17.07.2026 | 16:36
1514
PANJA VA YURAKDAGI CHANDIQ
Sovet tuzumi davrida millatimiz boshiga tushgan qatag‘on – tarixga “katta terror” nomi bilan kirgan vahshat zamonlardan buyon deyarli to‘qson yil o‘tdi. Bu davrning asl guvohlari allaqachon chin dunyoga rixlat qilishgan. Oramizda yoshi to‘qsondan hatlagan tirik guvohlar sanoqligina. Ularning “tirik guvohligi” – ota-onalaridan eshitganlari, davr qiyinchiliklarini mushtdek boshlari bilan tortganlaridan nariga o‘tmaydi. Hujjatgohlarda saqlanayotgan “jinoyat ish”lari, o‘sha davr gazetalari taxlamlarini “tilsiz guvohlar” sifatida qabul qilamiz. Bu sarg‘aygan qog‘ozlarda fakt va raqamlar bor, qiynoqlar ostida imzolangan “iqrornoma”lar bor, xolis va noxolis guvohlarning “ko‘rsatma” va “chaquv”lari bor. Tom-tom “jinoiy ish”larda tirik insonning iztiroblari, tavba-yu tazarrulari, unsiz faryodlari sukutga ketgan.

O‘ttiz-qirq demaylik, yigirma yillarning nari-berisida o‘sha davrni ko‘rgan, qatag‘onning palag‘da nafasi bo‘g‘ziga bir umr yopishib, tunlari qo‘rquvdan alahsirab uyg‘onib ketadigan insonlar yonimizda edi. Ularning aksari qatag‘on qo‘rquvidan bir umr qutula olmadilar, sassiz-sadosiz yashab o‘tmoqni ma’qul ko‘rdilar. Vahshat zamonida kimlar kimlarni sotgani, nima evaziga o‘z eldoshi, qavmdoshini muqarrar o‘limga yo‘llaganini bilishardi ular. Beparvoligimiz sabab so‘nggi guvohlarni achchiq va ayanchli kunlarimiz uchun, yurt qayg‘usida dor ostiga tikka borgan jadid bobolarning himoyachilari maqomida tarixiy sud minbariga da’vogarlar sifatida chiqara olmadik. Bu jarayonda qalam ahli bong urishdan ko‘ra sukutni afzal ko‘rgani ham bor gap.
…Qalandar buva Yusupov qishlog‘imizda tuzilgan kolxozlardan biriga raislik qilgan. Bu inson salkam bir asr umr ko‘rdi. Qishloqning eng yoshi ulug‘ insoni bo‘lsa-da, to‘y-u ma’rakalarga qatnashmas, xonanishinlik odati bor edi.
O‘ttiz yillar burun Qalandar buvani yo‘qlab bordim. Maqsadim: o‘z davrida xon navkari bo‘lgan, keksaygan vaqtida ham otdan tushmagan buvam nima uchun 1936-yilgacha kolxozga kirmay, yakka xo‘jalik bo‘lib oilasini boqqani, ayni o‘sha yili bahorda tizza bo‘yi kelib qolgan bug‘doyini NKVD xodimlari kelib, payhon qila boshlaganlarini ko‘rib (ikki ayolidan farzandlari ko‘p bo‘lgan), noiloj kolxozga kirgani va o‘sha kuzda to‘satdan olamdan o‘tgani sirini bilmoq edi. Qalandar buva Hasan navkar buvam haqida ko‘p qiziq gaplarni so‘zlab berdi. Keksalikda qulog‘i og‘irlashgan, ko‘zi xira tortgan bo‘lsa-da, xotirasiga shikast yetmagan ekan.
Ketar chog‘imda Qalandar buva ichida bir umr saqlab kelgan iztirobni alam bilan gapirib berdi. Kutilmagan gurungni boshlashdan oldin chap panjasini ko‘rsatdi: “Bu chandiq nimadan deb o‘ylaysan?” Qoq suyak bo‘lib qolgan qo‘l panjasining oriqqina etida qizil-qora aralash chandiq sezilardi. Yelka qisdim, biror baxtsiz hodisa oqibati bo‘lsa kerak, degan xayolga bordim. Qalandar buva panjasini aylantirib, ustini ko‘rsatdi – bu yog‘ida ham shunga o‘xshash chandiq izlari ko‘zga tashlanardi. “Ehtiyotsizlikdan biror o‘tkir jism kirib ketganmi?” deb so‘radim. Qalandar buva bosh chayqab, “uh” tortdi: “Qaniydi, shunday bo‘lsa! Qo‘lim uzilib tushgani yaxshiroq emasmidi?”
