Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


23.04.2025 | 12:54

img689

TABARRUK OYDINLAR DUOSI

Ma’lumki, hamma zamonlarda ham millat taraqqiysi, davlat barqarorligi, jamiyat ravnaqida ziyoli ijodkorlarning ta’siri beqiyos bo‘lgan. Biz bu hodisani jadid bobolarimiz faoliyatida ro‘y-rost ko‘ramiz. Bugun ham ana shunday maqom tutgan ustoz adiblarimiz borki, ularning fikr-u zikrlari xalqimiz dunyoqarashining sayqallanishiga xizmat qiladi. Gazetxonlarimiz e’tiboriga havola etilayotgan mazkur suhbatda adabiyotimizning ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri, serqirra adib, filologiya fanlari doktori, professor Xurshid Do‘stmuhammad o‘zining uyg‘oq fikrlari bilan o‘rtoqlashgan.

– Avvalo, millat taqdiri uchun jonni tikkan, hatto o‘limga ham tik qaragan jadidlar, ularning bugungi izdoshlari, zamonamiz oydinlari haqidagi o‘ylaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

– Jadid bobolarning hayoti-faoliyati, ular yashagan davr hatto sovet zamonida ham uncha-muncha o‘rganilgan. Lekin, mana, bugungi kunga kelib chinakam ma’noda chuqur, keng, batafsil va xolis o‘rganish imkoniyati paydo bo‘lmoqda. Muhit vujudga kelmoqda. Bu muhit imkoniyatlaridan nechog‘li unumli, samarali foydalanamiz – hamma gap shunda! Hali jadidlar davrini to‘laligicha, bor murakkabligi, issiq-sovug‘i bilan, bor shukuhi va fojiasi bilan kaftimizga qo‘ygandek inkishof eta olganimizcha yo‘q.

Jadidlar davri tarixini mutaxassis sifatida o‘rganuvchi qatlam anchagina zaif deb o‘ylayman. Ushbu yo‘nalishga ixtisoslashayotgan yoshlar safini mustahkamlash muhim vazifalardan bo‘lib qolmoqda. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori, Abdulla Qodiriy, Hamza, Fitrat merosi birmuncha o‘rganilgani quvonarli, albatta. Ammo har qanday ilmiy izlanishning tabiati-qonuniyati shundayki, o‘rganilgani sayin masala tugamaydi, balki ko‘payadi, chuqurlashadi, murakkablashadi. Shunga mos ravishda tadqiqotchilarning salohiyati ham to‘xtovsiz orta borishi talab etiladi. Mavridi kelganda aytay: Behbudiy merosiga bag‘ishlangan salmoqli asarlar chop etildi (mualliflari – Naim Karimov, Sirojiddin Ahmad, Halim Said), Fitrat asarlarining 5 jildligi bor (Hamidulla Boltaboyev tayyorlagan), Abdulla Qodiriy publitsistikasi “Diyori bakr” kitobida jamlandi. 

“Jadid” gazetamizda shunga o‘xshash ilmiy-ma’rifiy tadqiqotlar bahonasida ko‘pdan ko‘p salmoqli tahlillar, mulohazalar, xulosalar bayon etilishi mumkin.

Savolning ikkinchi qismiga kelsak, 100–130 yil nari-berisidagi davr va shaxslarni to‘g‘ridan to‘g‘ri qiyoslash unchalik to‘g‘ri emas. Qarang, “Millat taqdiri uchun jonni tikkan”lik ulug‘ gap, lekin “hatto o‘limga ham tik qaragan”lik… bizning zamonga bunday gaplar yarashmaydi. Boshqa o‘xshash jihatlar haqida esa istagancha so‘z yuritish mumkin.

“Jadid” deganda o‘zak ma’no – yangilikka tashnalik demakdir. Nazariy jihatdan olinsa, har qanday jamiyatda, xoh yuksak taraqqiy etgan, xoh rivojlanmagan jamiyatlarda ham jadidlik alomati bo‘lmay iloji yo‘q. Chunki taraqqiyot uzluksiz harakatda, odamzod tafakkuri istaydimi-yo‘qmi, yangilikka intiladi. Mohiyatan shuning o‘zi jadidlik.

