Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


22.04.2024 | 13:40

img623

O‘ZBEKISTONDA ASTRONOMIYA: RENESSANSDAN RENESSANSGACHA

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning: “Xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat bo‘ladi”, degan so‘zlari barchamizni bu harakatga astoydil yondoshishga da’vat etadi. E’tiboringizga havola etilayotgan maqolada buyuk uyg‘onishlar davri   Renessanslarning ro‘y berishida ma’rifatli hukmdor-metsenatlarning qadimda va bugungi kundagi roliga astronomiya fani misolida to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Astronomiya boshqa ilm-fan sohalari kabi o‘zining taraqqiyotida gurkirab rivojlanish hamda turg‘unlik davrlari­ni boshidan kechirgan. Samo sirlarini o‘rganishga qaratilgan fanning navbatdagi yuksalish davri milodiy IX asrda Bag‘dodda boshlangan. Mashhur “Ming bir kecha” ertaklarining qahramoni Horun ar-Rashid o‘g‘li Abdullohni Xurosonga hokim etib tayinlaydi. Tabiatan ilm-fan metsenati (homiysi) bo‘lgan Abdulloh viloyatning poytaxti Marv shahrida zamonasining iste’dodli olimlarini to‘plab, ilmiy markaz tashkil etgan. Bular orasida Muhammad Xorazmiy va Ahmad Farg‘oniylar ham bo‘lgan. U 809-yili Bag‘dodga qaytib, taxtga xalifa al-Ma’mun nomi bilan o‘tiradi. Al-Ma’mun Bayt ul-Hikma (“Donishmandlar uyi”)ni tuzib ilm-fanni, ayniqsa, astro­nomiyani rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan. Bayt ul-Hikmaning dong‘ini dunyoga yoyishda eng salmoq­li rolni aynan bizning vatandoshlarimiz Xorazmiy va Farg‘oniylar o‘ynagan. Lekin biz buyuk bobokalonlarimiz­ning ijodi haqida gapirganimizda, ilmiy merosini o‘rganishga qaratilgan anjumanlar o‘tkazganimizda negadir ijodiy ishlarini amalga oshirishda ular­ga sharoit yaratib bergan, zamona­ning dolzarb masalalarini yechishni vazifa qilib qo‘ygan va bu jarayonni moliyaviy ta’minlagan metsenat-hukm­dorlarni umuman esga olmaymiz. Masalan, 827-yili Sanjar cho‘lida Yer meridianining bir gradusini o‘lchash orqali sayyoramizning o‘lchamlarini aniqlash masalasi astronomlar oldiga shaxsan xalifa al Ma’mun tomonidan qo‘yilgan. Chunki karvon va dengiz yo‘llaridan yurib mamlakat iqtisodiyotida o‘ta muhim bo‘lgan savdo-sotiq ishlarini yo‘lga qo‘yish uchun Yerning o‘lchamlarini, turli o‘lkalar va shaharlar orasidagi masofalarni aniq bilish taqozo etilardi. Uning buyrug‘i bilan Bag‘dodda Shamossiya, Damashq yaqinida esa Kasiyun astronomiya rasad­xonalari barpo etilgan. Beixtiyor Prezidentimiz ko‘rsatmasi bilan Zomindagi Sufa yassitog‘ida barpo etilayotgan Radioobservatoriya va Maydanak tog‘idagi optik observatoriya xayolimizga keladi. Tarixiy manbalarda muhim ama­liy ahamiyat kasb etgan o‘lchashlarda xalifa al-Ma’mun ham ishtirok etib, bugungi kun tili bilan aytganda natijalarni davlat protokollariga kiritib, muhrlatgan. Balki shuning uchun ham eng muhim ilmiy natijalar qandaydir daftarlarga yozilib yo‘qolib ketmasdan keyingi avlodlarga yetib kelgandir. Hozirda bironta ilmiy natija o‘zi­ning aniqlik darajasi ustuvorligini bir necha yil davomida saqlab qolsa katta yutuq hisob­lanadi. O‘sha, 827-yili Sanjar cho‘lida Ahmad Farg‘oniy ishtirokidagi Yer meridiani o‘lchovi aniqligidan sakkiz asr davomida bironbir kishi o‘ta olmagan. Bu davr bekorga Birinchi Renessans davri deb atalmagan axir. Birinchi Renessansning ikkin­chi bosqichi ikki asr o‘tib aso­san Xorazmda faoliyat ko‘rsatgan Ma’mun akademiyasi bilan bog‘liq. 