16.06.2025 | 17:11
440
“MEN HAM KO‘PRIK QURAJAKMAN SHE’RDAN YONIB…”
Toshkent – Andijon poyezdida yo‘lga tushdim. Muhtasham temir tulporda odam ham jisman, ham ruhan orom olib ketadi. Ayniqsa, borliqning go‘zal manzaralari ko‘z oldingda jonli gavdalanib tursa, osmonga bo‘ylab turgan ulug‘ tog‘lar bor viqori, bo‘yi basti, salobati bilan ko‘ksingga ko‘chib o‘tadi.

Qoyalar oralab borar ekanman, qalbimdagi hislar ikki hissa ortadi. Sababi, bir kun avval qirg‘iz xalqining atoqli shoiri Jolon Mamitovning o‘zim o‘zbek tiliga o‘girgan “Tog‘lar” she’rini o‘qib, kichik video tayyorlagandim:
...Ko‘kda suzgan ulug‘ tog‘lar, sizlar hatto,
Yemirilib borayotganga o‘xshaysizlar…
Jolon og‘aning she’ri mana shu satrlar bilan boshlanib, aynan shu misralar bilan nihoyalanadi.
Biz bu dunyoning o‘tkinchiligini, inson umri bilan o‘lchaymiz, adabiyotning zamirida ham inson falsafasi, hamisha uning g‘olib va mag‘lub qarashlari aks etib turadi. Doimo vaqtning, umrning ko‘lamini odamiyat tarozisiga solib xulosa yasaymiz.
Tog‘lar bizning nazarimizda boqiy umr suradigandek tuyuladi, ammo shoir aytadiki, bu tog‘lar ham o‘z umrini yashab o‘tayotir. Demak, Yer shari – ona zamin ham koinot uzra umrguzaronlik qilmoqda…
Aytgancha, bu galgi safardan maqsad qo‘rg‘on oshib, Qirg‘izistonga borish edi. Turkiy xalqlarning boshini biriktirib, ko‘nglini qovushtirib turgan TURKSOY xalqaro madaniyat tashkilotining taklifi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining qo‘llab-quvvatlashi bilan O‘sh shahrida qirg‘iz xalqining zabardast shoiri Jolon Mamitov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan “Yashil olam” turkiy dunyo yosh shoirlari festivali sari yo‘lga chiqqandim.
…Poyezd bir maromda ildamlar, tog‘lar dalalarga, dalalar qishloqlarga ulanardi. Saratonning bag‘riga singib borayotgan javzo ko‘z yosh qilayotgandek yomg‘ir savalab, tuproqning isi dimog‘ga uriladi. Vodiyning o‘zgacha fayzi bor, bir qarich ham yerning qarovsiz qolganini ko‘rmaysiz. Yastanib yotgan dala-yu adirlarga ko‘rk bag‘ishlab turgan ekinlar mehnatkash xalqqa nasiba tutib, barq urib unib-o‘smoqda.
Poyezd perronga kelib to‘xtaganida o‘zimni xayoldan tiyib, sergak tortdim. Gavjum vokzaldan chiqib, sertakalluf kirakashlar bilan uzuq-yuluq murosaga erishib, ulovga o‘tirdim-da, “Do‘stlik” chegara postiga qarab ketdim.
Rostini aytsam, ichimda biroz hadik bordek, aslida hadik ham deb bo‘lmaydi: yaqin yillarda had oshib o‘tmaganim uchun, chegarada ortiqcha charchoq va qiyinchiliklarga ro‘baro‘ kelamanmi, deb o‘yladim. Xayriyat, allaqachon tulporini gijinglatib, chegara-o‘tish postining qarshisida meni kutib turgan hamrohlarimga yo‘liqdim.
“Do‘stlik” chegara posti shinam, o‘tuvchilar uchun qulay sharoitlarga ega manzil ekan. Hech bir to‘siqsiz, savol-so‘roqsiz yurt darvozasidan chiqdik. Qardoshlarimiz ham shu kabi bag‘rini ochib kutib oldi. Bo‘larkan-ku, deyman, zavqim ichimga sig‘may, avvallari postlarda savol-so‘roq qilib, yuk-yovingni titib tekshirib, gumonsirab ko‘zlaringga boqqanida, o‘zingdan shubhalanib, nigohingni olib qocharding…
Qardoshlar bo‘g‘irsoq bilan bol tutib, do‘mbira chertib qarshiladi. Kichik marosimda O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi konsulligi vakillari, O‘sh shahri hokimligi mutasaddilari, shoir-yozuvchilar, madaniyat sohasi vakillari qatnashdi. Qirg‘iz xalqining termalari, o‘zbek xalq qo‘shiqlaridan parchalar do‘mbira jo‘rligida yo‘l bo‘yi ham yangrab ketdi…
Adabiyot – millat-u xalqlarni bir maqsad-u maslak yo‘lida birlashtiradigan katta kuch. Turkiy davlatlar o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy munosabatlarning yaxshilanib borishi adabiyot, madaniyat va san’at sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlamoqda. Turkiy tilli ijodkorlar bir-biriga yaqinlashmoqda. Aslida ham tili, tarixi, madaniyati bir bo‘lgan qardosh va qondosh xalqlar ijodi, adabiyotining ildizlari tutashdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaqinda Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammitidagi nutqida: “Davlatlarimiz o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni rivojlantirishda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY alohida o‘ringa ega. Bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarimizni yangi bosqichga olib chiqish va TURKSOYning nufuzini yanada oshirish uchun uning faoliyati va tuzilmasini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish zarur, deb hisoblayman. Shu maqsadda Tashqi ishlar va Madaniyat vazirlarimizga Boku sammitiga qadar tegishli takliflar ishlab chiqish vazifasini topshirsak, to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman”, deya ta’kidlagan edi.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda davlatimiz Rahbarining tashabbusi bilan barcha sohalarda bo‘lgani kabi, adabiyotda ham yaqin hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda. O‘zbekistonda “Turkiy adabiyot durdonalari” deb nomlangan 100 jildlik to‘plamning nashr etilishi turkiy tilli mamlakatlar birligini mustahkamlashga ulkan qadamdir. Qirg‘izistonning O‘sh shahrida TURKSOY xalqaro madaniyat tashkilotining tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Yashil olam” turkiy dunyo yosh shoirlari festivali ham shunday do‘stona aloqalarning hosilasi bo‘ldi.
