Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


01.09.2026 | 16:27

img709

MAQОM KAPSULASI

So‘nggi yillarda dunyoda ruhiy salomatlik bilan bog‘liq kasalliklar sezilarli darajada ortib bormoqda. Tadqiqotlar yer yuzida bir milliarddan ortiq inson turli ruhiy salomatlik muammolari bilan yashamoqda, har yetti kishidan biri esa ruhiy buzilishlarga uchraganini ko‘rsatmoqda.

Ayniqsa, depressiya, xavotir, stress va uyqu buzilishlari eng keng tarqalgan kasalliklar qatoriga kiradi. Kovid pandemiyasidan keyin bu holat yanada kuchayib, psixolog, psixiatrlarga bo‘lgan ehtiyoj keskin oshdi. Mazkur holat tibbiyotda an’anaviy davolash usullari bilan bir qatorda, qo‘shimcha, noinvaziv va xavfsiz terapevtik yondashuvlarga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirdi. Shulardan biri musiqa terapiyasi bo‘lib, u insonning hissiy, kognitiv va ijtimoiy holatini yaxshilashga qaratilgan ilmiy asoslangan davolash usuli hisoblanadi. Dunyo tibbiyotida musiqaga inson ruhiyatini davolovchi eng qadimiy va ta’sirchan vosita sifatida qaralmoqda. Bugungi kunda musiqa terapiyasi AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Avstraliya, Kanada va boshqa ko‘plab mamlakatlar shifoxonalarida, reabilitatsiya markazlari va psixiatriya klinikalarida amaliyotga keng joriy qilingan.

Sharq Uyg‘onish davrining buyuk allomalaridan biri, tibbiyot ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino o‘zining ensiklopedik “Ash-Shifo” asarida musiqani nafaqat san’at, balki matematika va tabiatshunoslik bilan bog‘liq ilmiy fan sifatida tahlil qiladi. Asarning musiqaga bag‘ishlangan qismida tovushning paydo bo‘lishi, intervallar, ritm, ohang va ularning inson ruhiyatiga ta’siri ilmiy asosda bayon etilgan. Olimning fikricha, musiqaning insonga ta’siri uning ovoz balandligi, ritmi va ohanglar uyg‘unligi orqali namoyon bo‘ladi. U ayrim kuy va ritmlar insonda quvonch, xotirjamlik, tasalli yoki g‘am kabi turli hissiy holatlarni yuzaga keltirishini ta’kidlaydi. Shu sababli, musiqa insonning ruhiy muvozanatini tiklashga xizmat qiluvchi vosita sanaladi.

Zamonaviy tibbiyot nuqtayi nazaridan qaralganda, musiqa eshitish jarayonida bir vaqtning o‘zida inson miyasining bir nechta funksional sohalari – eshitish po‘stlog‘i, limbik tizim, gippokamp, prefrontal po‘stloq va rag‘bat tizimi faollashadi. Natijada dofamin, serotonin va endorfin kabi neyromediatorlar ajralishi kuchayadi, stress gormoni hisoblangan kortizol darajasi esa pasayishi kuzatilgan. Shuning uchun ham yaxshi kuy xotirjamlik, emotsional barqarorlik va ichki tasalli hissini yuzaga keltirishi mumkin.

Biz tavsiya etadigan Maqom kapsulasi – bu dori shaklidagi dizaynga ega bo‘lgan va maxsus tibbiy-estetik tarzda qadoqlangan fleshka ko‘rinishidagi loyihadir. Unda o‘zbek milliy musiqa san’atining eng noyob va durdona asarlari yig‘ilgan.

Milliy musiqamizning yuksak namunalaridan biri bo‘lgan Shashmaqom nafaqat musiqiy meros, balki inson ruhiyatiga chuqur ta’sir ko‘rsatuvchi murakkab psixologik va estetik tizim sifatida ham alohida ahamiyatga ega. Uning shakllanishida qadimgi Sharq musiqa nazariyasi, tasavvuf falsafasi, maqomshunoslik va tabobat an’analari o‘zaro uyg‘unlashgan. Shu bois, Shashmaqomni insonning hissiy, kognitiv va ma’naviy holatiga ta’sir etuvchi madaniy meros sifatida baholash mumkin.

Shashmaqomdagi har bir maqom muayyan emotsional kayfiyatni ifodalash xususiyatiga ega. Masalan, “Buzruk” maqomi tantanavorlik, ma’naviy yuksalish va ichki barqarorlik tuyg‘usini uyg‘otishi bilan tavsiflanadi. “Rost” maqomi muvozanat, ishonch va xotirjamlik hissini kuchaytirishi mumkin. “Navo” insonning ichki kechinmalari, mehr-muhabbat va mulohaza holatlarini musiqiy ifoda etadi. “Dugoh” va “Segoh” esa nozik hissiy kechinmalar, ruhiy poklanish va ta’sirchanlik bilan bog‘liq, deb qaraladi. “Iroq” maqomi Shashmaqom turkumining eng murakkab va falsafiy mazmunga boy qismlaridan biri hisoblanadi. Bu tavsiflar asosan maqomshunoslik va estetika an’analariga tayanadi; ularni klinik davolash samarasi sifatida emas, balki emotsional ta’sir xususiyati sifatida baholash lozim.