2023-yili Abu Rayhon Beruniyning 1050 yilligi YUNESKO shafeligida keng nishonlandi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan anjumanlarda ham Beruniyning homiylari, unga sharoit yaratib bergan hukmdorlar umuman tilga olinmadi. Vaholanki, Beruniy o‘z hayotida (ayrim noxush davrlarni hisobga olmaganda) doim hukmdorlar panohida ijod qilgan. U 1004-1017-yillarda ilmiy faoliyat olib borgan dargoh bekorga Xorazm Ma’mun akademiyasi de­yilmagan. Abu Rayhon Beruniy ijodi­ning eng samarali yillari Mahmud Gʻaznaviy va uning vorislari davriga to‘g‘ri keladi. Olimning ta’kidlashicha, u ayniqsa, Mahmudning o‘g‘li Ma’suddan alohida izzat-hurmat ko‘rgan. Beruniy o‘zining astrono­miyaga bag‘ishlangan shoh asarini unga bag‘ishlab “Qonuni Ma’sudiy” deb nomlagan va shu bilan hukmdorning nomini abadiylashtirgan. Hindistonning mashhur davlat arbobi Javaharla’l Neru Beruniyning “Hindiston” asari uning vataniga bag‘ishlangan eng buyuk tadqiqot ekanligini qayd etib o‘tgan. Agarda Mahmud Gʻaznaviy Beruniyni Hin­diston yurishiga olib bormagani­da va unga bir necha yil davomida xotirjam ishlashga sharoit yaratib bermaganida “Hindiston” asari qan­day yozilardi? Neru yana bir buyuk bobokalonimiz Mirzo Bobur va ­uning nabirasi Akbarshohning mam­lakat rivojidagi xizmatlari­ni alohida ta’kidlab o‘tgan. Yana shuni qo‘shimcha qi­lish mumkinki, boburiy sulton Muhammadshoh topshirig‘i aso­sida g‘azna mablag‘lari hisobidan Mirzo Ulug‘bekning Samarqanddagi rasadxonasi tuzilishi andozasida Dehli, Banoras va Udaypur shaharlarida observatoriyalar barpo etilgan. Bu tadqiqot markazlarida olib borilgan kuzatishlar asosida tuzilgan zijlar hind xalqiga asrlar davomida xizmat qilib kelgan. Zij, aslida, bir taqvimdan boshqasiga tarixiy sanalarni o‘tkazish, masjidlar qurilganda qibla tomonini belgilash, aholi punktlarining geografik koordinatlarini aniqlash, Quyosh va Oy tutilish vaqtlarini bashorat qilish va yana ko‘plab amaliy masalalarni yechishdagi ma’lumotnoma bo‘lgan. Ikkinchi Renessansning beshigi bo‘lgan yurtimizdagi buyuk uyg‘onish davri Temuriylar hukmronlik qilgan yillarga to‘g‘ri keladi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ta’biri bilan aytganda: “Bu – jahon ilm-fanida o‘z isbotini topgan va tan olingan tarixiy haqiqatdir!” Mirzo Ulug‘bek ilmiy maktabining faoliyati Samarqandni jahon astronomiya markaziga aylantirdi. Uning observatoriyasida original kuzatishlar natijasida tuzilgan yulduzlar jadvali yunon astronomi Gipparx tomonidan miloddan avvalgi II asrda tuzilgan katalogdan, ya’ni o‘n olti asrdan (!) keyin birinchi aniq katalog edi. Endi Mirzo Ulug‘bek erishgan yuksak ilmiy yutuqlarda uning buyuk bobosi Amir Temurning roliga to‘xta­lib o‘tmoqchimiz. Adolat yuzasidan shuni aytib o‘tishimiz kerak­ki, Amir Temurning harbiy sarkarda va davlat arbobligidan tashqari, uning ilm-fan, arxitektura, amaliy san’at va yana bir qator gumanitar sohalar­ning rivojidagi roli tarixiy asarlarda keng yoritilgan. U jahonning eng malakali olim-u fuzalolari, san’atkorlari, me’mor, zargar-u kulollarini, umuman olganda, turli sohalarning eng yetuk mutaxassislarini yig‘ib, yuksak ilmiy-ijodiy muhitga asos solganiga e’tiboringizni jalb etmoq­chimiz. Mirzo Ulug‘bek shu muhitda yashab, o‘zi ham Sohibqiron g‘aznasida to‘plangan boyliklar hiso­bidan madrasalar, astrono­miya observatoriyasi qurgan va yana ko‘p­lab boshqa obodonlashtirish ish­larini amalga oshirgan. Ko‘pchilikning