Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


02.04.2025 | 12:48

img635

ORTGA QAYTISH YO‘Q

1915-yil. Toshkent. Eski shahar bilan Yangi shahar oralig‘idagi pastqam uylardan biridamiz. Hovli to‘la bola-baqra. Bunda ota uzzukun kosiblik qilar, shuning ortidan qora qozon qaynab turardi. Bolalarning qo‘li mehnatga kelib qolganlari otasiga chinakam dastyor edi, ayniqsa Mirhamid. Bolakay, boshqa teng-to‘shlari kabi o‘qishga ishtiyoqi baland bo‘lsa ham, otasining jo‘jabirday jon ekani va shu sabab ularning barchasini birvarakayiga o‘qitishga imkoni yo‘qligini o‘ylab, ko‘pda bu to‘g‘rida og‘iz ochmas, bir chekkada mum tishlab o‘tirardi.

Mirhamidning o‘spirinlik davri shu zayl – kigiz qirqimlari, uyum-uyum poyabzallar, paxsaga osig‘liq g‘altak iplar, bigiz-u mixlar orasida o‘tib borardi. Bir qarashda betartib ko‘ringan bu joyda aslida ortiqcha narsaning o‘zi yo‘q edi. Otasi ishga tamoman sho‘ng‘ib ketgan mahallari Mirhamid zumda yengil odimlab ustaxona burchagidan qo‘nim topar, ta’mirtalab kovushlar ustida muk tushgancha kitob varaqlardi. O‘shanday damlarda bolakayning quloqlari bolg‘a taq-tuqlaridan dam olar, dimog‘iga kigiz, patak yo sirach hidlari emas, kitob nafasi gupillab urilib, ko‘ngli allanechuk rohat tuyardi.

Mirhamidning mutolaaga mehri, ilmga ishtiyoqmandligi bir tomondan ustaxonaga serqatnov mijozlar bilan ham bog‘liq ediki, ular to oyoqkiyimi ta’mirlanguncha sherigi bo‘lsa u bilan, bo‘lmasa kosibning o‘zi bilan suhbatni qizitardi. Germaniya, Boku, Moskvadagi taraqqiyot, yangilanishlar, ta’limda erishilayotgan yutuqlardan bama’ni gurunglar ketardi. Yigitcha suhbatga oshno tutingisi, o‘qishni qanday qilib chetda davom ettirish mumkinligi yuzasidan savollariga javob olgisi, ular entikib aytayotgan o‘sha taraqqiyni o‘z ko‘zlari bilan borib ko‘rgisi kelardi. Mijozlar gohida nimadandir hayiqqan bo‘lib ovozini pastlatar, shivirlashga tushib qolar, bunday payti Mirhamid bordi-yu etikka “taq-tuq”lab mix qoqayotgan bo‘lsa, ip qidirgan bo‘lib ishidan to‘xtar, aslida biror muhim yangilikdan quruq qolmaslik uchun sukunat yaratib, bor diqqatini shivirga qaratardi. Va kunlarning birida…

Ustaxonaga ikki mijoz kirib keldi. Ko‘rinishidan ularning etikdo‘zda ishi ham yo‘q, suhbati avjida edi. “Eskini yamaguncha esing ketadi”, dedi ulardan biri yirtiq-yamoq kovushni ko‘rsatib imlar ekan. “Haq aytasiz, millatning ko‘zini ochish, dunyo ahli qanday taraqqiy qilib yashayotgan bo‘lsa, Turkiston ahli ham shunday taraqqiy qilib yashashi uchun intilishimiz kerak”, dedi ikkinchisi va fikriga qo‘shib qo‘ydi: “Buning uchun eskicha qarashlardan batamom voz kechmoq zarur…”

Kutilmagan bu suhbat o‘spirinning kelajak maqsadlarini, ahd-u qarorini qat’iylashtirdi. Shu choq endi bigiz qadab ip tortib, poyida qalashib yotgan oyoqkiyimlarga razm solarkan, ko‘z o‘ngida nochor, yo‘qsil, kelajagidan umidsiz odamlar ahvoloti gavdalandi. Aslida, “ta’mirlashi” kerak bo‘lgani mana shu – orzu-umidlar ekanini anglab, bu yog‘iga o‘zini katta ishlar va ulkan maqsadlarga chog‘lashga, hunari barobarida ko‘proq ilm o‘rganishga jiddu jahd qildi. U ham, barchani yangilanishlarga chorlayotgan boshqa jadidlar singari, elga ma’rifat yoyish, xalqni zalolatdan qutqarish yo‘lida kurashga bel bog‘ladi. Shu tariqa qahramonimizning ezgu o‘y-fikrlari jadidlar g‘oyasi bilan boyidi, to‘yindi, mushtaraklashdi.

