Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


05.02.2025 | 12:49

img1156

O‘LMAS ASARLAR YOZGAN BAXTLI ADIB

Kitobday sehrli, kitobday qudratli moʻjiza bo‘lmasa kerak bu olamda. Kitob bizni o‘tmishga, necha-necha asrlar oldin ro‘y bergan voqealar olamiga olib kiradi, kelajakda bo‘ladigan hodisalar bilan tanishtiradi. Kitob – Alloh tomonidan odam bolasiga berilgan buyuk va noyob ne’mat – tafakkur mahsuli.

O‘lmas Umarbekovning “Sevgim, sevgilim” qissasini o‘qib, o‘quvchilik davrimni “boshimdan kechirdim”. Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijod uyi O‘lmas Umarbekovning “Tanlangan asarlar”ini nashr etibdi. Unga adibning “Odam bo‘lish qiyin”, “Fotima va Zuhra” romanlari, “Sevgim, sevgilim”, “Yoz yomg‘iri” qissalari va o‘n ikkita hikoyasi kiritilgan. Bu asarlarning hammasini o‘qiganman, ayrimlarini bir necha marta. Shunga qaramay kitobni varaqladim-u “Sevgim, sevgilim” qissasiga kelganda bosh ko‘tarmay mutolaaga sho‘ng‘idim. Bu qissa birinchi marta e’lon qilinganida men to‘qqizinchi sinfda o‘qirdim. Juda ta’sirlanganman. Uning ustiga, voqea Samarqand viloyatining tog‘li qishloqlaridan birida kechadi. Unda tasvirlangan joylar men tug‘ilib-o‘sgan qishloqqa juda o‘xshaydi. Qissa qahramonlarining gapirishi, yurish-turishi, fe’l-atvori, turmush tarzi ham qishloqdoshlarimizning xuddi o‘zi. Shular sababmi yoki Oypopukning taqdiriga achinganimdanmi, bilmadim, ishqilib o‘sha paytda yozuvchi O‘lmas Umarbekovga xat yozganman. Nimalarni yozganman, xat adibga yetib borganmi-yo‘qmi, bilmayman.

Keyinchalik O‘lmas Umarbekov bilan tanishdim, payti kelib, ancha yaqin bo‘lib ham qoldik, turli safarlarda birga yurdik. “Quyosh men tomonda” degan kitobimni taqdim etganimda O‘lmas aka Yozuvchilar uyushmasining raisi edi. “Yaxshi nom qo‘yibsiz kitobga”, degani esimda. O‘sha kuni bir fursat adabiyot, ijod haqida suhbatlashdik. Shunda o‘sha voqeani – o‘quvchilik paytimda “Sevgim, sevgilim”ni o‘qib, xat yozganimni aytdim. O‘lmas aka kulib qo‘ydi-da, rahmat, dedi. Tabiiyki, esida yo‘q. U paytlarda yozuvchilarga ko‘plab xatlar kelardi, O‘lmas aka yuzlab xatlar olgan, shubhasiz.

“Sevgim, sevgilim” qissasi juda mashhur bo‘lgandi. Maktabimizda “Sharq yulduzi”ning shu qissa bosilgan soni qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan edi. Yigit-qizlar o‘rtasida shu qadar mashhur bo‘lgandiki, oshiq-ma’shuqlar bir-biriga xat yozganda qizlar o‘zining ismi o‘rniga Oypopuk, yigitlar O‘ktam deb yozardi.

Qissani o‘qiyapman-u xayolan maktab davrida yuribman. Tamakizor-u jo‘xorizorlarni kezganimiz ko‘z oldimdan o‘ta boshladi. Tamakining achchiq hidi dimog‘imga urilganday, makkajo‘xorining shabadada shitirlashlari eshitilganday tuyuldi. Bizning tumanimizda – Urgutda paxta ekilmas, ammo o‘quv yili boshlanishi bilan bir hafta o‘tib-o‘tmay Ishtixon tumaniga paxta terishga borar, shu bilan noyabr, gohida dekabrning o‘rtalarigacha qolib ketardik. Yoshlik ekan-da, na yotish-turish, na yuvinish uchun tuzukroq sharoit bor, lekin nolimasdik, o‘zimizcha nimalardandir zavqlanar edik. Romantika degani shumikan? Balki… O‘sha kezlarda “Sevgim, sevgilim” qissasi, uning qahramonlari, ayniqsa, Oypopuk va O‘ktam bizning yo‘ldoshimiz edi.

Asar ishonch haqida, ishonchsiz hech narsa bo‘lmasligi to‘g‘risida. Qissa shunday yakunlanadi: “Odamlar! Sevgi ishonchsiz bo‘lmaydi. Bir-biringizga ishoning. Dunyoda bundan katta baxt yo‘q!”

