Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


11.06.2024 | 14:27

img944

TOG‘A

Bilasizmi, o‘zbek tilida qarindosh­likni bildiruvchi so‘zlarning ko‘pligi so‘zlovchi uchun ancha qulaylik tug‘diradi. Deylik, birgina “tog‘a” deyish bilan gap onaning aka-ukasi yo ona tomondan erkak qarindosh haqida ekanligi anglashiladi. Ota qarindoshlarni esa “amaki” deymiz. Ingliz, fransuz, rus va hokazo tillarda bu qulaylik yo‘q, ya’ni ularda “tog‘a” va “amaki” bir so‘z bilan ifodalanadi (ingliz: “uncle”; fransuz: “oncle”; rus: “dyadya”).

Manbalarga tayanib aytish mumkinki, ilgari turkiy tillarda bunday so‘zlar yana ham ko‘proq bo‘lgan. Lekin, afsuski, ular­ning aksari boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlar evaziga unutilgan. Deylik, ­“amaki” ham yarim arabiy, yarim forsiy so‘z (’am+ak+i), bugun biz ota qarindoshlarni: “amaki aka”, “amaki uka”, “amaki buva”… deymiz. – Ammo “amaki” hali ham shevalarga butunlay singib ulgurmagan, aytaylik, hozir ham shevalarda otaning aka-ukasi yoki amaki­larga “aka” deb murojaat etiladi.

Xo‘sh, “amaki” tilimizga o‘zlashmasdan oldin shu ma’nodagi boshqa bir turkiy so‘z bo‘lganmi?

Ha, bo‘lgan. Qadimgi turkiyda “ab”, “aba” so‘zlari – “ota”, “bobo” ma’nolarini bildirgan. Aytaylik, tug‘ishgan aka, ukaga nisbatan “aka”, “uka”, “og‘a”, “ini” deyilsa, ba’zi turkiy lahjalarda ularning oldiga “ab” so‘zini qo‘shib: “abag‘a” (ab og‘a), “abaka” (ab aka), “avaqa” kabi so‘zlar yasalgan. Ya’ni bu so‘zlar aynan ota­ning aka-ukalari, ota tomondan erkak qarindoshlarga nisbatan ishlatilib, bugungi “amaki” ma’nosini bildirgan. 

Ona qarindoshlarni atash uchun esa maxsus “tay” old qo‘shimchasidan foydalanilgan. Deylik, “tay og‘a” – tog‘a, “tay ota” – ona tomondan bobo, “tay ona” – ona tomondan buvi, “tay äjä” – “onaning opasi yo singlisi, xola” va hokazo. Qirg‘iz tilida hozir ham “xola, ya’ni onaning opasi yo singlisi” ma’nosidagi “tayeje” so‘zi saqlangan. “O‘zbek xalq shevalari” kitobida keltirilishicha, Namangan hududida yaqin yillargacha ham “ona qarindosh” ma’nosida “tay” so‘zi va shu so‘z ishtirokidagi “tay ɔtǝ”, “tay ɔnǝ” kabi so‘zlar qo‘llanilgan (O‘XSHL.T.1971.355-bet). “Этимологи­чес­кий словарь тюркс­ких языков” lug‘atida turli turkiy tillardagi: “tayaba” (xakas: “ona tomondan bobo”), tayne (oltoy: “tay ona”), “dayka” (gagauz: “day aka”), “täinäk” (shor: “ona tomondan buvi”) kabi so‘zlar keltiriladi (ESTYA.III.128).

Mutaxassislarga ko‘ra, qadimgi turkiy yoki prototurk tilida “tay” (“day”) so‘zi – “ona” ma’nosini anglatgan bo‘lishi mumkin. Shunday qilib, “tog‘a” ham “tay” va “og‘a” so‘zlarini qo‘shish yo‘li bilan yasalgan, deb qaraladi. “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati” muallifi Shavkat Rahmatullayev bu evrilishni shunday ko‘rsatadi: tay + ag‘a = tayag‘a > ta:g‘a > tâg‘ä (O‘TEL.I.352).

“Devonu lug‘otit-turk”da bu so‘z: “ta­g‘ay” shaklida keltiriladi. (Ammo “Devon”ning o‘zbekcha nashrida uning “ama­ki” deb izohlanishi, bizningcha, to‘g‘ri emas. Basim Atalayning turkcha nashrida esa – “dayi”, ya’ni “tog‘a” deb to‘g‘ri o‘girilgan (DLT.III.256; DLT.III.238).

