Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


19.02.2026 | 14:32

img1119

ODAMIY ERSANG…

Saksondan hatlagan Jalil Sultonovning vafot etganini kimdir bildi, kimdir bilmadi. Ammo bu xabar qariyb o‘n ming chaqirim olisdagi Yaponiya ahlini ham g‘amnok qildi. Hamkasblar bilan ta’ziyaga borar ekanmiz, u yerda o‘zimizning qorako‘zlar qatorida yapon do‘stlarimizni ham ko‘rib mutaassir bo‘ldik. Ular-da, jigaridan ayrilganday yosh to‘kardi. Ikki xalq mehrini qozongan bu inson kim edi?

Gapni sovet-yapon urushidan boshlashga to‘g‘ri keladi. Ushbu muhoraba Yaponiya mag‘lubiyati bilan yakunlanadi va 600 mingdan ortiq askar asir olinib, sobiq ittifoq respublikalariga sochib yuboriladi. 1945–1950-yillarda O‘zbekiston hududida ana shunday taqdir egalaridan 23 ming nafari istiqomat qilgan. Yapon harbiy asirlari Farhod GESi, Toshkent to‘qimachilik kombinati, Markaziy telegraf, Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri binosini barpo etishda yuksak mehnat madaniyatini namoyish etgan.

Boshqa hududlardan farqli ravishda, bizda yaponlarga mahbus emas, musofir sifatida qaralgan. Rahbarlar ham imkon qadar zarur shart-sharoitlarni yaratib bergan. Xalqimiz asirlar bilan tez til topishib ketadi, ular bilan uyini, nonini baham ko‘radi. Natijada kunchiqar yurt vakillari serquyosh o‘lkamizda deyarli kasallik va o‘lim domiga tushmaydi. Ularni vatan sog‘inchi va bo‘ynidagi asirlik tamg‘asi azoblardi, xolos.

Musofirlar shu holda ham haqiqiy yapon xarakterini namoyish etadi. O‘zlariga yuklatilgan vazifalarni astoydil, tartib-intizom asosida, sifatli va ishonchli bajaradi.

“Biz baribir bir kun ketamiz, qolganlar nima qilsa o‘zi biladi”, degan kayfiyatga berilmaydi. Har bir obyektga mas’uliyat bilan yondashib, o‘z imzosini qoldiradi.

Mag‘rub yillari davomida o‘zbeklar orasidan og‘a-ini, do‘st-yorlar orttiradi. Mehr ko‘rgizgan mardumlarga bejirim va betakror sovg‘alar yasab beradi. 1950-yillarda siyosiy vaziyat yumshab, yapon asirlar vataniga qaytib ketgach, bu buyumlar qimmatli yodgorlik bo‘lib qoldi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Yaponiya bilan ham do‘stlik aloqalari o‘rnatildi. Tarixiy munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Mutaxassisligi muhandis, qilichbozlik bo‘yicha sport ustasi bo‘lgan Jalil Sultonov 1998-yili dunyo davlatlari tajribasida naziri yo‘q ishga qo‘l urdi. Toshkent shahrida, o‘z uyida yapon askarlari xotira muzeyiga asos soldi. Bu ishga davlat buyurtmasi yo kimningdir undovi bilan emas, vijdon amri bilan qo‘l urdi. Buning uchun shaxsiy mablag‘i va mulkini ayamadi.

Ammo qamrov chegarasi sabab bu muzey uchun ma’lumotlar ham, eksponatlar ham juda tor doirada mavjud edi. Eng murakkab jihati, mustamlakachilar kelgusida o‘zini oqlash uchun asirlar haqidagi hujjatlarni yashirgan yoki qasddan o‘zgartirgan, bo‘yagan, yolg‘on aralashtirgan. Ularni topish, aniqlash va haqiqatni yuzaga chiqarish uchun necha ming sahifalik arxiv hujjatlarining changini yutish, rohat-farog‘atda o‘tkazish mumkin bo‘lgan keksalik davrini mana shu mashaqqatli ishga bag‘ishlash kerak edi. Jalil Sultonov ana shu qiyinchiliklardan cho‘chimay, dadil ishga kirishdi. Go‘yo tuproqdan tilloni ajratib oldi.

Vaqt o‘tib, Toshkent, Bekobod, Chirchiq, Angren shaharlaridan yapon asirlari haqida qimmatli faktlar va ularga tegishli buyumlarni jamlab, muzeyni boyitdi. Bugungi kunda ko‘rgazmadan Ikkinchi Jahon urushidan so‘ng O‘zbekistonda yashagan yapon fuqarolari hayotini aks ettiruvchi 21 ta eksponat va 200 dan ortiq fotosurat o‘rin olgan. Balki eksponatlar sanog‘i oz ko‘rinar, lekin salmog‘i shu qadar ekanki, ta’rif-u tavsifi Yaponiya imperatorigacha yetib boradi. Yapon xalqi bu maskan borligidan xabardor bo‘lgach, muzey tashkilotchisiga cheksiz hurmat-ehtiromini bildiradi. Bir vaqtlar asirlikni boshdan kechirgan, hali hayot bo‘lgan fuqarolar O‘zbekistonga kela boshlaydi. Og‘ir yillarda yaponlar bilan munosabatda bo‘lgan yurtdoshlarimiz ham ushbu dargohning aziz mehmoniga aylanadi.