…O‘lmas Umarbekov Yozuvchilar uyushmasining raisi vazifasidan keyin madaniyat vaziri, O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari kabi mas’ul lavozimlarda ishladi. Anglaganim va guvoh bo‘lganim shuki, O‘lmas Umarbekov hayotining so‘nggi damlarigacha sira o‘zgarmadi, oddiyligini, samimiyatini, kamtarligini yo‘qotmadi, hoy-u havaslarga berilmadi, manmanlik, kibr-u havo ko‘chasiga umuman yaqinlashmadi. Yana bir xislati – qaysi lavozimda ishlamasin, ijoddan uzoqlashmadi, bir necha romanlar, qissalar, pyesalar, hikoyalar, kinossenariylar yozdi. “Sevgim, sevgilim” qissasidan tashqari “Odam bo‘lish qiyin” nomli roman, “Yoz yomg‘iri”, “Damir Usmonovning ikki bahori” kabi asarlari ham o‘quvchilarning mehriga sazovor bo‘ldi. “Qiyomat qarz”, “Shoshma, quyosh”, “Komissiya”, “Kuzning birinchi kuni”, “Oqar suvlar”, “Kurort”, “Arizasiga ko‘ra”, “Yer yonmoqda” pyesalari Milliy teatrimizda va boshqa ko‘plab teatrlarda sahnaga qo‘yildi, tomoshabinlar, san’atshunoslar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Hamza nomidagi o‘zbek davlat drama teatri (hozirgi Milliy teatr)ning Moskva gastroli (1977-yil) repertuaridan joy olgan “Qiyomat qarz” spektakli moskvalik teatrshunoslar va muxlislarga manzur bo‘lgani esimda. Bu olqishlarga dramaning mukammalligi va bosh rol – Sulaymon ota rolini ijro etgan buyuk aktyor Shukur Burhonovning yuksak mahorati sabab bo‘lgan edi.

Adib asarlarining aksariyatida inson qadri, odamlarning bir-biriga ishonchi, millatimizga xos ezgulik, halollik, poklik, rostgo‘ylik, birovning haqidan qo‘rqish, haromdan hazar kabi fazilatlar, yoshlarning pok muhabbati ulug‘lanadi. Umarbekov asarlarini o‘qigan kitobxon beixtiyor o‘zining xulq-atvoriga, qilayotgan ishlariga bir nazar soladi, faoliyatini bir qur tahlil qiladi. Asar qahramonlariga o‘zini taqqoslab ko‘radi, ularning yaxshi ishlaridan andoza olishga, qilgan xatolari, noo‘rin harakatlaridan tegishli xulosa chiqarishga chog‘lanadi. Adib asarlarida o‘zbek xarakteri, milliy mentalitetimiz mohirona tasvirlangan.

* * *

O‘lmas Umarbekov suhbati shirin, ma’rifatli inson edi. Yuqori lavozimlarda ishlagan paytlari ham barcha bilan, jumladan, yosh ijodkorlar bilan ochiq, samimiy suhbat qilardi. Madaniyat vaziri bo‘lgan yillari yosh dramaturglarni yig‘ib, gurung qilgani, ularning taklif-mulohazalarini erinmay eshitgani esimda. O‘sha vaqtlarda men “O‘zbekiston madaniyati” gazetasida adabiy xodim bo‘lib ishlardim. U paytda vazirlik ham, gazeta tahririyati ham mashhur “Navoiy, 30”da joylashgan edi. Bir kuni binodan chiqayotsam O‘lmas aka ham chiqib qoldi. Salom-alik qildik. U kishi mashinasi eshigini ochdi, bir oyog‘ini mashinaga qo‘ydi-yu, yana qaytib tushdi va men tomonga yurdi. Men ham u kishi tomon odimladim. Ochiq chehra bilan, o‘ziga juda yarashgan tabassum bilan, iltimos ohangida dedi: “Madaniyat sohasiga ham gazetada e’tibor berib turinglar”. Ochig‘i, o‘shanda juda hayron bo‘lganman. Men kimman? Tahririyatda oddiy xodimman, xolos. U kishi vazir! Yana deng, men ishlaydigan gazeta Madaniyat vazirligining organi. Bemalol topshiriq berishi mumkin. Hamma jihatdan haqi ham, huquqi ham bor! Menga emas, gazeta bosh muharririga ham topshiriq berishga haqli, lavozimi shuni taqozo etadi.

Umarbekov unday qilmadi, unday qilmasdi ham. Chunki u tom ma’nodagi ziyoli, haqiqiy madaniyatli vazir edi!

