Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


15.06.2026 | 15:55

img2022

MUTAFAKKIR. BASHORAT VA VASIYAT

“Jadid” gazetamizning o‘tgan, ya’ni 5-iyun sonida ustoz Ibrohim G‘afurovning qariyb sakson yillik sirdosh do‘sti, safdoshi va maslakdoshi, O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov haqidagi ikki sahifadan iborat xotiralarini o‘qigan edik. Ushbu “Bolalik hikoyalari” bilan tanishgan kishilarning barchasi to‘qson yosh ostonasiga qadam qo‘ygan, og‘ir xastalikni boshidan kechirayotgan mutafakkir adibning botiniy kuch-shijoati, aql-idrok va hofiza quvvatiga yana bir bor tan bergan edi.

Lekin, vodarig‘, taqdiri azalning ilohiy hukmini qarangki, oradan bir hafta o‘tib, u kishining o‘zlari xususida mana shu yodnoma so‘zlarini bitishga to‘g‘ri kelib turibdi.

Bu qayg‘uli voqeadan dastlab davlatimiz rahbarini voqif qildik. Shavkat Miromonovich barcha ziyolilar, ilm-fan va ijod ahli qatori Ibrohim G‘afurovni ham g‘oyat e’zozlar, izzat-hurmatini joyiga qo‘yar edilar. Bu xabarni eshitib, u kishi juda mutaassir bo‘ldilar. Davlat va hukumat rahbarlari nomidan e’lon qilinadigan ta’ziyanomaga imzo chekar ekan, Ibrohim akaning oila a’zolari, barcha yaqinlariga o‘z hamdardligini yetkazib qo‘yishimizni so‘radilar. Suhbat asnosi marhum adibimizning ezgu fazilatlarini yana bir bor hurmat bilan esladilar:

“Ibrohim G‘afurov timsolida men butun hayotini ma’naviyat, ma’rifat ravnaqiga bag‘ishlagan fidoyi, halol, kamtarin bir insonni ko‘rar edim. U kishi o‘zi sevgan, ixlos qo‘ygan buyuk Navoiy bobomiz kabi yuragi pok, oliyjanob, matonatli shaxs edi. Shu bois bundan besh yil oldin el-yurtimizga juda katta xizmat qilgan, o‘zining huzur-halovati, oromidan kechib, odamlarga, jamiyatga bir umr ilm-u ziyo, ma’rifat ulashib yashagan ulug‘ adibimizga “O‘zbekiston Qahramoni” degan yuksak unvon berish to‘g‘risidagi Farmonga xursandchilik bilan imzo chekkan edim.

Yaxshi esimda, bir kuni Erkin Vohidov bilan ona tilimiz haqida so‘zlashib qoldik. Shunda, u kishi bir gap aytdi: “Agar kimda-kim o‘zbek tilining bor jozibasi, tarovatini his etmoqchi bo‘lsa, Ibrohim G‘afurovga, uning asarlariga murojaat qilishi kerak”.

Bu gapni Erkin aka chin yurakdan, mehr bilan, samimiyat bilan ta’kidlagan edi. Bu fikrda katta ma’no, katta haqiqat bor, deb o‘ylayman… Yaratgan parvardigor Ibrohim akamizning oxiratini obod qilsin”.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari qahramon adibimizning dafn va ta’ziya marosimlarini munosib darajada o‘tkazish to‘g‘risida tegishli mutasaddilarga topshiriq berib, yana bir bor adabiyot va madaniyat ahliga, butun xalqimizga hamdardlik izhor qildilar.

* * *

Ertaga ne bo‘lishini, albatta, Alloh taolodan o‘zga hech bir zot bilmaydi, ammo ajib bir holat ko‘pchilikka tanish. Ya’ni, ba’zi insonlar vafot etgach, yaqinlari, yor-birodarlari u kishini “Rahmatli xuddi bu dunyodan ketarini bilgandek gapirgan edi-ya”, deb mahzun bir hayrat ila eslaydilar.

Bugun ustozning “Jadid”da bosilgan so‘nggi bitiklarini qayta o‘qir ekanman, garchand ular Erkin Vohidov to‘g‘risida bo‘lsa-da, ayrim o‘rinlari menga baayni Ibrohim akaning o‘zi haqida yozilgandek tuyulmoqda:

“Birdan bolalarning gap-so‘zlarini aniq-taniq eshita boshladi: “Xasti imomga boraylik. Erkinga Xasti imomni ko‘rsatamiz. U yerdagi chinorni, eski mozorni, machitni ko‘rsin…”

“Xasti imom… Rost… Xasti imomni ko‘rmaganman. Katta, chiroyli maqbara bor emish… Hazrati imom… Ko‘rmaganman… Bilmayman…”.