Bir asr muqaddam yashab o‘tgan jadidlarimizning o‘ziga xosligi asosan bir necha yo‘nalishda namoyon bo‘lgan: ilmga, bilimga, savodga, boxabarlikka, faollikka, fidoyilikka va birlikka tashnalik! G‘oyatda ajablanarli joyi shundaki, yillar, asrlar o‘tib borsa hamki, muammolarimiz “ohori” to‘kilmay saqlanib qolmoqda.

– Jadidlarni eng qiynagan narsa yoki muammo nima edi?

– Fikrimcha, jadidlar keng aholi ommasining savodsizligidan qattiq qayg‘urgan. Odamlarimizning dunyoda, jamiyatda kechayotgan voqealarga befarqligidan fig‘oni ko‘kka chiqqan. Bunday zabunlikning birlamchi sababi turmush qiyinchiliklariga borib taqalishini asosiy vaj sifatida ko‘p gapiramiz. Buning oqibatida odamlarning fikr darajasi ro‘zg‘or tashvishlaridan yuqori ko‘tarilmagan, deymiz. Jadidlar esa ayni o‘shanday ayanchli moddiy ahvoldan tushkunlikka tushish emas, aksincha, keng omma boshini qovushtirguvchi kuch-quvvat olmog‘i darkorligini uqtirmoqqa uringan. Katta maqsadlar yo‘lida birlashish, bir yoqadan bosh chiqarish va shu orqali hamjihatlikka erishmay turib, xalq xalq bo‘lmasligini aytish yo‘llarini izlagan.

Did-saviya tushunchasi bor. Oddiygina, soddagina, jo‘ngina, muxtasargina so‘z. Lekin uning zamiridagi ma’no-mazmun miqyosini tugal aytishni istasak, mavzu ko‘lami milliy mentalitetga borib taqaladi. Kundalik turmushimizning har soniyasi, har odimida, har so‘zimiz, maqsad-u niyatlarimiz, amalimizda namoyon bo‘ladi bu tushuncha. Qarang, badiiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, diniy, tarixiy, ma’rifiy, axloqiy va hokazo-hokazo did-saviya tahlili orqali yakka bir shaxsga, oilaga, millatga… jamiyatga baho berish mumkin. Zamonga, insoniyatga ta’rif berish mumkin. Aytmoqchimanki, jadid bobolarimiz sa’y-harakatlari zamirida, umumlashtirib aytganda, milliy did-saviyani yuksaltirish maqsadi yotgan.

Abdulla Qodiriy, “Istatistikasi bor bir millat oynasi bor bir qavm demakdir. Oynangiz qo‘lingizda bo‘lsa shubha yo‘qki, diydori sharafingiz sayhonidagi barcha qing‘ir-qiyshuqliklarni ko‘rarsiz… Istatistika degan narsa xalqimizning tushiga ham kirmagan”, deb yozganida hali o‘ttizga chiqmagan edi.

Ulug‘ adibimiz 100 yil muqaddam o‘rtaga qo‘ygan savolni bugun takrorlaylik: statistika hozirgi odamlarimizning tushiga kiryaptimi? Xalqimiz hayotining har jabhasi jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokamalarga mavzu bo‘lyaptimi? Ulardan tegishli xulosalar chiqarilmoqdami?

Jadidlar davrini qadrlash, ularni o‘zimizga ibrat o‘rnida qabul qilish o‘sha mash’um davr siymolari faoliyati, so‘zlarini qadrlashdan boshlanmog‘i kerak-da!

Xulosa qilib aytganda, “jadid” degan maqomga munosiblikning birinchi belgisi bilimsevarlik, ilmparvarlik, rostgo‘ylik, did yuksakligi, talabchanlik, fidoyilik va sadoqatlilik. Dabdurustdan topgan so‘zlarim shular. Topmaganlarim qancha? Aytolmaganlarim qancha? Mana shu talablar har qanday zamon va makonda davrning ilg‘or kishisi, birinchi navbatda, ziyolisi uchun ardoqli fazilat hisoblanib qolaveradi.