1919-yilga kelib mamlakat tubdan o‘zgarayotgan edi. Jadid ustozlari unga: “Dushmanning ichida bo‘l, vaziyat qay tarafga og‘ayotganidan boxabar bo‘lasan. Muhimi, rahbar lavozimlarni o‘z vakillarimiz egallashi shart, bu maqsad yo‘lida har qanday imkoniyatdan foydalanib qolish kerak”, deb uqtirishardi. Mirhamid Xo‘jayev o‘sha yili Toshkent yoshlar ittifoqi tavsiyasi bilan maxsus fabrikada partiya safiga kiradi. Bu harakati, tabiiyki, uni eski do‘stlari, eski hayotidan birmuncha yiroqlashtirar, biroq yangi muhit, yangilanishlarga yo‘l ochardi. Avvalida ushbu fabrikada mustaqil kosiblik faoliyatini boshladim deganda, armiya safiga chaqirilib, ko‘p o‘tmay Mirzacho‘lga yuboriladi…

Bu palla – XX asrning 20-yillariga kelib mamlakatda turli xayriya jamiyatlari a’zolari jadidlar qo‘llab-quvvatlovi bilan xorijga o‘qish uchun jo‘natila boshlagan edi. Ilmi toliblar qayerga yo‘l olmasin – Bokugami, Moskvaga yoki Berlinga – jadidlar boshchiligida Samarqandda, Amir Temurning maqbarasida qasamyod qilishardi. Mazmuni bunday: “Men dunyoga chiqaman, Yevropaga borib ta’lim olaman va olgan ta’limimni, yurtimga qaytib, o‘zimning vatanimga sarf etaman”.

Qahramonimiz Mirhamid Xo‘jayev ham harbiydan qaytib, Toshkentda ishlayotgan paytida (1923-yili) Muhammad Odiliy va boshqa jadidlar ko‘magida Moskvadagi Sharq xalqlari institutida o‘qishga tavsiya etiladi. U endilikda oddiy etikdo‘z emas, balki yangi jamiyat qurayotgan kadr sifatida maydonga chiqa boshlaydi. Yurtiga yangiliklarni olib kelish uchun, avvalo, odamning o‘zi yangilanishi kerakligini anglab ulgurgan Mirhamid Xo‘jayev bor kuchi, diqqatini o‘qishga qaratadi. Institut unga chinakam siyosiy maktab vazifasini o‘tadi. Dunyoning turli mintaqalaridan kelib tahsil olayotgan tengqurlari-la suhbatlashar ekan, eski urf-odatlar zanjirida ortiq yashab bo‘lmasligini kun sayin anglab borardi. Mirhamid Xo‘jayev jarayon allaqachon jadidlar tomonidan olg‘a surilganini yaxshi bilar, bu yo‘lning o‘ta mashaqqatli ekanini ham yaxshi tushunar, agar o‘qishni tugatib harakatga borib qo‘shilsa, turli tazyiq-u ta’qiblarga duchor bo‘lishi aniq ekanini ham his qilardi. Ana shu anglovlar uni tobora ulg‘aytirib, millat kelajagiga daxldorlik hissini toblab borardi. “Endi chekinish yo‘q, ortga qaytish yo‘q!” dedi o‘ziga o‘zi.

…Moskvaning keng ko‘chalari, osmono‘par binolari, bahs-munozaralarga to‘la auditoriya   ortda qoldi. Qahramonimiz yurtiga qaytarkan, uning yurak hapriqishi oldida poyezdning shiddatli shovqini eshitilmas, tahsili davomida o‘qib-o‘rgangani, o‘zlashtirgan ilg‘or tajribalarini tezroq amalga oshirishga, ilmini atrofdagilar bilan bo‘lishishga oshiqardi.

Shunday qilib, Mirhamid Xo‘jayev o‘z yurtida samarali ish faoliyatiga kirishdi. Samarqand va Jizzaxda yetti yilcha ishlagach, besh yil partiya ishida faoliyat ko‘rsatdi. So‘ngra okrug kasaba uyushmasi raisi, undan keyin okrug ijroiya komiteti raisi o‘rinbosari lavozimlarida xizmat qildi. Garchi uning g‘ayrati ichga sig‘may, yurt ravnaqi uchun ko‘p yaxshi ishlarga bel bog‘ladi, ammo eski tuzum tarafdorlari, mustamlakachilar va johillar qadamda to‘qnash kelib uning hur fikri, ezgu g‘oyalarini bo‘g‘ishdan bo‘lak ishi yo‘qdek nuqul yo‘liga g‘ov-to‘g‘anoqliq qildi.

