Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


21.06.2024 | 17:59

img1129

“MEN VATANIMNI, XALQIMNI SEVAMAN!”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlari bilan birgalikda poytaxtimizdagi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan 1-sonli “Muruvvat” internat uyida bo‘lganimizda xayr-saxovat, shafqat va mehr-oqibat kabi tushunchalar millatimizda qadriyat darajasida shakllanib, qon-qonimizga singib ketganiga guvoh bo‘ldik.

Gʻoyat muhtasham, yon-atrofi obod va ko‘rkam maskanga kirib borganimizda kun peshindan og‘gan, lekin hali saraton issig‘ining tafti qaytmagan edi. Internat uyi hovlisi keng-mo‘l, bahavo, yo‘llar, yo‘laklar asfaltlangan, ravon.

Barg-yaproqlari top-toza, baland, orasta, mehr bilan parvarishlan­gan daraxtlar quyuq soya solib, yoz taftini pasaytiradi. Yon-atrof dil yash­naydigan darajada yuksak did hamda zamonaviy dizayn va shaharsozlikning muayyan talab va mezonlari asosida obodonlashtirilgan. Hududda bir qarich yer yo‘qki, ko‘ka­lam­zorlashtirilmagan bo‘lsa. Betakror chiroyi va haroratli ranglari bilan hovliga ko‘rk va fayz bag‘ishlab unib-o‘sgan turfa gul, maysa va manzarali butalarni ko‘rib ko‘z quvnaydi.

Ushbu muassasaning o‘z tarixi bor. U 1979-yilda faoliyat boshlagan bo‘lsa-da, keyingi yillarda mamlakatimizdagi keng ko‘lamli yangilanish va o‘zgarishlar, jumladan, ijtimoiy himoya sohasida olib borilayotgan islohotlar natijasida tubdan yangicha qiyofa kasb etdi. Qo‘shimcha binolar qurilib, eskilari ta’mirlandi. Yozgi sport zali, nogironlarni parvarish­lash va davo­lash bo‘limlari, muolaja va mashg‘ulot xona­lari, faollar zali, kutubxona, yotoqxona va oshxona butun­lay yangilandi. Ixtisos­lashgan bo‘­limlar, maxsus xonalar talab darajasida jihozlandi. Har xil sabablar tu­fayli harakatlanishi cheklangan bola­lar maxsus aravachalar bilan ta’­min­landi. Bugungi kunda mazkur mehr-oqibat maskani uch yuz nafardan ortiq bolalar va o‘smirlarni o‘z bag‘riga olgan. Ayni paytda ularning har biri davlatimiz rahbarining mehrini, e’tibori va g‘amxo‘rligini o‘z hayotida his etmoqda.

Shu yilning mart oyida davlatimiz rahbari tashrifidan so‘ng muassasa­ning yangi hayoti boshlangani rost. Prezidentimiz tarbiyachilar va o‘quvchi bolalar bilan muloqot chog‘ida mamlakatimizda davlat va jamiyat nogironligi bor har bir bolaga hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishini, bunday bolalar indivuidual rivojlanish dasturlari asosida jamiyatga integratsiya qi­linishi­ni, hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasligini alohida ta’kidladi.

Ha, bu maskanda bugun o‘zgacha ruh hukmron. Tarbiyachilar va o‘quvchilarning o‘zaro munosabatlari­ni kuzatarkansiz, ular real hayot va jamiyatdan uzilib qolmaganiga guvoh bo‘lasiz. Shubhasiz, davlatimiz rahbarining bunday muassasalarga alohida e’tibor qaratishidan maqsad ham shu toifadagi bolalarning yolg‘izlanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat.

Shu o‘rinda hazrat Alisher Navoiyning mashhur bayti yodga tushadi:

Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning  xotirin shod aylagay,

Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay. 

Bugun Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan insonparvar va adolatli siyosat, chuqur islohotlar qan­chadan-qancha “buzug‘ va vayron ko‘ngillarni obod etib”, ularni hayotdan rozi qilishga qaratilgani uchun ham xalqimiz mamlakatning taraqqiyot yo‘lini qo‘llab-quvvatlamoqda.

