20.06.2024 | 10:57
323
MEHRNING HAM ME’YORI BOR
Feruza ABDUMAJIDOVA, oliy toifali bolalar shifokori:
– Feruza opa, bir suhbatimizda bolalar orasida yuqumli kasalliklar ko‘pligi, shifoxonalar bemorlar bilan to‘lib-toshgani haqida gapirgandingiz. Afsuski, sog‘liq muammosi bugun hech kimni chetlab o‘tmayapti. Bilamizki, yaqin o‘tmishda umrida shifokorga ishi tushmagan odamlar bo‘lgan. Bolalar ariqlardan suv ichib, non oqizib yegan. Hozir suvni qaynatib ichirsak ham, har qancha avaylasak ham, bolalar tez-tez kasal bo‘lyapti. Muammoning ildizi qayerda?

– Kasalliklar kelib chiqish xususiyatiga ko‘ra, asosan to‘rtta – nasliy, ekologik, stress va noto‘g‘ri ovqatlanish omiliga bog‘liq bo‘ladi. Dastlabki uch omil bor-yo‘g‘i 25 foizni, noto‘g‘ri ovqatlanish esa 75 foizni tashkil qiladi. Noto‘g‘ri ovqatlangan odam immuniteti dastlabki uch omilga qarshi kurashishi qiyin kechadi. Birinchi omil, ya’ni irsiyatga oid kasalliklar odatda o‘zimizga bog‘liq bo‘lmaydi, chunki ota-onani tanlay olmaymiz. Ekologiyaning ifloslangani ham inson organizmiga ta’sir qiladi. Yana, hayotda shunday vaziyatlar bo‘ladiki, stressdan qochishning imkoni yo‘q. Jamoat transportlarida odamlarning bir-biriga qo‘pol muomalasi, tirbandlik, uy-ro‘zg‘or, bola-chaqa muammolari, informatsiyaning haddan tashqari ko‘pligi – bular hammasi ruhiy zo‘riqishni keltirib chiqaradi. Bunday hodisalarni boshdan kechirish yoki kechirmaslik ham bizga bog‘liq emas. Demak, kasalliklarning oldini olish va unga qarshi kurashishda o‘zimizga bog‘liq yagona chora bu – to‘g‘ri ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish.
“Umrida shifokorga bormagan odamlar”, deyapsiz. U vaqtlarda ekologiya toza bo‘lgan. Hozirgidek do‘konlarda jimjimador qadog‘i bilan ko‘zni o‘ynatgan chipsilar, kiriyeshkilar, sun’iy ozuqalar, fas-fudlar, hazm qilish organlarini ishdan chiqaruvchi uglevodga boy turli-tuman shirinliklar bo‘lmagan. Odamlar ko‘proq o‘z tomorqasida yetishtirilgan tabiiy yeguliklar bilan oziqlanishgan. Jismoniy mehnat qilishgan, doimiy harakatda bo‘lishgan. Tanada qon yaxshi aylanib, taom hazmi yaxshilangan. Hamma kasalliklarning ildizi yaxshi hazm bo‘lmagan taomga borib taqaladi. U ichaklarni ifloslantirib, organizmni zaiflashtiradi va infeksion, noinfeksion, hatto onkologik kasalliklarni yuzaga keltiradi.
– To‘g‘ri ovqatlanish uchun nimalarga amal qilish kerak?
– Avvalo, har narsada me’yor lozim. Hatto ota-onaning, bobo-buvining o‘z farzandiga, nabirasiga bo‘lgan mehrida ham. Ba’zan bolalarni yaxshi ko‘rganimiz tufayli o‘zimiz bilmasdan ularga yomonlik qilib qo‘yamiz. Bolalarga zararli bo‘yoqlar, kimyoviy moddalar, uglevodlar bilan boyitilgan, tayyor va yarimtayyor yeguliklar, ichimliklar sotib olib beramiz. Bu tuzoqqa sepilgan donday gap. Bolalar buning farqiga bormaydi, biz esa ularga chiroyli ko‘ringan narsani olib beraveramiz. Bunday ortiqcha, noo‘rin mehr bolaning ham sog‘lig‘i, ham tarbiyasi uchun zararlidir.