Ibrohim aka ana o‘sha afsonaviy Xasti imom mavzesiga yondosh Teshik qopqoq (Teshik qopqa) mahallasida tug‘ilgan, bolalik do‘sti, sinfdoshi, Erkin Vohidovning bu joylarga talpinishi bejiz emas edi. Chunki bo‘lg‘usi shoirning ota-onasi shu ko‘hna mozoristonga dafn etilgan edi. O‘spirin chog‘ida o‘rtoqlari bilan Kalkovuz (Kaykovus) anhorida cho‘milib qaytishar ekan, Erkin Vohidovning beixtiyor:

“Ota-onamni ko‘rishim kerak. Ular shu yerda. Teshik qopqoqda, qabrda… ko‘rishim kerak… ko‘rishim kerak… ko‘rishim kerak… sog‘indim juda…”, deya ko‘zlari yoshlanadi.

Hasrat va anduhga to‘la bu so‘zlar muborak juma kuni gazeta sahifalarida chop etilgan edi. Shanba kuni, peshin chog‘i esa Ibrohim aka bandalikni bajo keltirdi. Yakshanba tong saharida, osmonda hali olis yulduzlar shu’lasi o‘chib ulgurmagan subhi sodiqda shahar markazida joylashgan, eski konservatoriya qarshisidagi mashhur Yozuvchilar uyi hovlisidan donishmand allomaning parqudek yengil tobuti oxirat safariga ko‘tarildi. Bino oldidagi maydoncha va uning yon-atroflari ustozning qavm-u qarindoshlari, mahalla-ko‘y, hamkasb-u shogirdlari, turli daha va mavzelardan yetib kelgan yuzlab muxlislari bilan liq to‘ldi.

Shunda hech kutilmagan, barchaning e’tiborini o‘ziga tortgan bir voqea sodir bo‘ldi: maydonga kulrang tusdagi bir xil to‘n-do‘ppi kiyib, adras qiyiq bilan belini bog‘lagan yigirma chog‘li navqiron yigitlar bir saf bo‘lib kirib kelishdi va bahamjihat bo‘lib, tobutga yelka tutishdi. G‘ira-shira qorong‘ilikda ularning ayrimlarini tanigandek ham bo‘ldim: Rustam Mirvohid, Shodi Otamurod, Shahriyor Shavkat, Erkin Hojimuhammad, Muhammad Siddiq, Masihulloh Madaminov, Fozil Farhod, Muhammadali G‘afforov, Ozodbek Ravshanov, G‘iyosiddin O‘nar kabi shoir-adiblar ekan.

Yonimda turgan salobatli, kayvoni oqsoqollarimizdan biri boshi bilan ishora qilib, “Bular, albatta, Ibrohimjon akaning farzandlari bo‘lsa kerak?” deb so‘radi. “Shunday, – dedim bo‘g‘zimga tiqilib kelgan xo‘rsiniqni arang yutib. – Ma’naviy farzandlari”.

Keyin bilsam, bu esli, diyonatli yoshlar “Ustozning farzandlari Humoyun akamiz yolg‘iz o‘g‘il ekanlar, yolg‘izligi bilinmasin”, deb shunday qaror qilishgan ekan.

Holbuki, marhumning jon-jigarlari, kuyovlari, nabira-yu jiyanlari Humoyunning yonida bel bog‘lab turishardi. Uyushmamiz rahbarlari Minhojiddin Mirzo, G‘ayrat Majid kabi do‘stlarimiz ham motam libosida edilar.

Marhum pir-u ustozlarga bu kabi yuksak hurmat, mehr-oqibat va sadoqat namunasini bir paytlar orqasida o‘g‘il-qizi, zuryodi qolmagan Abdulla Qahhor vafot etganida, rahmatli O‘lmas Umarbekov boshliq o‘n nafar yosh adib xuddi shu tarzda namoyon etganini, buyuk adibning ta’ziyasida hassakash bo‘lib turganini menga bu voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Nosir aka Fozilov so‘zlab bergan edi.

Alloh barchalaringizdan rozi bo‘lsin, arjumand birodarlarim…

Shahar markazidan qo‘zg‘algan tumonat odam Xasti imom masjidiga yetib bordik. Bomdod namozi o‘qildi. Muftiy, shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari kuni kecha muborak haj safaridan qaytib kelgan, biroz shamollagan, horg‘in edilar. Ammo azbaroyi adabiyotimiz darg‘asiga bo‘lgan hurmat-ehtiromlari bois bu yerga tashrif buyurib, janoza namoziga o‘zlari imomlik qildilar. Muxtasar va’z aytib, ustozimiz xotirasini yodga oldilar:

“Imom Termiziy hazratlari rivoyat qilgan muborak hadisda aytilishicha, odam bolasi vafot etganidan so‘ng amali kesilar, ya’ni, uning hech qanday savobli ish qilishga imkoniyati qolmas ekan. Faqat uch narsa bundan mustasno. Birinchisi – sadaqayi joriya, ikkinchisi – foydali ilm, uchinchisi – marhumning haqiga duo qilguvchi solih farzandlardan borib turadigan savob to‘xtamas ekan. Sadaqayi joriya deb bu foniy dunyoda qilingan, el-yurtga naf keltiradigan xayrli amallarga aytiladi. Chunonchi, yo‘l yoki ko‘prik, maktab, madrasa yoki masjid, shifoxona qurish, bog‘-rog‘lar yaratish…

Agarki kishi o‘zidan keyin xalq uchun manfaatli bir ma’naviy meros, yaxshi kitob, bilimli, iymonli shogird qoldirgan bo‘lsa, toki uning ilmi-yu ijodidan insonlar bahramand bo‘lar ekan, bunday odamning ham vafotidan so‘ng amali kesilmas ekan.

Rahmatli Ibrohimjon akamiz Alloh taboraka taoloning ana shunday saodatli bandalaridan ekanki, ortlaridan ko‘p oliyjanob ishlar, Haqni tanishga, ezgulikni ulug‘lashga chaqiradigan o‘nlab kitoblar, munosib shogirdlar, solih va soliha farzand-u nabiralar qoldirdilar.

U kishining “Hayo – xaloskor” degan bir kitobi bor, katta e’tibor va qanoat bilan o‘qiganman. Aziz birodarlar, sizlarga ham o‘qishni tavsiya qilaman. Zero, hayo – iymonning bir ustuni, buyuk ne’mat ekanini hisobga olsak, muhtaram adibimiz bu kitobi bilan qanday ulug‘ va xayrli ishni amalga oshirib ketganliklarini anglashimiz mumkin bo‘ladi. Kamina xodimingiz ham u kishining ummondek cheksiz ilmidan, nurli ijodidan bahramand bo‘lgan odamlar qatorida ekanim bilan doimo faxrlanaman. Ilohim, Parvardigori olam u zotni o‘z rahmatiga olib, joylarini jannati na’imlardan nasib etsin…”.

Janoza ham tugadi, Teshik qopqoq qabristoniga qarab yo‘l oldik. Ming yillik tarixlarni ko‘rgan, ne-ne sir-sinoatlarga guvoh bo‘lgan Toshkandning bu qadim ko‘chalari bo‘ylab tobut ortidan qayg‘u ila ergashib borar ekanman, “Ota-onamni ko‘rishim kerak. Ular shu yerda. Teshik qopqoqda… sog‘indim juda…” degan so‘zlar qulog‘im ostida yangrar, ular Ibrohim akaning ko‘ngil tubidan chiqqan faryodga o‘xshab tuyular edi.

Butun borliq sirli sukunat og‘ushida, bobo quyosh ham hali ufqdan bosh ko‘tarmagan, kecha-yu kunduz olam dengizidek guvillab yotadigan ulkan shahar suv quygandek tip-tinch, bamisoli tabiatning o‘zi ham bu ulug‘ farzandi bilan so‘zsiz-unsiz vidolashmoqda edi.

Hademay, Ibrohim aka “Jadid”dagi o‘sha maqolasida yozganidek, “Teshik qopqoq mozorining darvozasiga yetib bordik…. Darvoza haddan tashqari eski, bir zamonlar unga o‘yib solingan turli gajim naqshlar qorayib, tund tusga kirgan, yorilgan, lekin hali mustahkam edi…”

Albatta, endi u qopqaning o‘rniga zamonasiga mos va xos, yangi, muhtasham darvoza o‘rnatilgan edi. Motam ahli qabriston yo‘lagidan ichkariga kirib keldi. Va shunda barchani tong qoldirib, yana bir ajib hodisa yuz berdi: to‘rdagi – kunchiqar tomonga qaratib solingan oynaband ayvonning baland ustunlariga qator qilib osilgan, bilmadim, o‘n besh yoki yigirma chog‘li to‘rqovoqlardagi bedanalar, xuddi ularga kimdir buyruq bergandek, birdaniga paydar-pay, dardli bir ovozda sayray ketdi. Hammamiz lol bo‘lib qoldik. Go‘yoki Xudoning bu beozor qushchalari o‘z tilida so‘zlab-bo‘zlab, o‘zlari kabi beozor bir insonni so‘nggi yo‘lga kuzatayotgandek edi…

Qulog‘im ostida esa hamon maqoladagi so‘zlar:

“Otam ham shu darvozadan kirgan, onam ham shu darvozadan kirgan…”

Ajabo! Axir, ustozimizni dafn etish to‘g‘risida yaqinlari bilan mashvarat-kengash qilganimizda dastlab bir necha boshqa joylar, jumladan, “Forobiy” (Chig‘atoy) qabristoni ham tilga olingan edi. Lekin, oxir-oqibatda, xonadon egalari u kishini o‘zlarining oilaviy xilxonasi bo‘lmish Teshik qopqoq mozoriga dafn etishga qaror qildilar va shu bois biz hozir shu yerga kelib turgan edik. Albatta, bunda ham yolg‘iz Alloh taoloning o‘ziga ma’lum bo‘lgan pinhoniy bir hikmat bordir.

