04.06.2026 | 12:33
1300
MANFAATPARASTLIK EPIDEMIYASI
Jamiyatni yemiruvchi xatar
Avval birga ishlashgan sobiq hamkasbim bilan uchrashib qoldik. Hol-ahvol so‘rashib, o‘tgan-ketgandan gaplashdik. Suhbat aylanib, xorijiy tajriba haqidagi gaplarga ulandi.
– Yaqinda xorijiy axborot markazlarining tajribasini o‘rganib, amaliyotga joriy qilishni boshladik, – dedim.
– Zo‘r-ku, – dedi u. – Xo‘sh, bundan sizga nima naf?
Bu savoldan kutilayotgan muddaoni yaxshi anglamay, ajablandim.
– Maoshingiz oshadimi? Unvon olasizmi? Karyera qilasizmi? – dedi suhbatdoshim luqmasiga aniqlik kiritib.
– Unisini bilmayman, – dedim. – Lekin ishlar samarali bo‘lsa, ko‘pchilikka foyda beradi.
U yelka qisdi:
– Qo‘ysangiz-chi… O‘rningizda bo‘lsam, hammasini tashlab, biznesga ketardim. Zarilmi, shuncha kuyib-pishib?
Uning bu gapi menga malol keldi. Suhbat tugab, yo‘limiz ayrilganidan keyin esa qator savollar qalashdi xayolimda: Nega inson qilgan har bir ishidan, albatta, shaxsiy manfaat izlashi kerak? Nega umumiy foyda haqida o‘ylash bora-bora soddalik yoki “ahmoqlik”dek ko‘rila boshladi? Nega fidoyilik emas, o‘zini o‘ylash aqllilik sifatida qabul qilinmoqda? Bu savollar faqat menga emas, butun jamiyatga daxldordir.

Jamiyatni tashqi dushmanlardan ko‘ra ko‘proq ichki illatlar zaiflashtiradi. Ichki illatlar shovqin-suronsiz, ko‘zga ko‘rinmay, uzluksiz ta’sir qiladi. Faqat o‘z shaxsiy foydasini ustun qo‘yishga olib keladigan manfaatparastlik esa ana shunday illatlarning biridir. Agar u ommaviy tus olsa, jamiyat uchun epidemiyaga teng xavfni keltirib chiqaradi. Bunday muhit ildiz otgan jamiyatda ishonch susayadi, adolat qadrsizlanadi, hamkorlik o‘rnini raqobatning tajovuzkor shakli egallaydi.
Eng yomoni, manfaatparastlik jamiyatning barcha qatlamlariga birdek ta’sir qiladi: davlat boshqaruvidan tortib oilaviy munosabatlargacha, ta’limdan ma’naviyatgacha. Oqibatda bir zanjirning halqalari kabi ishonch inqirozi boshlanadi, korrupsiya ildiz otaveradi, axloqiy qadriyatlar yemiriladi, ijtimoiy keskinlik, yolg‘izlik va befarqlik kuchayadi. Odamlar boshqalarga ishonmagani uchun faqat o‘zini o‘ylaydi, hamma o‘zini o‘ylagani uchun ishonch yanada kamayadi. Shu tariqa, jamiyatdan “savob” va “yaxshilik” tushunchalari yo‘qolib boradi.
Aslida, jamiyatni boylik yoki kuch emas, balki o‘zaro ishonch, adolat va insof saqlab turadi. Agar bu qadriyatlar zaiflashsa, eng qudratli davlat ham ichidan yemriladi. Shuning uchun manfaatparastlik epidemiyasiga yo‘l qo‘ymaslik faqatgina axloqiy masala emas, bu jamiyatning kelajagi, barqarorligi va hatto mavjudligi haqidagi chora, demakdir.
Ishonch – jamiyat ustuni
Jamiyatni bir butun tizim sifatida ushlab turuvchi eng muhim ustunlardan biri – ishonch. Buni uzoq tarixga ega mahalla an’analari bilan tanilgan O‘zbekiston misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Ilgari so‘zning o‘zi kafolat edi. Bugun esa hatto tanish odamga ham qarz berishdan oldin yozma kelishuv qilish odatiy holga aylanib bormoqda. Demak, ishonch sekin-asta shartnomalar bilan almashmoqda.
