Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


18.04.2025 | 17:32

img512

O‘NG QO‘LING BERGANNI… BUTUN DUNYO KO‘RSIN(MI?)

Ro‘zayi ramazon kunlarida oynayi jahon (ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar) saxovat tadbirlari targ‘iboti bilan to‘lib toshdi. Xalqimizda qadimdan Navro‘z va boshqa bayramlarda, ayniqsa, ro‘za oyida ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish, fitr va zakotlarini kamdaromad oilalarga berish an’anasi mavjud. So‘nggi yillarda bu an’ana davlat siyosati o‘laroq tizimli tashkil qilinadigan tadbirlarga aylandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil qilingan “Temir daftar” va boshqa shunga o‘xshagan ro‘yxatlardagi oilalarga muntazam moddiy yordamdan tashqari tadbirkorlar va sarmoyador insonlar tomonidan xayr-u saxovatlar ulashilayotir.

Bu yaxshi an’ana – yaxshi amal. Ammo…

Ramazon kunlarida “Temir daftar”da turadigan, boquvchisini yo‘qotgan xonadonga mahalla imomi boshliq mas’ullar bir qop un, yog‘, qand-qurs keltirishganida guvoh sifatida biz qo‘shnilarni chaqirishdi. O‘sha berilmish ne’matlar solingan qutini oilaning qizi yoniga qo‘yib, biz guvohlarni ham safga tizib suratga olishgani g‘alat ish bo‘ldi. Ajablanganimni ko‘rib, mas’ullardan biri “Hokimlikka ma’lumot sifatida fotosurat yuborishimiz kerak”, dedi…

Oynayi jahonda shunga o‘xshash tadbirdan olingan lavhaga ko‘zim tushdi. Nogironlik aravachisida o‘tirgan o‘rta yashar kishi homiylar keltirgan bir qop un va boshqa yeguliklar yonida xomush qiyofada o‘tiribdi. Yonida qizalog‘i kelganlar va ularning videoga olishlariga qiziqib qarayapti…

Mayli, xayr-u saxovat qilinibdi, falon narsalar berilibdi, ammo shuni tasvirga olib, butun yurtga ko‘z-ko‘z qilish shartmi? Yana so‘zamol muxbir “Kambag‘al, nogiron kishi holidan xabar olindi, falon narsalar berildi. Fuqaroning bu e’tibordan boshi ko‘kka yetdi, minnatdorlik bildirishga tili ojiz…” kabi ko‘tarinki so‘zlarni to‘tiqushdek “sayrayapti”.

“E, birodar, taqdir taqozosi bilan nogironlik aravachasiga mixlanib qolgan bandani shu ahvolda ko‘rsatish shartmi? Ertaga tanishlari, qo‘ni-qo‘shnilari oldida xijolat tortmaydimi, uyatdan boshi egilmaydimi?” deydigan odam yo‘q.

Shunga o‘xshagan tadbirlarni mahalliy hokimliklarning rasmiy saytlari ham go‘yo “olamshumul voqea” tarzida yoritishlarini ayting!

…Amakimizning nevarasi turmushidan ayrilib, ona uyiga qaytib keldi va “ona qorniga sig‘gan” og‘aynilari uni ota uyiga sig‘ishtirmadi. Otasidan meros qolgan yer maydonida o‘zi va bolalariga boshpana tiklay desa… qani mablag‘? El-elat, yaqinlarining moddiy yordamlari bolalarining qorni va ust-boshidan ortmasa…

Shu orada kimdir uysiz ayolga imorat qurib berayotganidan xabar topdim. Borsam, haqiqatda allaqachon uyning beton poydevori tiklanib, devor urishga kirishilgan. Bu ishlar boshida kim turibdi, deb qiziqdim va bildimki, vodiylik bir tadbirkor savob uchun qurib berayotgan ekan. O‘sha tadbirkorning telefon raqamini topib bog‘landim va bu savob amalini matbuotda yoritishni rejalaganimni aytdim. Shunda u tadbirkor rad qildi: “Aka, shartmas. Falon ish qildim desam minnat bo‘ladi. Hammasini Xudo ko‘rib turibdi-ku!”