e’tiboridan tash­qarida qolgan tag‘in bir gap bor. Mirzo Ulug‘bek tuzgan 1018 yulduzning jadvali XVII asrning o‘rtalarida ilk bor Yevropada e’lon qilinganida uni hali hech kim tanimas, Amir Temur esa ko‘hna qit’a­ni Boyazid Yildirimdan xalos qilgan sarkarda sifatida mashhur edi. Shunda noshirlar bu holatdan foydalanib, Mirzo Ulug‘bekning asarini “Buyuk Tamerlanning nabirasi Ulug‘bekning astronomik jadvallari” sarlavhasi bilan chop etishgan. Tarixda ko‘plab shaxslarning nomlari haqoratomuz laqab­lardan kelib chiqqan bo‘lsa-da, keyinchalik asl ma’nosini yo‘qotib tarixiy shaxs­ning ismiga aylangan. Xuddi shunday holat Amir Temurning “Temur lang” (“Oqsoq Temur”) laqabidan kelib chiqib, keyinchalik bu laqabning ma’nosi unutilib, Yevropada “Tamerlan”ga aylangan. Buning isboti sifatida uning ismiga “Buyuk” epiteti qo‘shilganini aytib o‘tishimiz mumkin. “Tamerlan” bugunda Amir Temurning dunyoda qabul qilingan ismi. Biz buyuk bobokalonimizni Amir Temur deb atayveramiz, lekin boshqa xalqlar uni Tamerlan deb atashsa, buni haqorat deb qabul qilmasligimiz kerak. Mirzo Ulug‘bek jadvalining Oks­fordda 1665-yilda Tomas Xayd tomonidan chop etilgan nashrining muqovasi. Muqovada: “Qo‘zg‘almas yulduzlarning Buyuk Tamerlanning nabirasi Ulug‘bek kuzatishlari asosi­da tuzilgan jadvali” deyilgan. Mirzo Ulug‘bek Amir Temurning eng sevimli nabirasi bo‘lgan. O‘z navbatida Ulug‘bekning ham buyuk bobosiga mehri juda kuchli bo‘lgan. U otasi Shohrux Mirzo vafotidan keyin atigi ikki yil davomidagina o‘z nomidan tangalar zarb etgan. Shuning uchun Mirzo Ulug‘bek zarb etgan tangalar numizmatikada o‘ta noyob topilma hisoblanadi. O‘zbekiston tarixi muzeyi arxi­vida Mirzo Ulug‘bek zarb etgan bir juft kumush tanga saqlanadi. Tangalarda quyidagi yozuv bitilgan: “Temur ko‘ragon himmatidan Ulug‘bek ko‘ragon so‘zim”. Undan boshqa bironta ham temuriy hukm­dor zarb etgan tangalarida Amir Temurning nomini keltirmagan. E’tibor bering, bu original yozuvda “amir” va “mirzo” qo‘shimchasi yo‘q. Bu dalildan ulug‘ adib Maqsud Shayxzoda mohirona foydalangan. “Mirzo Ulug‘bek” dramasi va “Ulug‘bek yulduzi” kinofilmida Shukur Burxonovning jarangdor ovozi bilan bu xitobni ko‘p eshitganmiz. Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasida Prezidentimiz mamlakatimizda tizimli ravishda qa­tor islohotlarni amalga oshirib kel­moqda. So‘nggi yetti-sakkiz yil davomida ilm ahlining hayotida kes­kin o‘zgarishlar ro‘y berdi. Eng avvalo, olimlarning ish haqi to‘rt barobar oshirildi. Natijada jamiyatda ilm ahlining mavqei ko‘tarildi, iqtidorli yoshlar ilm-fan sohasiga qay­ta boshlashdi. Ularning jahon yetakchi markazlarida qisqa va uzoq muddatli malaka oshirish harajatlari davlat hisobidan qoplab berilmoq­da. Ilmiy laboratoriyalar zaruriy asbob-uskunalar bilan jihozlanib, olimlarning yashash sharoitlariga ham katta e’tibor berila boshlandi. Birgina Fanlar akademiya­si tizimida yosh tadqiqotchilarga imtiyozli shartlar asosi­da 150 ga yaqin xonadonlar ajratildi. Oilali doktorantlarga Prezident sovg‘asi sifatida 25 ta xonadon bepul berildi. Amalga oshirilgan chora-­tadbirlar natijasida fanimiz­ning salohiyati sezilarli darajada oshdi va olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar yangi sifat darajasiga ko‘tarildi. Ta’lim tizimida ham maktabdan boshlab oliy o‘quv yurtlarigacha samarali islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezident maktablarida tahsil olgan