Atrofdagi manzaralarga boqing: poliklinika yoki davlat idorasidagi uzun navbatda ayrimlar “bir daqiqaga” deb oldinga o‘tib olishga urinadi. Buni ko‘rgan boshqalar ham o‘z navbatining kelishiga ishonmay, “yo‘lini qilish”ga harakat qiladi. Ustalarga ishonadiganlar ham kam qoldi. Ustalar ham buyurtmachiga ishonmaydi. Chunki so‘nggi vaqtlarda ikki tomonning ham o‘z va’dasiga amal qilmasligi bot-bot ko‘zga tashlanmoqda.
Ayrim tashkilotlarda faol va tashabbuskor xodim ishni yaxshilash uchun yangi g‘oya taklif qiladi. Ammo uni rag‘batlantirish o‘rniga qo‘shimcha vazifalar yuklanib, mukofot boshqalarga beriladi, natijada u keyingi safar tashabbus ko‘rsatmaydi. Buni ko‘rganlar esa “ortiqcha harakat qilishning foydasi yo‘q”, degan xulosaga keladi. Natijada jamoada sifat emas, minimal talabni bajarish ko‘nikmasi shakllanadi.
Ilgari mahallada eshiklar ochiq, bolalar qo‘shninikida bemalol o‘ynab yurar, uyni qo‘shniga topshirib ketish oddiy hol edi. Hozir esa aksar joyda temir eshik, kuzatuv kameralarini ko‘rasiz. Albatta, bu xavfsizlik chorasi, ammo shu bilan birga, jamiyatda ishonch inqirozining allaqachon boshlangani belgisi hamdir.
Ishonchning susayishi iqtisodiy sohaga ham ta’sir qiladi. Kichik biznes bilan shug‘ullanuvchi ikki tanish sherikchilikda ish boshlamoqchi bo‘ladi, ammo keyin “Pulni bo‘lishda muammo chiqmasmikan?” degan shubha sabab, loyiha amalga oshmaydi. Yoki dehqonlar suvni navbat bilan ishlatish o‘rniga, har kim o‘zicha tortib olishga harakat qiladi – natijada pastdagi yerlar suvsiz qolib, hosil kamayadi. Umumiy resurs bor, lekin ishonch yo‘qligi bois, samara past.
Eng yomoni, ahvol shu tarzda davom etsa, ishonch inqirozi o‘z-o‘zini kuchaytiruvchi jarayonga aylanadi. Masalan, ko‘chada yiqilib tushgan odamga ba’zilar “keyin mendan guvohlik talab qilishadi”, “boshimga muammo orttirmay”, degan xavotir bilan yordam berishni istamaydi. Boshqalar ham befarq bo‘lishni ma’qul ko‘radi. Oqibatda insonlar yomon bo‘lib qolgani uchun emas, balki ishonchsiz muhit sabab bir-biriga yaqinlashmay qo‘yadi.
Borib-borib jamiyat bir butun organizmdan alohida “orollar” yig‘indisiga o‘xshash arxipelagga aylanadi. Bir mahallada yashovchilar bir-birini tanimaydi, bir tashkilotda ishlovchilar bir-biriga ishonmaydi. Umumiy mulk qarovsiz qoladi. Xiyobonda o‘rindiqni asrash o‘rniga sindirish, liftni ehtiyot qilish o‘rniga buzish holatlari esa “bu meniki emas”, degan munosabatdan kelib chiqadi. Umumiy manfaat hissi susayganda, umumiy mulk ham qadrsizlanadi.
Ha, azizlar, manfaatparastlikday jirkanch illatdan tug‘iluvchi ishonch inqirozi oddiy ijtimoiy muammo emas, balki jamiyatni ichidan yemiruvchi ko‘rinmas ofatdir. U sekin-asta, lekin uzluksiz ta’sir qiladi. Uning ta’siriga tushganlar bir mahallada yashasa ham, bir jamoa bo‘la olmaydi.
Hozirga qadar O‘zbekistonda hashar yo qo‘shnichilik kabi an’analar aynan o‘zaro ishonch tufayli yashab kelgan. Agar shu “ijtimoiy kapital” yo‘qolsa, uni tiklash juda qiyin bo‘ladi. Chunki jamiyatni parchalanishdan saqlab qoladigan eng mustahkam “sement” – bu qurol yoki ma’muriy choralar emas, balki insonlarning bir-biriga ishonish hissidir.
