09.05.2025 | 14:53
844
“MEN SUYGAN SUYUKLI…”
Jadid adabiyotining peshqadam vakillaridan biri Abdulhamid Sulaymon Cho‘lponning mangulikka daxldor asarlari orasida, shubhasiz, “Go‘zal” she’ri tong yulduzidek charaqlab turadi. She’rning lirik qahramoni suygan suyukli qanchalar go‘zal bo‘lsa, mazkur she’rning badiiyati ham shu qadar betakror.

Bugun Abdulhamid Cho‘lpon hayoti va ijodi Tojikistondagi o‘zbek tilli umumta’lim maktablarining yettinchi va bitiruvchi sinflarida o‘quv dasturi doirasida o‘rganib kelinyapti. Unda shoir she’rlari bilan birga mukammal tahliliy maqolalar ham berilganini alohida ta’kidlash lozim. Biz ushbu tahlillarga qo‘shimcha o‘laroq Cho‘lponning “Go‘zal” she’rida mahorat bilan qo‘llangan badiiy san’atlarga e’tibor qaratmoqchimiz.
Qayd etish zarur, mazkur she’r bo‘yicha cho‘lponshunoslikda talaygina izlanishlar amalga oshirilgan. Ammo, bizningcha, ularda badiiy san’atlar yetarli darajada tadqiq etilmagan. Globallashuv davri adabiy ta’limi badiiy asar tahlilining bir nechta usullaridan foydalanish zaruratini taqozo etmoqda. Shulardan biri – tahlilda badiiy matndagi she’riy san’atlarni aniqlashda estetik zavq ko‘lamini o‘rganish masalasi. Zamonaviy adabiy ta’limda har bir adabiyot o‘qituvchisi bunga jiddiy e’tibor qaratishi lozim.
Cho‘lpon she’rning birinchi misrasidayoq tuyg‘ularini obrazli ifodalash uchun she’riy san’atlarga murojaat qiladi:
Qorong‘u kechada ko‘kka ko‘z tikib,
Eng yorug‘ yulduzdan seni so‘raymen.
Badiiy matndagi “ko‘z tikmoq” iborasi qaramoq, tikilmoq, nazar tashlamoq degan ma’nolarni bildiradi va bu yerda ta’bir badiiy san’ati qo‘llangan. “Kecha” so‘zidagi “qorong‘u”, “yulduz”dagi “yorug‘” so‘zlari tufayli sifatlash san’ati yuzaga kelgan. Ayni paytda “qorong‘u” va “yorug‘” so‘zlari ma’no jihatdan bir-biriga zid bo‘lgani bois tazod she’riy san’atining yuzaga kelishiga asos bo‘la olganini ham ta’kidlash zarur. She’rning keyingi misralariga nazar tashlaylik:
Ul yulduz uyalib, boshini bukib,
Aytadir: men uni tushda ko‘ramen.
Tushimda ko‘ramen – shunchalar go‘zal,
Bizdan-da go‘zaldir, oydan-da go‘zal!
Yulduzning uyalib, boshini bukib turish holati tashxis (jonlantirish) san’atining o‘ziga xos namunasidir. Odatda badiiy asarlarda narsa va hodisalar, hayvon va parrandalar, gul-u giyohlarga inson xususiyatlari ko‘chirilsa, tashxis san’ati yuzaga keladi. Poetika ilmida bu usul shaxslantirish deb ham ataladi. Yulduzning lirik qahramon – oshiq savollariga javob berib, xuddi inson kabi gapirishi, yanada aniqrog‘i, unga nutq ato etilgani intoq san’atidan darak beradi. Biror so‘z ikki yo undan ko‘p takrorlansa, takrir hisoblanadi. Keltirilgan matnda “tush” so‘zi ikki marta, “go‘zal”ning uch marta takrorlanishi hisobiga misralarda o‘ziga xos ohang yuzaga kelgan. Biroq matndagi har qanday so‘zlar takrori takrir bo‘lavermaydi. Takror poetik maqsadga, she’rdagi jozibadorlik va ta’sirchanlikka xizmat qilishi kerak. Shuningdek, estetik zavq ko‘lami ham xuddi shu kabi o‘rinlarda yaqqol anglashiladi.