“Muruvvat” uyidagi har bir o‘quvchi nimagadir qiziqadi. Bu yerda izchil yo‘lga qo‘yilgan ta’lim-tarbiya ana shu qiziqish va layoqatni ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilgan. Bu bolalarning orasida ko‘zlari chaqnab, qalbi jo‘shib, chehrasi taqdirdan mamnunlikni, tiriklikdan shukronalikni ifoda etgan bir yigitcha bor. Uni Hasan Asrayev deydilar. U adabiyotga, she’riyatga jon-dili bilan qiziqadi. Prezidentimiz ushbu mehr-muruvvat dargohiga tash­rifi chog‘ida Hasan bilan ham muloqotda bo‘lgan, uning qat’iyati, kuchli irodasi, orzu-intilishi va maqsadini qo‘llab-quvvatlash, iste’dodini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha mutasaddilarga muhim topshiriqlar bergan edi.

O‘tgan davrda havaskor shoir Hasan Asrayevning she’rlari ustoz shoirlar tomonidan diqqat bilan ko‘z­dan kechirildi, tahlil qilindi va sara­lan­di. Yosh iste’dod egasiga zarur mas­la­hatlar, tavsiyalar berildi, she’r yozish, so‘z bilan ishlash borasida yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi.

Hasan Asrayevning layoqati, qiziqishi hisobga olinib, Yozuvchilar uyushmasiga a’zolikka hamda ishga qabul qilindi. Yaqinda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida “Adabiyot” nashriyoti tomonidan uning “Ezgu niyat” nomli ilk she’riy to‘plami nashr etildi.   

Biz Hasan Asrayevga ana shu kitobni mamnuniyat bilan topshirdik va yosh shoirni dildan tabrikladik. U kitobni qo‘liga olar ekan, yuz-ko‘zi yashnab ketdi.

– Birinchi kitobimni Prezidentimizning qadri nihoyatda baland mukofoti, bag‘ri­keng, mehribon, menga, menga o‘xshaganlarga otalarcha g‘amxo‘r insonning sovg‘asi sifatida qabul qilaman. Dast­labki she’riy mashqlarimga, tabiiyki, muayyan kamchiliklardan xoli bo‘lmagan bitiklarimga Yozuvchilar uyushmasining, tajribali adiblarning diqqat-e’tiborini jalb etganliklarini u kishining yosh ijodkorlarga, qolaversa, adabiyotga marhamati, g‘amxo‘rligi deb bilaman. 

– Hasanjon, siz she’rni qanday tushu­nasiz? Qachondan buyon she’r­lar yoza­siz?

– O‘n ikki-o‘n uch yoshlarimdan buyon she’r­lar mashq qilaman. She’rni hayotga bo‘lgan muhabbatning ifodasi, deb bilaman. Ifodasigina emas, u orzu, maqsad sari undovchi porloq mayoq hamdir. She’r – ko‘ngil kechinmalaridan ko‘chirma. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf, Sirojiddin Sayyidning she’rlarini sevib o‘qiyman. Ustoz shoirlarning she’rlari menga ruhiy quvvat, kelajakka ishonch, hayotimga nur bag‘ishlaydi. Keyingi payt­larda jadid ma’rifatparvarlarining asarlarini o‘qishga kirishmoqdaman. To‘g‘ri, oradan o‘tgan yillar mobaynida ona tilimiz ancha o‘zgarishlarga uchragani tufayli u kitoblarni ma’lum tayyorgarliksiz o‘qib tushunishim qiyin kechmoqda. Ammo qo‘shimcha adabiyotlardan foydalangan holda, tushunishga harakat qilyap­man. Jadid adabiyotini xalqimizning katta ma’naviy xazinasi, deb o‘ylayman. Ana shunday bir-biridan qiziqarli kitoblar, she’rlar va boshqa badiiy asarlar bilan kunlarimiz mazmunli, serzavq o‘tyapti. Prezidentimiz bilan uchrashganimiz va suhbatlashganimiz menga doim ilhom bag‘ishlab, ilgariga chorlab turadi. Aslida bu mening orzum edi. Agar niyati to‘g‘ri bo‘lsa, kishi o‘z orzusiga erishar ekan.  

– She’rlaringizning birinchi o‘quv­chi­lari kimlar bo‘ladi?

– Bu yerda mening aka-ukalarim, opa-singillarim ko‘p. Men ularning biri­ni yaqin, boshqasini uzoq deya olmayman. Men uchun ularning hammalari yaqin, eng yaqin. Masalan, Umrzoq – ukam, Rahim, Otabek – akalarim. Yana opa-singillarim bor. She’riy mashq­la­rimni birinchi bo‘lib ularga o‘qib beraman. Ular she’r­larimga fikr bildirishadi. Ba’zan maqtashsa, ba’zida tanqid ham qilishadi.

– Tanqidiy fikrlardan xafa bo‘lmay­sizmi?

