10.03.2025 | 15:20
671
OGAHIYNING “QO‘LINI TUTGAN” OQSOQOL
Xorazmda umrini el-yurtning g‘ami bilan yashab kelayotgan yoshullilar juda ko‘p. Bunday odamlar vohaning har bir tumanida, qo‘yingki, har qishlog‘-u mahallasida istagancha topiladi.
Xivalik Otanazar aka Pirnazarov ana shunday insonlardan. U kishi tabarruk 81 yoshni qarshilayotgan bo‘lsa-da, hali yoshiga nisbatan ancha tetik, bardam, fikri teran. U umrining 60 yilini davlat ishiga baxsh etdi. Bir joyda, bir lavozimda 30 yil rahbarlik qildi. Yana o‘sha sobiq tuzumning eng qiyin davrlarida Xiva tumanidagi Ogahiy jamoa xo‘jaligi boshqaruvi raisi vazifasida ishladi.

Otanazar og‘a bilan ko‘pdan suhbat qilishni niyat qilardim. Sababi, u Ogahiy hazratlari qadamjosini obod qilishda ko‘rsatgan jonbozligi bilan vohada shuhrat qozongan.
– Otanazar og‘a, sizni Ogahiyning “qo‘lini tutgan rais” deyishadi. Shu iboraning ma’nosini tushuntirib bersangiz.
– Ogahiy hazratlari o‘z qo‘li bilan ekib ketgan balx tuti, yaratgan bog‘-rog‘lari, qazdirgan yop-ariqlari biz uchun ko‘zga to‘tiyo, muqaddas. Taqdir har bir avlod zimmasiga o‘ziga yarasha og‘ir yuk yuklaydi. Bilamizki, Ogahiy bobo miroblar avlodidan bo‘lgan. U zotni ko‘rgan bobolarimiz Polvon, Varag‘zon, Xiroson, Mo‘rtiman, Gʻo‘vik yop, Bo‘z yoplarni qazishgan. Otalarimiz esa o‘sha yoplarni qayta qazishgan. Menga esa taqdir ulug‘ Ogahiy tavalludining 150, 180, 190 yillik yubileylarida qatnashish baxtini muyassar etdi.
Siz aytgan iboraga kelsak, buning tarixi uzun: 1950–1980-yillar bilan bog‘liq. Bilasizmi, o‘sha davrlarda hamma narsa paxta bilan o‘lchanardi. Xotira, tarix, qadriyat, adabiyot, kamdan kam kishilarni qiziqtirgan. 1958-yil yozida uyimizga mashhur olim Subutoy Dolimov keldi.
Onam rahmatlik o‘sha davrlarda maktab direktori bo‘lib ishlardi. Gap Ogahiy merosi va uning qabri haqida bordi.
Mehmon Ogahiy mozorini ziyorat qilish uchun Shayx Mavlon bobo qabristoniga bordi. Men unga yo‘l boshladim. Hech kim, hatto, qishloq nuroniylari ham ulug‘ shoirning qabrini ko‘rsata olmadi. Shundan biroz vaqt o‘tib, respublika matbuotida jurnalist Fozil Zohidovning “Changalzor oralab”, degan tanqidiy felyetoni bosilib chiqdi.
1959-yil kuzida Gʻafur Gʻulom, Ibrohim Mo‘minov, Qori Niyoziy, Zulfiya, Uyg‘un, Ayyomiy, Subutoy Dolimov, Egam Rahim kabi shoir, olimlar kelib qishlog‘imizda katta tadbir o‘tkazishdi. Ma’ruzalar, g‘azallar o‘qildi, so‘ng konsert boshlandi. Haliyam ko‘z o‘ngimdan ketmaydi, o‘zbekning tanti shoiri Gʻafur Gʻulom sozanda hofizni to‘xtatib:
– Ogahiydan ayt, – dedi.
– Ogahiydan bilmayman, og‘a, – dedi haligi hofiz kalovlanib.
– Ogahiydan bilmasang, ko‘tar dang‘ir-dung‘iringni, – dedi Gʻafur Gʻulom.