Jolon Mamitov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro she’riyat festivalida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkiya, Vengriya, Turkmanistondan kelgan yosh shoirlar jam bo‘ldi. Asosiy tadbirlar O‘shda atoqli shoir, publitsist va tarjimon Jolon Mamitovga o‘rnatilgan yodgorlik hamda shoir nomidagi bog‘ning ochilish marosimi bilan boshlandi.
Jolon Mamitov nafaqat qirg‘iz xalqining balki, turk xalqlari adabiyotining ham faxridir. Uning she’rlari turk, ozar, qozoq, turkman tillariga ham tarjima qilingan. Jumladan, o‘zbek tiliga ham atoqli shoir Tursunboy Adashboyev tomonidan o‘girilgan. Jolon og‘aning she’rlari shunday quyma yozilganki, tarjimada ham bu yengillikni his qilasiz.
Jolon Mamitov 1940-yilda Qirg‘izistonning Qorasuv tumanida tug‘ilgan. Bor-yo‘g‘i 48 yil umr ko‘rgan. Mana shu qisqa hayoti davomida shoir asrlarga tatigulik asarlar yaratdi, qirg‘iz she’riyatining yorqin yulduzi bo‘lib porladi. Uning o‘nga yaqin she’riy to‘plamlari nashr etilgan va adabiyot ixlosmandlarining olqishiga sazovor bo‘lgan. Mohir mutarjim Jolon Mamitov jahon adabiyoti vakillari F.Tyutchev, A.Fet, V.Mayakovskiy, M.Slutskiyning ayrim asarlarini qirg‘iz tiliga tarjima qilgan.
O‘sh davlat universitetida festivalning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Qirg‘iziston Respublikasi Davlat kotibi Marat Imanqulov Qirg‘iz Respublikasi Prezidentining festival ishtirokchilariga tabrigini o‘qib eshittirdi. Marosimda TURKSOY xalqaro tashkiloti Bosh kotibi Sulton Rayev, shuningdek, madaniyat va jamoat arboblari so‘zga chiqdi. Kunning ikkinchi yarmida qirg‘iz xalqining ma’naviy merosiga aylangan shoir she’rlari asosida “Olovga ishqim tushdi” va “Yashil olam” nomli she’riyat kechalari bo‘lib o‘tdi.
Safarning ikkinchi kunida O‘sh shahrining toji bo‘lib qad rostlab turgan Sulaymon tog‘iga sayohat uyushtirildi. “Sulaymon-Too” milliy tarixiy-arxeologiya muzeyi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Qadamjo kamida uch-uch yarim ming yillik tarixga ega, deydi olimlar.
O‘sh milliy drama teatrida bo‘lib o‘tgan tantanali kecha shahar aholisi va mehmonlar qalbida bir umr muhrlanib qoladigan bo‘ldi. Turli davlatlardan kelgan qardosh yosh shoirlar TURKSOY xalqaro tashkilotining sertifikatlari bilan taqdirlandi.
Festivalning oxirgi kunida ishtirokchilar baland va olis tog‘lar bag‘rida joylashgan “Qora qo‘y” yaylovlariga sayohat qildi. Tog‘lar bag‘ridagi o‘tovlarda adabiy suhbatlar, mushoiralar davom etdi.
Osmono‘par tog‘lar bag‘rida kechgan lahzalar xotiralarga muhrlandi. Viqorli cho‘qqilarga bo‘ylashib uchayotgan burgutlar, maysalarga qo‘ngan yomg‘irlar, hayotga shahd-u shijoati bilan rag‘bat berib turgan yilqi uyurlarining dupuri, sharqirab oqayotgan daryoning shiddati – butun tabiatning go‘zalligi va mahobati ijodkorlarni ilhomlantirib yubordi.
Mana shunday kezda yana Jolon Mamitovning satrlari dilingdan ko‘chib, tilingda beixtiyor yangraydi:
Men ham ko‘prik qurajakman she’rdan yonib…
Faxriddin HAYIT,
O‘zbekiston va Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmalari a’zosi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 13-iyundagi 24-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
98
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
610
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
607



