27.05.2025 | 12:31
762
MILLATPARVAR
Taniqli tarixchi, arxivshunos Sirojiddin Ahmadning navbatdagi “Solihbek dodxoh – millat qahramoni” kitobi ko‘hna Turkistonda XIX asrning ikkinchi yarmida sodir bo‘lgan o‘ta murakkab tarixiy voqealarga, xalqimiz orasidan yetishib chiqqan millat qahramonlarining siyosiy-ijtimoiy, harbiy faoliyatiga, ularning yurtni himoya qilishga yo‘naltirilgan kurashiga bag‘ishlanganligi bilan alohida ilmiy ahamiyatga ega.

Muallif davrning qarama-qarshiliklarga to‘la, ziddiyatli jihatlarini yaxshi bilishi, tarixiy, rasmiy manbalardan, chor hukumatining davriy nashrlari va axborotnomalaridan, shuningdek, predmetga taalluqli ilmiy tadqiqotlardan puxta xabardorligi, eng muhimi ularga tanqidiy yondashgani, sayohatchilarning esdaliklaridan unumli foydalanishi mavzuni har tomonlama chuqur, atroflicha hamda vazmin holatda yoritishida qo‘l kelgan.
Olim chor Rossiyasi istilosiga qarshi 1864-65-yillarda Toshkent mudofaasini tashkil qilishda shahar aholisini safarbar etgan mulla Solihbek dodxoh (1805–1868) va uning atrofida birlashgan maslakdoshlari, millatparvar vatandoshlarimizning shonli faoliyatini birlamchi manbalar, xususan, bu voqealarning shohidi bo‘lgan Mulla Solih qori Toshkandiyning “Tarixi jadidayi Toshkand” va boshqa tarixiy asarlarga, rus davriy matbuotida chop bo‘lgan rasmiy axborotnomalarga tayanib tarixiy voqelikni haqqoniy yoritadi.
Tadqiqotchi Solihbekni o‘z davrining taniqli, elparvar kishilaridan Qozoqboybiy dodxoh oilasida tavallud topgani, dastlab Toshkentda, keyinchalik esa Buxoro madrasalarining birida ta’lim olib kelganidan keyin: “Oradan bir yildan ortiq vaqt o‘tgach, Qo‘qon taxtida o‘tirgan Sheralixon “muboraknoma” yuborib, poytaxtga, maslahatchi sifatida taklif etadi” deb yozadi. U bir muddat xon saroyida xizmat qilgandan so‘ng yorliq bilan Toshkentga qaytib faoliyatini davom ettiradi. Dodxoh xonlikning vakolatli vakili sifatidagi butun faoliyatini el-ulusning tinchligini saqlashga, xalq manfaatini himoya etishga, adolatni barqaror va bardavom qilishga qaratganini olim tarixiy manbalardan, shuningdek, zamondoshlarining xotiralaridan kelib chiqib atroflicha bayon etadi. Masalan, xonlikdagi beqaror vaziyat, amaldorlararo ixtiloflar, xonlarning tez-tez almashishi bular barchasi aholini holdan toydirgan, iqtisodiyotni izdan chiqargan: “Keltirilgan misollardan ko‘rinib turibdiki, xonlik poytaxtida siyosiy vaziyat barqaror emasligi sababli va uning ikkinchi yirik poytaxti bo‘lgan Toshkentda savdogarlar, zodagonlar va amaldorlar o‘rtasida turli-tuman fitnalar avj olgani tufayli shahar taraqqiyoti va tinchligiga ma’lum ma’noda katta zarar keltirilgan, xalq osudaligi buzilgan. Solihbek va ukasi Yo‘ldoshbek Toshkent shahrini ana shu fitnadan qutqarmoqchi bo‘lishgan”.
