Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


11.08.2026 | 10:38

img1262

OSMON BOSHIMIZGA TEKKANDA

Tog‘lar kichraydi. Pasaydi osmon.
Yashab bo‘lmaydi-ku, axir, engashib…
(Usmon Azim)

– Bilasanmi, Jo‘rabek, Toshkentdan qancha uzoqlashsang, osmon pasayib borayotganday tuyuladi. O‘zim ko‘p bora his qilganman, Toshkent­dan chiqib Boysunga yetganimda, osmon boshim­ga tekkanday bo‘ladi. Ko‘p iste’dodlarni bilaman, turfa vaj-karson: ota-ona oldida bo‘lish burchini ado etish sababmi, balki kindik qoni to‘kilgan tuproqqa azbaroyi sadoqatdanmi, aniq aytolmayman, qishlog‘iga qaytgan. Talabaligida otash qalbi jismiga sig‘may, dunyoni titrataman, deb ko‘kka sapchigan bolalarni hozir ko‘rsam, boshiga osmon qulaganday enkayib qolgan. Yuzining siniqligidan yuragim eziladi. To‘g‘risini aytsam, shuginalarning irodasiga qoyil qolaman. Ijodi birovga kerak emasligini bilsa ham, tinim bilishmaydi. Shunday talantlar borki…

– Ba’zida umr bo‘yi kitob titib izlaganingni osmoni baland yerlarda, bir lahzada qaysidir tasodifiy suhbatdan yoki ijodkorlar davrasidan anglashing mumkin.

– Sen ham bu yerlarda umringni sovurma. Yaxshisi, Toshkentga qayt. Har qalay, markazda muhit bor, imkon keng, hammaslak topiladi. Muhimi, osmon boshingga tegmaydi…

Usmon aka bilan bu suhbatimiz 2010-yilning qish pallasida Ellikqal’ada bo‘lib o‘tgandi. Xorazm viloyati musiqali teatrida bosh rejissyor bo‘lib ishlardim. Aslida, Usmon Azim bilan tanishuvimiz bundan ancha oldin bo‘lgan. Chamamda, 1998-yilning bahor oylarida biz tahsil oladigan Respublika nafis san’at makta­biga o‘sha paytlarda Xalq ta’limi vaziri bo‘lib ishlagan chin ma’rifat fidoyisi, pedagogika ilmining bilimdoni Jo‘ra Gʻaniyevich Yo‘ldoshev bir odamni boshlab keldi. Jo‘ra aka har oyda taniqli shoir-yozuvchi, madaniyat darg‘alari bilan uchrashuv tashkil qilishni an’anaga aylantirgandi. Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva kabi shoirlarni shu uchrashuvlarda ko‘rganman. Jo‘ra Gʻaniyevich maktabimizning pedagog-o‘qituvchilariga ham, o‘quvchilariga ham birdek qadrdon edi. O‘zini shu jamoa a’zosidek tutardi. Shuning uchun u kishini kimdir amali-yu unvonlarini ta’riflab tanishtirishini kutib o‘tirmadi. Tadbirni boshqarish uchun to‘g‘ri mikrofon oldiga bordi va mehmonni “shoir Usmon Azim” deya tanishtirdi.

O‘sha yillari shoirning saylanmasi chop etilib, muxlislar tomonidan qizg‘in kutib olingan, bizning maktabdoshlar orasida ham juda mashhur edi. Kamina ham Usmon Azimning qator she’rlarini yoddan bilsam-da, u kishini bir ko‘rishda tanimadim, “Saylanma”dagi suratlariga o‘xshatmadim, shekilli.  Uchrashuv davomida shoir tomonidan otashin she’rlar o‘qildi. Usmon akaning she’r o‘qishining o‘zi – betakror obraz. Keyin maktabdoshlarimiz o‘z ijodidan namunalar o‘qidi. Uchrashuv so‘ngida qisqa dastxat olish marosimi bo‘ldi.

Maktabimiz ijodga ixtisoslashgani tufayli shoirlar talaygina edi. Tadbir yakunlanishi bilan asta-sekin Usmon akaga taqlid qilishlar boshlandi. Ertasi kuni darsdan keyin hovliga chiqsam, yigirmadan ortiq “Usmon Azim”ni uchratdim. She’r o‘qish ohangiga taqlid qilganlar-ku, mayli, qashqadaryolik do‘stimning soch qo‘yish-u ko‘z-qoshlariyam Usmon Azimnikiga o‘xshab qolibdi. Balki avval ham o‘xshash bo‘lgan-u biz e’tibor bermagandirmiz. Ayniqsa, shoirning bir she’ri tildan tilga ko‘chdi:

Bu dunyoga bir qo‘shiq
Berib ketgin, shoirim.
O‘liklar uyg‘onsinlar,
Uxlolmasin tiriklar.