“Go‘zal” she’rini shartli ravishda besh qismga ajratib o‘rgansak, ikkinchi qismda lirik qahramon endi o‘z sevgilisi haqida Oydan eshitishni istab, uni so‘roqqa tuta boshlaydi:
Ko‘zimni olaman oy chiqqan yoqqa,
Boshlayman oydan-da seni so‘rmoqqa.
Ul-da aytadir: bir qizil yanoqqa
Uchradim tushimda, ko‘milgan oqqa.
Oqqa ko‘milganda shunchalar go‘zal,
Mendan-da go‘zaldir, kundan-da go‘zal!
She’rning bu qismida ham Cho‘lpon poetik an’anaga izchillik bilan rioya qilgan. Bunda Oyning “tilga kirishi” intoq san’ati tufayli ziynatlangan bo‘lsa, shoir fikrni yanada ta’sirliroq ifodalash maqsadida she’riy san’atlarning boshqa namunalarini ham tasvir maydoniga safarbar qiladi. To‘rtinchi misra oxiridagi “oqqa” so‘zi beshinchi misrani boshlab beradiki, bu lafziy san’atlardan biri tasbe ekanligi taqdimot shaklida o‘quvchilarga namoyish etilsa, ayni muddao bo‘ladi. Shu o‘rinda mazkur san’at she’rning birinchi qismida ham “tushda ko‘ramen” – “tushimda ko‘ramen” ko‘rinishida kelganini eslatish o‘rinli. She’rshunos olim Vahob Rahmonovning fikricha, “Tasbe san’ati mazmun uzviyligini ta’minlash va to‘xtamga asoslanadigan ifodalilikni yaratish uchun qo‘l keladigan usuldir”.
Darhaqiqat, bu o‘rinda ham mazkur san’at imkoniyatlari tufayli mazmunda uzviylik, ayniqsa, misralarda xush ohang vujudga kelganini she’r matnini ifodali o‘qish jarayonida yanada aniq kuzatish mumkin. Shuningdek, ikki so‘zning o‘zaro (“ko‘milgan oqqa” – “oqqa ko‘milganda”) o‘zaro o‘rin almashtirish evaziga tardi aks she’riy san’ati vujudga kelganiga ishonch hosil qilamiz.
Cho‘lponning betakror iste’dod egasi ekani, uning nuktadonligi har bir so‘zdan mohirlik bilan foydalanishdan tashqari misralardagi har bir tovushga ham nazokat bilan ma’no yuklay olishida yorqin namoyon bo‘ladi. Shoirning badiiy olamini atroflicha tadqiq etgan akademik Naim Karimov mazkur she’r xususida quyidagi o‘rinli mulohazani bildirgan: “Bu she’rdagi har bir so‘z, har bir tovush o‘zidan dilbar ohanglar taratadi. U bir qo‘shiq singari jaranglaydi”.
She’rning uchinchi qismida Cho‘lponning badiiy mahorati, shoirona salohiyati yanada aniqroq ko‘zga tashlanadi:
Erta tong shamoli sochlarin yoyib,
Yonimdan o‘tganda so‘rab ko‘ramen.
Aytadir: bir ko‘rib, yo‘limdan ozib,
Tog‘ va toshlar ichra istab yuramen!
Bir ko‘rdim men uni – shunchalar go‘zal,
Oydan-da go‘zaldir, kundan-da go‘zal!
