Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


19.12.2024 | 14:08

img471

OCHIQ KO‘Z KO‘RADI, HUSHYOR BO‘LING!

Yaqinda nufuzli teatrlardan birida mutafakkir shoir tavalludiga bag‘ishlangan bayram anjumani o‘tkazildi. Shu kun mening xotiramda o‘chmas iz qoldirdi. Yo‘q, aziz o‘quvchi, bu ibora siz o‘ylaganday doim qo‘llaniladigan ijobiy ma’noda emas, bil’aks, bitmas jarohat izi sifatida ishlatildi. Gap shundaki, anjumanga yig‘ilgan tomoshabin avvalboshdan ko‘zimga olaquroq ko‘rindiki, ularning egni-boshi, ko‘z qarashi, qolaversa, yoshi mutanosib emas edi. Xavotirim bejiz emas ekan. Tadbir ochilib ulgurmay, biri esnab, biri telefonbozlik qilib, biri kavsh qaytarib, boshqasi gap otib o‘tirgan “muxlis”larning noziri juftakni rostlavordimi, zaldagi chiroq o‘chganida vaqtni g‘animat topishdimi, hartugul to‘rt eshikni qibla bilib, birin-ketin tashqariga yopirilib qoldi. Endi kaminaning ahvolini tasavvur qilavering.

Men guras-guras o‘zini ko‘chaga otayotgan tengdoshlarim ortidan qarab turib, shu payt ularning “hisob”idan izza tortib o‘tirib, o‘ylab o‘yimga yetolmasdim. Ular o‘z qilmishlarini nima vaj bilan oqlarkan? “Ularda ayb yo‘q, aybdor – tadbirga talabalarining qiziqishini hisobga olmay ixtiyoriy-majburiy olib kelgan domlasida”, deb ham tengdoshlarimni oqlamoqchi bo‘ldim. Ammo… O‘zbekona istihola, ko‘ngilni avaylash, odob qayerda qoldi? Nega masxaraboz “san’at yulduzlari”ning betayin konsertlariga falon pulga chipta olib, soatlab o‘tirishadi-yu, na naqdi, na vaqtiga achinishadi? Xullas, o‘sha kundan beri ko‘nglim g‘ash, dilim xufton. O‘zimcha bu illatning ildizini izlayman.

Yurtimizda teatr va kino rivojlanguniga qadar dorbozlik, qo‘g‘irchoqbozlik, chodirxayol, kurash-u ko‘pkari kabi ommaviy tomoshalar aholining ma’naviy ehtiyojini qondirib kelgan. Ular yosh avlod orasida halollik, mardlik, jasurlik, chapdastlik va o‘zaro hurmatni shakllantirishda muhim omil hisoblangan. Bizda tomosha madaniyati o‘sha paytlarda shakllana boshlagan deb bemalol aytish mumkin. Yoshi ulug‘ kishilar o‘tirishi, yonboshlashi uchun ko‘rpacha-gilam to‘shaladi (masalan, kurashda), undan keyin kichik tomoshabinlar, keyin bo‘yi uzunroq kishilar joylashadi. Ayollar va bolalar alohida hurmatda. Qisqasi, bu davrda umummilliy odatlar va insoniylik tamoyillariga tayangan tomosha madaniyati hukm surgan.

Keyinroq hayotimizga o‘z tartib-qoidalari bilan teatr va kino kirib keldi. Unga hamma so‘zsiz qiziqish bilan qaragani tarixdan ma’lum. Chunki el-ulusning tomoshaga tayyorgarligi bor edi. Taqdim qilinayotgan asarlar va ularning janri omma uchun yangilik bo‘lgan, xolos. Inson tabiati shunday, umrida ko‘rmagan havo pufagiga hayrat bilan uzoqroq tikiladi. Ammo to‘qlikka sho‘xlik yo‘qchilik zamonlarida emas, to‘kinlik davrida bo‘ladi. Tomosha talabini qondiruvchi unsurlar ortgani sayin, tomoshabin madaniyati va saviyasi tushib ketayotgandek…

“Xalqning asl madaniyati oddiy odamlarning qalbida yashaydi”
Mahatma Gandi

Hozirgi kunda yurtimizda 40 ta davlat teatri faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, havaskorlik va xususiy teatr-studiyalari ham mavjud. Ba’zilari tomoshabin tanlaydi. Ya’ni, ko‘ruvchining qo‘yiladigan asarga tayyorligiga qarab spektaklga patta beriladi. Ular uchun keladigan daromad emas, tomoshabinning saviyasi muhim. Biroq hammasining ko‘ruvchilarga qo‘yadigan talabi bir xil: diqqat, ozodalik va asar namoyishiga xalal bermaslik, bir so‘z bilan aytganda, tomoshabin madaniyati!

