13.04.2024 | 12:20
449
MA’RIFATGA JONIN TIKKANLAR

“Bu kitob – menga, senga (ehtimol, butun dunyoda yagona, boshqa tillarga o‘girib bo‘lmaydigan “knygnesys” so‘ziga ega) xalqimizga vasiyatnomadir…”
Men bu otkritkani antikvar buyumlar sotib o‘tiradigan bir qari kampirdan olgan edim. Ehtimol, unga e’tibor bermay o‘tib ketardim, biroq eski-tuski narsalar, varaqlari unniqib ketgan jurnallar orasida bir surat ko‘zimga issiq ko‘rindi, engashib, yaqinroq tikildim: bu litvalik rassom A.Zmuidzinavichius (А.Žmuidzinavičius)ning “Regejimas” asari edi.
Odatda yoymachilar mana shu almisoqdan qolgan “boylik”larini ushlab ko‘rishingizga qo‘ymaydi, qing‘ir-qiyshiq harflar bilan “Tegmang!” (“Ne trogat!”) deb yozib ham qo‘yishadi.
Lekin men eski bir varaqchaga chunon qiziqib qolganim uchunmi, kampir uni olib, obdon tomosha qilishimga indamadi.
Otkritka Litvaning Palanga shaharchasidan L.Vayneykini degan kishidan yuborilgan ekan. Bir tarafida yuqorida nomi aytilgan san’at asari, orqasida esa “Ishlar qalay, sog‘-omonmisan?..” qabilidagi odatiy so‘zlardan so‘ng, “Viziya” – bu bizning davlat gerbimiz, o‘lik uyqudan hayotga qaytgan Litva…” degan jumla ilova qilingan edi.
Qiziq, bu g‘aroyib noma qanday qilib toshkentlik keksa ayolning qo‘liga tushib qoldi ekan? Uning muallifi, Vatan ramzini bu qadar aziz tutgan, maktublariga muhrlab qo‘yadigan odam kim?
Bu savol menga uzoq vaqt tinchlik bermadi, nima qilib bo‘lsa-da, uni topishga ahd qildim.
Internetdan topgan ma’lumotim muallif siymosini tiklashga yordam berdi. Bu – litvalik shifokor, olim va jamoat arbobi Lyudas Vayneykis (1869–1938) edi. U taqdir taqozosi bilan rafiqasi – xotiranavis adiba Stase (Stanislava) Vayneykene (1875–1964) bilan birga 1914-yilda Turkiston o‘lkasiga kelib qoladi. Doktor o‘z vatanida “knygnesys” – “kitob tarqatuvchilar” harakatiga rahbarlik qilardi va aynan shu holat uning Turkiston bo‘ylab safarining ibtidosiga aylanadi…
“Knygnesys” so‘zini dunyodagi biror tilga aynan tarjima qilib bo‘lmaydi. U – butun borlig‘i, mohiyati bilan Litvaning ozodlik ramzi, unga faqat Litva xalqigina egalik qilishi mumkin. “Knygnesys” xalq harakati vakillari Litvada ona tilini asrash uchun kurashgan. Uning safi milliy o‘zlikni himoya qilish uchun oyoqqa turgan, ona tili va milliy yozuvni saqlab qolish uchun har kuni o‘lim xavfi bilan yashagan vatanparvarlar qo‘shinidan iborat edi. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu fidoyi insonlar litvalik jadidlar edi. Bu kurash naq qirq yil – 1864-yildan 1904-yilgacha davom etadi.
Isyonkor Litvani bosib olgan Rossiya imperiyasi ishni xalqning eng katta ma’naviy boyliklaridan biri – alifbosidan mahrum qilishdan boshlaydi: litvaliklar uchun maxsus kirill alifbosi ishlab chiqilib, 1864-yil 22-maydan majburan joriy etiladi. Kamiga maktablarda litva tilini o‘qitish, litva kitoblari, gazetalari, darsliklarini lotin shriftida chop etish taqiqlanadi. Vilenskiy gubernatori graf Mixail Nikolayevich Muravyov-Vilenskiy litva kitoblarini lotin va gotik shriftlar bilan bosishni taqiqlash haqida farmoyish chiqaradi. Aslida ushbu hujjat yuridik kuchga ega emasdi, biroq unga qirq yil amal qilinadi. Unda “…litva alifbosini o‘tkazmaslik, matnlar rus harflari bilan qayta yozilsagina bosishga ruxsat berish…” buyurilgan edi.
Mahalliy ziyolilar litva tilini o‘z uylarida yashirincha o‘qitardi, Sharqiy Prussiyada esa kitoblar 1864-yilgacha bo‘lgan sanalar qo‘yilgan qalbaki ruxsatnomalar bilan litva tilida xufyona chop etilardi. Litva tilidagi alifbo kitoblari, darsliklar, gazeta va adabiyotlar “knygnesys” qoplarida yelkalab chegaradan olib o‘tilar, shu tariqa poyi piyoda, botqoq kechib, ne mashaqqatlar bilan xalqqa yetkazilardi.
