Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


05.12.2025 | 09:35

img740

OYDINLAR

To‘g‘risi, ko‘pchilik “jadid harakati” deganda, sanoqli namoyandalarni tushunadi. Go‘yoki, jadidlar faqat katta shaharlarda yashab faoliyat yuritgan, vaqtli nashrlar tashkil qilib, maktablar ochib, uzoq qishloqlarga ularning qadami… yo‘q, hatto xabari ham yetmagan. Bu fikrning shakllanishida sobiq sovet mafkurasining hissasi katta. O‘sha davr qiyofasi tasvirlangan turli janrdagi asarlarda jadidlar haqida noxolis ma’lumotlar keltiriladi, “burjuaziya vakillari”, “bir hovuch mafkurasi buzuq kimsalar”, “panturkchilik g‘oyasi targ‘ibotchilari” kabi kamsituvchi ayblovlarga urg‘u beriladi.

Xo‘sh, aslida, Turkiston zaminida o‘tgan asr boshlarida paydo bo‘lib, qisqa fursatda siyosiy kuch darajasiga yetgan, umri chorak asr bilan cheklangan bo‘lsa-da, mustamlaka zanjiri va eski aqidalar ta’sirida qolgan xalqni uyg‘otish, ularning zehniyatiga hur fikrlarni singdirishni oliy maqsad qilgan jadidlar harakatining miqyosi qay darajada edi?

…Xiva xonligining Bog‘ot bekligi markazida istiqomat qilgan to‘rt og‘a-inining to‘ng‘ichi Riyimboy aka dehqonchilik bilan ro‘zg‘orini boqqan. Yana bir inisi Matsafo hududdagi “Trimchi ko‘l” bo‘yida dehqonchilik qilish qatorida baliqchilik bilan ham shug‘ullangan. Kenja o‘g‘il Xudoybergan bozorda qovun olib-sotgan.

Og‘a-inilarning ikkinchisi Karimboy aka maktab-madrasa ko‘rgan, Orenburggacha bo­rib savdogarlik qilgan. U hali madrasada o‘qib yurgan vaqtlarida jadidlar harakati bilan qiziq­qan, so‘ng savdogarlikdan topgan daromadi hisobidan Bog‘ot bekligida ilk xususiy maktab ochgan. U yangi maktabdorlar birin-ketin qama­layotganini ko‘rgach, yarim tunda bola-chaqasini olib, musofirlik yo‘lini tutadi. Uning avlodlari hozir Turkmanistonning Mari shahrida yashaydi…

Bog‘otlik yetmish besh yashar Qalandar buva Matsafoyev bir voqeani hikoya qiladi: “Bir kuni maktabdan qaytayotganimda, Matlatif buva bilan Masharif buva janjallashib turgani ustidan chiqdim. Janjalga sabab: Masharif buva o‘z otiziga suv ochgan, Matlatif buva esa suvni o‘z otiziga yo‘naltirgan. Janjal yoqa bo‘g‘ishgacha bordi. Matlatif buva gavdali odam edi, Masharif buvaning yoqasidan olib, oyog‘ini yerdan ko‘tardi. Shunda Masharif buva lahza ichida o‘zini yerparchin qilaman deb turgan raqibiga keskin zarba berdi. Matlatif buva orqasi bilan yiqildi. Men maktabda boks to‘garagiga qatnardim. Masharif buva raqibini yiqitish uchun qaysi usulni ishlatganini bilay, deb bordim. Masharif buva savolimga kulib javob berdi: “Madrasada o‘qigan vaqtimizda jadidlarga qo‘shilganmiz. 1937-yilda shu sabab bilan besh yilga qamashdi. Qamoqda bir ziyoli inson menga boks sirlarini o‘rgatgan”. Masharif buva qamoqdan so‘ng Chorjo‘y, Mari shaharlarida yashab, keksaygan vaqtida yurtga qaytgandi”.

Qishlog‘imizda uzoq yillar imomlik qilgan Abdulla maxsum buva xonlikning oxirgi davrida Xiva madrasasiga o‘qishga kirgan, ammo madrasalar yopilib, ta’limni to‘liq ololmagan. U kishi kolxozlashtirish davrida bir muddat brigadirlik ham qilgan. Maxsum buva salkam to‘qson yoshida boqiy dunyoga ketdi. Vafotidan so‘ng nevarasi buvasidan qolgan bir kitobni ko‘rsatdi. Bir asr ilgari Turkiyada chop qilingan kitobda turk posholarining suratlari aks etgandi.