Korrupsiyaning o‘q ildizi
Manfaatparastlik ommaviy tus olsa, davlat tizimini izdan chiqarishi hech gap emas. Buning yorqin misollarini turli mamlakatlar tajribasida ko‘rish mumkin. Manfaatparastlik kuchaygan joyda lavozim – xizmat va mas’uliyat emas, imkoniyat manbayi sifatida ko‘riladi. Lavozimdan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanish korrupsiyaning o‘q ildizidir.
Masalan, ayrim davlatlarda neft yoki boshqa tabiiy resurslardan tushgan daromad aholi farovonligiga emas, tor doira manfaatiga xizmat qilgan holatlar ko‘plab kuzatilgan. Bir vaqtlar Braziliyadagi mashhur “Lava Jato” ishi davomida davlat neft kompaniyasi atrofida milliardlab dollarlik pora sxemalari ochilgan. Unga ko‘ra, qurilish kompaniyalari yirik shartnomalarni qo‘lga kiritish uchun siyosatchilarga pul to‘lagan, bu mablag‘lar esa siyosiy kampaniyalarga va shaxslarning boyishiga sarflangan. Natijada davlat mablag‘lari samarasiz ishlatilgan, iqtisodga zarar yetgan, jamiyatda esa siyosiy tizimga ishonch keskin pasaygan.
Bunday misollar o‘zimizda ham yetarli. Manfaatparastlik illati urchigan muhitda imtiyoz va rag‘batlantirishlar faqat o‘z yaqinlariga qo‘llanishi kuzatiladi. Yaqinda yoyilgan xabarlarga ko‘ra, Samarqand viloyati maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sankt-Peterburgda o‘tgan bitiruvchilar bayramiga o‘z farzandi va jiyanini yuborgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘tkazgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tumanlari hokimliklarining mansabdor shaxslari xorijiy xizmat safarlarida yaqin qarindoshlarini, jumladan, xotini, o‘g‘li va haydovchisini, shuningdek, safarga aloqador bo‘lmagan xodimlarni delegatsiya tarkibiga kiritgani aniqlangan.
Albatta, bu holatlarga nisbatan tegishli intizomiy choralar ko‘rilgan. Ammo byudjet mablag‘lari manfaatparastlik yo‘lida isrof etilishiga shunchaki jim turish mumkin emas. Ba’zan ta’sirli shaxslarning jazodan qutulib ketishi kuzatiladi. Oqibatda, aholida “qonun barcha uchun teng emas”, degan fikr shakllanadi. Bu esa huquqiy davlat tamoyiliga jiddiy zarba beradi. Mehnat emas, aloqalar hal qiluvchi omilga aylanadi.
Mehr o‘rniga hisob-kitob boshlansa…
Agar manfaatparastlik ommaviy odatga aylansa, birinchi bo‘lib vayron bo‘ladigan maskan oila bo‘ladi. Chunki oila mehr bilan yashaydi. O‘zbek jamiyati asrlar davomida aynan oilaviy qadriyatlar tufayli mustahkam bo‘lib kelgan. Bir uyda bir necha avlod yashashi, qarindosh-urug‘ doimiy aloqada bo‘lishi, mahallaning katta oiladek ishlashi – bular tasodif emas, balki ijtimoiy xavfsizlik tizimi. Agar kimdir ishsiz qolsa, qarindoshi yordam beradi, yana kimdir kasal bo‘lsa, qo‘shnisi qarashadi. Shu ma’noda, bu tizimning asosi pul emas, ishonch va mehrdir. Ammo manfaatparastlik kuchaygan sari bu tizim sekin-asta yemirila boshlaydi.
Afsuski, bugun ayrim holatlarda turmush qurish ham qalblar birlashuvi emas, shartlar kelishuviga o‘xshab qolmoqda. Yoshlar bir-birini emas, biri-birining imkoniyatini baholayotgan holatlar uchramoqda. Uyi, mashinasi bormi, daromadi qancha, ota-onasi kim? Albatta, moddiy barqarorlik muhim, ammo u mehr o‘rnini bosganida, nikoh munosabat emas, investitsiyaga aylangan bo‘lar edi. Investitsiya esa foyda bermagan zahoti tugatiladi.