Keyingi paytlarda odamlar o‘zlari sezmagan holda reklama qurboniga aylanyapti. Sog‘liq uchun zararli mahsulotlar hatto telekanallarda targ‘ib qilinmoqda. Nahotki, ularni nazorat qiladigan biror tashkilot bo‘lmasa? Menimcha, maktablar va ular yaqinidagi do‘konlarda sotilayotgan mahsulotlarni ham nazoratga olish kerak. Spirtli ichimliklar, tamaki mahsulotlari, bolalar sog‘lig‘iga ziyon yetkazuvchi neki bor, maktab yaqinida sotish taqiqlansa, yaxshi bo‘lardi. Chunki tushlik uchun berilgan pulga bola nima olib yeyishni bilmaydi. Ota-onalar, o‘qituvchilar, shifokorlar bolaga nima yeb, nima yemaslik kerakligi haqida muntazam tushuncha berib borishlari, ularga to‘g‘ri ovqatlanishni o‘rgatib, ko‘nikma hosil qildirishlari lozim.
Tuz va shakarni bekorga oq zahar deyishmaydi. Ular me’yoridan ortiq iste’mol qilinsa, oshqozonosti bezini ishdan chiqaradi. Boshqa hazm qilish organlari faoliyati ham asta-sekin izdan chiqadi. Hazm qilish yomonlashib, moddalar almashinuvi buziladi. Immunitet pasayib, organizmning kasalliklarga qarshi kurashuvchanligi susayadi. Shakar va tuz, umuman, qayta ishlangan mahsulotlarni iloji boricha iste’mol qilmaslik lozim. Ilgari momolar bolalarni xursand qilish uchun cho‘ntagida mayiz, o‘rik, jiyda, xurmo, qurut kabi tabiiy mahsulotlarni olib yurishgan. Ana shunday usullardan foydalanish, ho‘l meva, sabzavotlar, tuxum, sutli mahsulotlar, no‘xat, mosh, loviya va boshqa dukkaklilarni ko‘proq iste’mol qilish lozim. Mol, qo‘y, tovuq go‘shti, baliq yangiligida pishirib yeyilsa, oqsil-u vitaminlarga boy bo‘ladi.
Kun davomida ko‘proq suyuqlik, ya’ni suv ichish organizmning tozalanishiga, moddalar almashinuvining yaxshilanishiga yordam beradi. Ertalab uyqudan turganda bir piyola suv ichiladi va yarim soatdan keyin nonushta qilinadi. Ovqatlangandan so‘ng yarim soat o‘tib, yana suv ichish boshlanadi, to keyingi ovqatlanishga yarim soat qolgunga qadar. Faqat kechki ovqatdan keyin kamroq suyuqlik ichish kerak. O‘z vaqtida, me’yorida, shoshilmay, mayda chaynab ovqatlanish ham sog‘liq uchun juda muhim.
– Bugungi bolalar burungi tengdoshlaridek ko‘chada koptok tepib, quvlashmachoq o‘ynab emas, kompyuter, telefon o‘ynab katta bo‘lyapti. Ularni bu balodan qutqarish, foydali ishlar bilan band qilish niyatida darslar, to‘garaklar, harakat talab qilmaydigan intellektual mashg‘ulotlarga ko‘mib tashlayapmiz. Insoniyat o‘z yutug‘i deb hisoblayotgan texnik taraqqiyotning ham sog‘liqqa jiddiy zarari bo‘lmayaptimi?
– Zamondan orqada qolib ketmasligimiz uchun texnik taraqqiyot kerak, albatta. Ammo tarbiya birinchi o‘rinda. Tarbiya esa, eng avvalo, kun tartibini to‘g‘ri tuzishdan boshlanadi. Bolalar o‘z vaqtida ovqatlanishga, jismoniy mashqlarni ham, dars va mashg‘ulotlarni ham bir paytda bajarishga o‘rgatilsa, sog‘lom ulg‘ayadi. Sog‘ tanda esa sog‘lom aql bo‘ladi.
Sog‘lom bola tarbiyalashni istagan ota-ona ishni o‘zini tarbiyalashdan boshlashi lozim. Yonimga kelganlarning ko‘pchiligi bolasining sog‘lig‘i uchun qayg‘uradi-da, o‘ziga e’tibor bermaydi, talab qilinayotgan tartibga o‘zi amal qilmaydi. Ularga aytaman: “Samolyotda avariya holatida taqiladigan niqobni avval o‘zingiz taqib, keyin bolaga taqing”, deya ogohlantiriladi. Nega? Ota-ona omon qolsagina bolasini ham qutqaroladi. Demak, ota-ona sog‘lom turmush tarzini, avvalo, o‘z misolida to‘g‘ri yo‘lga qo‘ygan bo‘lishi kerak.
