19.03.2025 | 12:40
500
ME’YOR UNUTILGANDA
Nahot orzularimiz to‘y-to‘ychiqdangina iborat bo‘lsa?!
Oilaviy marosimlar, ayniqsa, to‘ylar xalqimizning ko‘p asrlik qadriyatlari, ardoqli an’analari sirasiga kiradi. Ammo me’yorning buzilishi, g‘uluvga ketish sabab an’analar ham qadriyat maqomini yo‘qotib, millat taraqqiyotiga tushov bo‘lishi mumkin ekan. Ne tongki, to‘y, ma’raka va boshqa marosimlar ham shuhratparastlik, xudpisandlik, isrofgarchilik borasida kimo‘zar bellashuvga aylanib ketdi. Bu hol har bir ziyolini, har bir sog‘lom fikrli vatandoshni o‘yga toldirishi tabiiy.

Ikki manzara
Badavlat bir tanishimiz bor. Alloh sarvatdan ham, savlatdan ham qismagan. To‘y qilsa, mashhur hofiz-u otarchilarni chorlab, dovrug‘ini doston qilmay qo‘ymaydi. To‘y marosimlari, bazmi jamshidlarni bir necha kunga cho‘zmasa, ko‘ngli joyiga tushmaydi. Ammo ajabki, to‘y uchun jaraq-jaraq aqcha sarflaydigan bu vallomat farzandlarining o‘qishiga pul berishga qorni og‘riydi. “Kontrakt puli” oshib ketganidan yozg‘irib yuradi deng!
Yana bir o‘qituvchi do‘stimiz bor. Qo‘li yupqa, ayolmand. Topgani ro‘zg‘orga arang yetadi, ammo har ikki-uch yilda xesh-aqrabodan qarz ko‘tarib xatna to‘yi qiladi, elga uch-to‘rt pud osh beradi. “O‘zingizni qiynab nima qilasiz, birodari aziz?” desangiz, “Do‘st-yorlarning dasturxonida mehmon bo‘lib yuribmiz. Eldan qolmaylik, biz ham qarzimizni uzaylik. Boz ustiga, qolganlardan nima kam joyimiz bor?!” deydi yasama ko‘tarinkilik bilan. To‘ydan to‘ygacha qarzlarni uzish uchun joningni jabborga berib ishlasang, usting yupun, qorning och-to‘qligiga qaramasang, o‘zing uchun qachon yashaysan, ey bandayi nekbaxt?!
“Eldan qolmaslik” uchun osh berish zarurdir, ammo to‘y qarz-qavola bilan emas, “Bor – boricha, yo‘q – holicha” tarzida o‘tkazilishi kerak-da!
Bugun to‘y, marosimlar borasida jamiyatdagi boy tabaqa ham, kambag‘al qatlam ham me’yorni unutgandek. Xalq og‘zaki ijodi millat tafakkuri tadrijini ko‘rsatuvchi manbalardan ekani sir emas. O‘zbek xalq ertaklarida pahlavonlar yetti kecha-kunduz, podshohlar esa qirq kecha-kunduz to‘y qilishadi. Nazarimizda, barchamiz ertaklardagi pahlavon-u tojdorlardek to‘y qilish vasvasasidan qutula olmayotgandekmiz. Aks holda, jamiyatimizda kuchayib borayotgan to‘yparastlikni nima deb baholash mumkin?
