14.08.2025 | 10:02
619
NAVOIYNING O‘LMAS ZAFARNOMASI
Buyuk millatlar dunyo sahnasida o‘z ma’naviyati, qalb sadosi, tarixiy merosi va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasi bilan tanilib kelgan. Ular qalbida esa bir necha avlodlar uchun yelkadosh, ruhiy kamolot sari yetakchi bo‘lgan shaxslar tirik ma’naviyat timsoliga aylanadi. Shu ma’noda, o‘zbek xalqi uchun Alisher Navoiy nainki o‘tmishning buyuk shoiri yoki mutafakkiri, balki ma’naviyat, adolat va yuksak tafakkurning tamsilchisi sifatida yuraklardan joy olgani bejiz emas. Bugungi kunda esa Navoiy merosini davlat siyosatining ma’naviy tayanchi sifatida talqin etish – Yangi O‘zbekiston mafkurasida alohida o‘rin tutmoqda.
Hazrat Navoiyning tafakkuri hozirgi vaqtda ham ma’naviy yetuklik, ruhiy barkamollik va ijtimoiy mas’uliyat belgisi sifatida yashamoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ma’naviyat, adabiyot va tarixga qaratilayotgan e’tiborda ham ana shu o‘lmas ruh ustuvorligini ko‘ramiz.

Shu o‘rinda aytish lozimki, tarixdagi har qanday mustahkam saltanatning asosini ikki ulug‘ kuch – siyosiy barqarorlik va ma’naviy yetakchilik tashkil qilgan. Amir Temur davlati va temuriylar sulolasi ham aynan shu ikki tayanchga suyangan. Bu tarixiy saboq Navoiy va Husayn Boyqaro do‘stligida yanada yorqin ifodalangan: davlat ishlarida ma’naviy yetakchilikka alohida o‘rin berilgan. Ulug‘ navoiyshunoslar ta’biri bilan aytganda, “Navoiy so‘z bilan yuritgan siyosat, Husayn amal bilan boshqargan davlat edi”.
So‘nggi yillarda ilm-fan, ma’naviyat, adabiyot va san’atga davlat siyosati darajasida yondashilmoqda. Jumladan, o‘nlab fan va san’at arboblari davlat mukofotlari hamda akademik ilmiy unvonlariga sazovor bo‘ldi. O‘qituvchilar, olimlar, ijodkorlarga moddiy va ma’naviy rag‘bat ko‘lami ortdi. Yangi O‘zbekistonda ma’naviyat davlat rivojining strategik ustuniga aylandi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Alisher Navoiy merosini tiklash, xalq orasida yanada keng targ‘ib qilish borasida navoiyshunoslik yangi davrga qadam qo‘ydi. “Yosh kitobxon” tanlovi, Navoiy g‘azallarini yoddan aytish bo‘yicha milliy tanlovlar, kitobxonlik uchun mukofotlar va rag‘batlantirish mexanizmlari davlat siyosatining ajralmas qismlaridan biriga aylandi. Bu esa ilm va ma’rifatga bo‘lgan ommaviy qiziqish muhitini shakllantira boshladi.
Baholash tizimining adolatli, ochiq va shaffof test usuliga o‘tishi, talabalarning xalqaro ta’lim maydoniga chiqishi, nufuzli chet el universitetlarida tahsil olishi odatiy holga aylana bordi.
Alisher Navoiydek turkiy tilda ijod qilgan buyuk adabiy dahoning aynan bizning xalqimizdan yetishib chiqqanini iftixor bilan e’tirof etish mumkin. Hazrat she’riyati shu darajada hayotiyki, “Xazoyin ul-maoniy” to‘plamidagi to‘rt devonda o‘ttizdan ortiq kasb egalari, yuzdan ziyod tarixiy, adabiy, diniy va boshqa soha vakillarining nomi tilga olinadi. Umumbashariy g‘oyalarga boy bo‘lgan bu ijod zamonlar o‘tgan sari yangi ma’nolar kasb etmoqda, kitobxonlar geografiyasi esa tobora kengayib bormoqda.