Tahlikalar iskanjasida qolganiga qaramay, a’moli-yu ezgu amallariga sodiq Mirhamid Xo‘jayev 1927-yilga kelib Xalq komissarlari sovetida ish boshlaydi. Mana endi, u ko‘pdan ko‘ngliga tugib yurgan tashabbuslarini amalga oshirishi mumkin, chunki bu lavozim unga davlat boshqaruvida bevosita qatnashish imkoniyatini berardi. Biroq millatini yorug‘likka chorlagan qahramonimiz Turkistonni junbishga keltirgan jadidlik harakatining bir a’zosi o‘laroq boshi tazyiq-u ta’qiblardan chiqmay, tuhmat-u buhtonlar ostida umri halokatga yuz tuta borardi. Kurashlar unga aslo qo‘rqinch bermas, ahdidan ham qaytarolmas, ammo kun sayin holdan toydirar, oqibatda bemorlik yetib, bir muddat davlat ishlaridan chetda bo‘lib qoldi.

1930-yillar. Mirhamid Xo‘jayev sog‘lig‘idan shikoyatli shunday vaziyatda ham “o‘rgangan ko‘ngil…”ligiga borib jamiyatda kechayotgan jarayonlar sur’atini muntazam kuzatib, tahlil qilib borishga intilardi. Qachonki oradan ikki yil vaqt o‘tib, ahvoli ancha o‘nglangach, ishga qaytarkan, o‘sha kuzatuvlari natijasida xalq taraqqiysi uchun ko‘plab tashabbuslar, xayrli ishlarni kelgan joyidan davom ettirishda bosh-qosh bo‘ldi. Bunda uning Xalq komissarlar soveti ish boshqaruvida hamda Xo‘jalik boshqarmasi mudiri lavozimida (1934-yil) faoliyat yuritgani ham ancha qo‘l keldi. Qahramonimiz g‘aflat uyqusida yotgan xalqni uyg‘otish yo‘lida qancha harakat qilsa, hayotiga shuncha ko‘p tahdidlar yog‘ilib borardi.

Oxir-oqibatda, 1937-1938-yillari avj olgan “katta terror” yuhosi Mirhamid Xo‘jayevni ham o‘z domiga tortib ketib, u-da ko‘plab begunohlar qatori soxta ayblovlar bilan hibsga olindi. Qahramonimiz “Milliy istiqlol” tashkilotiga aloqador deya gumon qilinib, sovet hukumatiga qarshi harakat qilgan shaxs sifatida ko‘rsatildi. 1933-yildan beri “sovetlarga qarshi milliy tashkilot a’zosi” sifatida to‘planishlarda qatnashgan, degan tuhmatga tashkilot rahbari Fayzulla Xo‘jayevning uyida bir necha bor mehmon bo‘lgani Mirhamidni qo‘lga olish uchun tayyor “asos” bo‘ldi; trotskiychilar bilan hamkorlik “ayblovi” esa uni “xalq dushmani” sifatida to‘liq qoralashga yetarli edi. Mirhamid Xo‘jayevga nisbatan O‘zbekistonni SSSRdan ajratish, millatchi va aksilinqilobchi tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, qo‘poruvchilik va xiyonat ayblari qo‘yildi. O‘zSSR Jinoyat kodeksining 58-, 63-, 64- va 67-moddalariga ko‘ra bularning har biri hukman o‘limga olib borardi.

1937-yilning oktyabrida qahramonimizning turmush o‘rtog‘i Yelena Xo‘jayeva ham qamoqqa olinib, etagidagi ikki nafar norasidasi bolalar uyiga jo‘natildi.

1938-yil 4-oktyabr. Toshkent shahrida SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasi qarori bilan Mirhamid Xo‘jayev otildi. Biroq mustamlakachilarning bu qirg‘in, qonxo‘rlik bilan-da hovuri bosilmay, nishonni uning oilasiga qaratdi.

O‘sha mash’um kunlar otadan yetim qolgan farzandlar ongida oxirsiz azob-u xo‘rliklari bilan manguga muhrlanib qoldi. Yelena Xo‘jayeva qamoqdan ozodlikka chiqqach, bolalarni izlab topib, ularni o‘z bag‘riga qaytardi, turmush o‘rtog‘i nomini oqlash ilinjida yana harakatga tushdi, qo‘lida ariza bilan turli idoralar bo‘sag‘asida sarg‘ayib tong ottirdi… Bu harakatlar, afsuski, besamar ketdi.

Oddiy etikdo‘zlikdan mamlakat siyosiy tizimida yuqori pog‘onaga ko‘tarilgan va bu amalni jadidona g‘oyalar ijrosini xalqqa targ‘ib va tatbiq etish vositasi deb bilgan shaxs nomi bugungi kunga kelib to‘laqonli oqlanib, qadr-qimmati rostmana tiklandi.

Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2025-yil 21-martdagi 12-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600