Yuz yillik dard
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkistonda shakllangan jadidlik harakati namoyandalari millat taraqqiysiga to‘sqinlik qilayotgan illatlarga qarshi mardonavor kurashgani ma’lum. Taraqqiyparvar jadidlar, jumladan, to‘y-to‘ychiqlarda haddan ziyod isrofgarchilik avj olganini keskin tanqid qilganlar. “Bizni kemirguvchi illatlar deganda zahm-u maraznimi gumon etarsiz? Yoinki sil, silariya va moxovliknimi dersiz? Yo‘q, andan ham yomonroq va andan ham jonxarosh, bevoya, xonavayron va g‘arib etguvchi bir dard, biz – turkistoniylarni shahri va qishloqi yoyinki yarim madaniy, yarim vahshiy sinflarimizg‘acha istilo etib, butun tirikligimizg‘a sarilgan va bizni inqirozg‘a va tahlikag‘a va jahannamg‘a yumalataturgon to‘y, aza ismindagi ikki qattol dushmanni derman”, deb yozadi Turkiston jadidlarining sardori Mahmudxo‘ja Behbudiy 1915-yili “Oyina” jurnalida chop etilgan maqolasida. Mutafakkir bobomiz uch kunlab to‘y qilib uylangan navjuvon yigitlar bir umr qarzdan qutula olmay bor-budini sotishga majbur bo‘layotganini nadomat ila yozarkan, dabdabali marosimlarni “musibat” deb ataydi. Ulug‘ shoir Abdulhamid Cho‘lponning quyidagi misralari ham Behbudiy fikrlariga hamohang yangraydi:
“Maktaba yo‘q bir tiyini, to‘yga ming so‘mlab berur,
Chorasi mushkul kasalga mubtalodir bizni(ng) xalq”.
Qarangki, oradan bir asr o‘tgan bo‘lsa-da, jadid oydinlari davo istagan darddan hamon xalos bo‘la olmabmiz. Hali-hamon dabdabali to‘y va xurofiy aza marosimlari sabab ko‘pchiligimiz yanglish so‘qmoqlarda uloqib yuribmiz. Gohida keraksiz tashvishlar ummoniga g‘arq bo‘lib “Maqsad na edi jahona kelding?!” degan so‘roqni ham unutib qo‘yayotirmiz.
Misqollab yig‘ib, botmonlab sovurmaylik
Aksar zamondoshlarimiz to‘yga shunchaki bir oilaviy marosim, ikki yoshning nikoh rishtasi ila bog‘langanini elga ovoza qilish yoki o‘g‘il farzandning qo‘lini halollash tadbiri deb emas, balki o‘zini yon-atrofdagilarga ko‘rsatib qo‘yish vositasi deb qarayotgani achinarlidir. Agar xomcho‘t qilib ko‘rilsa, nahorgi osh yoki nikoh bazmi dasturxoni uchun ketadigan xarajat “ot bilan tuya” bo‘lmaydi, ya’ni u qadar katta emas. Ammo to‘ygacha va to‘ydan keyin bo‘ladigan yuz bir nomdagi marosim-u yig‘inlar hatto o‘ziga to‘q oilalarning ham sillasini quritishi aniq. Sovchilikdan boshlangan bordi-keldi nishona berish, quda tanishuv, non sindirish, fotiha kabi marosimlarga ulanib ketadi. “Bor tovog‘im, kel tovog‘im” deganlaridek, har ikki tomon bir-biriga sarpo-suruq, latta-putta, dov-dastgoh yuboradi. Sirasi, turfa xil marosimlar uchun to‘ydan ko‘proq mablag‘ xarjlaydi. To‘ydan keyin esa yuz ochdi, charlar, ota ko‘rdi, sep yoydi, quda chaqirdi, kuyov chaqirdi, kelin chaqirdi, tog‘ora yuborish kabi yana o‘nlab nomdagi marosimlar! Hududlarimizga qarab marosimlarning nomi, ko‘lami o‘zgarib boradi. Aqiqa, muchal to‘yi kabi marosimlarni dabdaba-yu as’asa bilan o‘tkazish ham an’ana hukmiga kirmoqda. Uch, yetti, payshanbalik, yigirma, qirq, yil oshi, mato ulashish, qovun tarqatish kabi dafn va motam bilan bog‘liq ortiqcha tadbirlar esa alohida tadqiqot mavzusidir.
Alqissa, to‘y marosimlarida o‘z yutuqlarini ko‘z-ko‘z qilish, mol-davlati bilan maqtanishga intilish kuchayib bormoqda. Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyov” dramasi esingizdami, to‘y atalmish orzu-havas qopqoniga tushgan yoshlar fojiali tarzda halok bo‘ladi. Muallif dramani bejiz “Turkiston maishatidin olingan to‘rt pardali fojia” deb atamagan. Afsuski, bugun ham shu mashmasha ortidan bo‘ynigacha qarzga botayotgan oilalar ko‘plab topiladi. To‘y kuni o‘nlab xorij markabini yollagan kuyovto‘ra to‘ydan keyin hatto avtobusga ham yo‘lkira topa olmay qolishi-da achchiq haqiqat.