Agar shoir o‘z zamonida:
“Olibmen taxti farmonimg‘a oson,
Cherik chekmay Xitodin to Xuroson”,
ya’ni, lashkar tortmasdan Sharqiy Turkistondan to Xurosongacha o‘z kitoblari va g‘oyalari orqali hukm yuritganini ta’kidlagan bo‘lsa, bugungi kunda uning ijodi Xitoy va Yaponiyadan tortib, Rossiya, AQSh, butun Yevropa va Osiyoda o‘qilayotganini faxr bilan aytishimiz mumkin. Bu esa Alisher Navoiyning ma’naviy merosi nafaqat milliy, balki global qadriyatga aylanganidan dalolat beradi.
Daho shoirimiz xuddi shu kunlar kelishi muqarrarligini bilganday, jahon xalqlariga murojaat etgan va ularni tinchlik va birdamlik sari chorlagan:
Olam ahli! Bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘lung bir-biringizg‘akim, erur yorlig‘ ish.
Bu misralar shunchaki badiiy ibora emas – bu insoniylik, bag‘rikenglik va umuminsoniy hamjihatlik falsafasining yorqin ifodasidir. Hozirgi zamonda, ayniqsa, dunyo sanoati tobora harbiy xarakter kasb etayotgan, davlatlar o‘rtasida keskin ziddiyatlar va qurolli to‘qnashuvlar avj olayotgan bir paytda bu bayt zamiridagi ma’noni yanada teran anglaymiz.
Ayni shu ma’noda, Navoiyning ushbu so‘zlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti binosi peshtoqiga zarhal harflar bilan o‘zbek tilida yozib qo‘yilgani bejiz emas. Chunki jahon xalqlari taqdirida urushdan dahshatliroq fojia yo‘q – bu haqiqatni butun insoniyat tarixi tasdiqlab kelmoqda. Urush halokat, urush ko‘z yoshi, urush kelajakni to‘suvchi, taraqqiyotni izdan chiqaruvchi illatdir.
Bunday dahshatli oqibatlar “Sab’ai sayyor” dostonida yana bir bor badiiy tasvir bilan ochib beriladi:
Shohkim mulk ocharni qilsa nasaq,
Yuz tuman qon to‘kar bari nohaq.
Ya’ni, agar bir hukmdor yangi yurtlarni zo‘rlik bilan egallashga urinadigan bo‘lsa, u millionlab insonlarning behuda qon to‘kilishiga sababchi bo‘ladi. Bu – aql, adolat va ma’naviyatga zid yo‘l. Bu – shohlar va hukmdorlar uchun chuqur ogohlik va mas’uliyat da’vatidir.
Prezidentimiz xalqaro minbarlarda hamisha tinchlik, o‘zaro hurmat va hamkorlik g‘oyalarini ilgari surar ekan, bevosita Navoiy singari ulkan ma’naviy figuralar ijodidagi yuksak qadriyatlarga suyanadi. Xususan, “Navoiy – buyuk shaxsiyat, ammo bugun biz uni faqat o‘tmish ramzi sifatida emas, balki yangi tafakkurning ma’naviy asosi sifatida qabul qilishimiz kerak”, degan fikrlar Shavkat Miromonovichning nafaqat tarixga, balki kelajakka ham bag‘ishlangan siyosiy dunyoqarashini ko‘rsatadi.
Shu ma’noda, Navoiy ruhiyati bugungi O‘zbekiston siyosiy-ma’rifiy hayotida yangicha mazmun kasb etmoqda. Davlat tashabbuskorligida har yili Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ko‘plab ilmiy-amaliy anjumanlar, xalqaro forumlar, tanlovlar tashkil etilayotir. Bu jarayonda nafaqat adabiyotshunoslar, balki diplomatlar, siyosatchilar, yoshlar va ommaviy axborot vositalari ham faol ishtirok etmoqda. Zero, Navoiy faqat o‘tmishning shoiri emas – u bugunning ham, ertaning ham ma’naviy mayoqlaridan biridir.