U kishi panjasidagi chandiq tarixini so‘zlab berganida etim jimirlab, atrofga alanglaganim bor… Mana, siz ham eshiting.
“Qama-qama boshlangan yili yangi tuzilgan kolxozda rais edim. Qo‘shni Telman kolxozi raisi Sobir Egamovni butun faollari bilan bir kunda qamashdi. Sobir aka bilan bir elatdanmiz, bolalikdan o‘ynab-o‘sganmiz. Bugunmi-ertami, meni ham qamashadi, degan o‘yda yuribman. Sobirning-ku, ikki qizi qoldi, men esa kambag‘allikdan oila qurishga ulgurmaganman. Ortimda bola-chaqam yig‘lab qolarmidi, degan fikr taskin ham beradi.
Nihoyat, meni ham chaqirishdi. Xonqa tuman NKVD boshlig‘i Gabdullin degan no‘g‘oy xonasiga qo‘rqa-pisa kirib bordim. U salomimga alik olmadi, sen kimsan, deb so‘ramadi ham. Tortmasidan bir qog‘ozni olib, qo‘limga berdi: “O‘qi, tanish va qo‘l qo‘y!”
Qog‘ozda yigirma ikki kishining ismi-sharifi yozilgandi. Ularning ko‘pchiligi men rais bo‘lgan kolxoz hududidan, qolganlari qo‘shni kolxozdan. Aksarini tanimayman ham. Uzun ro‘yxat “xalq dushmani” sifatida hibsga olinishi kerakligi bo‘yicha chaquv bo‘lib, uning ostiga “xalq dushmani” sifatida qamoqqa olinishi kerak bo‘lgan shaxslar haqida ma’lumot beruvchi” deya mening ismi-sharifim va lavozimim yozilgan, shu bugungi sana ham tirkab qo‘yilgandi.
Ro‘yxatdagi ayrim odamlarni tanimasligimni, taniganlarim kolxozda kecha-yu kunduz ishlab yurgani, uylanganlari ro‘zg‘orini bir amallab sudrayotgani, uylanmaganlari to‘y orzusida bor kuchini kolxoz ishiga berayotganlarini aytdim. Gabdullin gapimni tugatishga qo‘ymay o‘shqirdi: “Qo‘l qo‘ymasang, o‘zingni ham ro‘yxatga qo‘shaman!” Men yana bazo‘r rad qildim, axir, shuncha begunoh odamni qamatib, yaqinlari qarg‘ishiga qolib ketishni kim istaydi?
Gabdullin xodimlarini chaqirdi. Ular meni devor yaqinida turgan stul yoniga kuch bilan o‘tqazishdi. Birisi yelkamdan bosib turdi, yana birisi chap qo‘limni stul ustiga qayirib, panjamni ochdi. Shu payt uchinchi birovi qo‘lida cho‘kich bilan kirdi va arava mixini panjam ustiga qo‘yib, ustiga cho‘kichni tekkizdi. Arava mixining uchi o‘tkir ekan, terim ostiga sal kirib, ozroq qon chiqdi. Og‘riqdan tishlarimni qisib oldim. Gabdullin qog‘ozni oldimga qo‘yib, qo‘limga qalamni tutqazdi: “Qo‘l qo‘yasanmi?” Men bosh chayqadim. Gabdullin cho‘kich ushlab turganga “Davay!” dedi. Katta cho‘kich mixga urildi. Ko‘zimdan o‘t chiqib ketdi. Baqirmaslik uchun tilimni tishladim. Cho‘kich uch marta tushganida mix panjamni teshib, stul taxtasiga qattiq teggan sasi eshitildi. Stul usti, ust-boshim, hamma yoq qon. Hushim boshimdan uchgan. Cho‘kich yana ikki-uchmi urildi va qo‘lim stolga mixlanib qoldi…”
Qalandar buva lablarini qimtib, jim qoldi. Tanam titrog‘idan tilim kalimaga kelmas, ko‘z o‘ngimga salkam bir yarim qarich keladigan barmoqdek yo‘g‘on arava mixi va uni tinmay inson panjasiga qoqayotgan kimsa kelardi…
Nihoyat, so‘rashga jur’at qildim: “Qo‘l qo‘ydingizmi?”