Muhojirotda ishlayotgan vatandoshimiz igna bilan quduq qazib pul topadi. Qahraton sovuqda daraxt kesadi, jaziramada imorat ko‘taradi, kunni kun, tunni tun demay hammollik qiladi. Uch-to‘rt tanga topish uchun musofir o‘lkalardagi ishboshilarning achchiq-tiziq gaplariga, ta’na-dashnomlariga ham sabr qiladi. Keyin esa… misqollab yig‘ilgan mablag‘ botmonlab sovuriladi.
Asosan mahallalarda, aholi gavjum hududlarda joylashgan to‘yxonalardagi shovqin-suron ham e’tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalardan biridir. Mehmonlar to‘y egasining shodligiga sherik bo‘lish o‘rniga tezroq ma’rakani tark etish tadorigini ko‘rishi, nikoh bazmlarimiz yosh-yalangning diskoteka maydoniga aylanganiga ham quloqni qomatga keltiruvchi shovqin sababchi. Bu jihatdan, to‘yxonalarning akustikasini standartlar asosida bo‘lishini qat’iy nazorat qilish ham sog‘liqqa, ham kayfiyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Eng barakali nikoh
To‘y-hasham, ma’raka marosimlarini o‘ta dabdabali tarzda o‘tkazish, bu jabhada nosog‘lom raqobatning avj olishi nainki sof insoniy fitratga, muqaddas dinimiz ta’limotlariga ham to‘g‘ri kelmaydi. Yurtimizning obro‘li ulamolari, nuroniy otaxonlarimiz, kayvonilarimiz ham bu haqda ko‘pdan beri va’z-nasihat qilib keladi. Islom diniga ko‘ra oila qurmoqchi bo‘lgan yigit kuchi yetganicha, o‘zini ortiqcha urintirmay ziyofat – valiyma qilib berishi sunnat sanaladi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham uylanganlarida imkonlari boricha dasturxon yozganlar. Oyisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisi sharifga ko‘ra, Payg‘ambarimiz “Eng barakali nikoh – xarajatlari yengil bo‘lganidir” deb marhamat qilganlar. Ustoz ulamolar ta’kidlaganidek, to‘y marosimlarini o‘tkazishda eng maqbul yo‘l – isrof ham, baxillik ham qilmay o‘rta yo‘lni tutmoqdir. “Islom dinini og‘irlashtirmang, yengillashtiring!” degan oltin qoida to‘y va aza marosimlariga ham taalluqli, albatta.
To‘ylar ham millat ma’naviyatining ko‘zgusi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ya’ni to‘ylar qanday o‘tayotganiga qarab millatning ma’rifiy saviyasi, axloqiy darajasi va ertangi kun uchun maqsad-mo‘ljallari haqida xulosa yasash mumkin.
To‘y sabab ko‘pkari, kurash kabi milliy o‘yinlarimiz, xalqona qo‘shiq va laparlar, baxshichilik an’analari, maqom yo‘l-usullari, raqslar asrlar sinovidan eson-omon o‘tganini ham qayd etish joiz. Shu ma’noda davlatmand tadbirkor, ishbilarmon, tujjorlarning ko‘pkarili, kurashli to‘y qilishiga imkon bergan ham ma’qul ko‘rinadi. Illo, o‘sha sarvatdor vatandoshlar ilm-u ma’rifatga homiylik, xayr-u saxovatni ham unutmasalar! Umuman, xatna to‘ylariga milliy o‘yinlarni, nikoh marosimlariga esa milliy qadriyatlarni singdirish maqsadga muvofiqdir.
