Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


18.04.2024 | 18:52

img378

O‘G‘IL (hikoya)

Bu yog‘i voha bekliklarining be­po­yon yerlarida, bu yog‘i tojig-u turk­man tomonlarda dong‘i chiqqan polvon – Davla gazar kuz odoqlari­da Tagto‘qay qishlog‘ida bo‘layot­gan katta kurashga yetib kelib, maydon oraladi. El yelkasi yer iska­­magan botirini gurillab olqishladi. Rangi o‘ngigan beqasam to‘nli yosh-yalang bo‘z yigit­lar, yamoq uril­gan qalin jelakli o‘rtacha polvonlar tog‘kelbatli Davlani ko‘rib, asta-asta davradan chetlay boshlashdi. Maydon haybatidan ot hurkadigan zo‘rlarga qoldi. Yirik polvonlar ham yiqitib-yiqilib bo‘lgandan so‘ng, bako­vul katta toboqni[1] mehmonkeldi[2]ga qo‘shib Davla gazar­ning nomiga bag‘ishladi. Talabgor topilmagach, oqsoqollar qo‘yarda-­qo‘ymay Shero­bod bekligining dongdor pahlavoni, Qora­qoplon la­qabli, tovonidan o‘t chaqnagan Abdu­sattor polvonni may­donga tort­qilab, duo berib yubordilar. Bu kurashga yuragi betlamay tursa-da, Abdusattor el­ning duosiga qarshi borolmadi, noiloj Boysun bekligi­ning zo‘riga qarshi maydonga chiqdi. El tusmollaganday kurash uzoqqa cho‘zilmadi.

Davla gazar Abdusattor polvonni yelkasidan oshirib urgandan so‘ng yo‘lbars yurish qilib davrani bir aylandi. Bakovul “mag‘lub polvonning origa talabgor bormi”, deb hayqirdi. Shunda o‘n uch yashar o‘spirin davraga o‘ynab otilib chiqib, maydon o‘rtasiga cho‘nqayib o‘tirdi. Hali suyagi qotmagan, ko‘zlari katta-katta, bug‘doyrang yuzi tip-tiniq, qoshlari qalin, qora to‘nli bo‘zgina bolani ko‘rgan odamlar hayron qarashdi. Ko‘zi kurashlarda pishgan, yoshi oltmishni qoralagan, suyakdor bakovul unga qirg‘iy qarash qilib:

– Ha, qulunim, sen nimaga chiq­ding? Jo‘jaxo‘rozlarning gali o‘tdi. Hozir katta polvonlar olishadi, – deb qo‘lini silkib, chetlash degan ishorani ber­di.

– Men otamning origa chiqdim, Davla bilan olishaman, – dedi bola tap tortmay. Polvon otasining mag‘­lubiyati bu o‘spirinning yuragini o‘y­natib tashlagan edi.

– Hay-hay-hay, – deb qichqirdi bakovul. – Polvonjon, shoshmang, shoshmang. Hali sizga vaqt bor. O‘zingizning teng-to‘shingiz bilan tirashing. Davla polvon sizdan kamida ikki muchal katta.

Bola o‘rnidan qo‘zg‘almay, or talab turaverdi, so‘ng bakovul moshkichiri mo‘ylovini silab, maydon chetiga qarab qichqirdi:

– Hov, Abdusattor polvon, kichik bo‘ringizdi qaytaring, men bunday notanti kurashga duo berolmayman. Davla polvon qayda-yu, bu qayda? Hali go‘dak-ku bu.

Ko‘rpaday choponiga o‘ranib o‘tirgan Abdusattor polvon o‘g‘liga:

– Shamsiddin, davradan chiq, ­esing bormi o‘zi! – deb siyosat qildi.

Bola o‘rnidan qo‘zg‘almadi. Yana balandroq ovozda “Men Davla bilan olishaman”, deb baqirdi.

Katta davrani gir o‘rab turgan tumonat odam guvillab ovoz berdi. Bu tomoshaga chetdan ayiqday bepisand qarab turgan Davla gazar lorsillab o‘rtaga chiqdi-da, qoshigacha tushib turgan sur telpagini manglayiga ko‘ta­rib, bakovulga to‘n­g‘illadi:

– Otasining origa chiqibdimi, qay­tarmang, bakovul bobo. Shuncha ger­rayyaptimi, mayli, men bilan olish­­sin. Kuchiga ishonayotgandirki, may­­donga otilib chiqyapti.