Teatr zaliga kechikib kelish, tomoshabinlarga xalaqit berish, spektakl vaqtida telefonda yoki hamrohi bilan gaplashib o‘tirish, tomosha yarmida zaldan chiqib ketish kabi holatlar ham, afsuski, tez-tez kuzatiladi. Zalga pista va shunga o‘xshash yeguliklar bilan kirish, o‘tirgan o‘rnida turli chiqindilar qoldirish, o‘rindiqlarga saqich va shunga o‘xshash narsalar yopishtirib ketish teatr xodimlarining ko‘nglini xira qilishi tabiiy.

Kattalar uchun mo‘ljallangan spektakllarga bolalari bilan kirayotgan ota-onalar ham bor. Avvalo, ular asarning tub mohiyatini teran anglamaydi yoki ayrim qochirim va harakatlarni noto‘g‘ri tushunishi mumkin. Undagi baqir-chaqirlar, ko‘zyoshlar yoki boshqa nozikroq sahnalar murg‘ak qalbni ma’naviy oziqlantirish o‘rniga jarohatlashi aniq. Chaqaloq bilan teatrga kiradiganlar esa tamoman boshqa mavzu. Yuqori chastotali tovushlar go‘dak salomatligiga jiddiy ta’sir qiladi. Qolaversa, ko‘pgina sahna asarlari, asosan, kechki soat oltidan keyin namoyish qilinadi. Spektakllar o‘rtacha ikki soat davom etishi, shuningdek, yo‘lda o‘tkaziladigan vaqtni ham hisobga olsak, bolalar uyquga ancha kechikadi. Yosh tomoshabinlar uchun mo‘ljallangan teatrlar asosan kunduzi faoliyat ko‘rsatishi bejiz emas, albatta. To‘g‘ri, emizikli bolasi bor onalarning ham teatrga tushgisi keladi. Lekin izlagan imkon topishi tayin.

Avvalo, tomosha tanlashni bilish lozim. To‘g‘ri, bugun turli oldi-qochdi, bachkana va maza-matrasiz konsertlar, shoular juda ko‘payib ketdi. Buning asosiy aybdorlari ham o‘zimiz. Toki falon pulga chipta olib, ularning tegirmoniga suv quyib turguvchilar bor ekan, bu bozor kasod bo‘lmaydi. Saviyali asarlar esa har kuni ham yaralavermaydi. Ularni siz-u biz qo‘llab-quvvatlasak, qadriga yetsak, ko‘payadi, yashab qoladi.

“Madaniyatsiz jamiyat, har qancha erkin va farovon bo‘lmasin, changalzordan farqi yo‘q”
Alber Kamyu

Yana bir xunuk holat. Konsert zallarida tomosha oldidan “Aziz tomoshabin, tomosha zalida spirtli ichimlik ichish, nos va tamaki chekish, yo‘laklarni iflos qilish qat’iyan man etiladi!” degan mazmundagi e’lon yangraydi. Shuning o‘zi bizda tomosha madaniyati hali to‘la shakllanmaganidan darak beradi. Chunki, madaniyatli insonlarga bu gaplarni aytib o‘tirish shart emas. Qolaversa, chet ellik mehmonlar oldida juda ham noqulay.

