20.05.2024 | 05:40
2168
OPOQI

“Opoqi” deb Farg‘onada bobo, Toshkentda yoshi katta ayolga nisbatan aytiladi. Shuningdek, shevalarda: opoyi, opog‘oyi, opog‘acha, opog‘dada kabi shakllari ham bo‘lib, ular: xola, amma, yanga, opa, buvi, bobo kabi ma’nolarga ega. Xo‘sh, bu tizimdagi atamalar nega ham erkak, ham ayol qarindoshlarga nisbatan ishlatiladi? Ularni umumlashtiruvchi “opo(g‘)-” qo‘shimchasi nimani bildiradi?
“O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da “opog‘oyi//opoyi//opoqi” so‘zlariga umumiy qilib bir izoh keltirilgan, ya’ni bu atamalar: “āpāq” sifati va “āyi” otidan tuzilgan birikmaning bir so‘zga birlashuvidan yuzaga kelgan”, – deyiladi lug‘atda (O‘TEL. I t. 255-bet). Ushbu iqtibosda keltirilgan “āpāq” – hozirgi tilimizdagi “oppoq” bo‘lib, Koshg‘ariy bobomiz “Devonu lug‘otit-turk”da bu so‘zni: “āp” – ta’kid va kuchaytirish ko‘makchisining “āq” (“oq”) so‘ziga qo‘shilishidan yasalgan va “ap-aq” (oppoq) – “judayam oq” ma’nosini bildiradi, deb tushuntiradi (DLT.I t.1960.70).
To‘g‘ri, keksa kishilarga nisbatan “oqsoqol”, “mo‘ysafid”, “nuroniy” deymiz, ammo “judayam oq” ma’nosidagi “oppoq” so‘zini yoshlar va ayollarga nisbatan ham qo‘llanishi g‘aliz tuyuladi. Qolaversa, “oppoq” o‘tmishda hech qachon izzat-hurmat ma’nosini tashimagan. Mayli, “opog‘ oyi”, “opog‘ dada”, “opog‘ acha” kabi so‘z birikmalari “oppoq” ishtirokida yasalgan deb faraz qilaylik, ammo “opoqi”ni qanday tushuntirish mumkin?
Bizningcha, bu atamalarning rangni bildiruvchi “oppoq” so‘ziga mutlaqo aloqasi yo‘q va “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da ularga berilgan izoh to‘g‘ri emas. Bu atamalar, shuningdek hozirgi tilimizdagi “opa” so‘zi ham, qadimgi turkiydagi bir o‘zakka – “aba//apa” arxetipiga borib taqaladi.
“Devonu lug‘otit-turk”da “aba” so‘zi shunday izohlanadi: “aba – ona (o‘g‘uzcha). Qarluq turkmanlari qattiq پ bilan apa deydilar” (DLT.I t.1960.113). Shuningdek, “Devon”ning o‘sha betida “aba”ning ikkinchi ma’nosi ham keltiriladi: “aba – ota (tubutlar tilida). Bu arab tilining izi bo‘lsa kerak. Chunki tubutlar Yamandan qochib, turklar shahriga kelib, bola-chaqa qilib qolgan bir kishidan tarqaganlar. Ular Banu Sobitning avlodlaridir”.
To‘g‘ri, arab tilida “ab” – “ota”, uning ko‘pligi esa – “aba” yoki “obo”, ya’ni “otalar” ma’nosida, ammo turkiy “aba//apa” arxetipining islomdan oldin ham mavjud bo‘lganligi va “ota”, “bobo”, “ajdod” ma’nolarini bildirganligi uning arabcha “obo” ga aloqasi yo‘qligini bildiradi. Arabcha “obo”ni yozma adabiyotda ba’zan uchratish mumkin, xususan, Navoiy “Saddi Iskandariy”da: “Chu obog‘a bu nav’ berding sifot” [“Otalar (ya’ni, yetti qat osmon)ga shunday sifatlar berding”], – deb yozganda arabcha “otalar” ma’nosidagi “obo”ni qo‘llagan.