Jalil Sultonov Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Yaponiyaning “Ko‘tarilayotgan quyosh: oltin va kumush nurlar” imperatorlik ordeniga loyiq ko‘rildi. O‘zbekistonning “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi. Davlat mukofotini shaxsan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘lidan qabul qilib oldi. Bu e’tiroflar ikki davlat o‘rtasidagi xalq diplomatiyasining yorqin namunasi bo‘lib xizmat qiladi.

Ushbu muzey faqat ikki xalq va davlat o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prik emas, balki dunyoga urush va mustamlakachilikning dahshatli oqibatlari haqida hikoya qiluvchi barhayot roviydir. O‘tkir Hoshimov “Ikki eshik orasi” asariga yozilgan so‘zboshida ta’kidlaganiday: “Urush faqat okopdagi jangchilarning joniga chang solib qolmadi. Minglab chaqirim naridagi odamlarni ham sinovdan o‘tkazdi. Mushkul damlarda imonini, insonligini saqlab qolgan ota-onalarimiz, aka-opalarimizning hayoti bugungi zamonda bizga o‘rnak bo‘lsa, ne ajab!” Said Ahmadning “Oftoboyim” hikoyasi, Odil Yoqubovning “Qaydasan, Moriko?” qissasida yapon xalqining urush davridagi buyuk matonati, ichki kechinmalari aks etadi. “Ulug‘ Amir va donna Mariya” filmida ushbu muzeyga alohida urg‘u berilgan. Muzey ham aslida san’at asari, noyob durdona. Uni o‘qiy olsak, bas!

Bugun Jalil Sultonov oramizda yo‘q. Ammo u yillar davomida o‘z ishining mohiyatini farzandlari, nevaralari ongiga singdira oldi. Xususan, nevarasi Risolat Sultonova muzey direktori o‘rinbosari sifatida so‘nggi yillarda bobosining suyanchiga aylandi:

– Bobom shijoatli, qiziquvchan, charchamaydigan, ko‘ngli toza, bilimdon inson edi. Edi deb aytish qanchalik og‘ir. Hech qachon bir manzilda to‘xtab qolmasdi, hech bir ishni chala qoldirmagan. Maqsadlari shu qadar katta ediki, ba’zan “24 soat menga kam”, derdi. Birov haqida yomon gapirmasdi, hatto dushmanlariga ham omad va boylik tilardi. Bobom bizga katta meros qoldirib ketdi. Bu shunchaki madaniy obyekt emas, balki Jalil otamning umridan butun bir davr. Kelgusida muzeyni yangi eksponatlar bilan boyitish, yurtimizda bo‘lgan yapon asirlari, ularning avlodlari bilan aloqalarni mustahkamlash, muzeyni YUNESKO ro‘yxatiga qo‘shish, bobomning mavzuga doir ishlagan filmini davom ettirish rejamizda bor.

Dunyoda quyosh bitta, lekin inson qalbi cheksiz, unda qancha quyoshlar suzib yuradi. Ulardan biri – xotira quyoshi. U nafaqat o‘tmishni yoritadi, balki bugunga harorat, kelajakka charog‘bon bo‘ladi.

Bir qarashda jadid bobolar yo‘li qatag‘on yillari kesilganday ko‘rinadi. Aslida bu qutlug‘ harakat turli ko‘rinishda, turfa insonlar timsolida yashab kelayotir. Bundoq qaraganda dunyoning ters tomonida tug‘ilgan, hech bir jihatdan manzili kesishmaydiganday tuyuladigan jabrdiydalarga beta’ma yodnoma barpo qilish, marhumlar xotirasini mangu e’zozlash kabi savob ishni bugungi dunyo qaysi andozaga soladi, qanday o‘lchovlarga tortadi? Bunday odamiylik namunasini Mir Alisher Navoiyga ma’naviy murid bo‘lgan, fidoyi jadidlarga sodiq izdosh bo‘lgan hazrati insongina amalga oshiradi. Jalil otaning ibratli umri odamgarchilik mezonlarini umumbashariyat insoniyligi rutbasiga qadar yuksaltirdi.

“Odamiy ersang, demagil odami…”

Otabek BAXTIYOR

“Jadid” gazetasining 2026-yil 13-fevraldagi 7-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596