07.09.2025 | 15:46
578
“UNI SARSON ETDI RASVO ZAMONA”
“Padarkush” dramasidagi badavlat, ammo ma’naviy qashshoq ota obrazi orqali Mahmudxo‘ja Behbudiy zamona boylarining tipik obrazini yaratgan. Ammo istisnolar ham yo‘q emasdi. XX asr boshlarida mintaqada ma’rifatli zodagonlar ham topilardi. Ulardan biri nurotalik Qozoqboy bo‘lib, yetti avlodiga yetadigan xazinalarga ko‘milib yashar edi. Shunga qaramay, o‘g‘li Boltaning erkatoy, yalqov va ishratparast bo‘lib ulg‘ayishini istamaydi. Erta kundan ilmga oshno qilish harakatiga tushadi. Bu yo‘lda tajribali muallimlarga shogirdlikka berib, farzandini hofizi Qur’on va arab tili bilimdoni qilib tarbiyalaydi. Qozoqboy xat-savodi haddi a’losiga yetgan dilbandini yoniga olib, 1909-yilda og‘ir va mashaqqatli haj amallarini ado etadi. Dunyo kezib qaytgan Boltani hamqishloqlari Hoji Bolta deb e’zozlashardi.

Hoji Bolta zamonasining fozillaridan bo‘lgan. U Fayzullo Xo‘jayev bilan Mir Arab madrasasida o‘qigan. Ikki maslakdosh jadidlar safida yurtni ozod qilishga, maorifda islohotlarni amalga oshirishga bel bog‘lashadi. Xo‘jayev siyosiy faoliyatga sho‘ng‘ib ketgan bir paytda Bolta 1916–1920-yillarda madrasada yangicha usullar asosida dars bera boshlaydi.
Amirlik tugatilgach, sovet siyosati voqealar rivojini teskari tomonga aylantirib yubordi. Nurotaning Osiyo baland mahallasida istiqomat qilgan Bolta mudarris 1932-yilda soliq komissiyasi yig‘ilishi qarori bilan quloq qilinadi. Ilmi uni ochlik va qashshoqlikdan saqlab qoladi. Ammo vaqt o‘tib ana shu ilmi uchun ta’qibga uchraydi.
1937-yilga kelib Fayzulla Xo‘jayev qamoqqa olinadi. U bir yo‘lini qilib, do‘stini ogohlantiradi: “Hoji, qatag‘on ro‘yxatida siz ham borsiz. Xatni olgach, uni yo‘q qiling va zudlik bilan o‘zingizni chetga oling”.
Bu xabar yetgach, Hoji Bolta katta o‘g‘li Ahmad bilan yashirin yo‘llar orqali Dushanbega ketadi. Ertasi kuni NKVD va GPU odamlari Gulov degan “qizil komissar” boshchiligida Boltaning ota uyiga bostirib keladi. Uy sohibining qochgani aniq bo‘lgach, oilasi siquvga olinadi. Oqibatda, ikki gektarlik hovli va bor mol-mulk musodara qilinib, bola-chaqalar bir juft ko‘rpa-yostiq bilan ko‘chada qoladi.
Ko‘p o‘tmay Dushanbeda ham qora kunlar boshlanadi. 1939-yilda Hoji Bolta do‘sti Sadriddin Ayniydan maxfiy maktub oladi va Qarshi shahriga keladi. Iskovuchlar uni dunyoning narigi chetidan ham topib otishga qasd qilgandi. Biroq ulardan oldin, 1940-yilda ajal o‘qi nishoniga bexato tegdi…
Ayniyning xayrixohligi beg‘araz bo‘lib, bir muddat oldin Hoji Bolta domlaning Muslihiddin ismli o‘n olti yashar ilmli, faol jiyanini bir oydan ko‘proq uyida yashirib qo‘ygan edi. Bu yigit ham jadidlar harakati faollaridan bo‘lib, go‘zal she’rlar yozardi. Uning fors-tojik tilidagi bayti yozilgan dastxat o‘zi turgan boloxona devorida qolgan. Mazmuni bunday:
Bino devoriga yozdim izhora,
Bu men bechoradan bo‘lar nishona.
Bilsinlar, bu miskin nechun darbadar:
Uni sarson etdi rasvo zamona.
Darhaqiqat, u kunlarda “Alisher Navoiy” dramasida yozilganiday, “adolatning doyasi haqsizlik, muruvvat va shafqat gulzorining bog‘boni zulm emish. Zamon donoga dor, johil uchun yor” edi. Bu dorga nafaqat ziyolilarning, balki ularning oila a’zolari va yaqinlarining ham boshi tikilgan bo‘lib, qatag‘on mashinasi butun-butun sulolalarni yanchib tashlagan edi.
Bu moʻjaz tarix kimgadir yodnoma, kimgadir pand, kimgadir darak. Kim qanday qabul etmasin, zamirida “birni ko‘rib fikr, birni ko‘rib shukr qil” degan haqiqat yotadi. Qarangki, yuz yil oldin ilmini charog‘ qilgan ziyolilar beshafqat quvg‘inga olinib, qamoqqa solinib, vahshiylarcha qatag‘on qilingan bo‘lsa, bugun yangi siyosat sharofati ila ayni ana shunday elimiz oydinlari ardoqda, obro‘-e’tiborda. Afsuski, biz xom sut emgan bandalar o‘z ajdodlarimizning bir kunlik azob-uqubatlarini ham tasavvur etolmaymiz, baski, bugunning ham shafoatini aniq-tiniq baholay bilmaymiz.
Darvoqe, oltin konidan oltin chiqmay qolmas ekan. Hoji Boltaga hamsafar bo‘lgan o‘g‘li Ahmad otasidan ko‘p va xo‘b ilm o‘rgangan bo‘lib, o‘z bilganlarini farzandiga ham o‘rgatgan edi. Hoji Boltaning nevarasi Rustam Ahmedovning “O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi” degan yuksak darajaga erishgani ham bejiz emas.
Suyundik MUSTAFO,
“Do‘stlik” ordeni sovrindori
“Jadid” gazetasining 2025-yil 29-avgustdagi 35-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
80
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
596
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
594



