02.07.2024 | 11:48
359
NAFASINGDAN GUL-U TUPROQ UYG‘ONAR
O‘tkir RAHMAT
BOLAM, QALDIRG‘OCHLAR KELDIMI QAYTIB…
Onam betob edi…
Tashqari sovuq,
Fevralning ayozi izillar betin.
Isitma dardiga deyolmasdan yo‘q,
Shivirlab so‘rardi volidam sekin:
– Bolam,
qaldirg‘ochlar keldimi qaytib…
Mening javobimni eshitardi jim,
Ko‘zlarini yumib, ichdan tortib oh.
Negadir bo‘shashib ketardi ko‘nglim,
Mungli so‘zlarini eshitib nogoh:
– Bolam,
qaldirg‘ochlar keldimi qaytib…
Kunlar ham og‘rinib o‘tdilar bir-bir,
Shiftga tikilgandan ko‘zlar sarg‘ardi.
Sabrning dastidan chidolmay oxir,
Majolsiz ovozda so‘rab qo‘yardi:
– Bolam,
qaldirg‘ochlar keldimi qaytib…
Tunlarni oralab o‘tadi umr,
Shomlarga yetaklab boradi kunduz.
Bilmadim, dilidan nelar o‘tgandir,
Borini umidga baxsh etgan ul so‘z:
– Bolam,
qaldirg‘ochlar keldimi qaytib…
Shunchalar bo‘ldingmi, hayot sen yovuz,
Hayronman, bu foniy dunyo ishidan.
O‘ngimni allalar ba’zida ma’yus,
Bir ovoz keladi ba’zan tushimdan:
– Bolam,
qaldirg‘ochlar keldimi qaytib…
Ey hamal, buncha ham sog‘intirmasang,
Nafasingdan gul-u tuproq uyg‘onar.
Hanuzki, o‘ylarim bosadi xarsang,
Mening yuragimda bir savol yonar:
“Bolam,
qaldirg‘ochlar keldimi qaytib…”
ADOLAT
Oftob, ko‘rinmasang tunlarga bayram,
Yulduzlar sochilib nozlanar hatto.
Zulumot soch yoyib borlig‘i yayrab,
Tush ko‘rib uxlaydi tong otguncha to.
Oftob, ko‘rinmasang tilsim bu olam,
Dunyoning kengligi ko‘zdan panada.
Qayda yig‘layotir qayg‘u, g‘am, alam,
Qaysi bir kimsaning burni qonagan…
Oftob, ko‘rinmasang yirtiq-yamoqlar
Borligi namoyon bo‘lmaydi axir.
Kimdandir qolgan u pista-po‘choqlar,
O‘zganing bo‘yniga qolmog‘i og‘ir…
Oftob, ko‘rinmasang oq va qorani
Biridan birini ajratmoq azob.
Besh kunlik dunyoda ochib orani,
Bir umr bor bo‘lgin, muqaddas OFTOB!
* * *
Ketishga chog‘landim,
Dilimda otash,
Ko‘ngil uzmoqlikka etolmam jur’at.
Nimadir o‘ziga tortadi yakkash,
Bilmadim, ne edi bu sirli qudrat.
Ota uy.
Onamning so‘zlari yoniq,
Mehr-u muhabbatdan taft ulashardi.
Beg‘ubor bolalik dargohi ulug‘,
Xotir-u xayolda shunday yashardi:
“Buncha ham shoshmasang, ishing qochmaydi,
Ertaga ketsang ham bo‘lardi, bolam…”
O‘shanda xo‘rsinib jilmayib qo‘ydi
Meni qo‘yvorgisi kelmagan onam…
Aytganday, ishlar ham ketmadi qochib,
Men unga erta-kech yurdim ko‘milib.
Topmadim biroz vaqt tashvishdan kechib,
O‘ylasam yig‘lagim kelar dil to‘lib…
Endi jonim o‘rtar hasratli bir his,
Qaysidir og‘riqdan aylaydi ogoh.
Sog‘inch quchog‘ida mehribon, munis,
Olisdan yo‘limga boqar bir nigoh.
Ruhim bu yo‘llarda ne-ne g‘am yutgan,
Umrimni horitgan tashvish va qayg‘u.
Ko‘zlari yoshlanib intizor kutgan
Ehtimol, onamdir, onam edi u.
Bahorim o‘rnini tortib oldi kuz,
Armonni ko‘ngildan daf etolmam hech.
O‘ngimda kelmayman unga yuzma-yuz,
Endi tushlarimga kirar u har kech…
Olisdan yo‘limga boqar bir nigoh…
* * *
“Jo‘ra, tut pishig‘iga yetsaydik koshki…”Do‘stim Obloberdini xotirlab
Sovuqning zug‘umi bunchalar qattol,
Sandalning taftidan topmaysan orom.
Tanamda quvvat kam, kundan kun behol,
Uyqumda tinchim yo‘q, tun ham beorom…
Ko‘zimda qalqigan sog‘inchli yoshki,
Jo‘ra, tut pishig‘iga yetsaydik koshki…
Uvillab eshikka shamol urar bosh,
Tuynukdan izillab qo‘yar izg‘irin.
Sabrdan yo‘g‘rilgan metinday bardosh,
Yurakka baxsh etgan sovutmay qo‘rin…
Bilmadim, balki bu bir shirin tushki,
Jo‘ra, tut pishig‘iga yetsaydik koshki…
Bilasan, bolalik kechdi dalada,
Bir umr suyagim mehnatda qotdi.
Yostiqqa bosh qo‘ygan bemor pallada,
Bir umid dilimda meni uyg‘otdi…
O‘ylasam, bu manzil orzumning ko‘shki,
Jo‘ra, tut pishig‘iga yetsaydik koshki…
Fursatlar hol so‘rmay boradir o‘tib,
O‘y sursam o‘yimning ko‘rinmas so‘ngi.
Armon-u ohlarni ichimga yutib,
Har kuni sog‘inib kutaman tongni.
Bu olis bolalik otashin ishqi,
Jo‘ra, tut pishig‘iga yetsaydik koshki…
BISOTIM, BORLIGʻIM – EY, JONIM VATAN!
Tuproq,
Kiprigingga g‘uborlar qo‘nib,
Sho‘xlik qilib yurar hamon sabolar.
Sening quchog‘ingda tug‘ilib, unib,
Ertakka aylandi momo, bobolar.
Muqaddas ruhiyat,
Har garding – kitob,
Varaq-varaq qo‘lda o‘pib o‘qirlar.
Poyida kim seni toptasa shu tob,
Bilginki,
Bu faqat nonko‘r, so‘qirlar!
Tuproq,
Onajonim,
Otamsan, boqsam,
Daraxt-u tog‘ bo‘lib adl turgandek.
Hidlaring mast etgan ayni subhidam
Bulbulday bog‘larda sayrab yurgandek.
Burro zabonimning tafti so‘nmagay,
Bu hayot oftobi toki bor ekan.
Sening diydoringga umr to‘ymagay,
Bisotim, borlig‘im –
Ey, jonim Vatan!
O‘tkir RAHMAT
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599