Ammo bu jarayon hamisha silliq ketmas, ba’zilar qo‘lga tushib qolardi. Kimning uyida litva tilida, lotin alifbosidagi kitob topilsa, u odam hibsga olinar va ashaddiy jinoyatchi sifatida Sibirga surgun qilinardi. O‘sha mudhish, fojiali davrda Kitob – Litva xalqining milliy mustaqillik, til va madaniyatni saqlab qolish uchun kurash timsoliga – ozodlik tug‘iga aylandi.
Asrlar davomida o‘z erki uchun kurashib kelgan mag‘rur litva xalqi bosqinchilarga bo‘yin egmadi.
Qahramonimiz, palangalik doktor Lyudas Vayneykis Qozon universitetining tibbiyot fakultetini a’lo baholarga tamomlagan. Palangaga qaytgach, yosh shifokor madaniyat arboblarini faol qo‘llab-quvvatlar, xalq og‘zaki ijodi namunalarini to‘plar edi. U Palangada yashirincha litva teatrini tashkil etadi, “knygnesys” tarmog‘ini yaratib, 1900-yilgacha, ya’ni to uni hibsga olgunlariga qadar tarmoqqa rahbarlik qiladi.
Yosh shifokor bemorlarni davolab, ko‘pchilikning hurmatini qozonadi. Biroq bu uning rasmiy faoliyatining bahosi edi, xolos. Uning el-yurt ravnaqi, ma’rifat yo‘lidagi yashirincha, tahlika va tahdidlar ostida olib borgan ishlari yanada ko‘proq hurmat va ehtiromga loyiqdir.
Butun Litva bo‘ylab yuzlab yoshlar unga o‘z xohishlari bilan yordam berardi. Lyudas tutqich bermaydigandek tuyulardi, biroq dushman ham anoyi emasdi – chor Rossiyasi ayg‘oqchilari ilm-u ma’rifat ahlini, ziyolilarni, kitob tarqatuvchilarni mudom ta’qib qilardi.
Mudhish kunlarning birida rotmistr Vonsyaskiy degan ayyor bir jandarm doktorning uyi yonidagi omborxonadan litva tilida bosilgan butun bir kutubxonani topib oladi. Lyudasni Stanislava bilan to‘yidan keyinoq darhol hibsga olishadi, u ikki yil Liyepayedagi qamoqxonada o‘tiradi, 1902-yilda esa uni Yakutskka surgun qilishadi. Stanislava erining ortidan Sibirga borish uchun qiyinchilik bilan ruxsatnoma oladi.
Maxsus farmon bilan litva tilidagi kitoblarga qo‘yilgan taqiq olib tashlangach, 1905-yildagina Vayneykislar oilasi Litvaga qaytadi. 1914-yili esa ularning O‘rta Osiyo bo‘ylab sarson-sargardonliklari boshlanadi.
Jazirama quyosh tig‘ida bepoyon Qoraqum sahrosi orqali ular Turkistonga yetib kelishadi. Bu yerda doktor Lyudas kasalxonalarda ishlab kun ko‘radi. Yetti yil musofirlik mashaqqatini boshdan kechirib, nihoyat, 1921-yil ko‘klamida oila Litvaga qaytishga muvaffaq bo‘ladi.
Sadoqatli Stanislava eri bilan yonma-yon turib, u bilan barcha yaxshi-yomon kunlarni boshidan kechirdi. Surgundagi hayotini kundalikka muhrlab bordi. Bu xotiralar keyinchalik litva tilidagi “Palanga xotiralari” va “Qochqin ayol qaydlari” kabi qismlardan iborat kitobga aylandi.
Litva hukumati va Palanga shahar kutubxonasi tomonidan ushbu kitob faqat 2014-yilga kelib, Litvada Lyudas Vayneykis tavalludining 130 yilligi munosabati bilan nashr etildi.
Menga Lyudas va Stanislavaning Turkiston o‘lkasida o‘tkazgan yillarini va o‘sha davrlar manzarasini tiklashning imkoni yo‘qdek tuyulardi, axir kitob litva tilida yozilgan va uzoq Palanga kutubxonasida saqlanardi. Ammo litvalik yaxshi bir do‘stim Richardas Garuolis Vayneykislarning ona shahriga borib, har hafta kutubxonaga qatnadi va matnlarni jonbozlik bilan tarjima qilib, menga yuborib turdi.