– Yo‘q, tanqidni to‘g‘ri qabul qilaman. Ularning fikr-mulohazalarini inobatga olib, she’rlarimni qayta ishlayman. Ijodkor tanqidga doim tayyor turishi kerak, deb o‘ylayman. Chunki avvalo kamchilik va qusurlardan xoli asar yaratish juda mushkul, qolaversa, tanqid – kelajak mevasi, degan gap bor. Mening she’rlarimga birinchi bo‘lib fikr bildiradiganlarga kelsak, ular o‘rtoqlarim, menga yaxshilik istaydigan do‘stlarim. Biz do‘stlarim bilan har doim, har bir yumushda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ularning so‘zlari, fikrlari menga dalda, madad bo‘ladi. Bir she’rimda do‘stlik haqida:

Chinakam do‘st, albatta,

Yoningizda turadi.

Qanday holat bo‘lmasin,

Sizga tirgak bo‘ladi, –  

deb yozganman. Bu misralar atrofimdagi sadoqatli do‘stlarim haqida aytilgan ko‘nglimdagi samimiy kechinmalardir. 

– She’riyatdan boshqa yana nimalarga qiziqasiz?

– Boya ham aytdim, kitoblar o‘qiyman. Badiiy asarlar orqali hayotni, odamlarni o‘rganishga harakat qilaman. Kitob biz, yoshlarning ma’naviyatini yuksaltiradi, dunyoqarashini kengaytiradi. Prezidentimiz ko‘p kitob o‘qib, tanlovlarda g‘olib bo‘layotgan tengdoshlarimga mashina sovg‘a qilmoqdalar. Bu tengdoshla­rimning mutolaaga bo‘lgan qiziqishini oshiradi, albatta. Kelgusida astoydil shug‘ullanib, puxta tayyorgarlik ko‘rib, shunday tanlovlarda qatnashish niya­tim bor.

Bu yerda tez-tez sport o‘yinlari uyush­tiriladi. Men shaxmat-shashka o‘ynash­­ga qiziqaman. Sir emas, shaxmat-shash­ka izchil va mantiqiy fikrlashni o‘rgatadi. Musobaqalarda avval ko‘proq yutqazardim, endi yuta boshladim. Bu tajribam, malakam oshib borayotganini ko‘rsatadi, shunday emasmi?

– Ha, inson bir ishga yeng shima­rib kirishar ekan, albatta, maqsadiga erishadi. Siz kelajakda kim bo‘lmoq­chisiz?

– Kelajakda mashhur shoir bo‘lmoq­chiman. She’rlarim bilan odamlarga, xalqimga xizmat qilsam, menga yaxshilik qilganlarga yaxshilik bilan javob qaytarsam deyman. Shoir bo‘lish uchun esa so‘z boyligimni oshirishim, so‘zlarni daftarga yozib borishim, o‘rni kelganda ulardan to‘g‘ri foydalanishim kerakligini bilaman. Albatta, yaxshi she’r yozish mashaqqatli ish. Lekin men bu yo‘lda sabrli, irodali, qat’iyatli bo‘laman. Ustozlarning yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishlaricha, shundagina arzirli natijaga, maqsa­dimga erishishim mumkin. Yozuvchilar uyush­masi a’zosi ekanim zimmamga ko‘p karra mas’uliyat yuklaydi. 

– O‘zingizga judayam yoqadigan she’ringiz bormi?

– Shunday she’rim bor. U “Yurtboshimizga” degan she’r:

Ajdodlarning ruhlarin shod etmoqdadirsiz,

So‘zlaganda ulardayin samimiy so‘zlab.

Ularning ishlarin davom ettirmoqdasiz,

Faqat farovonlikni, tinchlikni ko‘zlab.

Buyuk ajdodlarimiz tarixda davlatchilik, ilm-fan, san’at, madaniyat, adabiyot soha­larida o‘chmas iz qoldirishgan. Jalolid­din Manguberdi, Amir Temur, Temur Malik, Yalang­to‘sh Bahodir singari nomdor sarkar­da­lar, Abu Iso Termiziy, Abu Muin Nasafiy, Sul­ton Uvays Qaraniy kabi mutafakkir-allomalar, Ali­sher Navoiy, Bobur Mirzo, Ogahiy kabi mumtoz shoirlar, Vatanimiz va xalqimiz tarixida muhim o‘rin tutgan jadid ma’rifatparvarlarining faoliyati va merosini o‘rganishda yangi davr boshlandi. Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessansni qaror toptirishda mamlakatimiz rahnamosiga, xalqimizga ularning pok ruhlari madadkor bo‘ladi, albatta.