Mulla buva bilan gurunglarimizdan birida madrasada o‘qigan davrida jadid harakatiga qo‘shilgan-qo‘shilmagani haqida so‘raganimda, u kishi: “O‘n yettinchi yilda Xivada jadidlar ko‘p edi. Ular madrasada saboq berar, chekka qishloqdan kelgan biz kabi toliblarni moddiy qo‘llashardi. Lekin partiyaniki kabi jadidlar harakatiga a’zo bo‘lganing uchun guvohnoma berishmasdi”, deb javob bergani esimda. Sandig‘ida saqlab kelgan kitoblari orasida aynan jadidlar targ‘ib qilgan kitoblar bo‘lgani uning ma’nan jadidlikni qo‘llaganini isbotlaydi.

1914-yilning avgustida tashkil topgan “Yosh xivaliklar” ham aynan jadid harakatining hosilasi hisoblanadi. Xonlikda jadidlik boshida shaxsan vaziri akbar Islomxo‘ja turgani harakatning ko‘lami va ahamiyatini bildiradi. Xonlikda katta ta’sir doirasiga ega mulozimning jadidlarga bosh qo‘shgani yuzlab, minglab yoshlar, ayniqsa, toliblarni ruhlantirgani, shubhasiz. O‘z davrida taqriban olti yuz ming adad aholi yashagan xonlikda o‘ttizga yaqin beklik mavjud bo‘lsa, “Yosh xivaliklar” yetakchilari tuzgan Xorazm Xalq Sovet Respublikasida hudud 22 ta tumanga bo‘lingan.

1920-yilda Qo‘shko‘pir bekligining Xayriobod qishlog‘ida ilk maktab ochiladi. Bu maktabni Ahmad afandi tashkil qilgandi. U qishloqning iqtidorli yoshlarini tanlab, ularga bilim bera boshlaydi. Turmush o‘rtog‘i Yoqut muallima keyinroq qizlar uchun alohida maktab ochadi. Jadid harakatiga qo‘shilib, chekka qishloqda ilk bora yangicha maktab ochgan er-xotin qatag‘onga uchragan. Ular ta’lim bergan yoshlar esa, keyinchalik oliy o‘quv yurtlarida o‘qib, turli lavozimlarda ishlab, ezgu ishlari bilan o‘zlaridan yaxshi xotiralar qoldirgan.

Yuqorida misol tariqasida keltirilgan Bog‘ot va Qo‘shko‘pir tumanlari hudud jihatdan kichik va chekka tumanlar hisoblangan. Shu yerlarda jadid harakatiga qo‘shilgan, unga ergashganlar soni shu qadar ko‘p bo‘lgan ekan, o‘z davri o‘lchamlarida nisbatan yirik hisoblangan Xiva, Yangi Urganch, Hazorasp, Xonqa va boshqa shaharlarda jadidlar va ularni qo‘llagan fuqarolar qancha bo‘lganini tasavvur qiling! Zero, bu shahar va kentlarda ko‘plab madrasalar, yangi jadid maktablari faoliyat yuritgan.

Boshqa viloyatlardan farqli ravishda, xorazmlik jadidlar vaqtli nashrlar chop qilmagan, o‘z g‘oyalarini amaliy faoliyatlari orqali targ‘ib qilgan. Hali axborot vositalari kam va hatto mavjud bo‘lmagan sharoitda jadid harakati qisqa muddatda keng yoyilgani va eng olis qishloqlargacha yetib borganiga sabab nima? Buni jadidlar ilgari surgan g‘oya-maqsadlarning oddiy xalq orzusi va ruhiyatiga to‘la mos tushgani bilan izohlash mumkin.

Bir tarafda Chor Rusiyasi markaziy shahar­larida paydo bo‘lgan yangicha firqa va sho‘ba­lar – sotsial demokratlar, eserlar va bolsheviklar Turkistonga ko‘chirma qilinib, ular o‘z vaqtli nashrlarini yashirin yoki oshkora chop qilib, xalq orasida tarqatishga zo‘r bergan, bu nashrlarda jadidlarga qarshi yoppasiga kurash e’lon qilingan bir sharoitda, qo‘lida mablag‘i ozligidan nashrlari nochor qolgan, hukumat tomonidan qo‘llanmagan, aksincha, ta’qib ostiga olingan jadid harakati o‘z ta’sir doirasini kengaytira olganiga qoyil qolish kerak.