“Tobut ko‘targan izdihom aylanib-aylanib, daraxtlar, butalar orasida to‘xtadi. Mozorni may oyida juda qalin, odam bo‘yi barobar qalin o‘t bosgan edi. Qabr qazilgan edi”.

Muftiy hazrat boshchiligida bir necha kishi qabr yaqinidagi shiyponchaga chiqib o‘ltirdik. Beixtiyor yon-atrofga razm solaman – manzara ayni Ibrohim aka tasvirlagandek:

“U yerda juda katta qo‘noq tut daraxti tarvaqaylab o‘sgan, mevalari yerga gilamday to‘kilib, sariq magiz bo‘lib qolgan edi”. 

Habibulloh qori “Taborak”ni odamni sel qilguvchi qiroat bilan tilovat qildi. Shayx janoblari fotiha o‘qidi.

Shu tariqa o‘zbek xalqining ulug‘ farzandi, ulug‘ mutafakkirini ona yer bag‘riga, o‘zi ardoqlab-suygan, intilib-talpingan tabarruk maskan bag‘riga topshirdik. Ammo ustozning g‘oyibona savollari har birimizni so‘roqqa tutar edi:

“Qabristonlar, maqbaralarni Adam sahrosi der ekanlar. Nega? Nega Adam sahrosi? Yo‘qlik, bebunyod der ekanlar. Bebunyod va yo‘qlik nima? Nima degani? Mana shu bugun biz uchratgan narsa yo‘qlik dunyosimi?”

Mana shunday ezgin o‘y-xayollar og‘ushida “mozordan hammamiz ma’yusgina bo‘lib chiqqanimizdan keyin” yana shahar markaziga qaytdik. Ta’ziya marosimi boshlandi.

Uch kun mobaynida bu dargohdan azim Toshkentning, butun mamlakatning adib-u arboblari, ulamo-yu olimlari, fozil-u kiromlari, siyosat, madaniyat va ish odamlarining, yosh avlod, turli millat va elat vakillarining qadami uzilmadi.

Uch kun mobaynida qarindoshlari, do‘st-u yorlari, shogirdlari marhum, mag‘fur Ibrohim G‘afurovning go‘zal insoniy fazilatlarini eslab o‘ltirdilar.

* * *

Shuhrat Rizayev: “Bundan bir yarim oylar oldin edi, bahor bo‘lsayam, havo xuddi yozning kunidek isib ketgan. Ishxonada o‘tirsam, to‘satdan Ibrohim aka kelib qoldilar. Anchadan beri toblari yo‘qligini bilardim, shuning uchun ham hayron bo‘ldim, ham ko‘rganimdan xursand bo‘ldim. “Bahay, bu jaziramada biz tomonlarga qaysi shamol uchirdi, Ibrohim aka?” deb so‘radim.

Rahmatli ustoz Yozuvchilar uyushmasiga borgan ekanlar. “Ishimni bitirib, bir yo‘la Adiblar xiyobonini ham ziyorat qildim, – dedilar. – U yerdan chiqib, yoshlik davrlarni eslab, suv yoqalab sizning oldingizga kelaverdim”, deb kulib qo‘ydilar. Odamlar bunday paytda ulovda yurish tugul, uydan chiqqani erinadi. Ustoz esa shuncha yo‘lni piyoda bosib kelibdilar.

Biroz gurunglashib o‘tirdik. Bizga nima xizmat, deb so‘radim.

“Komil Yormatov elliginchi yillarda “Opa-singil Rahmonovalar” degan kino olgan edi. Shu filmdagi bir faktni aniqlash zarur bo‘lib qoldi, – dedilar. – Sizlar bilsalaringiz kerak, deb keldim”.

Tezda tegishli xodimni chaqirib, so‘ragan ma’lumotlarini topib berdik. Gap orasida “Shuhratjon, “Ulug‘ amir va donna Mariya” degan film chiqibdi, matbuotda ko‘p gaplar yozilyapti, premyerasi ham bo‘lib o‘tibdi, nega meni chaqirmadinglar?” deb ginaxonlik qilgandek bo‘ldilar.