Behbudiy ibrati
To‘y-hasham haqida so‘z borar ekan, rahbarlar, davlat idoralari xizmatchilarining mas’uliyatini alohida eslatib o‘tish lozim. Bugungi axborot texnologiyalari davrida mansabdorlarning hayot tarzi, tutumlaridan raiyat besh qo‘ldek xabardor. Ta’bir joiz bo‘lsa, odamlar rahbar shaxslarning har bir xatti-harakatini xuddi zarrabindagidek ko‘rib-bilib turibdi. Binobarin, mas’ul vazifadagi shaxslarning to‘yni shohona dabdaba bilan o‘tkazishi odamlarda norozilik uyg‘otadi, shubha-gumonlarga yo‘g‘rilgan savollar tug‘diradi. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham bir necha majlisda to‘ylarni ixcham, kamchiqim o‘tkazish masalasiga e’tibor qaratgan. Xususan, 2018-yili Navoiy viloyatida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mas’ul lavozimdagi shaxslarning to‘ylarni dabdaba bilan o‘tkazishi yurtdoshlarimizning g‘ashini keltirayotgani qayd etilib, buning o‘rniga kambag‘al oilalar holidan xabar olish lozimligi ta’kidlangan edi.
Darhaqiqat, rahbarlar va davlat xizmatchilari ixcham va xarajatlar rasamadi bilan, oqilona taqsimlangan to‘ylarni o‘tkazishda barchaga o‘rnak ko‘rsatishi shart. Mansabdor to‘yni o‘zi yashaydigan mahalla ahli, yaqin hamkasblari, do‘stlari ishtirokida kamtarona o‘tkazsa, ham obro‘-e’tibori ortadi, ham qolganlarga ibrat bo‘ladi. Bu jihatdan imkoni bo‘la turib, dabdabaga yo‘l qo‘ymagan rahbarlarning to‘yini ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ib qilish kerak.
E’tibor berilsa, davlatimiz rahbari mamlakatning turli hududlarida vatandoshlarimizning uyiga tashrif buyurgan vaqtda dasturxon ozgina-yu sozgina qabilida, ko‘rkam qilib tuzaladi. To‘y dasturxonlarini ham ana shunday isrofdan yiroq tarzda tuzash lozim.
O‘z davrida jadid harakati peshvosi Mahmudxo‘ja Behbudiy amaldorlar va ulamolarni kamxarj to‘y o‘tkazishga undab, barchaga – arkoni davlat va raiyatga hayotiy ibrat ko‘rsatgan edi. Behbudiy 1909-yil aprel oyida kam pul sarflab o‘g‘li Maqsudxo‘janing qo‘lini halollaydi. Xatna to‘yiga ketishi lozim bo‘lgan pullarga esa Samarqand shahridan bir binoni sotib olib, kutubxona ochadi. Ma’rifatparvar bobomiz kutubxonaga bir necha ming so‘m sarflab, Misr, Turkiya va Rossiyadan kitoblar keltiradi. Rahbarlar, davlatmandlar, umuman, barcha ulgi olgudek hodisa!
Ijtimoiy tarmoqlar orqali goh-gohida qay bir viloyatlik kelin-kuyov to‘yga atalgan mablag‘ini mehribonlik uyiga xayriya qilgani yoki mahalla yo‘lini ta’mirlashga sarflagani haqidagi xabarlarni o‘qib qolamiz. Bunday ibratli holatlarni har qancha targ‘ib-tashviq etsak kam.
Orzuga ayb yo‘qmi?
Tarixga nazar tashlasak, to‘ylarni tartibga solish harakatlari kuni kecha boshlanmaganiga amin bo‘lamiz. Manbalarga ko‘ra, XX asr boshlarida Buxoro amirligida to‘y-hashamlar bir necha kun, gohida haftalab davom etgan. Mehmonlarga kuniga anvoyi taomlar tortilgani yetmagandek, chopon kiydirish, shirinlik ulashish ham urfga kirgan. Shu sabab Amir Olimxon 1911-yilning martida to‘ylarda isrofgarchilikka barham berishga doir farmon chiqargan. Cheklovlarni buzganlarga darradan tortib o‘limga qadar og‘ir jazolar belgilangan. Sovet zamonida xatna to‘yi taqiqlangani, komsomolcha, ya’ni “qizil” to‘y joriy etilgani katta avlodning yodida, albatta.
Yaqin tariximiz va keyingi yillarda ham to‘ylarni tartibga solishga doir bir qator hujjatlar qabul qilindi. Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senat kengashlarining 2019-yil 14-sentyabrdagi qo‘shma qarorini eslash joiz. Voqelik yana bir karra tasdiqlamoqdaki, har qancha hujjatlar qabul qilinmasin, rasmiy taqiqlar joriy etilmasin, odamlarning ong-u tafakkuri o‘zgarmas ekan, vaziyatni isloh qilish amrimahol.
