Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


30.06.2024 | 00:34

img386

ODAMIYLIK RUTBASI

Maqtov va hamd-u sano faqat Yaratgan zotga yarashadi. Burungilar ayt­ganidek, inson xatokor va nuqsonlidir. Ammo odam bolasining botinida shunday bir javhar – qalb borki, go‘zal tuyg‘ular va hayratlar makoni o‘laroq u hamisha inson zotining mohiyatiga zeb berib, maqomini yuksaklarga ko‘tarib turadi. O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti Og‘abek Sobirov bilan bugungi suhbatimiz ham aynan odamiy­lik rutbasi-yu san’atkor qalbi­ning iztiroblari, yo‘qotganlari-yu shu yo‘qotishlar eva­zi­ga topganlari haqida­dir.

– Og‘abek aka, biz yashab turgan dunyo naqadar ko‘hna. Odamzodning bu qadim karvoni naqadar uzoq asrlar qa’ridan kelyapti. Bugun sizning qo‘lingizda sayrayotgan “quvyog‘och”ni, eng avval, ibtidoda kim chalgan-u sizgacha kimlar­ning qo‘lida yig‘lamagan va kimlarga zavq ulashmagan deysiz. Ortga bir nazar tashlab, kimlarni o‘zingizga chinakam ustoz deb bilasiz va o‘zingizni kimdan ko‘proq qarzdor deb hisoblaysiz?

– Qalbimda san’atga bo‘lgan ilk mehr bolalik chog‘imda uyg‘ongan. To‘g‘risi, u vaqtlarda hozir siz aytgan tuyg‘ularni his qilish, ang­lashga juda yoshlik qilganman. Aniq bilganim shuki, bobokalonlarimiz Xiva xoni saroyida cholg‘uchi bo‘lishgan. San’atkorlik – ajdodlarimizdan qolgan bobomeros kasb. Ilk bor qo‘limga tor olar ekanman, otamiz Karimboy Sobirov va onamiz Bekposhsha Jumaniyozova ich-ichlaridan bu qiziqishimni ma’qullab, rag‘batlantirishgan. Kerak bo‘lganda, duolari bilan menga qanot bo‘lganlar.

Otam qirq yil temiryo‘l sohasida ishlab, biz – sakkiz farzandni hech nimadan kam qilmay ulg‘aytirdi. Onajonim esa padari buzrukvorim­ning borini oshirib, yo‘g‘ini yashirib, butun umrini farzand tarbiyasiga bag‘ishlagan. Ikkovi ham san’atga ipsiz bog‘langan edi. Ulardagi sozga chuqur mehr va mubtalolikni doim his qilib turganmiz.

To‘ng‘ich akam Maqsudbek Sobirovni birin­chi ustozim deb hisoblayman. Maktabda musiqa o‘qituvchimiz Sultonboy Sobirov, bilim yurtida Bobojon Sapayev menga ustoz­lik qilgan. Shogirdim deb menga duo bergan, katta sahnaga olib chiqqan ustozim esa O‘zbekiston, Turkmaniston hamda Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ortiq Otajonov bo‘ladi. Qolaversa, mendan oldin san’atga kirib kelgan va bu yo‘lda ter to‘kkan barcha ulug‘larni o‘zimga ma’naviy ustoz deb bilaman. Ularning ruhi oldida o‘zimni hamisha qarzdor hisoblayman.

– Sizningcha, vatanparvarlik nima? Kuy-qo‘shiqlar orqali bu tuyg‘uni uyg‘o­tish mumkinmi?

– Vatan va vatanparvarlik – juda go‘zal mav­zu. Masalan, Ozarbayjonning Shusha shahrida o‘tkaziladigan “Xari bulbuli” mada­niyat va san’at festivalida qardoshlarimiz tomonidan kuylanadigan Vatan haqidagi qo‘shiqlarni ting­lab, odamning ko‘ziga yosh keladi, ko‘ksi mehr, iftixorga to‘ladi. “Ulug‘imsan, Vatanim”, “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” singari o‘zbekona qo‘shiqlarni tinglaganda ham xuddi shunday kechinmalarni tuyasiz. Bunga sabab ushbu qo‘shiqlar botinidagi samimiyatdir.

– To‘g‘ri, ammo tanganing ikkinchi tomoni bor. Bu muqaddas mavzuni siyqalantirib, va­tan­parvarlik g‘oyasini o‘z manfaati yo‘lida dastak qilayotgan ayrim san’atkor­larga nisba­tan yurtdoshlarimizda e’tiroz uyg‘ona­yotgani ham bor gap…

– Inkor qilmayman. Ammo men uchun vatanparvarlik bu – otam, onam va bobolarim yotgan muqaddas tuproqni chinakamiga sajdagoh deb bilishdir. Ustozimiz Komiljon Otaniyo­zov kuylaganidek: “O‘zga yurtning bog‘i bilan bog‘chasi o‘z yurtimning yantog‘icha ko‘rinmas”. Negadir shu qo‘shiqni eshitsam yo ustozga ergashib kuylasam, doim ko‘zimda yosh aylanadi.