Qalandar buva yerga qarab bosh chayqadi: “Jon shirin ekan, inim. Yig‘lab-yig‘lab qo‘l qo‘ydim…”
Endi gap ortiqcha edi, xayrlashib, eshik oldiga borgan vaqtimda, Qalandar buva yig‘lamsiragan ohangda so‘nggi so‘zlarini alam bilan aytdi: “O‘sha yigirma ikki odamdan to‘rt nafari tirik qaytib keldi. Qaytmaganlarning yetim qolgan bolalari ko‘zidan bir umr qochib yashayapman”.
Qalandar buvaning boshiga tushgan bu lahzalarni tasavvur qilishning o‘zi og‘ir edi. Buva chin dunyo kishisiga aylanganiga ko‘p zamonlar bo‘ldi. Qariyaning tazarrusini endigina oshkor qilyapman…
Ismoil yo‘sak laqabli hamqishlog‘imiz uzoq yashadi. Hatto, to‘qson yoshida ham yosh yigitlardek kostyum-shim kiyar, umrida biror marta masjid ostonasini bosib o‘tmagan (garchi uyi masjiddan ikki yuz qadam masofada joylashgan bo‘lsa-da), oshkoralik davrida qatag‘on haqida oynayi jahonda ko‘rsatuvlar namoyish qilinganida burnini jiyirib o‘tirar, istiqlol zamonasida ikki kishi yig‘ilgan davrada SSSRni og‘zidan ko‘pik sochib maqtashdan tiyila olmasdi.
Shu odam o‘sha mash’um yillarda komsomol faoli bo‘lib, ko‘plab qishloqdoshlari ustidan NKVDga “chaquv” yozib qamatib yuborgani, qamatganlarining ko‘pchiligi qaytib kelmagani haqida zamondoshlari ko‘p gapirishardi. Qarangki, sovetlarga sadoqat bilan xizmat qilgan, ko‘plab “xalq dushmanlari”ni “fosh qilgan” kimsani aynan ishonganlari ayab o‘tirmagan. 1947-yilda elatdoshi Madrim Ollaberganov ustidan navbatdagi “chaquv”i o‘zining boshiga yetadi. Ollaberganov Ikkinchi Jahon urushida qatnashgan, orden bilan taqdirlangan inson mahkamada o‘zini oqlay oladi, natijada Ismoil yo‘sak tuhmatchi sifatida uch yilga qamalib ketadi.
Qishlog‘imizda o‘sha davrda militsiya tizimida ishlagan Ro‘ziboy Tojiyev degan odam ham ko‘pchilikni “chaquv” bilan qamatib yuborgan. U hatto Xiva madrasasida tahsil olgan tug‘ishgan tog‘asi Jumaboy oxun buvani hibsga olishga bosh-qosh bo‘ladi. Oxun buva bir tasodif tufayli qamoqdan omon qoladi. Qizig‘i, o‘zini jahannamga yuborishga uringan tug‘ishgan jiyanini kechiradi, o‘lguncha bordi-keldini uzmaydi.
Yana bir qishloqdoshimiz Abdulla Ollaberganovning taqdiri boshqacha kechgan. Oddiy dehqonning o‘g‘li sovetlar yurtga yaxshilik keltiradi, deb ishonib, birinchilardan bo‘lib partiyaga kiradi, Bog‘otda kolxozlar tuzishda faollik ko‘rsatadi, tumanda ilk MTS (mashina-traktor stansiyasi) tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi. Ollaberganov texnika dehqonning og‘ir mehnatini yengillashtirishini bilib, bu jabhada jonkuyarlik ko‘rsatadi, yuzlab yoshlarni traktorchilikka o‘qitib, yangi keltirilgan texnikalarni boshqarish, buzilganda qanday ta’mirlash ishlariga o‘rgatadi. Shu xizmatlari uchun tumanda birinchi bo‘lib orden ham oladi.