Odamning kimligi, fe’l-atvori safarda ko‘proq bilinadi. O‘lmas aka bilan bir necha safarlarda birga bo‘lganmiz. Esimda, 80-yillar edi. Samarqandda adabiyot bo‘yicha qandaydir nufuzli tadbir bo‘ldi. Unda ittifoqning deyarli barcha respublikalaridan shoirlar, yozuvchilar, adabiyotshunoslar ishtirok etdi. O‘lmas Umarbekov Yozuvchilar uyushmasining raisi edi. Anjuman uch kun davom etdi. So‘ngra konferensiya qatnashchilari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga bordi. Adashmasam, uchta vertolyotga chiqib, Orol dengizini aylanib ko‘rdik. Yuqoridan qarasa dengizning qurigan joylari aniq ko‘rinarkan. Orolimizning ahvolini ko‘rib odamning yuragi uvushib ketadi. Jon talvasasida yotgan insonga o‘xshaydi. Moskvadan, turli respublikalardan kelgan adiblar Orolning ahvolini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgach, vaziyat chindan ham jiddiy va og‘ir ekaniga amin bo‘lishdi. Taniqli qoraqalpoq yozuvchisi To‘lepbergan Qayipberganov mehmonlarga Orolning tarixi, bu ahvolga kelib qolishining sabablari haqida gapirib berdi.

O‘sha kuni oqshom Qayipberganov mehmonlardan bir guruhini uyiga taklif qildi. Uning bir gapi esimda qolgan. Kattagina hovlisiga ishora qilib, dedi: “Ko‘ryapsizlarmi, hovlida hech narsa yo‘q: na gul, na daraxt. Sababi – hech narsa o‘smaydi. Har yil bahorda turli ko‘chat ekamiz. Qurib qolaveradi. Oroldan ko‘tarilayotgan tuz yerlarni qotirib, sho‘rlatib tashlagan. Ekin ekib bo‘lmaydi. Foydasi yo‘q… Shu ahvol davom etaversa, yana o‘n besh-yigirma yildan keyin nima bo‘ladi, Xudo biladi…”

Nima bo‘lgani barchamizga ayon…

Osh-ovqatdan so‘ng hamma guruh-guruh bo‘lib o‘zaro gurungga berilib ketdi. Kimdir hovliga chiqib, sigaret tutatgan, yana kimdir xilvatroq joyni olib, xayolga cho‘mgan.

O‘lmas aka anjumanga borgan uch-to‘rt yosh shoir va yozuvchilarni bir xonaga chaqirdi. Juda ochiq, samimiy suhbatlashdi, kimning qanday muammosi bor – kimningdir kitobi nashriyotda navbat kutib yotipti, kimnidir uy-joy masalasi qiynayapti… Xullas, har bir yosh ijodkorning o‘ziga yarasha dard-u hasrati bor. Uyushma raisi shunday muhit yaratdiki, hech kim tortinmadi, uyalmadi, bor gapni, o‘z muammosini batafsil aytdi. O‘lmas aka hammani erinmay eshitdi, ba’zi masalalarga aniqlik kiritib oldi. Eng asosiysi, barchaning masalasini yon daftariga yozib oldi. Suhbat uyushma raisi bilan yosh shoir va yozuvchilarning emas, tengdoshlarning o‘zaro gurungi kabi kechdi.

Shunday e’tiborli, yoshlarga mehribon rahbar edi Umarbekov.

O‘lmas aka bilan bo‘lgan yana bir safarni esga olgim keldi. Bu 1989-yil aprel oyida bo‘lgan edi. O‘shanda Qirg‘iziston poytaxti Frunze (hozirgi Bishkek) shahrida O‘rta Osiyo respublikalari va Qozog‘iston (u vaqtda shunday atalardi) teatrlarining “Navro‘z-89” festivali bo‘ldi. Unda Farg‘ona viloyati teatri Sharof Boshbekov asari asosida rejissyor Olimjon Salimov qo‘ygan “Temir xotin” spektakli bilan ishtirok etdi va bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Festival yakunlanishidan ikki-uch kun oldin O‘zbekiston madaniyat vaziri O‘lmas Umarbekov Bishkekka bordi. O‘zbekistondan festivalga kelgan san’atkorlar, teatrshunoslar, rejissyorlar, muxbirlar bilan suhbatlashdi, ahvol qandayligi bilan qiziqdi. Festival tugaguncha hammadan hol-ahvol so‘rab turdi. “Temir xotin” g‘olib bo‘lgani e’lon qilingach, Sharof Boshbekovni, Olimjon Salimovni, spektaklda qatnashgan barcha ijodiy va texnik xodimlarni tabrikladi. Bu yutuqdan hammadan ko‘proq quvondi nazarimda…

O‘lmas akaning kelishgan bo‘y-basti, ochiq chehrasi, kulib turadigan ko‘zlariga hammaning havasi kelardi. U kishi mayin, yoqimli ovozda shoshilmay, so‘zlarni dona-dona qilib, chaynamay, g‘ijimlamay gapirar edi. Bu jihatdan ham haqiqiy arbob edi-da.

