15.04.2026 | 10:36
718
BIR KISHI O‘QIYOTGAN KITOBLAR
Kuzatilayotgan manzara
Ustoz jurnalist Mahmud Sa’diy ayrim olimlarni kimgadir tanishtirganda, oshkora istehzo bilan shunday derdi: “Bu kishim juda mashhur olim, darsliklari, monografiyalari, hatto o‘quv qo‘llanmalarini ham kamida uch kishi yoppasiga o‘qiydi”. Gapning kesatiq ekanini anglamagan odamning xayoliga, ajablanganidan shunday savollar keladi: Nega uch kishi? Butun boshli kitobni-ya? Gʻalati emasmi? Unda bu kitobning nashr etilganidan nima naf? Biz bu savollarga javob izlab, qolaversa, ustoz uch kishi deganda kimlarni nazarda tutishini so‘raganmiz. “Birinchisi muallifning o‘zi, – deb javob qilgan rahmatli ustoz. – Ikkinchisi muharrir, uchinchisi musahhih”. “O‘quvchi-chi?” degan savolga javob qilmagan, albatta.
Kamida yigirma besh yil avvalgi xotiralar bular. O‘shandan beri ko‘p narsalar o‘zgardi.

Yosh-yalang kitob qo‘ltiqlab yurmay, veb-saytdan audio variantini eshitib qo‘ya qoladigan, talabalar yigirma sahifalik referat yo kurs ishini “nusxa ol va joyla” usulida o‘n daqiqada tayyorlaydigan, ilgarilari uch-besh yilda zo‘rg‘a bitta darslik yoki monografiya yozgan domlalar endilikda bir yil ichida to‘rt-beshta mahsulot tayyorlaydigan bo‘lib ketdi. Yana ayrim turdagi, jumladan, ilmiy yo‘nalishdagi kitoblarni o‘qiyotganlarning soni ham o‘zgargan. Ustoz aytgan kitoblarni o‘sha vaqtlarda uch kishi o‘qigan bo‘lsa, bugunga kelib ba’zi kitoblarni faqat bir kishi – muallifning o‘zi o‘qiydigan bo‘lib qoldi.
Oliy ta’lim dargohlarida xizmat qiladigan, ko‘pincha o‘zini “domla” deb tanishtiruvchi kishilar, o‘ylab ham o‘tirmay “yumaloq-yostiq” holidagi bosma mahsulotlarni nashr ettirishga ruju qo‘ydi bugun. Ayrim ilmiy yoki ilmiy-ommabop monografiyalarni, darsliklarni, o‘quv yo uslubiy qo‘llanmalarni o‘qigan kishi ularning boshi qayerda-yu keti qayerdaligini topgunicha ona suti og‘zidan keladi.
Nashr etilayotgan bunday bosma mahsulotlar ichida shundaylari borki, besh-oltita kitobdan yaxlit boblar ko‘chirib olingan. O‘zini muallif deb da’vo qilayotgan kimsa esa “tadqiqotchi Falonchining bu qarashlarini yetuk olim Pismadonchi quyidagicha bayon qilgan”, degan so‘zlar bilan bir-biriga “payvandlab” chiqqan. Aksar olimlar o‘zi yozgan kitobning nomi o‘zgarib, boshqa kimsa tomonidan nashr etilib, aynan o‘ziga dastxat bilan taqdim etilayotganiga ham, mualliflik huquqi oyoqosti qilinayotganiga ham e’tibor qilmay qo‘ydi. Qayerdan qilsin? Axir, “Voy xumpar-ey, o‘zimning kitobimni ko‘chirib olib, o‘zingning nomingdan nashr qilibsan-ku”, deyish uchun ham kitobni o‘qish kerak-da. Bu jarayon bilan yaqindan tanish bo‘lmagan kishi so‘zimizni mubolag‘aga yo‘yishi mumkin. Ularga isbot o‘rnida aytilar gap shu: xohlagan oliy ta’lim muassasasining kutubxonasiga kiring. Minglab monografiyalar bilan darsliklar bor. O‘qib ko‘ring…
Aslida, bunday holatlarga dunyo amaliyotida ham jiddiy muammo sifatida qaraladi. Masalan, Germaniyada plagiat sabab yuqori lavozimdagi siyosatchilar ham lavozimidan ketishga majbur bo‘lgan holatlar mavjud. 2011-yilda mamlakatning mudofaa vaziri bo‘lgan Karl Teodor Guttenberg doktorlik dissertatsiyasida plagiat aniqlanganidan keyin ilmiy darajasidan mahrum qilingan va vazirlik lavozimini tark etgan. Bu holat Yevropa universitetlarida akademik halollikka qanchalik jiddiy qaralishini ko‘rsatadi. Shu bois, ko‘plab mamlakatlarda ilmiy ishlar maxsus plagiat tekshiruv tizimlari orqali nazorat qilinadi.