Konsert har qancha qiziq bo‘lmasin, baribir, kishi o‘z xatti-harakatlarini jilovlagani ma’qul. Ayrim tomoshabinlar sahnaga chiqqan qiz-juvonlarga o‘rinsiz luqma tashlashi, biror ilmoqli gap bo‘lsa, yon-veriga qaramay hushtak chalishi yo tizzasiga urgani yetmagandek, yonidagi hamrohini turtib qo‘yishi ham bor gap. Shuningdek, arzimasdek tuyilsa-da, ta’bni xira qiladigan yana bir jihatni ham aytib o‘tish kerak. Jamoat joylarida juda o‘tkir atirlardan foydalanish, ayniqsa, yoz kunlarida ko‘ngilni aynitadigan darajada yoqimsiz hid taratish ham umumaxloqiy mezonlarga to‘g‘ri kelmaydi. Har narsaning me’yori bo‘lgani durust. Yurakni yayratish, aqlini peshlash, qisqa qilib aytganda, madaniy hordiq chiqarish uchun tomoshagohga kirgan kishining yonida badanidan ta’bni xira qiladigan bo‘y anqib turgan odam o‘tirsa, bu albatta, uning kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Qars ikki qo‘ldan chiqadi, deyishadi. Faqat tomoshabindan kamchilik topish bilan ish bitmaydi. San’atkorning ham o‘ziga yarasha madaniyati bo‘lishi kerak. Sahnaga ochiq-sochiq kiyimda chiqadigan, turli bachkana gaplarni qalashtirib, hazilga yo‘yadigan, hatto tomoshabinga do‘q-po‘pisa qiladigan “san’atkorlar” ham, afsuski, yo‘q emas. Ularni nazorat qiladigan vakolatli idoralar tartibga chaqirib qo‘ysa, yaxshi bo‘lardi.

Bir tomondan tashkilotchilarning ham yaxshigina aybi bor. Ular topshiriqni bajarish maqsadida qo‘l uchida yozilgan ssenariyni havaskor darajasidagi ijrochilarga tutqazib qo‘yishadi. Keyin “sun’iy tomoshabin” yig‘ish boshlanadi. Tabiiyki, “to‘y-to‘yday” bo‘lmaydi. O‘zi istamagan taomga ishtahasiz bo‘lgan “xo‘randa”lar nima qilib bo‘lsa-da, shu “dahmaza”dan tezroq qutulishni istaydi. Zerikkan tomoshabin telefon titkilaydi, yonidagi bilan gurunglashib o‘tiradi yoki sahnaga chiqqanlarni mazax qilish bilan ovora bo‘ladi.

Xullas, yana o‘sha gap: “Ochiq ko‘z ko‘radi”.

Bugun mediamakon har qachongidan ham kengaydi. Yer yuzida birgina “You Tube” platformasi foydalanuvchilari (2024-yil noyabr holatiga ko‘ra) 2,7 milliardni tashkil etadi. Unda dunyo bo‘ylab har kuni 1 milliard soatlik kontent tomosha qilinadi. Ammo yana o‘sha tanish savol o‘rtaga chiqadi: ular nimani ko‘rishadi?

Endi tomosha madaniyati teatr, kino yoki konsert zallaridan emas, zamonaviy uskunalardan boshlanadi. Ularni uzluksiz nazorat qilish esa, deyarli imkonsiz. Demak, hamma mas’uliyat ma’naviy immunitetga yuklanyapti. Uni esa siz-u biz shakllantiramiz. Ishni esa, avvalo, o‘zimizni turli buzuq va tuturuqsiz  g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi mediamahsulotlarga qarshi “emlash”dan boshlashimiz kerak. Qush uyasida ko‘rganini qiladi. Hozirdanoq atrofimizdagi polaponlarga nimani, qachon va qanday ko‘rish kerakligini tushuntirib borishimiz lozim. Farzandlarimizga tomoshaga borish, tanlash odobini o‘rganish va o‘rgatish vaqti yetdi. Bu jarayon siyqa va besharm konsertlarda er-xotin, oshiq-ma’shuq, tog‘a-jiyan, ustoz-shogird beparda qochirimlardan shaytonlab, og‘zini amirkon kovushday ochib, bir-biriga qo‘l tashlab, “YouTube” “Instagram”, “Facebook”larda o‘zlarining tekin tomosha obyektiga aylanib qolishidan uyalish tuyg‘usidan boshlanadi.

Hushyor bo‘ling, qadrli o‘quvchi, tomosha davom etadi!

Shahriyor SHAVKAT

“Jadid” gazetasining 2024-yil 13-dekabrdagi 51-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img80

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img596

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img594