25.12.2025 | 15:17
1505
SOG‘LOM AQL
Pedagogika fanlari doktori, professor, I darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi Tal’at Usmonxo‘jayev respublikamizda jismoniy tarbiya va sportning fidoyi nazariyotchisi, milliy harakatli o‘yinlarimizning faol targ‘ibotchisidir.

U kishi 1932-yilda Toshkent shahrining Beshyog‘och dahasida, ziyolilar oilasida tavallud topgan. Jismoniy tarbiya texnikumini imtiyozli tugatgach, Moskvadagi Markaziy jismoniy tarbiya institutida o‘qigan. Faoliyatini Toshkentda yangi ochilgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining sport o‘yinlari kafedrasida o‘qituvchi sifatida boshlagan. Hamkasblarining e’tiroficha, mazkur kafedrada o‘qituvchilik faoliyati davomida Tal’at aka ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirgan, hududlarga safar qilib, iqtidorli yoshlarni institutga qabul qilishda jonbozlik ko‘rsatgan, sport sohasida milliy kadrlarni yetishtirishga hissa qo‘shgan.
O‘sha kezlarda aksariyat darslar rus tilida olib borilar, qishloqdan kelgan yoshlar rus tilini yaxshi bilmagani bois, ularda o‘zlashtirish bobida ma’lum qiyinchiliklar yuzaga kelardi. Shunda yosh o‘qituvchi Tal’at Usmonxo‘jayev basketbol va harakatli o‘yinlarga oid ma’ruza va qo‘llanmalarni tarjima qilib, darslarni o‘zbek tilida o‘ta boshlaydi. Turgan gapki, uning bu xatti-harakati kafedra va institut rahbariyatiga yoqmaydi, uni katta majlislarda tanqid qilishadi. Ularning fikricha, sport atamalari tarjima qilinmas emish. Shundan so‘ng, o‘zbek tilining fidoyisi bo‘lgan pedagog institutdan ketishga majbur bo‘ladi.
Bolalar jismoniy tarbiyasi, ularning salomatligini muhofaza qilish, yosh fiziologiyasi, maktab gigiyenasi, va ayniqsa, milliy harakatli o‘yinlar yosh olimning tadqiqot obyektiga aylandi. Izlanishlar natijasi sifatida birinchi kitobi – “Harakatli o‘yinlar” dunyo yuzini ko‘rdi. Tadqiqotchimiz faoliyati davomida sportni milliy qadriyatlarimiz bilan bog‘lashga xarakat qilib, “O‘zbekcha uqalash (massaj)ning sportchilar faoliyatiga ta’siri” degan mavzuda ilmiy izlanishlar olib bordi. Tadqiqotlar natijasida sharqona uqalash kishi tanasi va ruhiyatidagi charchoqni yo‘qotish, vaznni kamaytirishning muhim omili ekani xaqida ilmiy xulosaga keldi. Ammo afsuslar bo‘lsinki, yosh olimga o‘z tadqiqotlarini tugallash nasib etmadi, to‘g‘rirog‘i, bunga imkon berilmadi. Katta yig‘inlarning birida uni yana tanqid qilishdi. Mustabid tuzum davrida jismoniy madaniyat va sportni ilmiy tadqiq qilish shart emas, faqat ko‘rsatkichlar bo‘lsa bas, degan tushuncha hamda qarashlar mavjud bo‘lib, hatto “Jismoniy tarbiyadan ham ilmiy ish qilib, fan nomzodi bo‘lish shartmi?” degan g‘ayriilmiy bahslar o‘rtaga tashlangan edi.
Shuni ham qayd etish lozimki, ana shunday chalkash, noilmiy bahslarning paydo bo‘lishiga ayrim olim va mutaxassislarning jismoniy madaniyat va sportning ahamiyatini to‘g‘ri tushunib yetmasliklari sabab edi. Biroq xalqimizda “Haqiqat egiladi, bukiladi, ammo sinmaydi” degan ajoyib naql bor. Respublikamiz mustaqillikka erishgach, barcha sohalarda bo‘lgani kabi, jismoniy tarbiya va sport sohasida ham ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, natijalarni amaliyotga tadbiq etish bo‘yicha keng imkoniyatlar yuzaga keldi. Ushbu masalalar bilan shug‘ullanish O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti va unda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Ixtisoslashtirilgan ilmiy kengash zimmasiga tushdi. Tal’at Usmonxo‘jayev ana shu Ilmiy kengashning faol a’zosi sifatida, sohada yetuk olimlarning yetishib chiqishiga nazariy va amaliy yordam ko‘rsatmoqda.