Endi lirik qahramon erta tongda esayotgan shamol bilan savol-javob qiladi. Shamol ham o‘z iddaosini bayon etadi. Cho‘lpon tashxis, intoq va takrirdan tashqari xuddi shu o‘rinda alohida mahorat talab qiladigan – husni ta’lil san’ati orqali go‘zal badiiy manzara yaratadi.
Darhaqiqat, husni ta’lil – shoirona asoslash, chiroyli asos keltirish degan ma’noni bildiradi. Xo‘sh, bu yerda qaysi voqea keltirilgan va nima dalillangan? Shamolning yo‘lidan ozib, ya’ni adashib, tog‘ va toshlar ichida, nimanidir qidirib yurishi bekordan bekorga emas, albatta. Aslida haqiqiy go‘zallikka osonlik bilan yetib bo‘lmasligi, oshiqdan o‘ta fidoyilik, pokiza e’tiqod talab qilishi mumtoz shoirlar tajribasidan yaxshi ma’lum.
Shamol ham oshiqqa xabar berarkan, uni “mendan” yoki “bizdan” ham go‘zal degan so‘zlarni tilga olmagani zamirida muhim poetik mantiq borligini izohlash zarur. Shamol obrazi mumtoz adabiyotda faol timsollardan biri hisoblanadi. Cho‘lponning badiiy mahorati shundaki, u tasvir maydoniga xuddi shunday an’anaviy obrazlarni olib kiradi. Xolislik va badiiy mantiqni aslo e’tibordan qochirmaydi.
She’rning to‘rtinchi qismida go‘zal haqida Quyosh ham dil rozini “o‘z o‘tida bekinib qochib” shunday bayon qiladi:
Ul ketgach, kun chiqar yorug‘lik sochib,
Undan-da so‘rayman sening to‘g‘ringda.
Ul-da o‘z o‘tida bekinib, qochib,
Aytadir: bir ko‘rdim tushdamas, o‘ngda.
Men o‘ngda ko‘rganda shunchalar go‘zal,
Oydan-da go‘zaldir, kundan-da go‘zal!
Ko‘rinadiki, ushbu she’riy matnda ham yuqoridagi kabi she’riy san’atlar tizimli tarzda qo‘llangan. Va nihoyat, she’r shunday so‘zlar bilan yakun topadi:
Men yo‘qsil na bo‘lib, uni suyibmen,
Uning-chun yonibmen, yonib-kuyibmen.
Boshimni zo‘r ishga berib qo‘yibmen,
Men suyib… men suyib… kimni suyibmen?
Men suygan suyukli shunchalar go‘zal,
Oydan-da go‘zaldir, kundan-da go‘zal!
She’r ibtidosi she’riy san’atlar hisobiga qay tarzda ziynatlangan bo‘lsa, intihoda ham shoir bu an’anaga sodiq qoladi. She’rning lirik qahramoni nomidan xitob qilgan muallif kamtarona ohangda o‘zini “men yo‘qsil” deya atashi taqsir san’ati ko‘rsatkichi hisoblanadi. Bu san’at faxriya she’riy san’atining aksi hisoblanadi.
Misralardagi “yonibmen”, “yonib-kuyibmen”, “suygan”, “suyukli” so‘zlari hisobiga ishtiqoq (bir o‘zakdan yasalgan so‘zlar) san’ati qo‘llangan. “Men suyib… men suyib… kimni suyibmen?” misralari zamirida tajohuli orifona, ya’ni “bilib bilmaslikka olish” san’ati yuzaga chiqqan.
“Go‘zal” she’rini o‘quvchilarga o‘rgatishda zamonaviy texnik vositalardan unumli foydalanilsa, asarning mohiyati, jozibasi yanada yaqqol anglashiladi. Shunda biz ta’kidlagan estetik zavq ko‘lami ham zamonaviy adabiy ta’limning yangi samaralari sifatida bo‘y ko‘rsatadi.
Baxtiyor FAYZULLOYEV,
Tojikiston Respublikasi Xo‘jand davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 2-maydagi 18-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