Bola sog‘lom bo‘lishi uchun ota-onalar, o‘qituvchilar, tarbiyachilar va shifokorlar birgalikda harakat qilishi zarur. Yurtboshimiz har kuni piyoda yurishga yoki xalq orasida turli sport musobaqalarini o‘tkazishga e’tibor qaratayotgani bejiz emas. Bu tadbirlar odamlar sog‘lig‘ini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu o‘rinda bir taklifim bor. Ilgari bolalar bog‘cha, maktablarga dars va mashg‘ulotlar boshlanishidan sal oldinroq borib, ertalabki badantarbiya mashqlarini bajarar edi. Shu tartib yana yo‘lga qo‘yilsa, ayni muddao bo‘lardi.
– Bilasiz, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish amaliyoti joriy etilgan. Bu juda yaxshi, ammo keyingi vaqtlarda o‘quv dargohlaridagi emlash tadbirlaridan ota-onalar tashvishlanadigan bo‘lib qoldi. Ayniqsa, bolalarning doridan zaharlanish holatlari ro‘y berganidan so‘ng…
– Necha yillardan buyon amalga oshirib kelinayotgan emlash amaliyoti qanchadan-qancha bolalarni turli kasalliklardan asrab qolganini inkor etib bo‘lmaydi. Kimlarningdir mas’uliyatsizligi tufayli sodir bo‘lgan noxush voqeani deb emlashdan voz kechilmaydi, albatta. Ammo bolaning ahvolini hech kim uning ota-onasidan yaxshiroq bilmaydi. Ota-onalar hushyor turib tibbiyot xodimlariga yaqindan yordam berishlari kerak. Emlash jarayonida har bir bolaning sog‘lig‘idan kelib chiqib, individual yondashiladi. Emlashdan oldin bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi va keyin ham ahvoli nazorat qilinadi. Mabodo maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida bu tartibga amal qilinmasa, ota-ona talab qilishi yoki emlashga qarshilik ko‘rsatishi mumkin.
– So‘nggi savol: nima uchun shu kasbni tanlagansiz?
– Kasbimiz sharafli, shu bilan birga, mashaqqatli ham. Bolalar o‘zidan nima o‘tayotganini tushuntirib berolmaydi. Yoshi kattaroqlari nimalarnidir ifodalab bergan taqdirda ham hamma narsani chalkashtirib gapiradi. To‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun bemorning ahvolidan kelib chiqib, muhim shikoyatlarini saralab, shunga diqqat qaratiladi. Shifokorda ichki tuyg‘u bo‘lsa, tashxis qo‘yishda adashmaydi. Ba’zan Xudo bergan iqtidorning o‘zi kamlik qiladi. Tinmay bilim olish, o‘z ustida ishlash va tajriba orttirish kerak bo‘ladi. Ayniqsa, biz shifokorlar boshqa soha vakillaridan ko‘proq o‘z ustimizda ishlashga majburmiz. Men talabalik paytimdayoq shifoxonalarga borib, hamshiralarga yordamchi bo‘lib tajriba orttirishga, institutda o‘tadigan amaliyot darslarida ham faol qatnashishga, qanday qilib bo‘lmasin, tibbiyot sohasida bilimlarimni mustahkamlashga harakat qilardim. Keyin ham eng tajribali shifokorlarga shogird tushib, pulmonologiya, loringologiya, somatika, ichki kasalliklar bo‘limlarida ishladim. Oilaviy poliklinikada tajriba orttirdim. Ayni paytda Toshkent shahar bolalar diagnostika-maslahat markazida faoliyat yurityapman. Turmush o‘rtog‘im ham bolalar shifokori, dotsent. Murakkab vaziyatlarda birgalikda izlanib, hamkorlik qilamiz, u kishi menga doim madadkor.
Bolalar shifokori bo‘lib ishlayotganimga 40 yil to‘ldi. Shu kasbni tanlaganimdan hech qachon afsuslanmaganman. Ozgina bo‘lsa ham kimningdir og‘irini yengil qilib, sog‘lom hayotga qaytarolgan bo‘lsam, shuning o‘zi katta baxt. Tuzalgan har bir bemorim menga yangi kuch bag‘ishlaydi.
Oydin YO‘LDOSHEVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasi | 2024-yil 14-iyun | 25-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