Tal’at Usmonxo‘jayev jismoniy tarbiya va sport, milliy sport turlarining nazariy va amaliy jihatlari bilan shug‘ullanish asnosida sohalar bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlarni olib borishga mo‘ljallangan bir nechta ilmiy-uslubiy laboratoriyalarni tashkil etib, ularni boshqardi. Jumladan, poytaxtimizdagi Mitrofanov nomidagi suv havzasi qoshida kichik laboratoriya tashkil etdi, yosh sportchi-suzuvchilarning muskul-ish faoliyatining mashg‘ulotdan oldingi va keyingi holatini tadqiq qilib, sezilarli natijalarni qo‘lga kiritdi.
Yuqorida qayd etib o‘tganimiz majlisda nosamimiy tanqidga uchragan bo‘lajak olim ilmiy izlanishlarini chetga surib qo‘ymasdan, bilimi, zehni va irodasini ishga solib, 1968-yili Moskva Tibbiyot fanlar akademiyasining Pediatriya institutida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan edi. Shundan so‘ng, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining maxsus Ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashida “Bolalarni harakat faolliklari bilan bog‘liq tarzda jismoniy kamolotga yetkazishning ilmiy-pedagogik asoslari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Bu voqeaga ham shu kunlarda 30 yil to‘ldi.
Bugun to‘qson yoshdan oshgan ustoz qariyb 70 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida yigirmadan ortiq fan nomzodi va fan doktoriga ilmiy rahbarlik qildi, bir qator monografiya, darslik, o‘quv qo‘llanma, tavsiyanomalar yaratdi. Milliy harakatli o‘yinlar va sport turlarini tiklash, ular asosida yoshlarimizda vatanparvarlik, milliy g‘urur, qadriyatga esh intizom, halollik kabi fazilatlarni kamol toptirishga mo‘ljallangan qo‘llanma, tavsiyanomalarga hammualliflik qildi.
Ustoz qalamiga mansub “Maktabgacha ta’lim muassasalarida jismoniy tarbiya”, umumta’lim maktablarining 5–11-sinflari uchun yetti tilda “Jismoniy tarbiya” o‘quv qo‘llanmalari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar uchun darsliklar, ixtisoslashgan kollejlar uchun “Jismoniy tarbiya nazariyasi va uslubiyati” kabi ko‘plab risolalar nashr etildi.
Tal’at Usmonxo‘jayev yurtimizda milliy harakatli o‘yinlar, ularga oid sport anjumanlari, festivallarni xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz o‘rtasida ommalashtirishda ham fidoyilik ko‘rsatmoqda. Festivalga aylanib ketgan “Alpomish o‘yinlari” shular jumlasidandir. Shuningdek, ustoz “Cho‘pon”, “Bo‘ron”, “Chillak”, “Otib qochar” kabi tarixiy harakatli o‘yinlarni tiklash borasida ham jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda. Shunisi qiziqki, ustoz “bo‘ron” va “chillak” o‘yinlarini tahlil qilish va taqqoslash orqali, ularning “regbi” va “golf” singari AQSH sport turlariga o‘xshashligini aniqlagan.
Har bir xalq, har bir millat, albatta, farzandlari sog‘lom va jismonan yetuk bo‘lishi haqida qayg‘uradi. Shu yo‘lda fidoyilik bilan mehnat qilib kelayotgan ibratli zamondoshimiz Tal’at Usmonxo‘jayevga sihat-salomatlik, ezgu ishlarida muvaffaqiyatlar tilaymiz.
G‘ayrat SHOUMAROV,
akademik
“Jadid” gazetasining 2025-yil 19-dekabrdagi 51-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