“Betob ekaningizni eshitib, bezovta qilmaylik, degan edik. Bo‘ldi, ustoz, siz uchun yana bir namoyishini tashkil qilamiz”, degan edim, “Yo‘q, rahmat, ovora bo‘lmang, Telegramdan tashlab qo‘ysangiz, uyda telefonimdan bemalol ko‘rardim”, dedilar. Iltimoslarini bajo keltirdik. Ertasiga qo‘ng‘iroq qilib, “Bu juda katta film ekan, telefon ekranidan ko‘rish noqulay bo‘lyapti, nima qilsak bo‘ladi?” deb so‘radilar. Indin kuni ishxonaga taklif qildim. Kichkina zalda besh-olti kishi birgalikda tomosha qildik. Ustoz toliqib, charchab qolmasmikinlar, degan xavotirda edim, yo‘q, ekrandan ko‘z uzmay, berilib, diqqat-e’tibor bilan ko‘rdilar. Namoyish tugagach, ancha jo‘yali fikr-mulohazalar bildirdilar. Xayrlashdik.

Ertasiga yana qo‘ng‘iroq qilib, “Shuhrat, hali ham filmning ta’sirida yuribman, – dedilar. – Kecha uni ko‘rib bo‘lganimdan so‘ng, nimaga Amir Temur siymosi juda qisqa ko‘rsatildi ekan, degan xayolga borgan edim. Endi o‘ylab qarasam, shunisi to‘g‘ri bo‘libdi. Hazrati Sohibqirondek betakror shaxs obrazini yaratishga qodir aktyor topilmagan ekan-da. Negaki, bu rolni ijro etadigan san’atkor Amir Temurdek fikrlashi kerak, afsuski, bunday artistlar dunyo miqyosida hisoblaganda ham sanoqli. Film mualliflari shu holatni e’tiborga olib ish tutgan ekan”, dedilar.

Rahmatli Ibrohim aka ana shunday – har qanday masalaning mohiyatini teran anglaydigan zakiy inson edi”.

* * *

Ashurali Jo‘rayev: “Baxtli odam ekanman, shunday ulug‘ ijodkor, ustoz-murabbiy bilan ko‘p yillar birga ishlash nasib etdi. U kishining bilim va tafakkuri, mehnatkashligini so‘z bilan ifoda qilishga ojizman. Ko‘p guvohi bo‘lganman, kuzatganman – Ibrohim aka ertalab ishga kelganida egnidagi ohorli ko‘ylagining yenglari qordek oppoq bo‘lardi. Lekin kun bo‘yi qo‘lyozmalar, gazeta grankalari ustida muk tushib, qaro terga botib ishlagani uchun kechki paytga borib oq ko‘ylagining yenglari qop-qora bo‘lib ketar edi.

Adabiyotning chinakam jonkuyari, fidoyisi edi. O‘zbekistonning qaysi shahar, qaysi qishloq yoki ovuli bo‘lmasin, “yilt” etgan biror iste’dodni ko‘rib-eshitib qolsa, xuddi tilla yombi topib olgan odamdek quvonib ketar, ana shu yosh shoir yoki adibga, adabiyotshunosga, albatta, e’tibor qaratar edi. Keksalik, bemorlik chog‘larida ham bu odat ustozni tark etmadi. Adabiyotimizda paydo bo‘lgan katta-kichik barcha asarlarni o‘qib, kuzatib borar edi. Hech esimdan chiqmaydi, Botir Zokirov haqidagi kitobimni xastalik paytlarida o‘qib, menga atay qo‘ng‘iroq qilib, qimmatli fikrlarini bildirdi, ko‘p yaxshi tavsiyalar berdi. U kishi keksa-yu yosh o‘nlab ijodkorlardan, shogird va izdoshlaridan ham mehri va marhamatini hech qachon darig‘ tutmas edi”.

* * *

Xurshid Do‘stmuhammad: “Eslasangiz, Ibrohim aka bir mansurasida “Ma’ruf zotning quroli yo‘q, faqat savollari bor”, deb yozganlar. Bu so‘zlar umr bo‘yi izlanish ustozning hayoti mazmuniga aylanganidan darak beradi. Ibrohim G‘afurovga in’om etilgan kashfiyotga tashnalik tuyg‘usi, mana, to‘qson yildirki u kishini biron yil, biron oy, biron kun tark etmadi.