O‘rta asrlarda dehqonchilikka asoslangan xalqning hayot tarzi oson emas edi. El-ulusning g‘am-alami va tashvishlarini Xoja Ubaydulloh Ahror, Abdurahmon Jomiy kabi ma’naviy rahnamolar, Alisher Navoiy kabi siyosat va adabiyot vakillari qalban his etib, jon fido etib yengillatishga urinayotgan edi. Amir Alisher xalq xizmatidagi faoliyatini shunday ifoda etgan:
Vahki, umrum barcha zoye’ bo‘ldi el komi bila,
Bodai nob o‘rnig‘a xunoba oshomi bila.
Mazmuni: men butun umrimni elning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishga sarf etdim; toza may ichish o‘rniga, qon-zardob yutdim.
Moʻtabar manbalarda kelgan xabarlarda qayd etilishicha, el uchun xizmat qilish va ehson eng ulug‘ savobdir. Shu bois Alisher Navoiy o‘z boyligining 95 foizini xalq ehtiyojiga bag‘ishlagan: har yili ikki mingga yaqin muhtoj kishiga kiyim-bosh ulashgan, yuzdan ortiq xayrli inshootlar – masjid, madrasa, ko‘prik va shifoxona barpo etgan hamda ularning barqaror faoliyati uchun vaqf mablag‘lari ajratgan.
Bugungi kunda davlat tomonidan kam ta’minlangan, moddiy ehtiyojmand oilalarga ko‘mak berish, ularning hayot sifatini yaxshilash maqsadida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi tizimli yordam mexanizmlari joriy etilgan. Bu ham ulug‘ shoir an’analarining yangi davrdagi mukammal davomidir.
Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk zotlarning tavallud sanalari davlat rahbarining maxsus qarorlari bilan yurtimizda keng nishonlanishi xalq va ziyolilarga kuchli ta’sir qilib, qalbida chuqur ehtirom hissini uyg‘otdi.
Xalqaro Alisher Navoiy mukofotining ta’sis etilishida ham aynan Yurtboshimizning tashabbusi hal qiluvchi o‘rin tutdi. Bu mukofot nafaqat mamlakatimiz, balki jahon miqyosida Navoiy merosini tadqiq etish va targ‘ib qilishda katta ruhiy ko‘tarinkilik bag‘ishladi. Yaqinda Ogahiy mukofotining ta’sis etilishi ham Prezidentimizning ma’naviyat ahliga yana bir samimiy e’tibori sifatida xalqimiz qalbida iliq qabul qilindi.
Ayniqsa, Adiblar xiyobonida Alisher Navoiy va ul zotning ma’naviy shogirdlariga bag‘ishlab barpo etilgan yirik yodgorliklar adabiyot va san’at ahli uchun mislsiz havas va iftixor manbaiga aylandi. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bunday keng qamrovli, ezgu g‘oyaga asoslangan madaniy-ma’rifiy kompozitsiyalarning mavjud emasligi, albatta, bu tashabbusning ilg‘orligini yaqqol ko‘rsatadi.
Aynan shu kabi tashabbuslar orqali mamlakatimizda adabiyot va ma’naviyat islohotlari faqat shior darajasida emas, balki amaliy, moddiy va ma’rifiy harakatlarga aylanib bormoqda. Ayniqsa, Navoiy hayoti va merosini o‘rganish, uning asarlarini asli, tabdili va tarjimalarida nashr etish ishlari tizimli ravishda amalga oshirilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Kamina “Mumtoz so‘z sehri” nomli kitobimda Alisher Navoiyni teran o‘rganish va xalq orasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha bir qator amaliy taklif va rejalarni ilgari surgan edim. Ushbu rejaning eng muhim bandlaridan biri sifatida shunday mulohaza bildirilgan edi: “Alisher Navoiy asarlarining syujetli qismi (ya’ni, dostonlari), shuningdek, uning diniy, ilmiy, tarixiy va badiiy merosi bugungi adabiy tilda tabdil etilmog‘i lozim”.
