22.08.2024 | 14:42
397
“O‘RGIN”DAN CHIQQAN O‘RGANCHIK
Saraton quyoshi tamug‘ning vaqirlagan qozonini bashariyat yodiga solib, ba’zi murtadlarni insof kanorasiga chaqira boshlagandan beri bir xil suyulgan miyalarni muzlatgichda asrash kerak bo‘lyaptiyov, Ovsar… O‘v, Ovsar dedim, ko‘zing suzilmay o‘lgur, Faxriddin do‘ltani paloviday erta-yu kech lanjlanib, esnaganing esnagan. Atrofda kallasi chayqalgan yuvuqsiz zindalar ko‘payib qolganini sen ham sezganday bo‘lyapsanmi? Bularingni qovoq kallasiga oftob juftoyoq tepib, bir-birini boshiga tarvuz bilan solayotganini ko‘rdingmi? Xullas, bir balolar bo‘lyaptimi deyman-da. O‘zing har gal og‘iz ko‘pirtirib gapirasan, ba’zida bosh irg‘ashga ulgursam, ba’zida quloq qoqolmay ham qolaman. Bugun kaminayam yigit bo‘lib lab-u lunjini shishirib bir narsalar desin, sen ham odamga o‘xshab eshit. Xo‘p, nimaga muzlatgich-u nimaga miya haqida gapirganimni hozir bilvolasan.

Xullas, yirtig‘iga iskoch urib butlangan salapan qopimga ish kiyimlarimni solib Chorsuga qarab tusmollandim. Ogohsenki, Chorsuni chor tarafida arava surib ro‘zg‘or dumalataman. “Eski toshturma” atalmish serfayz makondan timirskilanib bekatga yetvoldim-da, nosqovoqqa yo‘g‘rilgan validol idishdan bir chumchuqcho‘qim otib, endi tansiq kaypini suraman deb tursam, garmoshka avtobus ortidan yangi kapanlangandek oq ko‘ylak, oq shim kiygan bir so‘xtasi sovuq chiqib, tikka meni mo‘ljallab kelaverdi. Xuddi men uni sunnat to‘yida jarohatiga kuya surtgan qarindoshiday dabdurustdan “Amaqi, besh min berin”, dedi salom-alikni qiyomatga qoldirib. Saxti sumbatiga qarasam, o‘ttiz bilan qirqlar miyonasida. Davra ko‘rgan, davr surgan dilovarlarga tortadiki, bet degan tovoqda darz tushmagan joyi yo‘q – gajak-gajak tirtiq. “Tilingdan kana tishlagur, mandan oylikka kattaga o‘xshaysan-u, “amaqingga” balo bormi?” dedim kayfim kasod bo‘lganiga kufrim qaynab. “Xop, besh min berin didim…”, dedi yana go‘rso‘xta ko‘zlarini avtobusni tomiga tikib. “Bu nima muomala? Nima, man fermer-u, san hokimmi? Yo man jo‘jaqassob-u san nalo‘giviymi?” desam, “Amaqi, polchi-molchimasmisiz, yaqinlashtirdiz, “o‘rgin”dan chiqqanman”, dedi qaddini rostlab. “Ichki o‘rgindanmi?” dedim-u… Ovsar, ho‘ Ovsar, enangni emgir, muncha sumalak yalagan mulladay shalpayasan? Agar men bilgan o‘sha jangari Ovsar bo‘lsang-u, vinoga betavfiq pastkashroq ulpat bemahal sherik chiqib, gazaging ham chalaroq amalga oshgan bo‘lsa, haligi toji tirtilgan xo‘rozni chiqqan “o‘rgin”iga qaytarib tiqib yuborarding. Issiq-sovuqni, past-balandni bizam ko‘p ko‘rib, piximiz qayrilib ketdi-yu. Itim biladimi, nabodo “iste’dodli yozuvchi”lardan bo‘lsa-chi, deb qichigan qo‘limga erk bermadim. “Barakang xirmon bo‘lgur, peshana teringni mehnat bilan to‘ksang bo‘maydimi, nima qilasan tilanchilikni?” degan gapimni finaligacha eshitmay, “Tag‘in mani tilanchi dimen, pro‘sta yo‘lkiraga tugab qoldi, man o‘zim unaqa bolamasman. Amaqi, sir bo‘masa o‘ziz nima ish qilasiz?” deydi terimchi ko‘zi bilan cho‘ntaklarimni tintib. “Sir”, dedim shimimni o‘ng cho‘ntagini shapatim bilan panalab. “Kam bil, ko‘p yashaysan”, dedim yana har ehtimolga qarshi yonboshga bir qadam tashlab. Kimligim manglayimga tatuirovka qilinganmi, bilmayman, “Nari borsa aravakashsiz-u, ne nima ish qilishizzi etmesiz?” deydi ko‘zini bilyard soqqasiday aylantirib. Esingdami, Ovsar, Abjal domla kaypi oshib qolsa mahalla guzarida supurgini tanbur qilib “Itga it bo‘l, bulbulga bulbul”, deb qo‘shiq aytib qolguvchi edi. Turqi sovuq suhbatdoshimga tik qarab “Nima, sanga o‘xshab birovlarga o‘ligimni ortvolaymi? Agar hamma manga o‘xshab o‘z aravasini o‘zi tortsa, olam gulistonli, xolam gul ishtonli bo‘p ketardi, xo‘pmi, ukam”, deb tashladim. Uniyam miltig‘i o‘qlog‘liq ekan, “Oka, holol ishledigan odammi bittasi sizmi? Qaren, eski tosh turmadan chiqqan surunkali zikka oxshesiz. Tufligiz Oysha ammammi sigirini tuyog‘iday qayrilib ketibdi-yu. Odam o‘ziga qarab yurishi kere…”, deganida, Ovsarjon, ishon, Bahodir Jalol po‘rma qip “leviy bakavoy” qivordim. Joni qattiq ekan, uch yarim daqiqacha tebranib turdi-yu, yiqilmadi dayus. Kallasini bir silkib olib, “San bilan hali kotta joylada gaplashovuza, harrip…” dedi-yu, ikki tizzasiga bexato teng to‘rttadan yamoq urilgan moltopar shimim solingan lolagul paketni qo‘limdan yulqib olib, mingga qo‘yib survorsa de. Ovsartoy, shilvachcha meni istaram-u vajohatimni ko‘rib paketimda bir bozorni boji bor deb o‘yladiyov. Ha, kul, qalay, uyqung qochdimi?
Ovsarjon, odamlarga nima bo‘lyapti? Turishi duppa-durust, qiladigan ishi attorning qutisida yo‘q. Shunaqalar seniyam yo‘lingdan chiqib qolsa men uchunam sidqidildan bir tushir, xo‘pmi?.. Aytganday, sen ham oxirgi paytlarda og‘zida ilmi bor kattakonlarga ilashib yuribsan, shu ketishda minnarsalar qilib olim bo‘p ketasan shakil. Meni bilasan, olimchilikka qiziqmayman, olimlar bilan ishim yo‘q. Chunki men bilgan ikkita Olim ham sal anaqaroq bashara. Yo‘q, internetdagi Olim kola boshqa masala. Uni tanimayman. Nabodosiga palakat bosib rosmana olim bo‘p qolsang, yarimta iltimosim, yoshlarni o‘zimizni ota-bobolardan qolgan asl tarbiyaga tortadigan kitoplar yoz. Bolachoqlar ham olim bo‘lsin, ham odam bo‘lsin.
LANDAVUR
Husan SODIQOV chizgan rasm.
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
61
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
586
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
583