– Jadidlar davrini o‘rganishga ishtiyoq bildirgan yosh tadqiqotchilar ko‘proq nimalarga e’tibor berishlarini istagan bo‘lardingiz?

– Mavzu-muammo deganlari tog‘-tog‘ bo‘lib uyulib, o‘z tadqiqotchilarini kutib turibdi. Jadidlik harakati qachon, qay tariqa boshlangan? Uning dastlabki belgilari nimalarda ko‘ringan? Va qay tariqa rivoj topgan, ommalashgan, takomillashgan? Ya’ni, dunyoga kelishi (ibtido) – evolyutsiya (rivoji) – nihoyaga yetishi (intiho) qadam-baqadam, kunma-kun, oyma-oy, yilma-yil – to so‘nggi “daqiqa”ga qadar bo‘lgan tarixiy yo‘l xronologik tartibda va atroflicha o‘rganilmog‘i nihoyatda muhim deb o‘ylayman. Biroq ishni aytilganday ko‘lam va miqyosda tashkil etish oson ko‘chmaydi: bunday ishlar qayerda markazlashadi? Qay tariqa tartibga solinadi? Vazifalar taqsimlanadi? Umumlashtirish, xulosalash, yakunlash nima bo‘ladi?

Yana. Jadidlar harakatining ibratli jihatlari ko‘p, shu bilan bir vaqtda achchiq saboqlari ham yo‘q emas. Ya’ni? Ehtimol, eng og‘ir savollardan biri – nima sababdan jadidlar harakatidek noyob ijtimoiy-siyosiy, ma’rifiy-adabiy, ilmiy-axloqiy yurish jisman mag‘lubiyatga uchradi? Tarixiy vaziyat yetarli darajada hisobga olinmadimi? Makkor va yovuz dushmanga qarshi uyushqoqlik yetishmadimi? Aniq va puxta kurash strate-giyasi yo‘qmidi? Salohiyatli yo‘lboshchi topilmadimi?..

Ilmiy istiloh ila aytganda, tadqiqotlarimiz ham gorizontal, ham vertikal yo‘nalishda rivojlanmog‘i, takomillashmog‘i durust.

– O‘zbekiston davlat drama teatrida sizning “Yolg‘iz” nomli qissangiz asosida “Jinlar bazmi” spektakli sahnalashtirildi. Abdulla Qodiriy hayotiga bag‘ishlangan ushbu qissaning yozilish tarixi haqida gapirib bersangiz.

– Abdulla Qodiriyning publitsistik maqolalari jamlangan “Diyori bakr” kitobini takror-takror o‘qish asnosida “Yolg‘iz” qissasini yozish niyati tug‘ilgan. Ma’lumki, 1926-yilning fevral oyida  “Mushtum” jurnalida adibimizning “Yig‘indi gaplar” maqolasi chiqqan va 8-mart kuni uni qamoqqa olishgan. Hamma jim, hamma o‘zini chetga olgan, butun ayb-malomat Qodiriy boshiga yog‘dirilgan. U – yolg‘iz! Maqolada nimani yozgan deng? Bir so‘z bilan aytganda, yolg‘onni yolg‘on degan, vassalom! Rostning rost, yolg‘onning yolg‘onligini ayta olish har qaysi zamon jurnalisti, publitsistining kasbiy burchi, sha’ni-missiyasi hisoblangan va hisoblanadi.

“Jinlar bazmi” spektaklini ajoyib rejissyor Olimjon Salimov sahnalashtirdi. Sahna asari juda chiroyli, ta’sirli chiqdi. Tomoshabinlarga manzur bo‘ldi. Shu tariqa jadidlar hayotiga doir bir tarixiy voqea zamondoshlarimiz orasida ommalashdi.

 – Ustoz, bir suhbatingizda jamiyatga ma’naviy hokimlar kerak, lekin ular norasmiy bo‘lmog‘i zarur, degansiz. Rasmiy va siz nazarda tutgan ma’naviy hokimlarga doir qarashlaringizni kengroq tushuntirib bersangiz.

– Nazarimda, mustaqillik yillarida vujudga kelgan, shakllangan va dolzarbligini zarracha yo‘qotmagan masalalardan biri – hokimlik. Xo‘sh, hokim kim? Qanday shaxs hokimlik martabasiga loyiq, munosib ko‘riladi?