Bugun esa aytish mumkinki, ushbu takliflar davlat siyosati darajasida hayotga tatbiq etilmoqda. Jumladan, “Lison ut-tayr” dostonining hozirgi o‘zbek tilidagi nasriy va she’riy tabdillari, “Xamsa” dostonlarining ikki uslubdagi bayonlari, “Gʻaroyib us-sig‘ar” devoniga bag‘ishlangan o‘nta kitobdagi sharhlar, “Hayrat ul-abror” dostoniga bag‘ishlangan uchta izohli nashr hamda “Navoiy nasriy asarlari”ning soddalashtirilgan tabdillari bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan izchil ishlar qatoridadir.
Ushbu jarayondagi ilmiy faoliyat va niyatlarning yuksak maqsadlarga yo‘naltirilganini xalqaro Alisher Navoiy fondi ijrochi direktori Olimjon Davlatov ham o‘z so‘zboshisida zukkolik bilan ta’kidlaydi: “Yoshlarimiz uchun Alisher Navoiy asarlari tilining murakkabligi bizga yaxshi ma’lum. Ammo bu yo‘ldagi sa’y-harakatlarimiz buyuk maqsadlarimizga nisbatan hanuz yetarli emas”.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2025-yil Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilindi. Bu qaror faqat bir hududga xos tadbir emas, balki shoir merosini chuqur o‘rganish, uning ilmiy-adabiy faoliyatini jahon miqyosida targ‘ib etishda yangi bosqichni boshlab beruvchi ulkan siyosiy-madaniy tashabbusdir.
Alisher Navoiyning boy ilmiy merosini bugungi avlod saviyasi va qiziqishiga mos ravishda soddalashtirish va sharhlash vazifasi ham mazkur qarorda aniq bayon etildi. Bu esa mutaxassis olimlar, navoiyshunoslar, tilshunos va adabiyotshunoslar zimmasiga ma’naviy mas’uliyat yukladi. Ayni paytda esa, yurt ravnaqi va ma’naviyat yuksalishi uchun zarur ijtimoiy ehtiyojga aylandi.
Ushbu vazifalarning yuqorida qayd etilgan ijrosiga taniqli olim va shoirlar, jumladan, akademik Shuhrat Sirojiddinov, shuningdek, Qosimjon Sodiqov, Dilnavoz Yusupova, Olimjon Davlatov, Bahodir Qobilov, Abdumurod Tilavov, Ibrohimjon Saydullayev, Yusuf Tursunov, Abduhamid Pardayev singari taniqli olim va ijodkorlar kamarbasta bo‘ldi.
Natijada “Xamsa” dostonlarining takroriy nasriy bayonlari, “Mahbub ul-qulub” va “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarlarining yangi tabdillari, shuningdek, “Nasoyim ul-muhabbat”, “Vaqfiya”, “Munshaot”, “Munojot”, “Tarixi anbiyo va hukamo” asarlarining zamonaviy uslubdagi talqinlari, “Lison ut-tayr” va “Xamsa” dostonlarining she’riy talqinlari nashr etildi. Ushbu tabdillar nafaqat adabiy muhitda, balki ta’lim muassasalarida ham keng qo‘llanilmoqda. Bu jarayon Navoiy merosini jonli o‘qish va anglash imkoniyatini yanada kengaytirmoqda.
Davlat rahbarining shaxsan mazkur yo‘nalishni doimiy qo‘llab-quvvatlayotgani, mutaxassislarning fidokorona mehnati bilan uyg‘unlikda, buyuk navoiyshunoslik maktabining kelajagi ravshan ekanini anglatadi. Chunki bu harakatlar orqali buyuk adibning asarlari nafaqat ilm-fan uchun, balki xalq ma’naviyati uchun ham bebaho boylik sifatida tiklanmoqda.