Bu holat ajralishlar ko‘payishiga olib keladi. Iqtisodiy qiyinchilik, ishsizlik yoki turmushdagi muammolar mehrga qurilgan oilani sindirmasligi mumkin, ammo faqat qulaylikka qurilgan munosabat bunday bosimga bardosh bera olmaydi. Keyingi yillarda ayrim oilalarda maishiy kelishmovchiliklar, moliyaviy muammolar yoki begonalashuv sababli ajralishlar muhokama qilinayotgani faqat statistika emas, balki ma’naviy signaldir. 2025-yilda 55 ming oila buzilib, 70 ming bola otasiz yoki onasiz qolgani bu gaplarga yaqqol misol.
Taassufki, qarindoshlik munosabatlari ham o‘zgarmoqda. Ilgari yordam beg‘araz bo‘lardi. Hozir yordam ham hisob-kitob bilan berila boshlandi. Kim to‘yga qancha to‘yona qildi, kim qaysi marosimga keldi yoki kelmadi – ayni shu omillar qarindoshlik munosabatlarini belgilab bermoqda. Mehr o‘rnini to‘yona daftarlari egallamoqda.
Manfaatga asoslangan munosabatlar insonni ruhan yolg‘izlatib qo‘yadi. Katta shaharda minglab odamlar orasida yashab turib ham, inson o‘zini keraksiz his qilishi mumkin. Yolg‘iz qariyalar, telefon qo‘ng‘irog‘ini kutib yashaydigan ota-onalar, bayramni sukutda o‘tkazayotgan insonlar – ular shunchaki g‘ariblar emas, jamiyatda sodir bo‘layotgan manfaatparastlik epidemiyasining ko‘zga tashlanayotgan yaqqol qurbonlaridir.
Eng yomoni, bu jarayon avloddan avlodga o‘tadi. Mehrga to‘ymagan bola katta bo‘lgach, boshqaga mehr bermaydi. Munosabatni ham foyda nuqtayi nazaridan baholaydi. Shu tariqa, manfaatparastlik nafaqat bugunni, balki ertani ham zaharlaydi. Natijada muqaddas oila qo‘rg‘oni zaiflashadi. Oilaning zaiflashishi – shaxsiy muammo emas, milliy masala. Oila mustahkam bo‘lsa, jamiyat har qanday inqirozni yengib o‘tadi. Oila yemirilsa, eng boy davlat ham ma’naviy jihatdan zaif bo‘lib qoladi. Mehr-oqibatga asoslangan jamiyatda inson o‘zini himoyalangan his qiladi, manfaatga asoslangan jamiyatda esa har kim o‘zini o‘zi himoya qilishga majbur. Birinchisi – jamoa, ikkinchisi – odamlar ichidagi yolg‘izlar to‘dasi.
Nizolar ildizi qayerda?
2018-yili Fransiyada yoqilg‘i soliqlari oshirilishiga qarshi boshlangan namoyishlar keng ijtimoiy norozilik harakatiga aylandi. Bu “sariq jiletlar” harakati edi. Namoyishchilar o‘zlarini iqtisodiy siyosatdan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan qatlam deb hisoblashi va boylar manfaati ustun qo‘yilayotganini ta’kidladi o‘shanda. Bu holat iqtisodiy qarorlar ortidagi adolat hissi qanchalik muhim ekanini ko‘rsatadi.
Manfaatparastlik qashshoq va boy o‘rtasidagi farqni chuqurlashtiradi. Agar iqtisodiy o‘sishdan faqat tor doira foyda ko‘rsa, qolgan aholi o‘zini chetda qolgan deb his qiladi. Bu holatni Lotin Amerikasining ayrim davlatlarida ham kuzatish mumkin. Masalan, Chilida 2019-yili jamoat transporti narxining ozgina oshishi ommaviy namoyishlarga sabab bo‘ldi. Aslida, muammo faqat tarifda emas, balki yillar davomida to‘plangan tengsizlik va adolatsizlik hissida edi.
Ijtimoiy tengsizlik yuqori bo‘lgan joyda jinoyatchilik va zo‘ravonlik xavfi ortadi. Chunki inson o‘zini jamiyatdan uzilgan deb his qilsa, qoidalarga amal qilishga kamroq motivatsiya sezadi. Buni Braziliya yoki Janubiy Afrika kabi davlatlardagi katta ijtimoiy farqlar misolida ham ko‘rish mumkin – boylar hududlari alohida, kambag‘allar yashaydigan tumanlar alohida. Jamiyat bir hudud ichida ikki qutbga bo‘linib qolgan. Norozilik kuchaygan sari siyosiy beqarorlik xavfi ortadi. Arab davlatlarida 2010-2011-yillarda boshlangan “Arab bahori” voqealari ham qisman iqtisodiy tengsizlik, ishsizlik va adolatsizlik hissi bilan bog‘liq edi. Ko‘p yillar davomida to‘plangan norozilik bir nechta voqea sabab “portladi” va butun mintaqada siyosiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi.
