Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


25.06.2025 | 12:31

img423

OVQATING YETMAY QOLSIN…

Do‘stim Baxtiyorga bag‘ishlayman

Qism oshxonasida kechki ovqatga xafsalasiz qo‘l urdik. Ishtahaga it teggan. Sababi, tong sahar jangga ketishimiz haqida buyruq bor. Qayerga borishimiz noma’lum; sir tutishmoqda. Bunday imi-jim tayyorgarlikdan sezish mumkinki, Chorikor yo Panjsherga yo‘l olsak kerak. U yoqlardan tirik qaytish dargumon, ajalning uyasi, Xudo qarg‘agan joy. Do‘zaxning darvozasi ochilgani shu…

Stolimiz atrofida asosan o‘zbeklar jam bo‘lgandi. Yemakdan so‘ng oshpazimiz duo qildi:

– Omiyn! Qaytib kelganlaringda ovqatim yetmay qolsin…

Ayni tob tepamizda siyosiy targ‘ibotchi zobit hozir bo‘ldi. Askarning gap-so‘zi tugul xayolidagi o‘y bilan ham qiziquvchi bu iskovichni jinimiz suymasdi.

– Falonchiyev! Hozir nima deding? Qani tarjima qil-chi?

Oshpaz jim. Boshqalar ham. Bilaman, zobit tirnoq ostidan kir topib undan bomba yo mina yasaydi.

U kinoyali iljaydi:

– Sen duo o‘qiding. Shuni menga tarjima qilib ber, tamom!
– Keyingi gal ovqatimiz yetmay qolsin, deyapti. Buning nimasi yomon, – ijirg‘andim.
– Ahmoq! Sovet armiyasi har jihat­dan qudratli. Bizda oziq-ovqat yetarli. Senlarning miyang buzilgan…

Asabim zir qaqshadi. Og‘zimga kelgan gapni qaytarmadim:

– Kaltafahmsan! – dedim sensirab.

Yuziga tik boqdim. Jag‘ini ochsa, quloq chakkasida chaqmoq chaqdiradigan vajohatimni ko‘rib esankiradi. To‘g‘ri-da, ertaga urushga chiqqandan ko‘ra gauptvaxta, ya’ni, askarqamoqda yotganim yaxshiroq, nari borsa bir haftadan so‘ng qo‘yvorishadi… Zobit nimadir deb g‘o‘ldiradi-da, oshxonadan otilib chiqib ketdi.

Zum o‘tmay qism qorovul boshlig‘i va ikki navbatchi askar paydo bo‘ldi. Ertaga jangga chiqishimiz shartligi sabab menga indashmadi, oshpazni olib ketishdi.

…Jangdan qaytdik. Oyoqlarimiz zil-zambil holda oshxonaga kirdik. Ishtaha yo‘q… Oshpaz bir burchakda ezg‘indi holda bosh egib o‘tiribdi. Bizning yonimizga kelmadi. Sababi, uning ovqati ortib qoldi, sababi…

Haligi targ‘ibotchi zobit oshpazning yoniga bordi. Yuziga mahzun tikilib yelkasiga kaftini qo‘ydi. Bizning stolga o‘grilib qaradi. Qaddini g‘oz tutdi. O‘ng kaftini chakkasiga tirab hurmat ma’nosida harbiycha salom berdi. Mijjalari jiqqa yosh. Shu tarzda bizdan, aynan mendan uzr so‘radi. Biz ham o‘rnimizdan turib, kaftimizni o‘ng qoshimiz yoniga tirab harbiycha alik oldik.

Oradan bir hafta o‘tib, yana bizni saf maydoniga tizishdi. Tag‘in jang… Qism komandiri harbiy tayyorgarlik borasida zobitlar hisobotini tinglagach, minglab askarga yuzlandi:

– O‘g‘illarim, hammamiz sog‘-omon, ha, barchamiz tirik qaytishimiz kerak! Qismga tus-tugal kelaylik! O‘zbek oshpazimiz aytgani kabi, mayli, jangdan qaytgach, sizlarga ovqat yetmay qolishini istayman!

Vujudim jimirlab ketdi. Bo‘g‘zimga nimadir tiqilib qoldi. Vzvod boshida turgan targ‘ibotchi zobit menga qarab jilmayib qo‘ydi.

Keyinchalik qismda “Mayli, ovqatimiz yetmay qolsin!” degan ibora eng yaxshi tilakka aylandi.

– Omon qaytinglar, ovqatimiz yetmay qolsin!
– Tirik qaytinglar, ovqatimiz yetmasa ham mayli!
– Biz qaytgach, ovqating yetmasin, oshpaz!
– Biz qaytamiz, ovqating yetmay qoladi, Baxtiyor!

…Oradan ancha yillar o‘tdi, Baxtiyor…

Hayit bayramida qishloqqa borgach, albom varaqlab, ikkimizning harbiyda tushgan suvratimizni ko‘rdim. O‘sha voqeani esladim, Baxtiyor!

Esingdami, Baxtiyor?!
Esingda-a?!

Qo‘chqor NORQOBIL

“Jadid” gazetasining 2025-yil 20-iyundagi 25-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600