Palangadagi Vayneykislar muzeyining direktori esa rus va litva tillarini yaxshi biladigan ajoyib tarjimon Inga Pavlovani topdi…
Kitobda o‘sha davrda yuz bergan fojiali voqealar, jumladan, Turkiston xalqining boshiga tushgan dahshatli kunlar, o‘lat va ocharchilik, mustamlaka zulmi o‘z aksini topgan. Asarda, shuningdek, darbadarlikda Vayneykislar oilasiga hamroh bo‘lgan o‘zbek, turkman, qozoq, qirg‘iz, tojik va rus millatiga mansub kishilar hayoti haqida ham hikoya qilinadi.
Muallif o‘z xotiralarida voqea-hodisalarni haqqoniy tasvirlaydi, ularga o‘zining shafqatsiz bahosini beradi. Uning yodnomalari tufayli biz o‘lka iqtisodiyoti, siyosiy hayotining o‘ziga xos tomonlari, Rossiya imperiyasi va turli xalq vakillarining, jumladan, taqdir taqozosi bilan Turkistonga kelib qolgan Boltiqbo‘yi xalqlari vakillari, nemislar, chexlar, avstriyaliklar, yahudiylar, polyaklarning o‘zaro munosabatlari to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lamiz.
Vayneykislar oilasi O‘rta Osiyoning ko‘p joylarida bo‘lgan. Ular bir yilcha Amudaryoning chap sohilida, Otamurod degan joyda yashaydi. Bugun bu hudud Turkmanistonga qarashli, o‘sha paytda esa uning asosiy aholisi o‘zbeklar bo‘lgan.
1915-yil oxirida oila Kogonga ko‘chib keladi, Buxoro amiri Said Olimxonning taklifiga binoan doktor bir necha yil Magistral temiryo‘l kasalxonasida ishlab, minglab bemorlarning hayotini saqlab qolishga katta hissa qo‘shadi, odamlar o‘rtasida hurmat-e’tibor qozonadi.
Stase o‘shanda erining g‘oyat murakkab tibbiy sanitariya-gigiyena sharoitlarida ishlashiga to‘g‘ri kelganini aytar ekan, uning fidoyiligi, matonati, mehnatsevarligini faxr bilan ta’kidlaydi.
Ma’lumki, o‘sha yillari bolsheviklar va yosh buxoroliklar Fyodor Kolesov boshchiligida Buxoro amirini ag‘darishga urinadi, ammo Said Olimxon qo‘shini va minglab buxoroliklar tomonidan jiddiy qarshilikka uchraydi. Amir askarlari va mahalliy aholi bilan har qanday uchrashuv yevropaliklar uchun xatarli bo‘lib qoladi. Kolesov o‘z qo‘shinini va Kogonda yashaydigan barcha yevropaliklarni xavfsiz joyga ko‘chirishga urinadi. Ularga kasalxona xodimlari va shu yerda yotgan yaradorlar ham qo‘shiladi. Vayneykislar yetti ming kishi bilan birga eshelonlarga o‘tirib, amir qo‘shinlari tomonidan qisman buzib tashlangan temiryo‘l orqali Toshkentga qarab chekinadi. Oziq-ovqat, ayniqsa, suv yetishmasdi, suv solingan katta idishlarni askarlar qo‘riqlab turar, ayollar esa ulardan bolalari uchun loaqal bir qultum suv so‘rab yolvorishardi. Yonilg‘i tugay deb qolgandi. Shunda Kolesov rasmiy manbalarda ko‘rsatilgan ma’lumotlarning aksini qiladi, ya’ni qizil askarlar bilan poyezdni tashlab qochishga urinadi, ammo olomon uni hamma bilan birga ketishga majbur etadi. Poyezddagi kishilar moʻjiza tufayli nisbatan xavfsiz hududga yetib oladilar.
Buxoro hukmdori bilan tinchlik shartnomasi imzolangach, Vayneykislar amir tomonidan ularning xavfsizligi va daxlsizligini ta’minlashga kafolat berish haqida va’da olgandan so‘ng Kogonga qaytishadi. Bu yerda ular yana yarim yil yashaydi.
Qizig‘i shundaki, sodir bo‘lgan urush va to‘s-to‘polonlardan ularning uyi omon qolgan edi. Vayron bo‘lgan shahar sharoitida bu aql bovar qilmas holat edi. Ammo shifokorning uyi – beshikast, daxlsiz turardi, zero, Buxoro ahli yaxshilikning, yaxshilarning qadriga yetardi!
Vayneykislar oilasi 1918-yili Toshkentga ko‘chib o‘tadi.