Lo‘nda qilib aytganda, manfaatparastlik epidemiyasi jamiyatni nafaqat ma’naviy va iqtisodiy, balki siyosiy jihatdan ham xavfga qo‘yadi. Agar jamiyatda “har kim o‘z manfaati uchun” degan qoida ustun kelsa, umumiy barqarorlikni saqlab qolish juda qiyin bo‘ladi. Chunki odamlarni birlashtiradigan narsa qo‘rquv emas, balki adolatga ishonchdir.
Kelajakka daxldor masala
Manfaatparastlik faqat iqtisod yo siyosatda emas, din va diniy muhitda ham namoyon bo‘lishi mumkin. Bu holat chindan xavfli, chunki din odamlar uchun ishonch omili. Shuning uchun manfaat din niqobiga o‘ralsa, uni fosh qilish ham, unga qarshi turish ham qiyinlashadi. Din shaxsiy foyda vositasiga aylansa, ma’naviy kuch emas, ijtimoiy ta’sir quroliga aylanadi. Ana shu holat eng xavfli burilishdir.
Bunday holatlar keng tarqalmagan bo‘lsa-da, ba’zan diniy bilim yoki obro‘dan shaxsiy nufuz orttirish, haddan tashqari hurmat talab qilish yoki odamlarning ishonchidan foydalanishga urinishlar haqida muhokamalar bo‘lib turadi. Ayrim radikal guruhlar odamlarni “Bizga qo‘shilmasang – gunohkorsan”, degan qarash bilan o‘z ta’siriga olishga urinadi. Bunday holatlar Yaqin Sharqdagi ekstremistik tashkilotlar misolida ham yaqqol ko‘rilgan. Ular dindan siyosiy va harbiy manfaatlarda foydalangan.
Aslida, birlashtiruvchi kuch bo‘lishi lozim bo‘lgan din manfaatparastlik aralashgani tufayli ajratuvchi omilga aylanadi. Masalan, ayrim mintaqalarda diniy shiorlar orqali aholini guruhlarga bo‘lish va ta’sir doirasini kengaytirish holatlari kuzatiladi. Agar din bilim, axloq va insoniylik maktabi sifatida namoyon bo‘lsa, jamiyat mustahkamlanadi. Ammo u kuch yoki nazorat vositasi sifatida ko‘rinsa, radikal qarashlar shakllanadi. Ayrim ekstremistik tashkilotlar yoshlarni internet orqali diniy shiorlar bilan jalb qilishi barchaga ma’lum. Ular diniy bilim emas, soddalashtirilgan va o‘z manfaatlariga mos talqinlarni tarqatadi. Bu esa xavfsizlik muammosini kun tartibiga chiqaradi.
Manfaatparastlik illati shunchaki axloqiy muammo emas. Bu jamiyatning kelajagi haqidagi masala. Inson faqat o‘zini o‘ylab yashay boshlagan jamiyatda boylik ko‘payishi mumkin, ammo baxt bo‘lmaydi. Qonunlar bo‘lishi mumkin, ammo unga amal qilinmaydi. Aloqalar bo‘lishi mumkin, ammo ishonch bo‘lmaydi. “Menga nima foydasi bor?” degan savolni beruvchi kishilar ko‘payib ketgan jamiyat uzoqqa bormaydi. Jamiyatni saqlab qoladigan narsa – umumiy manfaatni shaxsiy manfaatdan ustun qo‘ya olish xislatidir. “Yurtga qanday nafim tegishi mumkin?” degan savolni o‘zlariga berayotgan kishilari ko‘p jamiyat barqaror va kuchli bo‘ladi. Shu bois, bugun har birimiz o‘zimizga shu savolni berib yashashimiz lozim.
Abdulhamid MUXTOROV,
“Ziyo” media markazi direktori
“Jadid” gazetasining 2026-yil 27-maydagi 22-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599