Bu satrlar, butun dunyoga “ko‘rsatib qo‘yish” uchun tuni bilan mijja qoqmay she’r bitish, aniqrog‘i, yurakni yondiradigan so‘z topish uchun tongni tirnalab ottiradigan yosh ijodkorning shioriday aks-sado berardi.

Usmon aka – o‘zbekning katta shoiri. Nafaqat o‘zbek xalqi, balki insoniyat uchun betakror, o‘lmas so‘z sohibi bo‘lgan shoir. U kishining she’rlari­dan doim ta’sirlangan bo‘lsam ham, ortiqcha so‘za­mollikdan tiyildim. Qolaversa, Usmon Azim she’riyatini tadqiq-u tahlil qilgan olimlarimiz bisyor. Ulardan ortiq so‘z aytolmayman, haddim sig‘maydi.

* * *

2002-yil yoz faslining boshlari. San’at oliygohining 2-kursini tamomlayotgandik. Milliy teatr bosh rejissyori, O‘zbekiston xalq artisti, professor Valixon Umarov yangi sahnalashtirgan spektaklining maxsus namoyishiga kursimizni taklif etdi. Kezi kelganda aytib qo‘yay, kamina tahsil olgan drama rejissyorligi bo‘limiga Valixon Umarov badiiy rahbarlik qilgan. Usmon Azim va Valixon Umarov ijodiy hamkorligi o‘zbek teatr san’atida ko‘plab o‘lmas asarlar, ta’bir joiz bo‘lsa, bu san’at turining tom ma’noda qariyb 20 yillik davri tarixini yaratgan.

Xullas, o‘sha kuni Usmon Azim qalamiga mansub “Bir qadam yo‘l” asari jamoatchilik kengashiga topshirilayotgan edi. Tomosha sokin boshlandi. Keyin sahnadagi muhit chinakam hayotning bir bo‘lagiga aylandi. Tomoshabin vujudi quloqqa aylangan. Asar markazida Samarqandga borishni bir umr orzu qilgan mo‘ysafidning taqdiri turadi. Uch o‘g‘ilning otasi. Farzandlarning qo‘li qayerga uzatsa yetadi. Lekin spektakl so‘ngida ota Samarqandga borolmay, bandalikni bajo keltiradi. Armonda ketadi chol sho‘rlik. Shu sahnalarda go‘yo o‘zim qatnashayotganday hayajonda o‘tirgandim, tomosha yakunida o‘pkam to‘lib, yig‘lab yuborganimni bilmay qoldim. Yonimda o‘tirgan kursdoshim buni payqab, “o‘g‘il bolayam yig‘laydimi”, deb tanbeh berdi. Javob qaytargim kelmadi. Odamiylik hissi jo‘sh urib turganda, “o‘g‘il bolalik taomillari” biroz chetroqqa o‘tgandi, nazarimda. Chiroq yonganda hijolatdan, yashirincha ko‘z yoshlarimni artib, atrofga razm solsam, yoshi va martabasi, hattoki, mansabidan qat’i nazar, kattalarning ham ko‘zlari yoshga to‘lgan ekan.

O‘sha kuni muhokama bo‘lmadi. Keyingi gal yopiq namoyish bo‘lishi haqida o‘zim eshitib qoldim. Xullas, yopiq namoyishlar ko‘payib, o‘sha paytlari eng yuqori idoralarda mafkuraga mas’ul bo‘lgan amaldorlar, madaniyat vazirining shaxsan o‘zi qatnashdi. Spektaklda narkotik savdo­lariga sherik bo‘lgan hokim va militsiya bosh­lig‘i obrazini qayta ishlash, mamlakat shioriga aylanib, hammaning tilidan jaranglaydigan iborani mutlaqo olib tashlash talab etildi. Usmon aka bu gap-so‘zlardan tutaqib, tomoshaning biror nuqtasida uydirma yo‘qligi, bildirilayotgan fikr va talablar asossizligini aytdi. “Nahotki, atrofda nimalar bo‘layotganini ko‘rmayapsizlar”, deya kuyinib gapirganida mas’ul mafkura posbonlaridan biri, “Siz atrofni qo‘ying, aytilganni qiling”, deya masxaraomuz xitob qildi. Agar oraga ikki-uch kishi tushmaganida, o‘sha posbonning yo burni pachaq bo‘lardi, yo ko‘zi ko‘karardi, yo tishi sinardi. Aytgancha, Usmon akaning shunaqa odatlari ham bor…