– Aytgancha, siz Komiljon Otaniyozov “Suvora”larini ko‘p kuylagansiz. Kuyla­moq­dasiz. Buyuk hofizning ashaddiy muxlis­lari tomonidan tanqid qilinishdan qo‘rq­may­sizmi? Umuman, tanqidga muno­­sa­batingiz qanday?

– O‘rinli bo‘lsa, e’tirozim yo‘q, samimiy qabul qilaman. Ammo o‘rinli tanqid va shaxsiy xusumat – boshqa-boshqa narsa. Ular orasidagi nozik farqni aniqlab olish kerak. Tanqid bahona shaxsni atay obro‘sizlantirish maqsad qilingan bo‘lsa, bu – endi yomon, judayam yomon. Fe’limdagi og‘ir-vazminlik sabab men bu borada besabrlik qilmaganman. Biz tomonlarda: “Seni it tishlasa, sen ham itni tishlaysanmi?” degan bir aytim bor. Ortiqcha gap-so‘z, shov-shuvlarga aralashishni to‘g‘ri deb bilmayman. Men uchun muhimi – ijod qi­lish, yangi qo‘shiqlar yaratish va chinakamiga ijod zavqini tuyishdir.

– Joriy yilning aprel oyida Ozodbek Nazarbekov, Yulduz Usmonova, Munojat Yo‘lchiyeva, Yodgor Sa’diyevlar qatori siz ham “Tojikiston xalq artisti” faxriy unvoniga sazovor bo‘ldingiz. Shu o‘rinda an’anaviy bir savol, o‘sha lahzada qalbingizdan nimalar kechdi? Bugun qanday qo‘shiqlar yaratyapsiz?

– O‘sha lahzadan to hozirgacha bir narsa – ikki xalq ishonchiga munosib bo‘lishim shartligi haqida o‘ylayman. Bu yuksak xalqaro e’tibor va e’tirof zamirida Prezidentimizning biz san’atkor­larga bo‘lgan mislsiz mehri va g‘amxo‘rligini ko‘rish mumkin. Keyingi yillarda qo‘shni davlatlar bilan yaqin do‘stlik munosabatlari tiklandi, uzoq vaqt taqa-taq yopilgan eshiklar ochilib, uzilgan rishtalar qayta bog‘landi. Bu borada xalq dip­lomatiyasining bir shoxobchasi bo‘lgan san’at omilidan ham oqilona foydalanilayotir. Mana shu jihat biz san’atkorlarning ham nufuzini oshirib, o‘z fuqarolik burchiga yangicha ko‘z bilan qarashga undamoqda. Qisqa qilib aytganda, Yurtboshimizning bag‘rikeng siyosati tufayli biz qo‘shni davlatlarda ham tanilish asnosida o‘zimizning milliy san’atimizni targ‘ib qilish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Biroz baland­parvozdek eshitilsa-da, bugungi doril­omon kunlar sharofati bo‘lmasa, bu imkonlar qayda edi? Endi nafaqat o‘zbek, balki tojik san’at shinavandalari uchun ham ijod qilish mas’uliyati zimmamizda. Ayni paytda har ikkala qondosh va jondosh millatga ehtirom tariqasida o‘zbek va tojik tilida shir-u shakar qo‘shiq tayyorlayapmiz. Yaqin kunlarda ushbu qo‘shiqning taqdimoti bo‘lib o‘tadi.

– Sobirovlar sulolasidan bugun ham yangi nomlar chiqyaptimi? Shu haqida­yam muxlislaringizni xabardor qilsangiz.

– Ukam Anvar Sobirov necha yildirki, qo‘shiqchilik va aktyorlik sohasida barakali ijod qilmoqda. O‘rtancha farzandim Ibrohim ham Yunus Rajabiy nomidagi maqom institutida tahsil olayotir.

Xabaringiz bor, maqom san’atiga shaxsan Prezident darajasida e’tibor qaratilyapti. Chunki maqom – bu tarix, maqom – bu o‘zligimiz. Ayni kunlarda so‘lim Zomin tog‘lari bag‘rida II Xalqaro maqom festivali bo‘lib o‘tmoqda. Davlat rahbarining fes­tival qatnashchilariga yo‘llagan tabrigidagi yuksak ruh biz san’atkorlarga tolmas qanot bag‘ish­laydi.

– So‘nggi savol: eng katta boyligingiz nima?

– Eng katta boyligim – iymonim, undan keyin san’at va san’atga bo‘lgan muhabbatimdir.

Sanobar MEHMON suhbatlashdi


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596