Odamlar norozi ohangda jo‘r bo‘lib, “eee”ladi. Ko‘pni ko‘rgan gap­chi­noz bakovul ham nima qilari­ni bil­may qolib, yordamchilari bilan mas­lahatga bosh qo‘shdi. Bir paslik qo‘l silkishlar-u barmoq nuqishlardan so‘ng bakovul maydon kindigiga qayt­di va hukmona ohangda:

– Ey xaloyiq, – deya o‘ng qo‘li­ning ko‘rsatkich barmog‘ini osmonga nuqib gumburladi: – Abdusattor polvonning uli Shamsiddin polvon otasi­ning orini talab qilib, Davla polvonni maydonga chaqirdi. Udumlarimizga ko‘ra, or uchun chiqqanni ortga qay­tarmaydilar. Shunga ikki polvonga duo beramiz. Bu ikki polvonning o‘rtasida bir toyi, bir chori qo‘yi bor. Haqqingni halollab olasan, polvonjonlar! Omin! Omin!

Hamma gurillab duo berdi. Lekin odamlar orasida past-baland gap qo‘zg‘alib qoldi. Birov: “Davla bu bolani bir qissa, suyaklarini qisirla­tib sindirib yuboradi-ku”, desa, yana birov: “Qani ko‘rsin-chi, lekin g‘ayrati­ga qoyil, o‘t ekan, olov ekan”, der, boshqa birov: “Bakovulning kallasi joyidami, teng-tengi bilan chiqishi kerak-da”, deb ta’na qilardi.

Birozdan so‘ng Shamsiddin pol­von kiyimlarini kiyib, yana davraga otilib chiqdi. Tiramohning so‘nik qu­yoshi ostida maydon aylanayotgan, tanida g‘ayrat chaqnagan bu o‘spiringa qalin oq jelak va uzun guldor belbog‘ juda yarashgandi. Undan keyin chiqqan Davla gazar salobat bilan gursillab davrani bir aylandi. Uning arslon yurishini ko‘rgan el “Mening tengim shumi?” degan iddaoni tuyganday bo‘ldi.

Kurash boshlandi. Polvonlar birin­chi qo‘l olishlarida bir-birlari­ning ko‘z­­la­ri­ga qaraydilar. Shunday payt­da Davla gazar yosh Shamsiddinning ko‘zlarida chaqmoqni ko‘rdi va bir­dan nimanidir anglaganday kulimsirab qo‘ydi. Shamsiddin bu kulimsi­rash­ni mazax deb tushundi, ichidagi achchig‘ining rangi yuziga urdi.

Polvonlar yoqa olishganlarida o‘s­pirin Shamsiddin yurtning eng katta polvoni, kimsan Davlaning po‘lat boldirlariga zarb bilan qoqma3 berdi. Katta polvon tizzaladi. Odamlar yana jo‘r bo‘lishib “o‘o‘o‘” deb shamolday ovoz berdi.

Davla tezda o‘rnidan turib, o‘ng qo‘li bilan raqibining so‘l qo‘lidan ilib oldi-da, birdan to‘xtadi va tumonatga qarab hayqirdi:

– O‘o‘, el-u xalq! Otasining orini ko‘targan shu bolaga duo beringlar. Nasib etsa, bu bola yurtning katta polvoni bo‘ladi. Shamsiddin polvon otasi Abdusattor polvonning orini oldi. Men yiqildim.

Davla gazar taslim ishorasini berib, ikki qo‘lini boshidan baland ko‘­tardi. El duoga qo‘l ochdi.

Davla gazarning o‘zi ataylab tizzalaganmi yo kichik bo‘ri rost­dan shunday kuchga ega bo‘lgan­mi, bunisini bilmadik, lekin o‘sha kuni Shamsiddin otasining orini olgani chin.

1. Katta toboq – eng katta sovrin.

2. Mehmonkeldi – to‘y egasining yaqin qarindoshlari tomonidan qo‘yiladigan sovrin.

3. Qoqma – tepish, chil berish, kurashdagi usul.

Eshqobil SHUKUR

“Jadid” gazetasi 2024-yil 5-aprel 15-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img79

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img595

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img593