06.06.2025 | 16:14
720
BIRINCHI DODXOH AYOL
“Millat onasi” degan nomga har qanday ayol ham munosib bo‘la oladimi? Qurbonjon dodxoh haqida bilasizmi? Unda keling, hammasini bir boshidan boshlaymiz.

1811-yil 22-may. O‘sh yaqinidagi qirg‘iz ovullaridan birida ayni Hayit kuni bir qizaloq dunyoga keladi. Unga Qurbonjon degan ism qo‘yishdi. U yigirma yoshiga qadar oddiy oilaning qizlariday o‘sgan bo‘lishiga qaramay, nigohi o‘tkir, aql jihatdan boshqalardan farqlanib turadigan, haq so‘zni yuzaga chiqarish uchun harakat qiladigan g‘ururli qiz bo‘lib ulg‘aygan. Ota-onasining qistoviga ko‘ra, birinchi turmushini o‘zi istamagan yigit bilan quradi. Majburiy nikoh uzoqqa cho‘zilmadi. Keyinchalik u o‘zi kabi dovyurak va dono, Oloy qirg‘izlarining boshchisi – Olimbek dodxohning nazariga tushib, unga yigirma bir yoshida turmushga chiqadi. Baxtli hayotining dastlabki yillarida besh farzandning onasi bo‘lgan Qurbonjon zehni o‘tkirligi tufayli erining maslahatchisiga aylandi. Ular yigirma to‘qqiz yil birga umr kechirgandan so‘ng Olimbek dodxoh xon saroyning fitnachilari tomonidan qasddan o‘ldiriladi. Dodxohlik esa hukumat ishlaridan yaxshi xabardor Qurbonjonga o‘tadi.
Bu fursatdan foydalanib qolish maqsadida Qo‘qon xoni ko‘chmanchi qirg‘izlarga ham soliq sola boshlaydi. Adolatsizlikni payqagan ayol bunga qarshi chiqib, xalqini himoya qilish uchun kurashadi. Bu ayolning ovuldoshlari va butun qirg‘iz qabilalari tomonidan hurmat qilinganini ko‘rgan Qo‘qon xoni unga rasman dodxoh unvonini beradi. Yuqori salohiyatga ega zukko ayol boshqaruvining dovrug‘i Buxoro amirigacha yetadi. Shu tariqa u birato‘la ham Buxoro amirligining, ham Qo‘qon xonligining yuqori lavozimiga tayinlanadi. E’tiborli jihati shundaki, xonlik va amirlik doimiy nizolar ostida bo‘lgan. Bir vaqtning o‘zida ikkala hukumatda ham birdek faoliyat olib borish faqat mahoratli dodxohning qo‘lidan keladi.
Qurbonjon o‘z qo‘l ostidagi o‘n ming otlik lashkarga boshchilik qilib yurgan bir davrda Chor hukumati qo‘shinlari Qo‘qon xonligi hududiga bostirib kirib, uni egallaydi. Shu bilan birga janubiy qirg‘iz viloyatlari, xususan, Oloy bo‘ysundirilmaganligicha qoladi. Bir qancha vaqt Oloy qirg‘izlari Qurbonjon dodxoh boshchiligida ularga bo‘yin egmagan. Afsuski, katta kuchga ega bo‘lgan imperiya chekka ovullarga ham qonga botgan qo‘llarini cho‘zishda davom etgan.
1876-yil 25-aprelda qirg‘iz va rus qo‘shinlari o‘rtasida birinchi keng ko‘lamli jang bo‘lib, u kun bo‘yi davom etadi. Afsuski, rus otryadi dushmanni o‘z pozitsiyalaridan siqib chiqarishga erishdi. Katta yo‘qotishlarga uchragan oloyliklar chekinishga majbur bo‘lishadi. Zamonaviy qurol-yaroqqa ega bo‘lgan ko‘p askarli dushman butun boshli Turkiston o‘lkasini bosib olganligi bois Qurbonjon dodxoh ojiz qoladi. Chunki kuchlar teng emas, oddiy xalq qo‘lbola qurollar bilan maxsus tayyorgarlik ko‘rgan qo‘shinni yenga olmasdi. Shu sababli Oloy malikasi tinchlik sulhini tuzish uchun Mixail Skobelev yoniga boradi. Suhbatni xushmuomalalik ila boshlagan general: “Ey qancha mard o‘g‘illarning onasi, meni ham o‘z o‘g‘ling deb bil!”, deydi.
