23.09.2024 | 14:25
309
O‘ZBEK ADABIYOTINING OLMONIYADAGI TARG‘IBOTCHISI
Mamlakatlararo iqtisodiy-ijtimoiy aloqalar bugun har vaqtdagidan ko‘ra dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Zero, dunyo ahli hamma zamonlarda bir-biri bilan o‘zaro ko‘pqirrali muomala-munosabatlarini o‘rnatib keladi. Yevropa ziyolilari, xususan, germaniyaliklar bilan bizning mamlakat ahli o‘rtasidagi hamkorlik va do‘stona muloqotlar bugun yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Rasmiy tashriflar doirasida ko‘plab istiqbolli loyihalarga start berilayotgani mamlakatlararo do‘stlik rishtalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilayotir.

Aslida barcha insoniy munosabatlar badiiy adabiyot vositasida o‘zaro chambarchas bog‘lanadi. Agar hamkorlar ilm ahli bo‘lsa, ularning ilmiy obyektlari – adabiy manbalar va davrlar, adabiy davralar va siymolar, ilmiy-adabiy kitoblar va talqinlari bir-biri uchun muloqot mavzusi bo‘ladi.
Shaxsan mening olmoniyalik hamfikr, hamkorim Gumbold universiteti professori, yaqinda chin dunyoga rixlat etgan Zigrid Klaynmixel xonim bilan dastlabki suhbatlarimiz aynan har ikkimizni qiziqtirgan o‘zbek adabiyoti xususida bo‘lgan edi.
Xuddi kechagidek esimda, Berlindagi Gumbold universitetiga ilmiy safarga borganimda professor Ingebor Baldauf meni Zigrid xonim bilan tanishtirgan edi. Zigrid opa bilan kutubxonalarga bordik. Germenevtikaga, metodologiyaga doir nazariy adabiyotlar yuzasidan maslahatlar so‘radim. Bir necha soatlab birgalikda kitob javonlarini oralab yurdik. Gapimiz gapimizga ulandi. Ora-orada Zigrid xonimni qiziqtirgan Alisher Navoiy yoki Abdulla Qodiriy ijodiga tegishli savollariga imkon boricha javob berdim. Olima o‘shanda yosh boladek quvongani hamon yodimda. Bu samimiy va ochiqko‘ngil olima ilm-ma’rifatga oshno, keng miqyosdagi bilim sohibasi edi.
Zigrid xonimning o‘zbek tilida olib borgan mashg‘ulotlarida qatnashdim. Dars jarayonida opa o‘zbekcha o‘rganayotgan talabalarga Abdulla Qodiriyning “Jinlar bazmi” hikoyasini hijjalab o‘qitib, nemis tiliga tarjima qildirdi. Hikoyadagi har bir jumlani so‘zma-so‘z izohlab berdi.
To‘g‘risi, nemis tilini biladigan filolog olimlar, o‘zbek adabiyotining Germaniyada targ‘iboti tadqiqi bilan shug‘ullangan mutaxassislar Zigrid Klaynmixel nomiga ko‘p bora duch kelishadi. Xo‘sh, biz Zigrid Klaynmixel ijodiy shaxsiyatini qay darajada bilamiz? Bu olimaning adabiy-ilmiy xizmatlari nimalardan iborat?
Balki bu kabi savollarning mukammal javobi uchun katta bir ilmiy tadqiqot kerakdir. 1938-yil Germaniyada tug‘ilgan olima avval Gumbold universitetida usmonli turk tili va adabiyoti mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim oladi. Shu universitetda “Marzubannoma”dagi fonologik, morfofonologik va morfologik muammolarni o‘rganish” mavzusida dissertatsiya himoya qilgan. O‘z ilmiy-ijodiy faoliyati davomida turkiy xalqlar adabiyoti, xalq og‘zaki ijodi, o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti, jadid adiblari ijodi bilan shug‘ullanadi.
Zigrid Klaynmixelning adabiyot bilan bog‘liq ulkan xizmatlari bor. Olima o‘zbek adabiyotining do‘sti edi. O‘zbek tilida bemalol muloqot qilar, o‘zbek tilida yozilgan ilmiy, badiiy asarlarni hech qiynalmay o‘qib tushunar edi. O‘zbek tili va adabiyotidan olmon talabalariga saboq bergan olimaning o‘zi ham qator ijodiy asarlar yozib qoldirishga muvaffaq bo‘ldi.
Zigrid Klaynmixelning “Xorazmda – xalpa, Farg‘onada – otinoyi”, “Sharqona yozish an’anasining rivojlanishi. 1910–1934-yillar o‘zbek dramasi va nasriy asarlar tadqiqi”, “Yozuvchi Abdulla Qodiriyning O‘zbekiston ma’naviy va madaniy hayotidagi o‘rni”, “Cho‘lpon ijodida tutqin ayollar va Kleopatra” kabi jiddiy kitoblari, ilmiy maqolalari shular jumlasidan.
Cho‘lpon xususidagi maqolasida qo‘yilgan mavzuni shoirning she’riy majmualari, “Yorqinoy” pyesasi, Kleopatra haqidagi she’rlari hamda sochma-mansurasi misolida atroflicha tadqiq etadi. Cho‘lponning ijodidagi Kleopatra obrazini rus simvolist shoirlari Aleksandr Blok va Valeriy Bryusov asarlariga qiyoslaydi. Olima jadid shoirining estetik idealini juda yaxshi tushunib: “Cho‘lponning poetik ta’biri bilan aytadigan bo‘lsak, Kleopatra Amudaryo bo‘yida “yerdagi yulduz”, ya’ni asira ayol, Nil bo‘yida esa “osmondagi yulduz” bo‘lishi mumkin”, deb yozgan edi. Umuman, olimaning bu fikrlari Cho‘lpon ijodining ham umumkonsepsiyasiga muvofiqdir.
Zigrid Klaynmixel xonim o‘zbek mumtoz adabiyoti bilan faol shug‘ullandi. Alisher Navoiyning “Navodir un nihoya” devoni yuzasidan tadqiqot olib bordi. “Navoiy va Ahmad Posho” maqolasida turk shoiri Ahmad Posho Alisher Navoiyning 17 ta g‘azaliga nazira bog‘laganini aniqlab, ilmiy jamoatchilikka ma’lum qilgan edi.
Zigrid Klaynmixel nemis tilida chiqqan adabiy lug‘atlarga turkiy xalqlar adabiyoti namoyandalari, xususan, o‘zbek adabiyotidan Mashrab, Tog‘ay Murod, Halima Xudoyberdiyevalarning ijodi yuzasidan maqolalar yozgan edi.
Bular olima ijodining bir qirrasi, albatta. Ammo ana shu ma’lumotlarning o‘ziyoq Zigrid Klaynmixelning katta adabiy-ilmiy xizmatlarini tasavvur qilish uchun kifoya, deb o‘ylayman. Bu ma’lumotlar, manbalar, maqolalar, kitoblar olima umrining ko‘rki. Shu kunlarda chin dunyoga safar etgan Zigrid Klaynmixel xonimni endi adabiyotshunoslik ilmida qilgan xizmatlari bilan yodga olamiz. Zero olima umrini undan qolgan adabiy-ilmiy meros – kitoblari uzaytirajak…
Bahodir KARIM,
professor
“Jadid” gazetasining 2024-yil 20-sentyabrdagi 39-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