Shundan so‘ng zudlik bilan Bola baxshi Abdullayevni topib kelishdi. Bola baxshi “Feruz I”, “Feruz II”, “Suvora”dan, “Oshiq g‘arib va Shohsanam” dostonlaridan kuylab berdi. To‘g‘risi, ana shundagina biz Ogahiy to‘g‘risida to‘liq tasavvurga ega bo‘ldik.
1980-yillar boshida xutorlarni tugatish, paxta plantatsiyalarini kengaytirish, bog‘-rog‘larni kamaytirish siyosati boshlandi. Hozirgi 32 gektarlik Ogahiy bog‘-muzeyining o‘rni aholi tarqoq yashaydigan hududlardan iborat bo‘lgan. Eng muhimi, bu yerda 50–60 tup balx tuti, tarixiy kungurali joylar bor edi. Qariyalarimiz eski uylar, tutlarni yiqib, hamma yoqni tekislab, paxta ekmoqchiligimizni bilib, bizni bu yo‘ldan qaytarish uchun idoraga kelishdi: “Bu tutlar orasidagi bir tupini Ogahiy bobomiz o‘z qo‘llari bilan ekkan, uni kelgusi avlodlarga asrab-avaylab yetkazish zarur”.
Keksalarning maslahatiga ko‘ra, tutlarga qo‘l tekkizmadik. Boshqa yerlarni tekislab, tobga keltirib sug‘ordik va atigi bir gektar yerni bog‘ uchun ajratdik. 1982-yil yoz oylarida “Xorazm haqiqati” gazetasi muharriri, shoir Erkin Samandar obkomning vakili bo‘lib keldi. Birga dala aylandik. Yo‘limiz Ogahiy ekkan tut va biz boshlagan “xufiya bog‘” ustidan tushib qoldi. Men bo‘lg‘usi bog‘ va o‘sha tabarruk oq tutni bajonidil ko‘rsatdim. Ko‘zlariga sevinch yoshlari kelgan Erkin aka biroz o‘ylanib turdi-da: “Agar qarshilik qilmasangiz, bu tut tevaragini Ogahiy bog‘i deb e’lon qilsak. Ehtimol, bobomiz orzu qilgan bir bog‘ – memorial muzey bo‘lar”, dedi.
Men bu taklifga rozi bo‘lar edimku-ya, ammo “paxta dalasi hisobiga bog‘ yaratibdi” degan sovetcha malomatga qolmasmikanmiz, dedim.
Shunda Erkin aka yana o‘ylanib qoldilar…
Oradan ikki yil o‘tgach, biz boshlagan bu xayrli ish raykomning birinchi kotibi Madamin Matkarimovning qulog‘iga yetib boribdi. U bir kuni kolxozga keldi. Dala va bog‘ni sinchiklab aylanib chiqdi va menga qarab:
– Otanazar, nega bu yerni rejaga kiritmasdan bog‘ qildingiz? – deb qoldi.
– Madamin Matkarimovich, shu bir tup oq tutni Ogahiy bobomiz o‘z qo‘llari bilan ekkan ekan. Biz uni kelgusi avlodlarga yodgorlik sifatida qoldirishni niyat qildik.
U kishi jilmayib qo‘ydi va jiddiy tikilgancha:
– Mayli, qilar ishni qilib qo‘yibsiz, biroq endi bu yog‘iga nihoyatda ehtiyot bo‘ling. Ishqilib, bu xayrli ishlaringiz yomon quloqlarga yetib borib, ikkalamizni ham qiynashmasin-da, – dedi.
1986-yilga kelib mamlakatda demokratiya davri boshlandi. O‘shanda bog‘ni “Ogahiy bog‘i” deb e’lon qildik. 1992-yilda bog‘ 24 gektarga, keyinchalik jami maydoni 32 gektargacha kengaydi. 1989-yili shu bog‘da Ogahiy uy-muzeyi qurilib, shoir haykali o‘rnatildi. Uning tevaragiga turli mevali og‘ochlar o‘tqazib, gulzor tashkil etdik. Bunday xayrli ishlarda Erkin Samandar, Otaxon Ollaberganov, To‘raboy Quryozov, Renat Ahmedov, Erkin Rahmonov, Rahima Xudoyberganova, Daryomurod Xudoyberganov kabi rahbar va ijodkorlarning xizmati katta bo‘ldi.