Stanislavaning nigohi bilan tasvirlangan Toshkentni shveysariyalik rassom Arnold Byoklinning suratlariga o‘xshataman. O‘sha-o‘sha quyosh, o‘sha yorqin ranglar, bu yerda har qadamda uchratish mumkin bo‘lgan teran ma’noli buyumlar, ashyo-anjomlar…
Vayneykislar Turkistonda o‘tkazgan olag‘ovur davr manzaralarini Stanislavaning rostgo‘y qalami vositasi ila tasavvur etish mumkin. Adibaning ta’rifiga ko‘ra, inqilob olovi ichra qolgan bu tinchliksevar, “kichkina, uncha boy bo‘lmagan mamlakat” xalqi qizil terror va bolsheviklar mafkurasining qurboniga aylanadi, bu esa dahshatli ocharchilik, vayronagarchilik va qonunsizlikka olib keladi.
“Vatandan yiroqda yashash mumkin emas!” Bu “Qochqin ayol xotiralari”ning asosiy g‘oyasidir. Ha, aynan Stanislava erini ona yurtga qaytishga ko‘ndiradi.
Lyudas butun umri davomida turli e’tiqod va millatga mansub kishilarni davolaydi, oddiy odamlar bilan do‘st-birodar tutinadi.
Kitobning har bir satri Stanislavaning umr yo‘ldoshiga, farzandlariga, sadoqatli enagasiga, yaqin do‘stlari va tanishlariga, o‘zlariga boshpana bergan zaminga muhabbati bilan yo‘g‘rilgan.
Bu muhabbat – nozik bir ayolga surgunning shafqatsiz damlarida jon saqlab qolishga, o‘z baxtini asrab-avaylab, vaqti kelib, jonajon yurtiga qaytishga yordam bergan o‘ziga xos ilohiy kuch bo‘lsa, ne ajab.
O‘zi tug‘ilib-o‘sgan ona shahridagi ko‘chalardan biriga Lyudas Vayneykis nomi berilgan. Minnatdor avlodlar esa unga haykaltarosh Ionas Yankus tomonidan yaratilgan haykalni o‘rnatishgan.
Palangada uni nafaqat buyuk jamoat arbobi va litva tilidagi kitoblarni tarqatish tashkilotchilaridan biri sifatida, balki 1899-yili Palangada sahnalashtirilgan ilk litva spektaklining tashabbuskori sifatida ham yaxshi bilishadi.
Hurmatli kitobxon!
Litva tilida yaratilgan va sizning e’tiboringizga o‘zbek va rus tillarida taqdim etilgan “Palangalik qochqin ayol xotiralari” (“Palangskiye vospominaniya zapiski bejenki”) kitobini bundan yuz yil avvalgi Turkistonimiz hayotining bebaho solnomasi, deyish mumkin.
Kitobni o‘qib, bir asr muqaddam Vatanimizda yuz bergan voqea-hodisalar, oddiy insonlar hayotiga litvalik ma’rifatparvar adiba Stase (Stanislava) Vayneykene nigohi bilan qarasangiz-da, xulosani o‘z dunyoqarashingiz va tafakkur olamingiz bilan chiqarmog‘ingizga ishonamiz.
TAHRIRIYATDAN
Albatta, ilmiy, ijodiy kashfiyotlar, o‘ta muhim yangiliklar har kuni ham sodir bo‘lavermaydi. Bu fikr, ayniqsa, tarixiy manbalarga taalluqlidir.
“Palangalik qochqin ayol xotiralari” – “Palangskiye vospominaniya zapiski bejenki” kitobi haqida ham shunday deyish mumkin.
Vatanimiz, xalqimizning o‘tgan asr boshlaridagi hayotidan hikoya qiluvchi mazkur kitob yozilganidan so‘ng turli sabablarga ko‘ra, yuz yildan oshiq vaqt mobaynida biz uchun noma’lum bo‘lib keldi. Va faqatgina 2021-yilga kelib, jonkuyar, vatanparvar bir insonning tashabbusi, sa’y-harakati va homiyligi bilan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etildi.
Tursunali Qo‘ziyev – barchamiz hurmat qiladigan, qadrlaydigan ajoyib ijodkor. O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari. Lekin u kishi avvalambor, tariximiz va madaniyatimiz fidoyisi, ma’rifatparvar shaxs.
Maqolada o‘qiganingizdek, litvalik marhuma bir adibaning kitobini Tursunali aka tasodif tufayli topgandek tuyuladi. Lekin bu tasodif zamirida katta tarixiy va hayotiy ma’no mujassam ekani kitob mutolaasidan so‘ng yaqqol anglashiladi.
Biz ushbu nodir nashrning dunyoga kelishiga o‘z hissasini qo‘shgan barcha insonlarga, xususan, litvalik Kestutis Rudis va Rusne Vayneykene, estoniyalik Yuris Gulbis va germaniyalik Amaliya Pfannensteylga tahririyat nomidan, madaniy jamoatchiligimiz nomidan minnatdorlik bildirishga burchlimiz.
Tursunali QO‘ZIYEV,
O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi
“Jadid” gazetasi 2024-yil 1-mart 10-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599