Jadidlarning butun faoliyati kontrrevolyutsion xarakterga ega edi. 1906-yildayoq jadidlarning rahbarlaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy: “Biz musulmonlar uchun bu partiyaga kirish (RSDRP) juda katta zarar keltiradi”, deb yozgan edi.

Endi 1957-yilda chop qilingan “O‘zbekiston SSR tarixi” ikkinchi kitobining “Ijtimoiy-siyosiy fikr va adabiyot” bo‘limidan olingan quyidagi iqtiboslarga e’tibor qiling: 

 “O‘rta Osiyoning mahalliy aholisi o‘rtasida marksistik falsafaning ta’sirini kamaytirish maqsadida Behbudiy idealistik falsafaning “eng yangi muvaffaqiyatlarini”, ya’ni neokantchilik, gegelchilik va maxizmni targ‘ib qildi. Shuning uchun ham jadidlarning agnostitsizm tarafdorlari bo‘lganlari tasodifiy emas”.

“Jadidlar yangi usuldagi maktablar, vaqtli matbuot va adabiy to‘garaklar (bayozlar) yordamida o‘z burjua ideologiyasini zo‘r berib yoyishga urindilar. Bunda ular, albatta, oddiy mehnatkash xalqqa murojaat qilib, “vatan haqida”, “musulmonlar madaniyatining qoloqligi haqida”, “Turkistonda yashovchi hamma aholining manfaatlari umumiy ekanligi” va hokazolar haqida gap sotdilar”.

“Jadidlarning hamma harakatlari bir maqsadga: mehnatkashlar ongini zaharlashga, ishchi va dehqonlarning sinfiy ongini kuch­sizlantirishga, ularning ozodlik harakatini bo‘g‘ishga qaratilgan edi”.

“O‘n to‘qqizinchi asrning oxiri va yigirmanchi asr boshlarida O‘zbekistonda klerikal va burjua-millatchilik ruhidagi jadid oqimiga qarama-qarshi o‘laroq progressiv-ijtimoiy fikr taraqqiy eta boshladi – ilmiy sotsializm g‘oyalari tarqala boshladi”.

Ko‘rinib turibdiki, o‘sha davrda boshqa firqa va siyosiy kuchlar jadid harakatini obro‘sizlantirishga, ularni odamlarga “olabo‘ji” qilib ko‘rsatishga uringan. Qoralash jarayoni harakat tugatilib, jadidlar qatag‘on qilingach ham davom etgan, soxta ayblovlar tarix darsliklariga kiritilgan.  Ammo qatag‘onlardan omon chiqqan Masharif, Abdulla buvalar hali o‘smir yoshida shuuriga o‘rnashgan jadidlarning ezgu g‘oyalarini umri oxirigacha kaftdagi cho‘g‘ kabi asrashgan.

Vatan, ozodlik, ilm-ma’rifat tushunchalari egizak kabi yonma-yon keladi. Ilm-ma’rifatli inson dunyoni taniydi, zehniyatiga Vatan va ozodlik tushunchalari bir umrga o‘rnashadi. E’tiborlisi, maktab-u madrasada sharqona ta’lim olgan, jadid qarashlari bilan ongi sug‘orilgan, ularga ergashgan oddiy insonlar yovuz niyatli tuzum yopishtirgan “klerikal”, “gegelchilik”, “burjua millatchilik”, “neokantchilik”, “maxizm”… va yana allambalo atamalar nimaligi bilan qiziqmay dunyodan kechishdi. Ular uchun Vatan va ozodlik tushunchalari tanish va aziz, ilm-ma’rifatga intilish ajdodlaridan meros qolgandi.

Bir asr ilgari jadid harakati qanchalik keng yoyilib, yurtimizning eng olis hududlariga qadar kirib borgani, saflari kun sayin o‘sganining tarixiy va ilmiy asoslari shu oddiy misollarda ham yaqqol ko‘rinadi.

Ro‘zimboy HASAN

“Jadid” gazetasining 2025-yil 28-noyabrdagi 48-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596