13.04.2024 | 16:52
352
XALQLARNI TUTASHTIRUVCHI NUQTA

Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi
Muhammadali ISKANDARIY bilan suhbat
– Hurmatli elchi janoblari, avvalo, sizni va siz orqali butun Eron xalqini qadimiy va umumiy bayramimiz – Navro‘z ayyomi bilan tabriklaymiz. Xalqingizga shodiyona kunlar davomiyligini tilagan holda, keling, suhbatimizni Navro‘z haqidagi mulohazalar bilan boshlasak. Siz bu bayramning o‘ziga xosligini nimada deb bilasiz?
– Navro‘zning ilk davri bundan uch ming yil ilgariga borib bog‘lanadi. O‘sha davrlarda Yaqin va O‘rta Sharq, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqalarida turli xalqlar va elatlar birgalikda ahil, inoq yashaganlar. Ular garchi boshqa-boshqa din va e’tiqodlarga amal qilsalar-da, mehr-oqibat rishtalari mustahkam bo‘lgan. Mana shu ahillikning ildizlarini udumlar, urf-odatlar va qadriyatlarda ko‘rish mumkin. Inchunin, Navro‘z bayramida ham. Bu bayram xuddi hozirgi kunlarimizdagi kabi ularni yana bir karra bir-birlariga bog‘lovchi mustahkam rishta vazifasini o‘tagan.
Navro‘zning o‘ziga xosligi shundaki, uni nishonlash bilan bog‘liq voqeliklarda mavjud bo‘lgan umumbashariy g‘oyalar zamirida insoniyat uchun muhim masalalar turadi. Misol uchun, Navro‘z kunlarining avvalida bir-birlari bilan arazlashib qolganlar bayram bahonasida yarashadi, o‘zaro kelishmovchiliklarga barham beriladi. Natijada esa, o‘z-o‘zidan insoniyatga suv va havodek zarur bo‘lgan tinchlik va barqarorlik o‘rnatiladi. Yoki yoshi ulug‘larga hurmat, ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamga e’tibor ko‘rsatish bilan jamiyatda mehr-oqibat tuyg‘ularini rivojlantirishga erishiladi. Keyingi bosqichda aynan Navro‘z kunlari umummilliy hasharlar uyushtirilishi, ariqlar tozalanib, daraxtlarning oqlanishi orqali atrof-muhit tozaligi hamda tabiatni asrashdek global vazifa amalga oshirilishi bilan birga, birdamlik va hamjihatlik targ‘ib qilinadi.
Navro‘zning yana bir o‘ziga xos xususiyati borki, bu – yangilanish. Sizning gazetangiz “yangi”, “yangilanish” ma’nosida “Jadid” deb nomlangani kabi bu qutlug‘ ayyomning nishonlanishida tafakkur va tuyg‘ularning yangilanishiga aniq ishoralar beriladi. Ya’ni, masalan, qish-qirovli kunlardan keyingi zerikishlar o‘rnini navro‘ziy iliqlik va bayramona zavq egallaydi. Shuningdek, tabiatning ohorlanishi barobarida hayotiy eskiliklardan voz kechib, yangi insoniy tamoyillarga o‘tiladi. Bu to‘g‘ridagi fikrlarimizning nihoyasi yo‘q. Bir so‘z bilan aytganda, Navro‘z bu etnik jihatdan yaxshilik va umumbashariy qadriyatlarni targ‘ib qiluvchi bayramdir.
– Navro‘z boshqa ko‘plab mamlakatlarning ham umumiy bayrami hisoblanadi. Davlatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi umumiylik-chi? Siz ularni nimalarda ko‘rasiz?
– To‘g‘ri aytdingiz, Navro‘z aynan bitta xalq yoki bir millatga tegishli emas, bu barchamizning mushtarak bayramimiz. Avvalo, ikki xalq o‘rtasida nimaiki yaxshi bo‘lsa, shu narsani qabul qilishdek o‘xshashlik bor. Xususan, biz Navro‘z mintaqasidagi davlatlar Gʻarbdan ham, Sharqdan ham faqat yaxshi jihatlarni o‘zlashtirishga harakat qilamiz. Shu bilan birga, azal-azaldan qon-qonimizga singib ketgan ezgulikka intilish, yaxshilikni targ‘ib qilish, do‘stlik va birodarlikka sadoqat, o‘z-o‘zini kattalarga hurmat va kichiklarga izzat ruhida tarbiyalab borish, oqibatlilik va inson qadrini ulug‘lash kabi bir qancha umumiy o‘xshash tomonlarimiz bor. Shu ma’noda Navro‘z ham qadimgi zamonlardan to hozirgi kungacha Albaniyadan tortib Xitoygacha va Hindistondan Tataristongacha bo‘lgan katta hududda yaxshi bir bayram sifatida qabul qilingan. Bu ham xalqlarimiz xarakterlaridagi uyg‘unlikning bir namunasi aslida.