Uch oyda o‘sha tadbirkor besh xonali imoratni tiklab, tomiga tunuka qoplatib, ichlarini ta’mirlatdi – amakimning nevarasi go‘yo tush ko‘rganday yap-yangi uyga ko‘chib o‘tdi. Endilikda har taomlanganida o‘sha insonni duo qiladi. Qizig‘i, o‘sha inson ism-sharifini ungayam aytmabdi.

O‘zim guvohman: o‘tgan asrning to‘qsoninchi yili bir hamkasbimiz Yoshlar ittifoqi mukofotiga sohib bo‘ldi. Mukofotni markazdan kelganlar Xiva tumanidagi katta saroyda tantanali ravishda topshirdilar. Hamkasbimiz ko‘ksiga laureatlik nishoni taqilgach, xatjildda berilgan mukofot pulini oldi-yu, zalning birinchi qatorida o‘tirgan Xiva bolalar uyi direktori Vera Pakni chorlab, uning qo‘liga tutqazdi. Zal gulduros qarsaklardan larzaga keldi. O‘sha vaqtda bu pulga bundayroq bir yengil mashina berardi.

Eng e’tiborlisi, tantanadan so‘ng yozilgan dasturxonda choy ichayotganimizda o‘sha hamkasbimiz qat’iy tayinladi: “Mukofot pulini yetim bolalarga berganimni hech kim maqolasiga qo‘shmasin. Iltimos”.

Oradan o‘ttiz olti yil o‘tibgina o‘sha voqeani qalamga oldim. Sababi…

Qofqozning Qorachoy atalmish qadimdan turkiy birodarlarimiz yashab keladigan avtonom respublikasida bir muddat ishlab qaytgan jiyanim e’tiborli holatni aytib berdi: “Ro‘za oyida biz ijarada turgan xonadon darvozasi oldida har kuni ertalab turli oziq-ovqatlar solingan yelim xaltachalar turgan bo‘ladi. Surishtirsak, shu yerlik odamlar muqaddas oyda biz musofirlarga shu taxlit saxovat ko‘rsatishar ekan. Bu hol deyarli har kuni takrorlanadi. Kimlardir tunda keltirgan oziq-ovqatlar ijarada yashaydigan to‘rt kishiga ko‘plik qiladi. Yaqin-atrofda ijarada turgan hamyurtlarimizga ulashay desak… ular ham iste’moldan ortganini nima qilishlarini bilmay boshlari qotgan bo‘lib chiqadi. Nima qilaylik, ortiqcha oziq-ovqatni toza holida savdo do‘konlariga topshirib, tushgan pullarni o‘zimiz bilgan – elatimizdagi kamdaromad oilalarga jo‘natdik”.

Bu yerda izoh ortiqcha. Faqat begona birovlarning pinhona saxovati eldoshlarimizni ham shu ishga undaganini eslatish kifoya.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqda bir bloger ketma-ket hokimlikdan norozi bo‘lib chiqishlar qildi. Nima emish, u yetim-yesir, beva-bechoralar, ehtiyojmand oilalarga muntazam moddiy yordam aksiyalari uyushtirarmish-u, ushbu tadbirlar haqidagi yoyinlarni hokimlik rasmiy sayti o‘z sahifasiga qo‘yishni rad qilibdi. “Qo‘li ochiq, saxovatli bloger”ning ezgu ishlari hokimlikka yoqmayotgan emish, go‘yo u bu borada ularga raqobatchimish. Uning chiqishlaridan alamzadalik va kibr ufurib turibdi.

Tagini surishtirsa, o‘sha bloger bu saxovat ishlarini o‘z cho‘ntagidan qilayotgani yo‘q. Blogida “Kambag‘allarga yordam qo‘lini cho‘zaylik!” degan shior ostida aksiyalar uyushtirib, pul to‘plab, shundan bir qismini tarqatmoqda, xolos. Qolaversa…

Bu birodarimiz “O‘ng qo‘ling berganni chap qo‘ling ko‘rmasin”, deyilmish otaso‘zimizdan mutlaqo bexabar. Unga qo‘yib bersa, o‘sha “o‘ng qo‘lini” butun dunyoga mashhur qilsa – “layk” degan nimarsadan ko‘proq to‘plasa.

Nima deymiz? “Yaxshilik qil – daryoga ot! Bilsa baliq, bilmasa Xoliq”, degan maqoldan o‘tkazib nimayam derdik.

Ro‘zimboy HASAN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

“Jadid” gazetasining 2025-yil 11-apreldagi 15-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596