Shunday odam umrining oxirgi yillarida og‘ir dardga chalindi. Bu dunyoda ko‘z degan narsa ham bor. O‘lmas akaga ko‘z tegmadimikin deb o‘ylab qolaman. Uzoq davolandi Toshkentda, Moskvada. Irodali odam edi, sir boy bermadi, bildirmaslikka harakat qildi. Ammo buning iloji yo‘q edi, chunki ovozi chiqmay qoldi, gapirolmay qiynalar, fikrini qog‘ozga yozib berardi. Ochig‘i, uning holatini ko‘rib, har qanday odamning yuragi ezilardi. Shunday holga tushgan ikki odamni ko‘rdim. Biri O‘lmas aka bo‘lsa, ikkinchisi – akademik Shavkat Vohidov. Qanday buyuk olim edi Vohidov, kosmos sohasi bo‘yicha yirik mutaxassis edi. Uzoq yillar nomi sir tutilgan, kitoblari turli taxalluslar bilan nashr etilgan. Mustaqillikka erishganimizdan keyin asta-sekin maxfiylik olib tashlandi nomidan. 1992-yilda O‘zbekistonda aerokosmik maktabiga asos soldi va uzoq yillar o‘zi rahbarlik qildi…

1993-yil edi, adashmasam. Men Prezident devonida bosh konsultant bo‘lib ishlardim. Bir kuni xonaga O‘lmas aka kirib keldi. Odatdagiday chiroyli, ozoda kiyingan, sochlari silliq taralgan, yuzlari sal so‘lg‘inligini hisobga olmasa, o‘sha-o‘sha ko‘rkam Umarbekov. Tomog‘ini mayin oq mato bilan o‘ragan edi, sharf emas, albatta. Ochig‘i, bu tashrifdan nihoyatda xursand bo‘ldim. Chunki betobligidan xabarim bor edi. Shu tufayli anchadan beri ko‘rmagandim. Salom-alik qildik. Bir-ikki so‘zni qiynalib gapirdi. Har zamonda tomog‘ini o‘sha o‘ralgan mato ustidan sekin bosib qo‘yardi. Prezidentning yordamchisi bilan uchrashmoqchi ekanini, u joyidami-yo‘qmi bilib berishimni, o‘rnida bo‘lsa, o‘zini qabul qilishini so‘rashimni aytdi (qog‘ozga yozib berdi). Men Georgiy Alekseyevichga qo‘ng‘iroq qildim. Joyida ekan. Maqsadni aytdim. Kraynov hech ikkilanmasdan kelaversin, dedi. Bu gapdan O‘lmas aka mamnun bo‘ldi. O‘sha o‘ziga yarashgan tabassum bilan jilmaydi, menga minnatdorlik bildirdi. Georgiy Alekseyevichning xonasiga kuzatib qo‘ydim. Men O‘lmas aka Yordamchi bilan nima mavzuda gaplashganini aniq bilmayman. Lekin bemor holida ham oyoqqa turib, jahd qilib kelganidan his qildimki, u kishi shaxsiy masalada emas, millat taqdiriga doxil bo‘lgan muhim masalani ko‘tarib kelgan edi.

U kishini oxirgi ko‘rganim shu bo‘ldi.

O‘lmas Umarbekov hayotdan erta ketdi, juda erta ketdi. Oltmish yosh-a!. Shu qisqa hayoti davomida tinmay ishladi, ijodda ham, ijtimoiy hayotda ham. Shunga qaramay oddiy, kamtarona yashadi, dang‘illama uylar qurmadi, xorij mashinalaridan olmadi. Rosmana o‘zbekona hovlida umrguzaronlik qildi. Mol-u dunyoga ruju qo‘ymadi. Ammo boy ma’naviy xazina qoldirdi.

Ustozning aksariyat kitoblari zamon sinovlaridan eson-omon o‘tib kelmoqda. Ular bugun ham kitobxonlarning sevimli asarlari qatorida turibdi. O‘lmas Umarbekov baxtli asarlar yaratgan baxtli adib. Umuman, yillar, zamonlar, siyosat-u mafkuralar ta’sir qila olmaydigan, hamma davrda o‘quvchilar sevib mutolaa qiladigan kitoblar – baxtli kitoblardir.

Mamatqul HAZRATQULOV

“Jadid” gazetasining 2025-yil 31-yanvardagi 5-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img78

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img595

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img593