Skobelevning shartiga binoan dodxoh o‘g‘illariga qarshilikni to‘xtatish to‘g‘risidagi maktubni yozishga rozi bo‘ldi. Evaziga uning barcha tarafdorlari, birinchi navbatda o‘g‘illari uchun xavfsizlik ta’minlanishi, shuningdek, yangi tashkil etilgan hokimiyatda boshqaruv lavozimlariga yaqinlari tayinlanishi lozim edi. Millat boshiga tushgan og‘ir kunlarni his qilib turgan Qurbonjon o‘z xalqi begona boshqaruvchilar qo‘lida qolib ketmasligini istadi.
General rozi bo‘ladi va keyin dodxoh Oloy qirg‘izlari yerlarini imperiyaga qo‘shib olinganini noiloj rasman e’lon qiladi. Uning birgina maqsadi – tinchlik yo‘li bilan murosaga kelish va aholini omon saqlab qolish bo‘lgan. Shu tariqa Oloy hududida beshta volost tashkil topdi, ulardan to‘rttasi: Kichi-Olay, Naukat, Gulchin va O‘zgan – Qurbonjon dodxoh shartiga ko‘ra, uning o‘g‘illari Qamchibek, Mamitbek, Asanbek tasarrufiga o‘tdi. Faqat malikaning to‘ng‘ich o‘g‘li Abdullabek Oloyga qaytmadi.
Bosib olingan yerlarni bo‘laklarga bo‘lib tashlash bosqinchi imperiyaning “Bo‘lib tashla va egalik qil” shiorining amaldagi ko‘rinishi edi. Birlashgan o‘zar, birlashmagan to‘zar, deganlariday birlasha olmaslik, Turkiston o‘lkasining qaram bo‘lib qolishiga olib keldi. Oloy hududlari bo‘lib tashlanishidan oldin bo‘ysindirilishi qiyin kechgan.
1893-yilda rus bojxona inspektori ikki qo‘riqchi hamrohligida Qurbonjon dodxoh o‘g‘illaridan biri – Qamchibekning uyiga tintuv o‘tkazgani keladi. Bu ishlar mustabid hukumatning xiylasi edi. O‘sha vaqtda Qamchibek uyda bo‘lmagan. Bojxonachilar uning rafiqasida zargarlik buyumlari bor, degan bahona bilan o‘rim sochini kesib, haqorat qiladi. Qamchibekning yordamchisi Akbalbon qasos olish maqsadida bosh qorovulni ham, uning sheriklarini ham o‘ldiradi.
Bundan g‘azablangan podsho hukumati 1895-yil 3-martda O‘shning markaziy maydonida Qurbonjonning ko‘z o‘ngida suyukli o‘g‘li Qamchibek va yordamchisini dorga tortadi. Bundan ko‘zlangan asl maqsad dodxohni ruhan sindirish edi. Aytishlaricha, birinchi urinish muvaffaqiyasiz tugagan, arqon uzilib ketganini ko‘rib turgan jabrdiyda ona jazoni bekor qilishni so‘raydi. “Ana, ko‘rdingmi, Xudoga ham xush kelmayapti bu!” deyishiga qaramasdan ijroni nazorat qiluvchi amaldor ikkinchi marta buyruq bergan. Onaizor shu vaziyatda bosh ko‘tarib, xalqni zolimlarga qarshi qayrashga qodir edi. Ammo minglab odamlarning hayotini birgina jigarbandining joniga almashmadi. Shunda ham xalqning g‘ururini ko‘tarish uchun o‘zida kuch to‘plab, o‘g‘liga qarata “O‘limga tik qara!” deya olgan.
O‘g‘lining vafoti Qurbonjonga kuchli ruhiy ta’sir ko‘rsatdi. Natijada, u jamoatchilikni, mol-mulkini tashlab, uzlatga chekindi. Qahramonimiz O‘sh yaqinidagi Madiy qishlog‘idan qo‘nim topdi.
Qurbonjon dodxohning yurtsevarligi, aql-u zakovati, jasorati Turkistonning kelajak avlod qizlariga meros bo‘lib qolajak.
Ro‘za KARIMOVA,
mustaqil tadqiqotchi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 30-maydagi 22-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
591



