunrezliklar ham borib turgan fojia edi. O‘tkir Hoshimovning “Qatag‘on” fojiasi “o‘zbek ishi” degan bo‘hton va uning qurbonlari haqidagi shiddatli asar bo‘ldi. Fojia bugungi yosh avlodni ota-bobolarning boshiga tushgan kechagi fojialardan ogoh bo‘ling, istiqlolning qadriga yetinglar, deb ogoh qilayotgan xitobga o‘xshaydi.
1995-yil 25-fevral
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