Tasavvuf ta’limotida musiqa inson qalbini poklash, diqqatni jamlash va ma’naviy kamolotga erishish vositalaridan biri sifatida talqin qilingan. Maqom ijrosidagi ohanglar, she’riyat va ritmning uyg‘unligi insonni turmush tashvishlaridan ma’lum muddat chalg‘itib, ichki ruhiy muvozanatni tiklashga xizmat qiladi. Zamonaviy psixologiyada bunday holat emotsional regulyatsiya, kognitiv qayta yo‘naltirish sifatida izohlanadi.

Neyrofiziologik tadqiqotlar sekin sur’atli, muvozanatli va takrorlanuvchi musiqiy kompozitsiyalar yurak urish tezligi, nafas olish ritmi hamda avtonom asab tizimi faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini qayd etadi. Shashmaqomning ko‘plab qismlari aynan shunday xususiyatlarga ega bo‘lgani uchun uni stressni kamaytirish, ruhiy dam olish va psixoemotsional reabilitatsiya dasturlarida qo‘shimcha vosita sifatida o‘rganish istiqbolli hisoblanadi.

Hozirgi vaqtgacha Shashmaqomning klinik jihatdan depressiya, xavotir yoki boshqa psixik kasalliklarni mustaqil davolashini isbotlagan keng qamrovli ilmiy izlanishlar mavjud emas. Biroq jahon musiqa terapiyasi bo‘yicha olib borilgan ko‘plab tadqiqotlar milliy va an’anaviy musiqalarning emotsional holat, stress va hayot sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini tasdiqlagan. Shu bois, o‘zbek milliy musiqa san’atining durdona asarlari ham milliy musiqa terapiyasining ilmiy asoslarini ishlab chiqish uchun katta manba bo‘lib xizmat qiladi.

Biz taqdim etayotgan yigirma ikkita musiqiy asarni o‘zida joylashtirgan Maqom kapsulasi ham inson ruhiy va psixologik salomatligiga ijobiy ta’sir etuvchi preparat sifatida tavsiya etilgan. Ushbu preparatning inson ongi va tafakkuriga ta’siri Yunus Rajabiy nomidagi o‘zbek milliy musiqa san’ati instituti professor-o‘qituvchilari va yosh olimlari tomonidan dastlabki ilmiy tahlilga tortilgan.

Yigirma ikkita maqomning tinglovchi ongiga ta’siri va eshitilish vaqtini o‘rganib, bu san’at durdonalarining asab tizimini yaxshilashi, insonga ruhiy xotirjamlik baxsh etishi, stressni yengillashtirishi va hissiy muvozanatni saqlashga yordam berishini aniqladik. Ba’zi maqomlar tinglovchiga tasalli bersa, ba’zilari ko‘tarinki kayfiyat, o‘ziga xos raqsona xarakter va marshona g‘ayrat bag‘ishlashi tufayli inson kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayrim kuylarning bir tekisda almashuvchi ritmik figurasi qon-tomir aylanishini biroz tezlashtiradi, motivatsiyani oshiradi va jismoniy mashqlar paytida ko‘rsatkichlarni yaxshilaydi, hatto insonning aqliy darajasini oshirishga yordam beradi. Masalan, “Qashqarchayi rok” vatanparvarlik va ruhiy tasalli tuyg‘ularini uyg‘otishi ilmiy asoslangan. “Ey, dilbari jononim” esa oddiy tinglovchi qalbida muhabbat tuyg‘usini jo‘shqinlantirib, baxt garmonini ishlab chiqaradi. Mashhur “Munojot”ning tafakkurga cho‘mdirib, ilohiy hissiyotlar orqali inson munojotini ifodalab, qalblarni yumshatishi isbotlandi.

O‘zbek milliy san’ati durdonalari va maqomlarimiz inson ruhiyatiga ta’sir etuvchi ko‘p qirrali musiqiy tizim bo‘lib, uning psixologik ta’siri estetik idrok, emotsional regulyatsiya, neyrofiziologik reaksiyalar va milliy-ma’naviy qadriyatlarning o‘zaro ta’siri orqali namoyon bo‘ladi. Hozirgi kunda institutda tashkil etilgan “Musiqaterapiya” ilmiy laboratoriyasida shunga o‘xshash barcha milliy kuy va ashulalarimizning inson ongiga ta’siri maxsus nevropatologlar ishtirokida bosqichma-bosqich sinovdan o‘tkazib borilmoqda. Bu esa, albatta, kelajakda milliy musiqalarimizning terapevtik xususiyatlarini to‘liq o‘rganib, inson ruhiyati uchun haqiqiy shifobaxsh tabiiy dori vositasi sifatida keng jamoatchilikka tavsiya etishga turtki beradi.

Eldor SHERMANOV,
Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti rektori, professor

“Jadid” gazetasining 2026-yil 21-avgustdagi 34-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596