Bir kuni mendan: “Uelbekni o‘qiganmisiz?” deb so‘rab qoldilar. “Yo‘q”, degan edim, ranjigandek bo‘ldilar. “Butun Yevropada nomi tildan tushmayotgan adib ijodidan bexabar odam qanday qilib o‘zini yozuvchi deya oladi?” dedilar. So‘ng “Bekketning “Dante” degan hikoyasi bor, bilasizmi?” dedilar. Har qalay, bunisidan xabarim bor edi. O‘qiganimni bilgach, yuzlari yorishib ketdi. “Ajoyib hikoya! – dedilar. – Qayta-qayta o‘qishga arziydi…”

Milliy madaniyatimiz tarixida badiiy tarjima alohida oltin sahifalarni tashkil etadi. Ibrohim akaning bu sohadagi beqiyos, barakali ijodiga asoslanib, zarracha ikkilanmay aytish mumkin: o‘zbek tarjima maktabi dunyodagi hech bir millatning tarjima maktabidan kam emas – uning tarixi, ilmi, amaliyoti, erishgan ulkan yutuqlari bilan har qancha faxrlansak, arziydi”.

* * *

Firdavs Abduxoliqov: “Bundan yetti-sakkiz yil oldin Ibrohim G‘afurov bilan Sankt-Peterburg shahriga ijodiy safarga bordik. U yerdagi olamga mashhur Ermitaj muzeyida 1941-yili – fashistlarga qarshi dahshatli urush boshlangan, to‘rt tomonda bombalar portlab turgan og‘ir kunlarda Alisher Navoiy bobomizning 500 yillik yubileyi nishonlangan. Ana shu tarixiy voqeaga bag‘ishlab, muzeyda rossiyalik va o‘zbekistonlik olim-u adiblar ishtirokida xotira kechasi o‘tkazildi. Bilasizlar, Ermitajda akademik Boris Piotrovskiy rahbarligida butun dunyoga dong taratgan katta olimlar, professor-u akademiklar ishlaydi. Bu anjumanda ham ularning aksariyati qatnashayotgan edi. So‘z navbati bizga, O‘zbekiston delegatsiyasi vakillariga kelganida, Ibrohim aka jahon ilm-fani, tarixi va falsafasi, adabiyoti va san’ati haqida, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi madaniy aloqalar, ularning o‘tmishi, buguni va istiqboli xususida shunday ma’ruza qildilarki, butun zal suv quygandek jim bo‘lib tingladi. Domla Alisher Navoiy va Aleksandr Pushkin, Ahmad Yassaviy va Lev Tolstoy, Fyodor Dostoyevskiy va Abdulla Qodiriy to‘g‘risida, Bartold, Bertels, Konrad degan qator allomalar haqida favqulodda o‘tkir fikrlar bildirdilar. U kishi so‘zlarini tugatganda zalni gulduros qarsaklar tutib ketdi. Boris Piotrovskiy bilan birga Irina Popova degan mashhur san’atshunos olima o‘rnidan turib, ustozga alohida, qizg‘in minnatdorlik bildirdilar. Men ana shunda ilmiy darajasi fan nomzodi bo‘lgan bu kamtarin insonning manaman degan akademikdan qolishmaydigan intellektual salohiyat egasi ekaniga ishonch hosil qilgan edim”.

* * *

Sodiqjon Turdiyev: “Ibrohimjon aka O‘zbekiston nuroniylarining eng mo‘tabar, peshqadam namoyandasi, chinakam faxri edi. Barcha tadbirlarimizda faol ishtirok etar edi. Dunyoqarashi, Vatanga sadoqati, mehnatkashligi bilan u kishi haqiqiy qahramon edi. Ilm-u ijodda qanchalik ulug‘ bo‘lsa, hayotda shunchalik kamtar inson edi. Qarangki, Xudoning qanday suyukli bandasi ekanki, nihoyatda oson, yengil o‘lim nasib etibdi. Albatta, Alloh bilguvchidir, lekin Ibrohimjon aka tabiatan muloyim, xoksor, boshqalarga og‘irligi, tashvishini solmaydigan beozor odam bo‘lgani uchundir balki, shanba kuni omonatni topshirib, yakshanba kuni so‘nggi manzilga kuzatildilar”.

* * *

Iqbol Mirzo: “Ibrohim aka Erkin Vohidov kabi men bu dunyoga kelib topgan talabchan va mehribon ustoz edilar. Ilk mashqlarimdan tortib shu kunlarda yaratayotgan asarlarimgacha hammasini, “Jadid”ning har bir sonini o‘qib, doimo xolis, ochiq va dangal baho berar edilar. Hatto, “Bonu” romanimga alohida so‘zboshi ham yozib bergan edilar. Bu asar haqida ko‘p fikr-mulohazalar bildirilgan, ammo hech kim uni ustozdek chuqur tahlil qilib bera olmagan.

Erkin Vohidov haqidagi gazetamizda bosilgan maqola ustida ko‘pdan buyon ishlar edilar. Nihoyat, uch-to‘rt kun oldin qo‘ng‘iroq qilib, yozib bitirganliklarini ma’lum qildilar. Keyin esa “Iqboljon, kompyuterda ko‘chirtirishga ulgurolmadim, aybga buyurmaysizlar”, deb uzrxohlik qildilar… Darhaqiqat, Erkin ustoz aytganlaridek, “Ibrohim G‘afurov bu dunyoning odami emas edilar”.