– Elchi janoblari, Navro‘z qadimiy bayram bo‘lishiga qaramay faqat 2009-yilga kelibgina xalqaro bayram sifatida tan olindi. Bu haqda siz qanday fikrdasiz?
– Darhaqiqat, Navro‘z o‘n ikkita mamlakat tashabbusi tufayli 2009-yil 30-sentyabr sanasi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Xalqaro bayram sifatida e’tirof etildi. Shu o‘n ikki davlat orasida, albatta, O‘zbekiston va Eron ham bor. Shuningdek, umumbashariy meros sifatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi hamda YUNESKO qarori bilan Jahon nomoddiy madaniy meros reprezentativ ro‘yxatiga ham olindi. Gap shundaki, bu bayramning ko‘plab xalqlar uchun mushtarak meros ekanligini juda kech tushunib yetdik. Navro‘z ma’naviy va nomoddiy meros sifatida ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan va bizdan avlodlarimizga qoladigan ulug‘ bayramimizdir. Shu jihatdan uni xalqaro maydonga olib chiqishimizda OAV hamda media chiqishlarimizni kuchaytirishimiz va uning targ‘ibotini mamlakatlar bo‘ylab namoyish etishda faol harakat qilishimiz kerak edi. Ehtimol, bu bizning xalqlarimiz mentalitetidagi andishalilik tufaylidir. Nima bo‘lganda ham, uni umumbashariy bayram sifatida ayon qila olishimiz uchun dunyoning har bir burchagiga tantanalar messejlarini yetkaza bilishimiz kerak, deb o‘ylayman va bu borada harakatlar boshlangan. Xalqaro bayramlar qatori ro‘yxatga olinganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan esa-da, Navro‘z jahon bo‘ylab keng yoyilmoqda va agar adashmasam, ayni paytda dunyoning 150 ta mamlakatida nishonlanmoqda. Amerikada, xususan, Oq uyda ham Navro‘z dasturxoni tuzalib, AQSh prezidenti uni bayram qiluvchi barcha mamlakatlarni tabriklashi odat tusiga kirdi.
– Siz bu bayramni qaysi mamlakatlarda nishonlagansiz va taassurotlaringiz qanday?
– Men qay mamlakatda diplomatik missiyamni bajargan bo‘lsam, u yerda nishonlangan Navro‘z ayyomlari yuqori saviyada o‘tgan. Masalan, Eronning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida ishlagan paytimda yoki ayni paytda, O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan Navro‘z shodiyonalariga guvoh sifatida aytishim mumkinki, boshqa mamlakatlarda ham bu xushbaxtlik kunlarida barcha Navro‘z mintaqasi mamlakatlari do‘stlik munosabatlarini yanada mustahkamlaydilar. Chunki ular bayramni birgalikda nishonlaganlari bois, yakdillik bilan tayyorgarlik ko‘rishadi. Yaqinda bilganim esa, O‘zbekistonda Navro‘z Erondagi kabi o‘tkazilar ekan. Masalan, Eronda ham, O‘zbekistonda ham bu bayram bir necha kun davom etadi.
– Eronda bu bayram qay tarzda boshlanib, qanday yakunlanadi?
– Eronda Navro‘z kunlari har bir uyda “Haft sin” dasturxoni tuzaladi. Unga “sin” (s) harfi bilan boshlanadigan yetti turdagi ne’mat tortiladi. Bular: sabza (bug‘doy, arpa va yasmiqdan o‘stirilgan maysa), seb (olma), samanu (sumalak), sir (sarimsoq), sanjid (jiyda), sirka yoki sumoq (totim). Ko‘kat – qayta tug‘ilish va endigina dunyoga kelganlik, olma – go‘zallik va sog‘lik, sumalak – qut-baraka, sarimsoq – shifo, jiyda – muhabbat, sirka – sabr-bardosh, totim – quyoshning chiqishi ramzi hisoblanadi. Bundan tashqari, “haft sin” dasturxoniga komillik va ziynat bag‘ishlash maqsadida boshqa narsalar ham qo‘yiladi. Jumladan, ko‘zgu, Qur’on yoki Hofiz Sheroziy devoni, Firdavsiy “Shohnoma”si kabi kitoblar, shamdon (ba’zi joylarda oiladagi farzandlar soniga teng miqdorda shamdonlar), tanga, bo‘yalgan tuxum, gul, shirinliklar, quruq mevalar, qizil baliq solingan suvli kosa kabilarni sanab o‘tish mumkin.