– Nima uchun she’r yozasiz? Nimalar sizni she’r yozishga undaydi?

– Men Vatanimni, xalqimni sevaman! Hayotni yaxshi ko‘raman. Shu tuyg‘u meni she’r yozishga, mehr-muhabbatimni ifoda etishga undaydi. 

Shu jannatmakon yurtni,

Shak-shubhasiz, sevaman.

She’r bitaman, sevgimni

Shunday izhor etaman.

– Vatanni qanday tasavvur qilasiz?

– Bu boradagi tushunchamni to‘rt qator she’r bilan ifodalasam:

Gar bilsangiz, yurtimiz –

Bog‘i Firdavs nusxasi.

Shu uchun ham dunyoning

Kelar bizga havasi. 

Yangi O‘zbekistonimiz gurkirab rivoj­lanmoqda. Prezidentimiz bu ulug‘ taraq­qiyotning yetakchisi bo‘lib turibdi. Men va do‘stlarim pok niyatlar ijobat bo‘ladigan mana shunday ilohiy kunlarda u kishiga uzoq umr, mustahkam salomatlik tilaymiz. Xalqimizning, bizga, menga o‘xshagan odamlarning baxtiga doim omon bo‘lsinlar!

– Hasanjon, siz nimani orzu qila­siz?

– Mening orzum – O‘zbekistonimizda, jahonda doimo tinchlik va osoyishtalik bar­qaror bo‘lsin! Qayerlardadir davom eta­yotgan urush va janjallar tezroq barham topsin!

Ozod yurt farzandimiz –

Kelajak qo‘limizda.

Zafarli marralar bor

Hali bu yo‘limizda.

– Yana nimadir demoqchisiz, she­kil­li?

– Ha, shu onda xayolimdan ko‘p o‘ylar kechmoqda. Kitobimning chiqishi men uchun katta baxt. Bu o‘z ustimda yana­yam ko‘proq ishlashga, yaxshi she’rlar yozishga undaydi. Shu dargohda men bilan birga ta’lim-tarbiya olayotgan do‘stlarimni ham yangi marralar sari rag‘batlantiradi. Barchamizda o‘zimizga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchni oshiradi. Mening kichik mehnatimga shunday katta e’tibor berganliklari uchun Prezidentimizga ming rahmat!

  * * *

“Muruvvat” uyidan qaytarkanmiz, sara­ton­ning qaynoq tafti ham qaytib borardi. Orasta hovlidan esgan salqin shabada dillarga orom va huzur ulashadi. Bu farzandlari – jigarbandlarini shu dargohga, mehr ko‘rsatayotgan insonlarga ishongan ota-onalarning hayo­ti­dan, qalbidan chuqur o‘rin olayotgan xotirjamlik bo‘lsa, ajabmas.

Yana bir gap. Bu yerda bolalar turli qalinlikdagi qog‘ozlar, rangli qalamlar, bo‘yoq-ranglar, matolar, yog‘ochlardan o‘z qo‘llari bilan yasagan (yaratgan deyilsa, to‘g‘riroq bo‘ladi, nazarimizda) rasmlar, kitobchalar, uychalar va boshqa har xil narsa-buyumlarni ko‘rib, o‘zingizni ko‘rgazmalar zaliga tushib qolgandek his qilasiz hamda “imkoniyati cheklangan” deyilgan bolalarning imkoniyatlari, aksincha, cheksiz ekaniga guvoh bo‘lasiz.

Dunyoga ilinj, havas, umid bilan qara­gan, qalbi, fikri, insonni, Vatanni ang­lashi sog‘lom bolalarning, ularning ota-onalarining ko‘nglidan kechayotgan, lekin tiliga ko‘chmayotgan sezimlarni, hissiyotlarni so‘zsiz tushunish, ularga hayotdan rozi bo‘lib yashashlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berish, dardmandlarga darmon bo‘lish uchun inson, avvalo, katta qalb egasi, nomi bosh harf­lar bilan yoziladigan Inson bo‘lishi ke­rak! 

Yosh shoir: “Yurtga nafing tegmasa, Qurib qolgan teraksan”, deb yozadi. Biz unga kelajakda ulkan daraxtga aylanib, el-yurt­ga foydasi tegishini, undan barcha-barchaga manfaat yetishini tilab qolamiz.

Salim ASHUR,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

“Jadid” gazetasi | 2024-yil 21–iyun | 26-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596