* * *

Minhojiddin Mirzo: “Ramazon hayitining ilk kunida borib ustozni ziyorat qilgan edim. Adabiyotimiz haqida, yosh shoir-adiblar ijodi haqida, dunyoni tobora keng egallab borayotgan sun’iy intellektning imkoniyat va tahdidlari haqida goh kulib, goh kuyunib ajoyib fikrlarni aytgan edilar. Salkam to‘qson yoshda ham u kishini tark etmagan ko‘z ravshanligi, aql o‘tkirligi, tafakkur tiniqligi har qanday odamning havasi va hayratini keltirar edi. Vafot etganlariga hanuz ishonolmayman”.

* * *

Nurboy Jabbor: “Ibrohim G‘afurov betakror adib, ayni vaqtda adabiyotshunoslik, adabiy tanqid, tarjimashunoslik sohalarini, nafaqat Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Boborahim Mashrab kabi mumtoz shoirlarimizning, balki mashhur G‘arb adiblarining ijod olamini ham chuqur tadqiq qilib, o‘ziga xos ilmiy maktab yaratgan haqiqiy alloma edi. Ming afsuski, bu dunyoda maktab u yoqda tursin, hatto sinf ham yaratolmagan, lekin savlatidan ot hurkadigan soxta olimlar qanchadan qancha…”

* * *

G‘ayrat Majid: “Dafn marosimidan keyin ezilib uyga qaytdim. Javonimdan ustozning “Asarlar” to‘plamining “Joziba” deb nomlangan birinchi jildini qo‘limga olib, beixtiyor varaqladim. Bu majmuani nashrga tayyorlagan zahmatkash olima singlimiz Shahnoza Nazarovaning “Tafakkur kemasi” deb nomlangan So‘zboshisida keltirilgan bir rivoyatni qayta o‘qidim. O‘qidim-u rahmatli Ibrohim akaga bo‘lgan hayrat va hurmatim yanada ziyoda bo‘ldi:

“Ulug‘ donishmand Farididdin Attor naql qiladiki, Ibrohim ibn Adham bir kuni bir quduqqa yetishdi. Namoz vaqti edi. Tahorat qilmoq uchun qovg‘ani quduqqa tashladi, toki suv chiqarsin. Qovg‘a to‘la oltin chiqdi. Ibrohim oltinni to‘kib, yana qovg‘ani tashladi. To‘la javohir chiqdi. Uni ham to‘kdi va dedikim: “Menga xazinangni ko‘rsatmagil, menga suv kerak. Suv ber, tahorat qilayin”. Bu gal qovg‘a to‘la suv chiqdi…”

O‘ylaymanki, bu rivoyatning mag‘zini chaqqan har bir inson hayoti sinov-mashaqqatlar, zahmat-u mehnatga to‘la, sharafli, olis umr yo‘lini mardona bosib o‘tgan Ibrohim G‘afurovning ham buyuk otdoshi Ibrohim Adham kabi mol-u davlatga, bu o‘tkinchi dunyoning ko‘ngilga qutqu soladigan yaltiroq matohlariga etak silkib yashaganini, albatta, anglab yetadi”.

* * *

Qayg‘udosh do‘stlar davrasida bu so‘zlarga some bo‘lib o‘ltirar ekanman, butun qalbim, vujudim bilan ularni tasdiqlar edim. Mening ham yarim asrdan ziyod hayot va ijod yo‘limda Ibrohim G‘afurovning hech qachon unutilmas, so‘nmas ta’siri va hissasi borligiga shukrona aytardim. “Mirkarim chol” nomli ilk hikoyamdan tortib kuni kecha yakunlangan “Yaldo kechasi” romanigacha ustozning xayrixoh, talabchan nazaridan o‘tgani bilan cheksiz iftixor qilaman. U kishi besh yuz betli bu asarni qo‘lyozma holida ikki marta, so‘ngra nishona nusxasini kasalxonada, “Qo‘ying, urinib qolasiz”, deb qarshilik qilishimga qaramasdan, yana bir bor sinchkov nigoh bilan o‘qib, nihoyatda qimmatli fikr va xulosalarini endi men uchun aziz yodgor bo‘lib qolgan o‘nlab sahifalarga bitib, taqdim etgan edilar. Xastalik azobini sabr-chidam bilan yengib, mas’ul muharrir sifatida asar ustida men bilan necha yillar barobar zahmat chekkanlarini nafaqat bugun, balki umrim boricha minnatdorlik va qarzdorlik hissi bilan eslayman.