Rasman olganda, hokim o‘z hududining (tuman, shahar, viloyatning) birinchi shaxsi. Mas’uli. Prezidentning ishonchli  vakili. Xalqona tilda aytilsa, o‘z hududining boshlig‘i, otasi. Bunday yuksak e’tirofga sazovor bo‘lish har qanday inson uchun misli yo‘q sharaf, albatta.

Hokimlikka o‘qitadigan maktab ham, oliy o‘quv muassasasi ham yo‘q. Asosiy mezon – shaxsiy ma’lumotnoma (obyektivka). Mazkur ma’lumotnomani to‘ldirish shartlari yillar mobaynida takomillashmoqda, biroq bu bilan mas’ul rahbar kadrlar tanlashdagi sifat ko‘rsatkichlari yaxshilanib qolayotgani yo‘qdek.

Muammo nimada? Avvalo, hokim zimmasidagi yukning bag‘oyat og‘irligida. U xizmat yuzasidan ko‘z-quloq bo‘lmog‘i darkor bo‘lgan vazifa shu qadar behisobki, uncha-muncha hayotiy tajriba orttirgan shaxs ham shoshib qolishi muqarrar. Ruhiy, jismoniy va hokazo bosimni aytmaysizmi?! Bosimning bosh sababi – barcha mas’uliyat hokimning zimmasida ekanligida. Yana biri – hokim sifatidagi boshqaruv ko‘nikmasi, malakasi ilmiy asosda ishlab chiqilmagan. Tartiblashtirilmagan.

Shveytsariya safarida sayrboshimiz (gid), o‘rta yoshdagi yigit bilan yaqindan tanishdik. U asli o‘sha biz sayr qilib yurgan shaharchaning meri ekanini eshitib, hayron qoldik. Qanaqasiga?! Bizning tilimiz bilan aytganda, shahar hokimi sayrboshilikka vaqt topishi mumkinmi?

– Asli geografiya mutaxassisiman, – dedi u, – haftasiga bir kun mehmonlarga xizmat ko‘rsataman, bir kun kollejda jug‘rofiya fanidan dars beraman, uch kun hokimlik vazifamni ado etaman, ikki kun oilam dav-rasida hordiq chiqaraman.

– Hokimlik vazifalarini ado etishga uch kun kifoya qiladimi? – deb so‘radik.

– Hokimlikda barcha vazifalar konkret tartib asosida xodimlar orasida taqsimlangan. Men xodimlardan hisobot olaman, xolos. Kamdan kam hollarda fuqarolar muammosini hal etish menga qadar yetib keladi.

Demak, vazifa-mehnat taqsimoti yo‘lga qo‘yilgan. Har kim o‘z vazifasini ado etadi. 

Hozirgi globallashuv zamonasining eng murakkab muammolaridan biri – ommaviy muloqot ekanligidan kelib chiqilsa, har qanday rahbar shaxs, jumladan hokim, birinchi navbatda odamlar bilan muloqot o‘rnatish madaniyatini egallamog‘i zarur. Qattiq bosim ostidagi odam hamisha muomala madaniyatiga birdek rioya qilishi oson kechmaydi, bu tabiiy, ammo-lekin hokim majbur. U mas’ul shaxs, yetakchi, rahbar, ma’naviy padar!

Yana bir voqeani aytay.

2015-yil 15-mart kuni Rossiya televideniyesi orqali quyidagi ta’ziya o‘qib eshittirildi: “Irkutsk viloyatining ma’naviy gubernatori, adib Valentin Rasputin vafot etdi”.

Juda chuqur gap bu. Mashhur yozuvchi “duxovniy gubernator” deb e’tirof qilingan. Savol tug‘iladi: bizda rasmiy hokimiyatlarning ma’naviy ota, padar maqomidagi ma’naviy hokimlari bormi? Vazirlarimizning ma’naviy yo‘lboshchilari bormi?