1937-yil bahorida uni obqo‘mga chaqirib, suhbatdan o‘tkazadilar va ikki-uch kun ichida Buxoro tumanlaridan biriga birinchi rahbar bo‘lib borishi kerakligini aytadilar. O‘ttiz ikki yashar yigit uyiga kelib, oilasini bo‘lg‘usi hayoti – musofirlikka hozirlab yurgan vaqtida to‘satdan NKVDga chaqirishadi va qo‘liga o‘zi bilan MTSda ishlagan bir guruh “xalq dushmanlari” ro‘yxatini berib, imzolashni so‘rashadi. U imzolashdan bosh tortadi. NKVD boshlig‘i “O‘z oyog‘ingizga o‘zing bolta uryapsan! Endi umring traktor moyiga bulanib o‘tadi”, deydi. Haqiqatan ham, ikki kundan so‘ng unga partiyaviy chora berib, rahbarlikdan olishadi.
Abdulla buvaning qolgan umri kolxozda oddiy traktorchilik bilan o‘tdi. Garchi uzoq yillar mehnat sohasida tumanda yagona ordenli inson bo‘lsa-da, birorta bayram yoki tadbirga boshqa chaqirishmadi. Abdulla buva uzoq umr ko‘rdi – salkam yuz yoshida vafot etganida janozasiga viloyat va tuman rahbarlari kelishdi. Uni “birinchi kommunist” sifatida emas, qatag‘on qurboni maqomida izzat bilan dafn qilishdi…
Xorazmning yuzdan bir bo‘lagi hisoblanmish Qulon Qorabog‘ qishlog‘ida mash’um yillarda yashash taqdiriga yozilgan insonlar hayotidan ayrim parchalarni keltirdik, xolos. Ularni ayblash niyatidan yiroqmiz. Har kim umrida qilgan ayb-u xatosi uchun Haq oldida javob beradi. Qolaversa, hozirda sobiq sovet tizimini maqtaydigan ayrim kimsalar “Stalin Qodiriyni shaxsan tanimagan, uni yonidagi safdoshlari sotgan”, degan g‘alati falsafani o‘zlariga qalqon qilishadi. Aynan sovetlar dohiysi qarori bilan qatag‘onga katta yo‘l ochilgani, har kuni Moskvadan qancha odamni otish, qanchasini surgun qilish to‘g‘risida reja kelib turgan kezda o‘z jonini asrash evaziga boshqalardan “xalq dushmani” yasash majburiyatida qolgan odamlar oz bo‘lmagan, axir! O‘sha kimsalarning aksari sal o‘tmay o‘zlari sotgan odamlar ortidan ketgani yanayam dahshatli!
Esimda, oshkoralik zamonida viloyat televideniyesida urganchlik bir keksa kishi qatag‘on zamoni haqidagi so‘zida NKVD xodimlari qo‘shnisidan “xalq dushmani” yasashga urinib, undan bir parcha “chaquv” olishga harakat qilishgani, imzo qo‘yishdan bosh tortganida, qo‘l panjasiga arava mixi qoqishganini aytib, panjalaridagi izlarni ko‘rsatayotib, beixtiyor ko‘zlariga toshib kelgan yoshlarni yengi bilan artgandi. U o‘shanda imzo qo‘yganmi-yo‘qmi, bilmaymiz – gurungi yakunlanmay qolgandi… Demakki, qatag‘on ijrochilari bo‘lmish jallodlar rejani bajarish uchun tajriba almashib, qiynoqning vahshiyona usullarini qo‘llagan, ruhan sinmagan insonlarni jismonan majruh qilgan.
Tarix qatlarida qolgan bunday vahshiyliklarni yozishdan maqsadimiz, bugungi avlodni o‘tmishga teran nigoh bilan boqish va tegishli saboq chiqarishga da’vat etish, xolos. O‘qish va uqish har kimning zehniyatiga havola.
Ro‘zimboy HASAN
“Jadid” gazetasining 2026-yil 10-iyuldagi 28-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599