– Yoshulli, savoldan uzoqlashib ketmayapmizmi? Uzr-da, endi…
– E, esimda turibdi. “Ogahiy hazratlarini qo‘lini ushlashim” mana bundoq bo‘lgan. 1989-yilning ilk bahorida Ogahiy yubileyiga tayyorgarlik boshlanib ketdi. Hazratning qabri qaysi ekan, degan savol menga tinchlik bermasdi. Hali aytib o‘tdim-ku, respublika matbuotida chiqqan tanqidlardan so‘ng ham u kishining qabri aniqlanmay qolgan edi-da. Qishloq qariyalarini yig‘ib maslahat soldim. Yoshi 70-80 dan oshgan qariyalar “Ogahiyning xilxonasi 7 ta tutdan yasalgan quti ichida emish. O‘zi “Mozorim hazrati Munisning qabri yonida bo‘lsin!” deb vasiyat qilgan ekan”, deb aytishdi. Shu kuni peshin namozidan so‘ng qabristonga borib, xarobaga aylanayozgan qabrni ochdik. Chindan ham qabrda tutdan yasalgan sandiq bor ekan.
Asta ochdik, unda odam suyaklari kishi gavdasini eslatib yotardi. Uch karra Qur’on o‘qitdik va allomaning o‘lmas asarlar bitgan muborak kaft suyaklarini ushlab tavof etdim. To‘g‘risini aytsam, Ogahiydek buyuk zotning “qo‘li”ni ushlaganimga suyunib, ko‘zimda yosh qalqidi. Keyin esa belni mahkam bog‘lab, el manfaati yo‘lida yanada yaxshiroq ishlash, kurashish va yashashga otlandim.
Endilikda shoirlar Munis va Ogahiy yotgan Shayx Mavlon bobo qabristoni fayzli ziyoratgohga aylangan. Ikki shoir nomi bilan ataluvchi bog‘lar esa biri-biriga ohangdosh jaranglaydi. Ayniqsa, Ogahiy bog‘ining shon-shuhrati o‘zgacha. Bir vaqtlar Erkin Samandar:
Nimalar bo‘lmaydi, deysiz hayotda
Ogahiy tut ekdi bog‘i Qiyotda…
– deb boshlanuvchi she’r ham yozgandi. Bog‘ning g‘arb tomonida davolanish maskani, Qosimobod shaharchasi, orqa va kun chiqish tomonlarida aholi zich yashaydigan mahallalar. Bog‘ xalq sayillari, Navro‘z va Mustaqillik bayrami, Ogahiy tavalludi kunlarida san’at va adabiyot ixlosmandlari, yosh-yalanglar bilan to‘lib ketadi. Qishlog‘imizdagi har bir xonadonda Ogahiy g‘azallari, qo‘shiqlari yangraydi, g‘azal va bayozlari mutolaa qilinadi. Maktablarda Munis va Ogahiyga, Pahlavon Mahmud va Jaloliddin Manguberdi yubileylariga bag‘ishlangan tadbirlar, mushoira, g‘azalxonlik kechalari bo‘lib o‘tadi…
* * *
Otanazar og‘a bilan suhbatimiz qizg‘in bo‘ldi. Bu ibratli ishlar uning xayrlik amallari dengizidan bir tomchi, xolos. O‘zbek adabiyotida o‘chmas iz qoldirgan Ogahiy hazratlari mangu qo‘nim topgan qadamjoni obod qilishdek savobli ishlari qahramonimizning ezgu amallari jamlangan marjondagi eng yorqin dur-u javohirlardandur.
Boltaboy Muhammad QURBON
“Jadid” gazetasining 2025-yil 28-fevraldagi 9-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596