– Jo‘rabek, men, ba’zilarning ko‘ziga noshukur odam bo‘lib ko‘rinaman. Bugun bir gapni aytib turgan odam ertasiga mutlaqo boshqacha sayrasa, qoning qaynamasdan iloj yo‘q. Ularning nazdida, men ko‘p narsaga erishganim tufayli, hamma taklifiga ko‘nishim kerak. O‘zini ayamagan boshqani ham ayamaydi. Keyin dunyoda prinsip degan tushunchalar ham bor. 

Bu gapni Usmon akadan eshitganimda, 19 yoshli yigitcha edim. Hali qulog‘im ostida jaranglaydi. Bundan keyin ham shunday bo‘lsa kerak. Ochig‘i, bunday prinsipga doimiy amal qilish ko‘pchilikning qo‘lidan kelmaydi.

Tag‘in muhokamaga qaytamiz. Mafkura posbonlarini ham tushunish mumkin. Xususan, amaldorlar poraxo‘r bo‘lmagan, shiorlarga so‘zsiz itoat etiladigan, odamlar farovon hayot kechirayotgan bir paytda Usmon Azim “xol” qo‘yib o‘tiribdi. Bu gaplar kimgadir kulgili tuyulishi mumkin, lekin aslida yig‘laydigan holat. Usmon akani muhokamadan chiqarishgandan keyin rejissyor Valixon Umarovni ko‘ndirishga harakat qilindi. Foydasi bo‘lmagach, spektakl teatrshunos mutaxassislarning tavsiyasi bilan namoyishga ruxsat etildi.

“Bir qadam yo‘l” asari uzoq yillar teatr repertuaridan mustahkam o‘rin olgan. Oradan to‘rt-besh yillar o‘tib, spektaklni e’tibor bilan takroran tomosha qilib bir narsaga amin bo‘ldim, hech mubolag‘asiz, o‘zbek dramaturgiyasida bunday asarga ko‘zingiz tushmaydi. Dramaning o‘zini mutolaa qilish ham maroqli. Asarda qahramonlar, avvalo, o‘zlari, o‘z taqdirlari bilan kurashadilar. Bu voqeada to‘kis odam yo‘q. Hammasi katta armon bilan yashayapti-yu, go‘yo hech kimga bildirmoqchi emas. Baxtli oila obrazini yaratmoqchi bo‘lishadi. Lekin ichlaridan zil ketmoqda. Bunday psixologik konfliktni hamma yozuvchi ham dramaga olib kirolmaydi.

Yana bir omil, tomoshada kechadigan vaqt birligi bilan hayotiy vaqt birligi mutanosib. Asar voqeasi ham, hayot davomiyligi ham ikki soat. Buyam dramaturg mahoratidan. Kamina drama nazariyasidan ortiqcha safsata sotmoqchi emasman, faqat e’tirof etmoqchimanki, milliy teatr san’atida inson taqdirini yoza oladi­gan, dramaturgiya kompozitsiyasini yaxshi tushu­nadigan Usmon Azimday ijodkor mavjud.

“Kunduzsiz kechalar” tarixiy fojiasi o‘zbek shoiri, jadidlar namoyandasi Abdulhamid Cho‘lpon­­ning 100 yilligi munosabati bilan sah­naga olib chi­qildi. Bu – shaxs va davr o‘rtasi­dagi kurash fojia­sini yorqin ko‘rsata olgan asar bo‘ldi. Ayniqsa, personajlar, qahramonning zamon­doshlari muallif tomonidan o‘sha davr elagiga solinadi. Bunday o‘tkir xarakterli obrazlarni yaratish va ijro etish ijodkorlardan juda katta iste’dod talab qiladi. Cho‘lpon rolining ijrochisi O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov mahorati alohida e’tiborga loyiq. “Bu qanday asar ekan?”, deb qiziquvchilar Milliy teatrga borib, 27 yildan keyin teatrning yosh jamoasi bilan qayta sahnalashtirilgan “Cho‘lpon” spektaklini ko‘rsalar, hamma narsa ayon bo‘ladi-qo‘yadi.