“Devon”da “tag‘ay” shaklining keltirilishi uning birlamchi ko‘rinishi “tag‘ay” bo‘lganmi yoki “tay”mi? – degan savol tug‘diradi. Agar olmon turkshunosi Gerhard Dorfer mulohazalariga tayanilsa, “tag‘ay” birlamchi bo‘lishi ham mumkin (tag‘ay > ta:ay > tay). 

Biz “tag‘ay” shaklini turkshunoslikka oid yana bir muhim manbada uchratdik. Bu manba XIII-XIV asrlarda yevropalik missionerlar tomonidan kumonlar, ya’ni Qrim yarimorolida yashagan turkiy xalqlar, aso­san qipchoqlar o‘rtasida nasroniylik­ni joriy etish maqsadida tuzilgan lug‘at – “Kodeks kumanikus”dir. Unda mushohada etilayot­gan ikki so‘z: “abag‘a” hamda “tag‘ay” so‘zlari uchraydi. “Kodeks”da “abag‘a” – “abaga” shaklida keltirilgan va lotinchada “auunculuc”, ya’ni: “amaki” deb, “tag‘ay” (“tagay”) esa – “consanguineus”, ya’ni “qondosh” deb izohlangan. Bu ikki so‘zning mazkur lug‘atda keltirilishi XII-XIII asrlar­da “abag‘a” va “tag‘ay” qipchoq turkchasi­da faol bo‘lgani va keng tarqalganini ko‘r­sa­ta­di. 

Shu o‘rinda yana bir muhim manba xususida to‘xtalib o‘tish joiz. Ma’lumki, XIII asrdan Misrda kelib chiqishi qipchoq turklaridan bo‘lgan mamluklar hukmronligi boshlanadi va qariyb so‘ng­gi asrlargacha davom etadi.

O‘sha davrda turk tilini arablarga o‘rga­tish yoki turk tilli hukmdorlarning arab yer­laridagi hukmronligi uchun qulaylik yara­tish maqsadida bir necha turkcha-arabcha lug‘atlar yaratilgan. Shunday lug‘atlardan biri XIV asrda Jamoliddin at-Turkiy tomonidan bitilgan “Kitabu bulg‘atul-mushtaq fiy lug‘atit-turki val-qifchaq” (“Turk va qipchoq tillarini o‘rganishni istovchilar uchun yetarli darajada bo‘lgan qo‘llanma”) asaridir. Mazkur lug‘atda ham “tay” va “tay yeze” so‘zlari keltirilgan va “tay” – “ona tomondan qarindosh” deb, “tay yeze” (tayeje) – “xola” deb izohlangan.

“Tay”, “tag‘ay” so‘zlari faqat qipchoq va qarluq lahjalari emas, balki o‘g‘uz turkchasida ham keng tarqalgan. Faqat u o‘g‘uzlarda, jumladan, Xorazm shevasida ham, “tay” emas, “day”, ya’ni “d”lashgan shaklda, “tog‘a” esa – “da:yi” deb talaffuz etiladi. Ma’lumki, qorluq va qipchoq shevalaridagi “t” tovushi o‘g‘uz shevalari­da ko‘pincha “d”ga aylanib, “g‘” tovushi ba’zan talaffuz qilinmaydi. Shu qoidaga ko‘ra, “dayi” so‘zining kelib chiqishini mutaxassislar shunday tushuntiradi: dastlab “tag‘ay” so‘ziga uchinchi shaxs egalik qo‘shimcha “i” qo‘shilib “tag‘ayi” (“tog‘asi”) hosil bo‘lgan, o‘g‘uz shevalari­da “t” tovushi “d”lashib, “g‘”ning tushib qolishi natijasida “da:yi” shakliga kelgan. “Этимологический словар тюркских языков” lug‘atida “day” o‘zagidan yasal­gan qator so‘zlar kel­ti­riladi: “da:yы” – “tog‘a”, “dayka” (day+­aka) – “tog‘a”, “dayza” (day+­eja) – “xola”, shuningdek, diyaza, diyeze, deyze, dē­­ze –­ bular­ning hammasi “xola” ma’nosida (ESTYA.III.127).

O‘g‘uzcha “dayi” keyinchalik fors tiliga ham “doyi” shaklida o‘zlashgan va hozirgi kunda Eronda “doyi” deganda “tog‘a” tushuniladi.

Abduvohid HAYIT

“Jadid” gazetasi | 2024-yil 7-iyun | 24-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596