Mana shunday murakkab sharoitda ish ko‘rgan Solihbek dodxoh shimoldan kelayotgan xavfni juda nozik ilg‘agan, uni imkon qadar bartaraf etish, yurt boyonlarining boshini qovushtirish, ular o‘rtasidagi shaxsiy kina-adovatni oradan ko‘tarish, xalq og‘irini yengil qilish va osoyishtaligini saqlash payida bo‘lgan. Bundan tashqari, uzoqni ko‘ra olgan Solihbek dodxoh va uning maslakdoshlari chor Rossiyasi bosqini arafasida shaharni mudofaa qilish maqsadida qardosh-qo‘shni mamlakatlarga harbiy-siyosiy yordam so‘rab elchilar yuborishgan: “Kezi kelganda yana bir dalilni eslab o‘tish kerak. Mulla Muhammad Yunus Toib xatti-harakati, Solihbek dodxoh va boshqalar bilan qilingan mashvarat tufayli Alimquli eshik og‘asi Turkiya va boshqa joylarga elchi jo‘natadi”.
Shunday tahlikali, og‘ir bir sharoitda burnining tagidan narini ko‘rmaydigan, faqat o‘z shaxsiy manfaatini ko‘zlaydigan mahalliy savdogarlardan uch yuz nafari “…shaharni tashlab, Chimkentga ruslar panohiga yo‘l oladi”. Eslatib o‘tamiz, bu vaqtda Chimkent zabt etilgan edi. Ularning ayrimlari esa ruslar bilan oshkora yoxud xufyona tarzda “yaqindan hamkorlik” ham o‘rnatadi. Tadqiqotchi bu kabi tarixiy faktlar, dalillar bilan o‘tmishning ziddiyatli, qarama-qarshiliklarga to‘la tomonlarini, noxush holatlarini obyektiv, xolisona yoritadi. Bunday yondashuv kitobning ilmiy qiymatini oshiradi. Bugun unib-o‘sib kelayotgan yosh avlod tarixiy haqiqatni qanday bo‘lishidan qat’i nazar butun murakkabligi bilan xolisona, ro‘y-rost bilishi shart. Mana shundagina uning moziy haqidagi tasavvurlari to‘liq bo‘ladi, undan saboq oladi, tanqidiy idrok etadi hamda bugungi kunlarning qadriga yetadi va kelajakni aniq belgilaydi. O‘tgan kunlar haqida so‘z yuritganda o‘tkinchi, siyosiy konyunktura talablaridan kelib chiqib qalam tebratish hech qachon o‘zini oqlamagan.
Kitobning “Qal’adorlik va surgun” faslida shahar mudofaasini tashkil etishda Solihbek dodxoh boshliq aholining barcha qatlamlari safarbar qilingani, yuzlab harbiy inshootlar qurilgani, shuningdek, har bir daha kishilarining vazifasi aniq belgilanganligi xususida so‘z boradi. Tashkiliy ishlarni amalga oshirgan Solihbek dodxoh yana bir o‘ta muhim narsaga qo‘l uradiki, bu qo‘shinning ruhiy va jangovar qobiliyatini ko‘tarishda, hamjihatlikni ta’minlashda, dushmanga qarshi kurashda samarali yordam bergan: “Shundan so‘ng Mulla Solihbek dodxohning maslahati bilan hajmi 17 mm.ga 8 mm qalin qog‘ozdan “Zulfiqor” tasviri tushirilgan va qilichning dasta va tig‘ qismiga to‘rt xalifa nomi va muborak so‘zlar bitilgan, ko‘krak nishoni ta’sis etiladi. Bu nishon jang oldidan har bir jangchiga beriladi va xalq orasida tarqatiladi”. Tadqiqotchi ayni nishonning suratini kitobga kiritgan.
Toshkent qamali 1865-yilning 27-aprelidan 17-iyuniga qadar davom etadi. Harbiy va son jihatdan dushman kuchliroq bo‘lishiga qaramay, shahar aholisi qattiq qarshilik ko‘rsatgan. Muallif Sirojiddin Ahmad buni tarixchi Muhammad Umar Umidiy Marg‘inoniyning “Tarixchayi Turoniy” asaridan keltirilgan quyidagi ko‘chirma bilan isbotlaydi: “…har kun fuqaroyi Toshkand kuffor birla urushub jangbozlik ko‘rguzur edi. Mulla Solihbek oxund shahar fuqarosig‘a bosh bo‘lub, jang-u jadalga targ‘ib qilib ko‘shish aylar edi”. Shuningdek, tadqiqotchi shahar aholisi tomonidan ko‘rsatilgan qarshilikni rus qo‘shinlari qo‘mondoni ham rasman tan olgani haqidagi hujjatni keltiradi: “Toshkent shahrida jangovar holat 42 kun davom etdi. General-mayor M.Chernyayev Orenburg okrug qo‘shinlari qo‘mondoni Krijanovskiyga 1865-yil 7-iyulda yo‘llagan raportida Toshkentning mislsiz darajada shiddat bilan himoya qilinishi O‘rta Osiyoda sira ko‘rilmagan bo‘lib, bu ushbu shaharning tarixiy hayoti hamda amirdan yordam kelishiga umidvorligi bilan izohlanadi”.