Bundan tashqari, Usmon Azimning “O‘tgan zamon hangomalari”, “Alpomishning qaytishi”, “Adibning umri”, “Tong otgan taraflarda”, “Ogoh bo‘ling, odamlar”, “Kuyovlikka nomzod yoxud sinfdosh”, “Adolat fasli” singari muvaffaqiyatli asarlari bor. Ular orasida yana biri borki, bu bizning hamkorligimiz – Xorazm viloyati musiqali teatrida sahna yuzini ko‘rdi. Bu yangi talqindagi “Tohir va Zuhra” musiqali dramasi edi. Biz bu asar yaralgunicha uzoq, necha bor tongotar suhbatlashganmiz. Esdalikning avvalidagi o‘git hamsuhbat tunlarning birida aytilgan.

Usmon Azim – odam! Juda g‘alati eshitilayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin Usmon aka chinakamiga ijodiy fazilatlarga boy, atrofdagilarga befarq bo‘lmagan, o‘zgalar dardi bilan yashay oladigan, kerak bo‘lsa, o‘zining muhim yumushi qolib, kimningdir mushkulini yechish uchun oxirigacha borishga o‘zida matonat topa oladigan inson. Bilmaganlar Usmon akani qaysarlik va murosasizlikda ayblashadi. Bo‘lishi mumkin, faqat o‘rtaga yolg‘on aralashsa, nohaqlik bo‘y ko‘rsatsa, iste’dodsizlik mug‘ombirona g‘imirlasa, Usmon aka o‘zini bosib turolmaydi. Aniqrog‘i, bunday vaziyatda hech kimni ayamaydi.

Xullas, Milliy teatrning majlislar zaliga mamlakat teatrlari rahbarlari, rejissyorlari, adabiy emakdoshlari, qo‘yingki, teatr san’atiga aloqadorman, degan qalam ahlining barchasi Madaniyat vaziri rahbarligida “teatrni rivojlantirmoq uchun” katta mashvaratga yig‘ildilar. Vazir xonaga kirishidan sal oldin kazo-kazo idoralarning xodimlari ham doirasimon stol atrofidagi o‘rindiqlarning eng oxirgi qatoriga joylashishdi. Kamina guvohi bo‘lgan bunday yig‘ilishlarda nuqul teatrga aloqasi yo‘q odamlar teatrni rivojlantirmoqchi bo‘lardi. Bu gal yosh vazir teatrning chinakam zahmatkashlarini bir davraga yig‘ib, muammoning tub mohiyatiga e’tibor qaratishni so‘radi. Muammo so‘raldi, lekin yana eski ginaxonlik boshlandi.

O‘sha yig‘inda bir qalamkash akamiz Usmon Azimni no‘noq dramaturglikda, o‘zidan boshqa yozuvchilarning asarlarini Milliy teatrga yaqinlashtirmaslikda, yosh talantlarni ko‘rolmaslikda ayblab qoldi. Umr bo‘yi turli darajalardagi adabiy yig‘inlarda mirzalik qilib, bayonnomalar ustasi bo‘lib ketgan qalamkashning bunday ta’nasiga ko‘pchilik e’tibor bermagan bo‘lsa-da, irod etilgan nutqni qo‘llab-qo‘ltiqlaydigan bitta-yarimta alamza­da otaxonlar topildi. Aniqrog‘i, bittasi rosmana yozuv­chi, ikkinchisi butun umr katta yozuv­chiligini jumlai jahonga ayyuhannos solib, isbot­la­moqchi bo‘lgan yarimta dramaturg. Bu ikki “vallomat”ning dashnomini Usmon aka vazmin­lik bilan oxirigacha eshitdi. Keyin o‘rnidan turib, “Taqsirlar, dahanaki hujumga o‘tgandan ko‘ra, tuzukroq asar yozsanglar bo‘lmaydimi?” – dedi. Bularning fig‘oni falakka chiqdi. “Usmon Azimni Milliy teatrdan haydash kerak!” – degan talab bilan vazirga yuzlanishdi. Usmon aka bunday yarashiqsiz vaziyatni o‘g‘ilbolachasiga hal qilmoqchiday tuyuldi. Kamina Usmon akani yig‘ilish xonadan chiqib ketishga ko‘ndirdim. Tashqariga chiqarkanmiz, Usmon aka afsus bilan dedi:

– Bular-ku, mayli, butun umrini shu alfozda yashab kelyapti. Vaqt o‘tib, bugungi yoshlardan kimdir kelgusi avlodga aytib bersa bormi, isnodga qolamiz. Katta iste’dodlar ko‘p hollarda yakka ravishda o‘zlarining dunyosida yashaydi. Har kim bilan pachakilashib yurmaydi. Atrofdagilardan doim o‘z ichiga berkinadi. Iste’dodsizlar eng pastkash amallar, mayda g‘oyalar uchun ham bir pasda to‘planib, birlashadi. Yo‘llarida uchraganni ko‘plashib yakson qiladi. Bir mushtga aylanganlarini ko‘rsang, qoyil qolmasdan ilojing yo‘q. Ayniqsa, sening tan berishingni azbaroyi xohlashadi. Bunday paytda jichcha maqtab qo‘ysang, asakang ketmaydi. Aksincha, qulog‘ing tinchib, xotirjam yashaysan. Senga maslahat beryapman-u o‘zim hech qachon shunga amal qilmaganman. Muhimi, shulardan uzoqroq bo‘lgan ma’qul, jo‘rajon.

Usmon akaning odamgarchiligidan yana bir lavha xayolimga keldi. Uzoq vaqt shu haqda ko‘pchilikka gapirib yurdim. O‘ziga minnatdorlik bildirishdan negadir tiyilganman. Go‘yo, u kishiga ortiqcha mulozamat ko‘rsatayotganday tuyulaveradi. Aslida, e’tirof etishga ham, ulkan tashakkur bildirishga ham arzirli ish qilgandi. Ittifoqo, u kishining maslahatiga amal qilib, Xorazmdan Toshkentga qaytdim. Vaziyat taqozosiga ko‘ra, Milliy teatrda spektakl sahnalashtirish imkoni tug‘ildi. Hozirda teatrning bosh rejissyori Asqar Xolmo‘min bilan bir vaqtda ish boshladik. Maoshga yetib borishimizga ancha fursat bor edi. Buni anglagan Usmon aka bizni ikki oy davomida tushlik bilan siylagan. Ba’zida u kishidan yashirincha gummaxo‘rlik qilmoqchi bo‘lganimizda, bizni izlab topib, qo‘yarda-qo‘ymay oshxonaga boshlab ketardi. Och qolgan rejissyorning diydasi sinmasin, degandir-da.

Bunday o‘ylab qarasam, Usmon aka bilan dil yorib, suhbatlashganimizga ham uch yil bo‘libdi. Milliy teatrda Usmon Azim qalamiga mansub Asqar Xolmo‘min sahnalashtirgan “Adolat fasli” spektaklining navbatdagi namoyishiga borganimda, tomoshadan oldin teatr hovlisining bir burchagiga o‘tdik. Hozir eslasam, qisqa suhbat ancha jiddiy bo‘lgan ekan.

Usmon aka dabdurustdan so‘rab qoldi:

– Teatrdan ketibsan, deb eshitdim?
– Qiynaldim.
– Ko‘pchilik qiynalyapti, yaxshi bo‘lib qolar.
– Qachon?
– Qirq yildan beri kutaman.
– Men uncha kutolmasam kerak.
– Jo‘rajon, sen talantli odamsan, agar iste’dodingni ro‘yobga chiqara olmasang, faqat va faqat o‘zing aybdor bo‘lasan.
– Hozircha aybdorman.
– Kitob o‘qiydigan odatingni tashlamadingmi?
– O‘zimiznikilarning yangi romanlarini o‘qib chiqdim.
– Qanday yangiliklar bor?
– Deyarli hammasi bor gaplar, faqat…
– Xo‘sh?
– Yozuvchi ukangiz bor-ku, shakkoklik qilib turadigan. O‘sha juda yaxshi roman yozibdi. Badiiy ifodani ham teshib qo‘yibdi.
– Ha, umi? Yaramas. Iste’dodli, mehnatkash… lekin odam-podam emas. O‘zi tirikmi?
– Yozyapti.
– Qo‘lidan boshqa ish kelmaganidan keyin yozadi-da.
– Qizig‘i, qo‘lidan kelmaganlar ham yozyapti.
– Ularni qo‘yaver.
– Usmon aka…
– Namuncha mo‘ltirading, gapir?
– Toshkentning osmoni boshingizga yaqin kelmadimi?
– …
– Mabodo mening boshimga tegsa, nima qilay?
– …
– Usmon aka…
– Eshitdim!..

Buyog‘i uzoq sukunat.

Jo‘rabek RO‘ZMETOV

“Jadid” gazetasining 2026-yil 7-avgustdagi 32-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600