Koronavirus pandemiyasi davrida to‘y-hashamlar tabiiy ravishda ixchamlashdi. Qarangki, odamlar mahallada duv-duv gap bo‘ladigan to‘y o‘tkazmay ham risoladagidek yashashi mumkin ekan. Pandemiyadan keyin yurtimiz bo‘ylab aksar to‘yxonalar ta’lim markazlari, xususiy maktablarga aylandi. Ma’naviyat sohasi vakili sifatida bizni yemakxona-yu to‘yxonalardan ko‘ra ma’rifat, madaniyat maskanlari ko‘paygani quvontiradi, albatta.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti o‘tgan yili aholi o‘rtasida oilaviy ajralishlar bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazdi. So‘rovnomada jami 350 mingga yaqin respondent qatnashdi. So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, ajralishlarga sabr-qanoatning yo‘qligi, urf-odat va marosimlarning serxarajatligi, ijtimoiy tabaqalanish kuchaygani asosiy sabablar sifatida ko‘rsatilgan. O‘z navbatida, har ikki kishidan biri kamxarj to‘y yoki boshqa oilaviy tadbirni ixchamroq o‘tkazishga salbiy munosabat bildirgan. Ularning fikriga ko‘ra, imkoni bo‘la turib kamxarajat to‘y qilish kishining jamiyatdagi obro‘siga yomon ta’sir ko‘rsatarkan…
To‘y ayrim hollarda oilalar barbod bo‘lishiga olib kelayotgani haqrost. Ayni chog‘da, jamiyat to‘y atalmish ko‘p asrlik tarixga ega udumdan voz kecha olmaydi. Chunki to‘y insonning jamiyat va oila oldidagi burchini his etishida muhim vosita sanaladi. Demak, marosimlar borasida moʻtadil yo‘lni tutmoq, oltin o‘rtaliqni topmoq lozim.
To‘ydan yurtimizga xorijiy sayyohlarni ko‘proq jalb etishda ham foydalanish mumkin. Jumladan, har bir hududning to‘y bilan bog‘liq o‘ziga xos udumlarini xalq bilan bamaslahat belgilab olish, turistlarni “buxorocha to‘y”, “surxoncha to‘y”, “farg‘onacha to‘y” kabi milliy marosimlarga jalb qilish choralarini ko‘rish lozim.
Majburlov, cheklov choralari haqida gap ochsak, ehtimol, jamoatchilikka u qadar ma’qul kelmas. Ammo ba’zi hududlarda vaziyat shu holatga kelganki, deylik, katta ma’raka qilganlarni ma’lum muddatga ijtimoiy daftarlarga kiritmaslik, ularning zimmasiga ijtimoiy majburiyat yuklash kabi choralarni ko‘rish lozimdek tuyuladi.
“Orzuga ayb yo‘q”, deydi dono xalqimiz. Inson yuksak maqsad-marralarni ko‘zlagani qanday soz! Ammo orzu-istaklarning faqat to‘y-hashamdangina iborat bo‘lib qolishini aslo oqlab bo‘lmaydi. Jahonga teran nigoh bilan boqaylik: mo‘ysafid kurrayi arz ko‘z o‘ngimizda o‘zgarmoqda. Mutaraqqiy millatlar Mars kabi sayyoralarni ishg‘ol qilish ustida bosh qotirmoqda, peshqadam olimlar ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan kashfiyotlarga qo‘l urmoqda. Taraqqiyoti shiddati oshib ketgan bugungi davrda oyog‘imizga tushov bo‘layotgan kamchilik va qusurlardan xalos bo‘lib, yuksak ilm-ma’rifat cho‘qqilari sari intilmog‘imiz darkor. Falon tonna osh damlash, falon ming kishiga dasturxon yozish bilan emas, balki zamonaviy maktablar, ulkan kutubxonalar barpo etish borasida musobaqalashmoq zamoni bugun!
Olimjon DAVLATOV,
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
“Jadid” gazetasining 2025-yil 14-martdagi 11-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596

