09.10.2025 | 11:58
835
QABRGA KO‘MILGAN KITOBLAR
Jaholatga botgan tuzumlarning eng katta dushmani kitobdir. Shu bois, tarixda insoniyat zakosi mahsuli bo‘lgan qanchadan qancha kitoblar gulxanlarda yoqilgan, daryolarga oqizilgan. Mintaqamizda “Avesto”dan to yaqin kunlargacha ming-minglab kitoblarning kuli ko‘kka sovurilgan. Shuning uchun ham buyuk ajdodlarimizning aksar asarlari nomi faqat ro‘yxatlardagina saqlanib qolgan. Bu fojia XX asrda, ayniqsa, keng miqyos kasb etib, sovetlar o‘tgan asrning 30-yillaridan boshlab kitoblarni ham qatag‘on qilgan.

Tibbiyot fanlari nomzodi Latifjon Bahovuddin o‘g‘lining bobosi Sayyid Odina eshon al-Karvakiy al-Xorazmiy o‘n ikkita kitob va risola yozgan. Jaloliddin Rumiyning “Ma’naviy masnaviy” asarini sharhlagan. Afsuski, 1937-yilda sovetlar ularni musodara qiladi. Kitoblarning bir qismi elat qabristoni yonidagi masjidga yashirib qo‘yiladi. Istiqlol zamonida o‘sha xona ochilganida, kitoblarning barchasi mog‘orlab, yaroqsiz holga kelgani ma’lum bo‘ladi. Yaxshiyamki, qo‘lyozmalar fondida muallifning ayrim kitoblari saqlanib qolgan ekan. Latifjon ularni topib, qayta chop ettiradi. U kishi bolaligini shunday xotirlaydi:
“1942-yil. Bir kuni otam hovliqib keldi va sandiqda saqlanayotgan kitoblardan uchtasini qo‘limga tutqazdi. “Odina eshon buvamiz masjidi yonida melisalar eski kitoblarni yoqishyapti. Bizda ham kitob borligini bilishadi. Kim topshirmasa qamarmish”, deb o‘sha joydagi melisalarga olib borishimni aytdi. Borsam, hovlida katta gulxan yonib turar, melisalar unga kitoblarni to‘xtovsiz tashlardi. Men kitoblarni berdim-u, ortga qarab qochdim. Ammo haligacha o‘sha olov tafti yuragimni kuydiradi…”
Bu ayanchli voqea sovetlar “Gitler insoniylikdan yiroq kimsa u kitoblarni yoqyapti!” deb dunyoga jar solayotgan kezlarda ro‘y bergan.
Eski o‘zbek yozuvida bitilgan diniy va dunyoviy kitoblardan hadiksirash va ularni yo‘q qilish mustaqillik davrigacha davom etgani haqiqat. Misollarga yuzlanamiz.
Yangibozor tumanining Bo‘zqal’a qishlog‘ida Otajon mulla yashab o‘tgan. Sherg‘ozixon madrasasida tahsil olgan, 30-yillar qatag‘onidan tasodif tufayli omon qolgan. 1976-yili vafot etgan qori yaqinlari xotirasida “Qo‘shqabrli ulamo” sifatida muhrlanib qolgan. Bu haqda nevarasi Jabborbergan og‘a xotirlaydi:
“Buvamning bir nechta kitobi bo‘lardi. U kishi o‘limi oldidan shunday vasiyat qilgan: “Umrim davomida to‘plagan bu kitoblar – bir xazina. Endi ularni o‘qiydigan, tushunadigan bir odam qoldi – Kamol qori. Dunyodan o‘tganimdan so‘ng o‘zi kelib, tanlab, keragini olsin. Qolganini qabrim yoniga yana bir qabr tiklab joylanglar”. Vasiyat bajarildi. Lekin elda gap yotmaydi. Ikki yildan so‘ng gurlanlik shoir Fozil Zohid ikki kishini yetaklab keldi va ularning kitoblarga xaridor ekanini aytdi. U otamga deydi: “Madamin aka, siz kitoblar narxini ayting! Bular sotib olishadi. Qolaversa, kitobning qabr ichida yotishi yaxshimas. O‘qilmagan kitob – botil, deyishadi mashoyixlar. Bu insonlar ushbu kitoblarni o‘qishadi, tahlil qilishadi va noyob bo‘lsa qayta nashr qilish niyatlari ham bor!” Otam hech narsa demaydi. Ammo zamon yomon edi. Bu haqda tegishli idoralar eshitib qolishsa, vaziyat boshqa tomonga o‘zgarib ketardi. Shularni o‘ylagan otam kitoblarni mehmonlarga berishga rozi bo‘ladi. Narxi esa Fozil aka aytganday bir tuyaning puli bo‘ladi. Kitoblarning keyingi taqdiridan xabardor emasmiz. Bir tuya narxiga baholangan kitoblar “tuya qilindi”mi yoki ularga ikkinchi umr bag‘ishlandimi? Bilmadik”.
Umid qilamizki, bu kitoblar millatparvar, ziyoli insonlar qo‘liga tushgan va qaysidir ilmgohlarning g‘aznalarida saqlanmoqda.
Bo‘zqal’alik muallim Quronboy aka yana bir voqeani eslaydi:
“Gurlanning Eshimjiron qishlog‘idagi qabristonda ham bir emas, ikki qabrga kitoblar “ko‘milgan” ekan. 1985-yilda shu qabrlarni ochishgan. Bir qabrdagi kitoblar ancha yaxshi saqlangan, ikkinchidagilari esa namdan titilib ketgan ekan. Bu haqda “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida ham yozishgandi… O‘sha davrda hukumat arabiy imlodagi barcha kitoblarga birinchi navbatda diniy nuqtayi nazardan yomon ko‘z bilan qarardi. 1937-yillardagidek bo‘lmasa ham, uyida “eskicha” kitob saqlagan odam yaxshigina jazoga tortilardi”.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: ilmli zotlar nega qo‘lidagi kitoblarni Sharqshunoslik institutiga topshirmagan? O‘tgan asrning 60–80-yillarida bu institut fuqarolar bisotidagi eski kitoblarni izlashi, ularni xarid qilishi haqida bot-bot eshitib qolardik-ku! Bizningcha, eski zamon nonini yeb ulg‘aygan odamlar 30-yillardagi qatag‘ondan keyin tuzumga ishonmagan. Tegishli idoralar xabar topsa, “Shu vaqtgacha nega topshirmagansan?” deb siquvga olishi hech gap emas-da.
Yaqinimiz Abdulla maxsum to‘qson yoshida vafot etdi. Oradan o‘n yilcha o‘tgach, nevarasi baxmal matoga o‘ralgan bir kitobni ko‘tarib keldi. Kitob lotin yozuvida bo‘lib, unda turk posholarining suratlari ham bo‘lib, qatag‘ondan omon qolgan asarlardan edi. Demak, yo‘q qilingan kitoblarning hammasi diniy mazmundagi asarlar bo‘lmagan.
Abu Rayhon Beruniy oltmish yillik umrida bir yuz ellikdan ortiq kitob yozgan bo‘lsa, ularning atigi to‘rtdan biri bizgacha yetib kelgan. Qolgan asarlari qayerda? Yoqilgan, ko‘milgan kitoblar orasida Beruniy va boshqa ulug‘ allomalarimiz qalamiga mansub kitoblar bo‘lmaganiga kim kafolat beradi?
Otajon mulla kabi insonlar orzu qilgan zamon kelganiga mingdan ming shukronalar aytamiz!
Ro‘zimboy HASAN
“Jadid” gazetasining 2025-yil 3-oktyabrdagi 40-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