Arabcha “ab”, turkiy “aba” kabi so‘zlarning ham shakl, ham ma’no jihatidan o‘xshashligining boshqa sababi bor. Gap shundaki, ko‘pgina tillarda ota, ona va boshqa qon qarindoshlik atamalari bir-biriga o‘xshab ketadi. Buning sababini shunday tushuntirish mumkin: odatda, go‘daklar kattalardan so‘z o‘rganadi, ammo ota, ona kabi qon qarindoshlik atamalarining kelib chiqishi, mutaxassislarga ko‘ra, aksincha, ya’ni aba, apa, appa, ava, ana, ama kabi so‘zlar go‘daklarga taqlidan, go‘dak tilidan olingandir, shu bois ular mushtarak tuyuladi.
“Этимологический словар тюркских языков” (ESTYA) lug‘atida turkiy “aba” dan “apa” (“appa”) shakli qadimiyroq, degan fikr aytiladi. “Apa” qadimda “ota”, “bobo”, “ajdod” ma’nosida ishlatilgan. Xususan, VIII asr yodgorligi – Kultegin bitiktoshida “yečü apa” birikmasi – “ajdodlar” ma’nosiga ega. Shuningdek, mazkur lug‘atda “aba//apa” arxetipi qadimgi turkiydagi “yoshi katta bo‘lmoq” ma’nosidagi “ab-” fe’lidan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin, degan fikr ham aytiladi. Ya’ni, “apa//aba” deb yoshi katta qarindoshga nisbatan ishlatilgan. “Apa” so‘zi qadimda ba’zi unvonlarga ham qo‘shib aytilgan, xususan “apa tarqan” (“katta tarxon”), “apa tutuq” (“katta harbiy voliy”) kabi atamalarda “apa” qarindoshlikni emas, balki unvon darajasini bildirib kelgan.
Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida “апа оғланы” so‘z birikmasiga ko‘p duch kelamiz, bu ibora “odam bolasi”, “bani odam” ma’nosiga ega: “апа оғланы көрсә арқыш саны”, – ma’nosi: “odam bolasini ko‘rsang, karvon sana (hisobla)”. Ya’ni, ushbu o‘rinda “apa” – “odam, eng qadimgi ajdod, Odam Ato” ma’nosida kelgan.
“Этимологический словар тюркских языков” lug‘atida yozilishicha, “apa//aba” arxetipi turkiy tillarda keyinchalik ikki yo‘nalishda: ham erkak, ham ayol qarindoshlik atamalari tizimi yo‘nalishlarida rivojlangan. Mazkur arxetipdan o‘sib chiqqan atamalar hozir ham ba’zi turkiy til va lahjalarda: ota, bobo, amaki, aka kabi ma’nolarni bildirsa, ba’zilarida: ona, opa, buvi, singil kabi ma’nolarda ishlatiladi.
Alqissa, hozirgi o‘zbek tilidagi “opa” so‘zi ham aynan shu o‘zakdan. “Opoqi”ning “bobo” ma’nosi esa, “apa//aba” arxetipi “ota”, “bobo” ma’nosida qo‘llanadigan turkiy lahjalar orqali tilimizga ko‘chgan. “Yoshi katta ayol” ma’nosidagi “opoqi” esa mazkur so‘zni muannas shaklida qo‘llovchi shevalarda paydo bo‘lgan. “Apa+q” shaklidagi “-q” qo‘shimchasi, ESTYAda yozilishicha, kichraytirish, erkalash ma’nosini tashiydi. “Devonu lug‘otit-turk”da shu usulda yasalgan boshqa bir so‘z – “ataqi”ga shunday izoh beriladi: “ataqї – otaginam, otajonim ma’nosida mehribonlikni bildiruvchi so‘z” (DLT.I t.1960.155). “Bobo” ma’nosidagi “opoqi” ham aynan shu shaklda yasalgandir.
Abduvohid HAYIT
“Jadid” gazetasi 2024-yil 17-may 21-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596