Ibrohim G‘afurovning qanday buyuk so‘z zargari bo‘lgani haqida uzoq gapirish mumkin. Men ham bunga ko‘p bora guvoh bo‘lganman. Bir necha yil muqaddam, yoz fasli edi, Do‘rmon ijod bog‘ida suhbatlashib qolganimizda Dostoyevskiyning “Вечный муж” deb atalgan qissasini tarjima qilayotganini, asarga o‘zbekcha nom berish xususida ko‘pdan beri o‘ylab yurgani va hozircha ma’qul bir variant topa olmagani haqida gapirganlari ham esimda. Keyinchalik qissa kitob holida nashr etildi. “Tarjimondan” deb berilgan muxtasar Kirish so‘zida Ibrohim aka er, xotin va jazman munosabatlari yoritilgan asarning nomini uning kinoyali, istehzoli mazmunidan kelib chiqqan holda, “Boqiy er”, “Aldangan er”, “Ayolmand er”, “Umrboqiy er”, “Xushboq er”, “Doimiy er” degan yigirmadan ortiq so‘zlar bilan tarjima qilib ko‘rganini, ammo ularning birontasi o‘zini qoniqtirmagani, ko‘ngliga o‘tirishmagani haqida yozadi. Nihoyat, bir kuni xayoliga “Ayrilmas er” degan ibora keladi-yu munosib muqobilini topganiga ishonch hosil qiladi.

Sakson besh yashar keksa bir mo‘ysafidning o‘z ishi, kasb-u hunariga mehri va sadoqati meni lol qoldirgan edi. Yetmish yildan ziyod davom etgan ijodiy faoliyati davomida ustoz bunday mushkul muammolarga necha ming marta duch kelganini, hurmatli Prezidentimiz aytganlaridek, bilgan odam – biladi, bilmagan odam – baxtli bo‘ladi.

Ibrohim aka buyuk qanoat sohibi edi. Shukronalik, sabr-toqat, halol mehnat umrining bosh a’moli edi. U kishining tirikchilikdan, zamondan, osh-suv, pensiya yoki orden-unvon yetishmasligidan norozi bo‘lib biron marta shikva-shikoyat qilganini hech kimsa eshitmagan, ko‘rmagan. Chunki hayot mohiyatini tub-tubi bilan, bag‘oyat teran anglagan mutafakkir zot o‘laroq, u zimmasiga buyuk, cho‘ng bir vazifa yuklanganini yaxshi tushunar va ana shu ulug‘ missiyani hamisha yuksak mas’uliyat bilan ado etishga intilar edi.

Lekin shunday temir bardoshli odamning ham umrida bir marta noliganiga guvoh bo‘ldim. “Ma’rifat va ta’lim” degan gazetada bosilgan bir suhbatida armon va anduh to‘la quyidagi so‘zlarini ko‘rdim:

“Yuragim og‘rib turgan bo‘lsa ham aytaman. “Ayyub nolasi”, “Buzrugning kuzi”ni bir odam o‘qidim, demadi. Kim uchun yozdim, tarjima qildim ularni? Bugun o‘qimayotganlar ertaga o‘qirmikan?.. Hech kimning aybi yo‘q, faqat erkin global bozor iqtisodiyoti…”

Ochig‘i, men bunday ishtiboh-gumonlar Ibrohim G‘afurovga begona bo‘lsa kerak, degan fikrda edim. U kishining tinimsiz, benihoya fayz-u barakali ijod qilishi, maqola va badialari, mansura va xotiralari, badiiy tarjimalari uzluksiz bosilib turishini kuzatib, bu odam zamon evrilishlariga mutlaqo parvo qilmasdan, Parvardigor o‘ziga buyurgan yumushni og‘ishmay ado etish bilan mashg‘ul, deb o‘ylardim. Qarangki, aksariyat adiblarning dilini o‘rtab, ijodiy ishdan hafsalasini pir qiladigan iztirobli savollardan ustoz ham mustasno emas ekan…

“Jadid” gazetasida bosilgan o‘sha mashhur maqolasining yakunida muallif Erkin Vohidovga tog‘asi – o‘z zamonasining yetuk ziyolisi Karim Saxiboyev “Farhod va Shirin” dostonidan misol keltirib aytgan bir nasihatni zikr etadi: “Men senga Farhodday bo‘l, demayman. Ammo so‘zing Farhodning teshasiday o‘tkir bo‘lsin, o‘g‘lim. Senga bashoratim shu”.

Bugun aziz va mo‘tabar ustozimizning munavvar xotirasini yod etar ekanmiz, u kishining so‘nggi maqolasi mohiyat e’tibori bilan adabiyotimiz ahliga, barcha ziyolilar, millatimiz, butun xalqimizga ma’naviy vasiyat bo‘lib yangrashini idrok etmog‘imiz tabiiydir.

Xayriddin Sulton

“Jadid” gazetasining 2026-yil 12-iyundagi 24-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605