Menday mo‘ysafid ham bu tabarruk xizmatdan chetda qolganim yo‘q. “Layli va Majnun”, “Lison ut-tayr” dostonlari hamda “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarining tabdil ishlarida ba’zan hamkorlikda, ba’zan mustaqil ravishda faol ishtirok etdim. Shuningdek, “Xamsa” dostonlarining she’riy tarjimasiga mas’ul muharrir sifatida amaliy ko‘mak ko‘rsatdim.
Ayniqsa, “Xamsa” dostonlarining tabdili va asliyat nashrini 2006, 2009, 2014, 2018 va 2020-yillarda besh marotaba chop ettirishga muvaffaq bo‘ldim. Shuningdek, “Xamsa”ning alohida mukammal nasriy bayoni nashriga ham mas’ul muharrir sifatida hissa qo‘shdim.
Xalqaro Bobur jamoat fondi (raisi Zokirjon Mashrabov) rayosati a’zolari safida, hazrat Alisher Navoiy qabr-maqbarasiga e’tibor va ehtirom ifodasi sifatida Hirot shahriga maxsus safar uyushtirilib, u yerga Gʻozg‘on marmarlaridan ishlangan sag‘ana va sharqona o‘ymakorlik bilan bezalgan eshik olib borilib o‘rnatildi. Bu ezgu amal tarixiy xotira va ma’naviy merosga bo‘lgan yuksak hurmat ifodasidir. Shu bilan birga, fond xizmatchilari Navoiy maqbarasi atrofidagi hududni obodonlashtirishga ham ulkan hissa qo‘shib, u yerga 2 ming tupdan ortiq manzarali daraxt va gul ko‘chatlarini ekishdi.
Alisher Navoiyning yuksak siymosini dunyo miqyosida munosib targ‘ib etish yo‘lida ham ulkan ishlar amalga oshirildi. Jahonning beshta yirik davlati – Rossiya, AQSh, Yaponiya, Ozarbayjon va Qozog‘istonda buyuk mutafakkirga bag‘ishlab barpo etilgan haykallar bu yo‘nalishdagi islohotlarning yorqin samarasidir.
Ushbu yirik yutuqlar nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosda ham Alisher Navoiy ilmi va adabiyotiga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirdi. Albatta, bunday ulkan ma’naviy taraqqiyotning zamirida Prezident Shavkat Mirziyoyevning ma’naviyat sohasidagi oqilona, strategik pozitsiyasi, tashabbuskorona islohotlari va ilm-fan, madaniyat, adabiyot ahliga ko‘rsatayotgan beqiyos e’tibori mujassamdir. Bu haqiqat xalqimizning turli qatlamlari, xususan, ziyolilar va yoshlar orasida yaxshi anglanmoqda.
Davlatimiz rahbarining hozirgi paytda ma’naviyat sohasiga qaratgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rligi yuksak tahsinga loyiq. Zero, bu borada olib borilayotgan islohotlar, tashabbuslar va amaliy choralar mamlakatimizda ma’naviy yuksalishning yangi bosqichini boshlab berdi.
Hurmatli Prezidentimizning adabiyot va ma’naviyat sohasidagi qaror va farmonlari shu zaylda izchillik bilan amalga oshirilar ekan, biz ham daho shoirimiz Navoiyning jahonga zafarli yurishiga guvoh bo‘lamiz, inshaolloh.
Navoiy – faqat bir millat yoki bir makon uchun emas, balki turkiy xalqlarning umumiy iftixori, jahon madaniyatining beqiyos boyligi ekanini qayd etish joiz. Men bu haqiqatga butun qalbim bilan ishonaman.
Vahob RAHMONOV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 8-avgustdagi 32-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
605
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
602