Joylardagi birinchi mas’ul shaxs rahbar, yetakchi, ibrat, padari buzrukvor bo‘lishi shart bo‘lgan ayrim hokimlar, vazir maqomidagi ayrim rahbarlarning ma’naviy dunyoqarashini qo‘ya turaylik, oddiy axloqiy tushunchasi qanchalar haminqadar ekanligi quloqqa chalinib qolmoqda. Suhbatini qo‘ya turaylik, ikki og‘iz intervyusida uning ma’naviy qiyofasi fosh bo‘ladi-qo‘yadi. Fikrimcha, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bu singari voqea-hodisalarga o‘z bahosini berib borsin. Yevropada yarim soat to‘p tepgan futbolchiga baho qo‘yiladi, shu orqali uning darajasi belgilanadi, hokimning ma’naviyati ortida esa minglab, millionlab vatandoshlarimiz turmushi, taqdiri, kelajagi bo‘y cho‘zib turibdi.

Yana. “Jadid” gazetasida mamlakatimizda tuman, shahar va viloyatga hokimlik qilganlarning ro‘yxati e’lon qilinsa, kim qancha vaqt bu lavozimni egallab turgani ko‘rsatilsa. Keng omma, mutaxassislar, tadqiqotchilar – jamoatchilik o‘z mulohazasini bildirsa. Munozaraga Behbudiy, Qodiriy, Munavvar qori “qo‘shilsa”. Ana sizga statistika, mana bizga statistika!

– Sizni zahmatkash adib, uyg‘oq fikrli jurnalist deb ta’riflashadi. Xo‘sh, Xurshid Do‘stmuhammad hayotda, oilada qanday inson? Orzu-havas, armonlar degandek…

– “Yaxshi odamman” desam kulmaysizmi?.. Yangi yozayotgan romanimda qahramon shunga o‘xshash savol qo‘yadi: “Har kim o‘zini yaxshi odamman, deb o‘ylaydimi?” Og‘zini to‘ldirib, xotirjam, qo‘rqmasdan, ikkilanmasdan ayta oladimi shu lutfni? Birovga xiyonat qilmadim, o‘zganing haqini yemadim, yomonlik sog‘inmadim, halol ishladim, halol topdim deya oladimi? Deylik, oddiy fuqaro korrupsiyavozlik qilmaydi, qilolmaydi ham, binobarin, har bir dasti daroz martaba xo‘jasi “Korrupsiya changaliga tushib qolmadimmi?” deb o‘zidan so‘ray oladimi?

Bu – g‘urur, nafsoniyat, oriyat, burch masalasi! Shunday ish tuta oladigan, shuni qo‘rqmasdan ayta oladigan  odam bormi? Ko‘pmi? Qancha?

Aslida qadim ta’limotlarimizda har bir banda har kech boshini yostiqqa qo‘yib, ko‘zi uyquga ketmasdan burun o‘zini savolga tuta bilmog‘i nihoyatda foydali sanalgan. Insonning insoniyligi ana shu savollarni bera olish va javobi bilan belgilanadi. Jinsidan, yoshidan, mavqeyidan, moddiy-ma’naviy imkoniyatidan qat’i nazar, aytilgan savol oldida taroqning uchidek teng. “So‘roq” deb nomlangan  qissamga “So‘roqqa tutilmay turib o‘zlaringni o‘zlaring so‘roq qilinglar”, degan o‘lmas hadisni epigraf qilib olgandim.

Armon haqida so‘rayapsiz, inson borki, qavat-qavat armonlar qurshovida yashaydi, umr kechiradi – boshqa iloji yo‘q.

Qatag‘on va sovet qirg‘ini bo‘lmaganida, Behbudiy 80–90 yil yashasa, Munavvar qori yuzga chiqsa, Abdulla Qodiriy, Fitrat 120 yil umr ko‘rsaydi, deb o‘ylab ketaman ba’zan. Tabarruk oydinlarimiz bugungi ma’rifatsevarlarimiz, ziyolilarimiz tutgan yo‘lni ma’qul ko‘rgan, “Baraka topinglar!” deya duoga qo‘l ochgan bo‘lur edilar.

Suhbatdosh: Zarnigor IBROHIMOVA

“Jadid” gazetasining 2025-yil 18-apreldagi 16-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599