Navro‘z Eronda taomilga ko‘ra, o‘n uch kun davom etadi. Bayramning oxirgi kunini “si dah badar” deb aytishadi, ya’ni o‘zbekchasiga “tashqariga chiqib ket”, deyiladi. Buning ma’nosi – shu o‘n uchinchi kuni hamma eronilar tabiat bag‘riga chiqishadi. Tashqarida yomg‘irmi, shamolmi, nima bo‘lsa ham odamlar uyidan yashil kengliklar tomon yo‘l olishadi. Bu kun tabiat kuni deb ham hisoblanadi. Yana Navro‘z kuni hamma yaqinlar yo‘qlanadi. O‘sha o‘n uch kun mobaynida Eronga xorijdan va Erondan xorijga yuzlab aviareys amalga oshiriladi. Bundan tashqari, 870 ming kishi bordi-keldi munosabatlari bilan avtoulovlarda Eronga kiradi yoki chiqadi.
– O‘zbekistonda sumalak Navro‘z bayramining xos taomi hisoblanadi. Eronda ham bu bayramning alohida taomi bormi?
– Albatta. Bu maxsus palov bo‘lib, baliq, ko‘kat va guruchdan tayyorlanadi. Buning o‘ziga xos ramziy ma’nosi bor. Navro‘z eronchasiga “nav – ro‘z” – yangi yilda yangi kunning tug‘ilish kuni deb yuritilgani bois, bu taomga tavallud va cheksizlik belgisi sifatida baliq tanlangan. Baliq, avvalo, hamisha suvda yashaydigan eng halol jonli maxluqot bo‘lib, minglab-millionlab urug‘dan ko‘payadi. Boshqa jonlilar nari borsa o‘nta yoki yigirmata nasl berishi mumkin. Shuning uchun xursandchilik kunlarimiz baliq urug‘idek behisob bo‘lsin, degan ma’noda aynan ko‘katli baliq palov pishirish urfga kirgan. Taomga asosan qizil baliq tanlanadi. Chunki qizil baliq yashovchan bo‘lib, bir suvdan boshqasiga solinganda oddiy baliqlar uzog‘i bilan o‘n kungina yashaydigan sharoitda u bir necha oy bemalol yashay oladi. Navro‘zning bu taomi faqat oila davrasidagina tanovul qilinadi, restoran yoki kafelarda pishirilmaydi. Har bir oila a’zolari uni o‘z oilasi davrasida tanovul qilishi shart.
– O‘zbekiston xalqiga bayram tilaklaringiz…
– Dunyodagi xalqlarning birgalikda totuv yashashlari uchun ularni tutashtiruvchi nuqtani topish qiyin. Ammo sizning, bizning ajdodlarimiz necha ming yillar avval shu nuqtani topib, belgilab ketishgan. Albatta, biz ham uni yo‘qotib qo‘ymasligimiz, ya’ni o‘zaro hamkorlik, do‘stlik va birodarlikni mustahkamlab bormog‘imiz kerak. O‘zbekiston va Eron juda yaxshi do‘stona munosabatlar an’anasiga ega va bu bizni quvontiradi. Inshaalloh, an’ana hamisha shunday saqlanib qoladi.
O‘zbekiston xalqini, o‘zbek millatini o‘zimizning birodarlarimiz, deb hisoblaymiz. Biz uchun yurtingiz muhtaram bir mamlakat va o‘zbeklar qadrli bir millatdir. Navro‘z bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqini ayyom bilan muborakbod etaman va ularga muvaffaqiyat, ezgulik tilayman. Eronchasiga aytganda: “Har ro‘zi shud Navro‘z boshad, har Navro‘zi feruz boshad”. Ya’ni har kuningiz Navro‘z bo‘lsin, Navro‘zingiz feruz (g‘olib) bo‘lsin!
Muhayyo PIRNAFASOVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasi 2024-yil 22 -mart 13-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