Ming afsuski, aholi intiqlik bilan kutgan yordam kelmaydi. Ustiga-ustak, o‘zlarining tor shaxsiy manfaatlarini ko‘zlovchi Buxoro hukmdori amir Muzaffar hamda Qo‘qon xoni Xudoyorxon butun harbiy kuchlarni bir nuqtaga jamlash o‘rniga o‘zaro to‘qnashuvlar bilan band bo‘ladi. Boz ustiga, yurt egasi bo‘lmish bu hukmdorlar raqib bilan xufiyona yozishmalar olib boradi. Tadqiqotchi bu haqda kuyunib shunday yozadi: “Shuni ochiq aytish kerakki, Chernyayevning g‘alabasidan Xudoyorxonning o‘zi ham manfaatdor edi. U Chernyayev yordamida bir tomondan qirg‘iz-qipchoq fitnalari, ikkinchi tomondan amir Muzaffar qo‘lidan taxtni tortib olmoqchi bo‘ldi; o‘g‘li Ibni Yaminbek orqali zimdan yozishmalar olib bordi”. Olim kitobda Xudoyorxon tomonidan Chernyayevga yozilgan maktubning fotonusxasini keltirib, uni joriy alifboga tabdil ham qilgan.
Sirojiddin Ahmad mahalliy tarixchilarning asarlariga asoslanib, voqea ishtirokchilarining shohidligidan kelib chiqib, rus rasmiy matbuoti nashrlaridan tanqidiy foydalangan holda “Toshkent o‘z ixtiyori bilan Rossiya imperiyasi tarkibiga qo‘shildi” degan soxta, biroq bir qadar ommalashib ulgurgan mulohazani keskin rad etadi hamda qator dalillarni keltiradi: “Chernyayev shaharga bostirib kirganiga qaramay, ko‘chalarda to‘rt kun qattiq janglar davom etayotganini ko‘rib, o‘zi kechroq sulh tuzishni taklif etadi” deb yozadi.
Qizig‘i shundaki, uzoq davom etgan tortishuvlardan keyin tuzilgan tinchlik shartnomasining nusxasi poytaxt Peterburgga yuborilganda “bu shartnoma imperiya manfaatlariga mos kelmaydi” degan mazmunda javob olingan. Uning qayta “tahrir” qilingan nusxasiga esa bizning ahdidan qaytmaydigan, lafzida turadigan millatparvar bobolarimiz qo‘l qo‘ymaydilar. Gap shundaki, birinchidan, shartnoma tuzilgan zahoti xalqqa o‘qib eshittirilgan, ikkinchidan, “yangi” shartnoma millatimizning uzoq muddatli manafaatlariga butunlay zid edi. Aynan shu sababli: “Chernyayevning talabi Mulla Solihbek va uning tarafdorlari tomonidan jiddiy suratda qat’iy rad etildi”. Bundan g‘azablangan Chernyayev Dodxoh va uning sakkiz nafar maslakdoshini surgun qiladi.
Ushbu voqealarning tafsiloti tirik shohid Mulla Solihxo‘ja qorining forsiy tilda bitilgan “Tarixi jadidayi Toshkand” asarida batafsil yoritilgan. Afsuski, bu muhim manba qator tadqiqotlar obyekti bo‘lganiga qaramay, hozirga qadar to‘liq nashr etilgan emas. Asarni o‘zbek tiliga to‘liq tarjima qilib, zarur sharh, ilmiy izohlar bilan chop etish moziyning ko‘plab qorong‘i nuqtalarini oydinlashtirishi, yurtparvar bobolarimizning bugungi yoshlarga ibrat bo‘lgulik nurli hayot yo‘lini butun murakkabligi bilan ko‘rsatib berishi mumkin.