o‘quvchilar kelgusida mamlakatimizning turli sohalarida yetuk mutaxassis bo‘lib shaklla­nishiga katta umid bilan qaralmoqda. Biz astronomlar Prezident maktablarining birinchisi Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab bo‘lganini alohida mamnuniyat bilan qabul qilamiz. Kuni kecha maktab ta’limini rivojlantirish va sifatini oshirishga oid rejalar taqdimoti bilan tanishish paytida Prezidentimiz aynan shu maktabda Myunxen texnika universiteti bilan hamkorlikda, tajriba tariqasida, muhandislik dasturlarini joriy qilish taklifini ma’qulladi. O‘quvchilar uchun amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish maqsadida “Astronomiya va aeronavtika” bog‘ini barpo etish ham rejalashtirilgan. Umid qilamizki, bu masalani hal qilishda Myunxen texnika universiteti mutaxassislarining ko‘magi ayni muddao bo‘ladi. Bu choralar mamlakatimiz Rahbarining Mirzo Ulug‘bekka va astronomiya yo‘nalishiga bo‘lgan alohida e’tiboridan dalolat beradi. Yana bir quvonchli holat uzoq yillardan beri qurilishi to‘xtab qolgan Zomin Sufa yassitog‘idagi bosh antennaning diametri 70 metrli radioteles­kopni barpo etish ishlari­ning jadallashganidir. Hozirda Rossiya Fanlar akademiya­si bilan birgalikda mamlakatlar rahbarlari­ning bu boradagi kelishuvlarini amalga oshirish ustida ishlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, o‘zi­ning astroiqlimi (osmon jismlarini kuzatish sharoitlari) bo‘­yicha jahonda yetakchilardan biri hisoblangan Maydanak astronomiya observatoriyasining ham infratuzilmasini turizmni rivojlantirish orqali jahon talablari darajasiga olib chiqish yo‘lidagi uri­nish­lar diqqatga sazovor. Lekin bu ishlarni puxta o‘ylab amalga oshirish zarur. Aks holda turistik zona­lar barpo etamiz, deb Maydanak tog‘ining noyob astroiqlimiga pu­tur yetkazib, jahon ilmiy markaz­la­ri­ning Maydanak observatoriyasiga bo‘lgan qiziqishini puchga chiqarib qo‘yishimiz mumkin. Maydanak astronomiya rasad­xo­nasi o‘zining astroiqlimi (osmon jismlarini sifatli kuzatish) bo‘yicha jahonning eng nufuzli observatoriyalari bilan raqobatlasha oladi. Shuning uchun bu observatoriya bizning milliy boyligimiz deb qara­­li­shi kerak.  Maqolamiz yakunida yana bir muhim gapni aytib o‘tmoqchi­miz. Bugun tabiiy fanlar soha­sida olamshumul natijalarni qo‘l­ga kiri­tish uchun noyob asbob-uskunalar­ga ega bo‘lishimiz zarur. Bu borada ham Rahbarimiz tomonidan olimlarimizga imkoniyatlar yarati­lib beril­moqda. Lekin eng zamona­viy asbob-uskunalar katta mab­lag‘ talab etadi. Astronomiya fani ham bundan mustasno emas. Zamonaviy teles­koplar va uskuna­lar yuzlab million AQSh dollari turadi. Boshqa fanlardan farqli o‘laroq, astrono­miya sohasining muhim tomoni shundaki, har qanday noyob uskuna yasalganidan ke­yin uni o‘rnatishga maqbul joy topish kerak bo‘ladi. Bu jihatdan O‘zbekistonda Alloh taolo bizga in’om etgan Sufa va Maydanak kabi yuksak astroiqlimga ega mas­kanlar bor. Shuning uchun bizning o‘lkamizga jahonning nufuzli markaz­lari o‘z teleskoplarini o‘rnatishdan manfaatdor. Bunday imkoniyatdan biz oqilona foydalanib qolishimiz ke­rak. Shunda Uchinchi Renessansga va buyuk bobokalon­larimizning mero­­siga munosib olamshumul ilmiy nati­jalarga eri­shi­shimiz mumkin.

Shuhrat EGAMBERDIYEV, O‘zR FA Astronomiya instituti direktori,

O‘zbekiston Respublikasi Fan arbobi, akademik

“Jadid” gazetasi 2024-yil 12-aprel 16-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596