Noiloj qolgan general Chernyayev shahar boyonlariga zug‘um qilib soxta shartnomaga qo‘l qo‘yib tarqatishni buyuradi. Qizig‘i shundaki, siyosiy hujjatga aylangan soxta shartnoma 1927-yili “Yer yuzi” jurnalida chop qilingan. Tadqiqotchi hujjatni joriy alifboga to‘liq tabdil qilib kitobga kiritgan.
Solihbek dodxoh surgunni Tomsk shahrida o‘tayotgan payt tatar millatiga mansub Sayfullaboy degan kishining xonadonida yashab, tabiblik bilan shug‘ullanadi. Odamlarni davolaydi, aholi o‘rtasida katta obro‘-e’tibor qozonadi. Bu vaqt “1867-yili aprel oyida shahar aholisi imperator Aleksandr Ikkinchiga maxsus maktub yo‘llab, Mulla Solihbek oxund va sheriklarini afv etib, Toshkentga qaytarishni so‘rab ariza yo‘llaydi”. Ariza idoralararo sarson bo‘lgani bois oradan 1 yil o‘tib afv haqida qaror chiqadi.
Arxiv hujjatlarining nozik jihatlaridan puxta xabardor Sirojiddin Ahmad Dodxoh bilan aloqador voqealardan xabar beruvchi quyidagi hujjatni tabdil qilib keltiradi: “Arodan uch yil o‘tib, podshoh a’zam imperaturdin ruxsat hosil bo‘lub, Toshkand shahrig‘a yonmoqchi bo‘lgan voqtda mazkur g‘ammoz va mufsidlar eshitib, “Agar kelsalar, bizlarg‘a ko‘p ishlarni qilsalar kerak” deb domla Solihbekni xizmatlarida turg‘on mulozimlarig‘a ul mufsidlar pinhoniy xat birla aqcha va zahar yuborgandurlar. Ul ko‘rnamak mulozimlari dunyo uchun oxirat tashlab, ul marhumga zahar bergonlar”. Ming afsuski, Dodxohdan qolgan omonatni oilasiga yetkazmoqchi bo‘lgan kishining qismati xuddi Solihbek oxund singari bo‘ladi: “1869-yil yoz oyida Sayfullaboyning o‘g‘li Mulla Solihbekdan qolgan mulk va mablag‘ni Toshkentga olib kelib marhumning xonadoniga topshirmoqchi bo‘ldi. Ammo u kelgach sir ochilib qolishidan qo‘rqqan kishilar uni o‘ldirib yuborishadi…”
Bulardan tashqari, kitobda N.Ostroumov to‘plagan materiallardan ham tanqidiy va unumli foydalanilgan. Shuningdek, Dodxohning avlodlari xotiralari, xususan, farzandi Sobirbek haqidagi ma’rifatparvar ziyoli Murodxo‘ja Solihiyning esdaliklari va yana nabirasi N.Ubaydullabekovning otasi haqidagi xotiralari shular jumlasidandir. Bu kabi yodnomalarda ul zoti muhtaram butun bo‘y-basti, saviya va sajiyasi bilan yorqin namoyon bo‘ladi. Kitobdan, shuningdek, ilovalar, tarixiy shaxslar haqidagi ma’lumotlar hamda arxiv hujjatlari, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati ham joy olgan. Bular bari tadqiqotning ilmiy qiymatini belgilab, uning ahamiyatini ko‘rsatadi.
Qisqasi, tadqiqot moziy bilan bugunni bog‘laydi, uning ijobiy va salbiy tomonlarini haqqoniy yoritadi, tarixdan saboq olishga chaqiradi. Eng muhimi, vatan uchun jon fido qilgan bobolarimizni bir zum bo‘lsa-da unutishga haqqimiz yo‘qligini bizga eslatib turadi.
Abdurasul ESHONBOBOYEV,
Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi ilmiy xodimi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 23-maydagi 21-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596