Bizda mualliflik huquqini himoya qilish borasidagi qonunchilikda belgilangan jazo choralari ham ko‘p holda mo‘tadil hisoblanadi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunida mualliflik huquqini buzganlik uchun ma’muriy yoki fuqarolik-huquqiy javobgarlik belgilangan bo‘lsa-da, amaliyotda bunday holatlar sudgacha kamdan kam yetib boradi. Natijada ayrim mualliflar o‘z asarini boshqalar ko‘chirib, qayta nashr etishi yoki o‘zgartirgan holda tarqatishiga nisbatan jiddiy chora ko‘rishga urinmaydi. Bu esa ilmiy muhitda mualliflik huquqiga nisbatan mas’uliyat va ehtirom madaniyatining yetarli shakllanmasligiga olib keladi.
Nashriyotlar soni ko‘payib, mingdan oshgan bugungi kunda sifat emas, faqat son qolganday go‘yo. Yo‘qsa, nashr etilayotgan darsliklar va monografiyalar plagiat tekshiruvidan o‘tkazilmay, boz ustiga, tahrirsiz va bunchalik imlo xatolari bilan chop etilmas edi. Bir tomondan, holatning bu darajaga yetib kelishiga faqat nashriyotlar sababchi emas. Bunga oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritadigan Ilmiy yoki Uslubiy kengashlar, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining o‘quv adabiyotlarini ekspertizadan o‘tkazish va nashr guvohnomasini berish uchun tashkil etilgan adabiyot.edu.uz platformasi, ichki va tashqi taqrizchilar hamda shunday adabiyotlarni “bo‘ldimi-bo‘ldi” qabilida qabul qilib, o‘qituvchining shaxsiy ish rejasi bajarildi, deb o‘tirganlar ham sababchi.
NOSHIRLAR NIMA DEYDI? MUALLIFLAR-CHI?
Mavzu yuzasidan bir qancha nashriyotlarda o‘tkazilgan so‘rovdan quyidagilar oydinlashdi: oliy ta’lim o‘qituvchilari tomonidan nashr etilayotgan darslik, monografiya, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar bo‘yicha ahvol chindan tashvishli. Bu bosma mahsulotlarning aksari boshqa mualliflarning kitoblaridan ko‘chirilgan. Muharrir nigohidan o‘tmagan. Imlo xatolari tuzatilmagan. Chiqish ma’lumotlarida ko‘rsatilgan adad ham yolg‘on, ikki yuzta, uch yuzta, besh yuzta, mingta adad yozilgan bo‘lishiga qaramay, uch donadan ellik donagacha chop etilgan. Bundagi voqelik shunday: katta adadda nashr etish uchun talab qilinadigan mablag‘ni to‘lay olmaydigan muallif nashriyotdan yordam so‘raydi. Nashriyot ham beg‘araz “yordam qiladi”. Ya’ni, chiqish ma’lumotlariga 200, 300, hatto “mendan nima ketdi”, deb 1000 dona adadniyam yozib beraveradi. Muallif bo‘lsa, bir donasini majburiy nusxaga, bir donasini Milliy kutubxonaga, uch-to‘rt donasini o‘zi xizmat qilayotgan oliygoh kutubxonasiga topshiradi. Vassalom.
Ta’kidlanganidek, bunday nashrlarning na imlo xatosi o‘qilgan, na tuzukroq tahrir qilingan. Negaki, bu xizmatlar pul turadi. Musahhih ham, muharrir ham tekinga ishlamaydi. Aksar mualliflar esa “o‘zi besh donaga zo‘rg‘a pul topyapman. Iltimos, o‘zim o‘qiganman, endi bu xizmatniyam qo‘shib, to‘lovini ko‘paytirmanglar”, deb turib oladi. Shuning uchun nashr etilayotgan aksar darslik va monografiyalar shunchaki ofis printerlarida chop etilgan kitoblarga aylanib qolgan. Biz suhbatlashgan noshirlar kitoblardan tug‘ilayotgan, faqat nomlari va dastlabki sahifalarini o‘zgartirgan holda qayta nashr etilib, yangi kitob sifatida taqdim etilayotgan bosma mahsulotlar haqida, orqa-oldiga qaramay bir-birlaridan ko‘chirilayotgan “ilmiy ish”lar, “monografiya”lar, uslubiy va o‘quv “qo‘llanma”lar hamda “darslik”lar haqida “tesha tegmagan” ancha gaplarni aytdi. Eshitib, hayratga tushadi kishi.
Xalqaro amaliyotni kuzatsak, masalan, Yevropa va Amerika universitetlarida darslik yoki monografiya nashr etish oddiy jarayon emas. Ko‘plab universitetlarda universitet nashriyotlari – Oxford University Press, Cambridge University Press, Harvard University Press kabi tizimlar faoliyat yuritadi. Ularda kitob nashrga qabul qilinishidan oldin kamida ikki yoki uch mustaqil mutaxassis tomonidan ilmiy taqrizdan, matn plagiat tekshiruvidan o‘tkaziladi. Muharrir va musahhihlar bilan ishlanadi. Kitobning ilmiy qiymati, uslubi va manbalarining ishonchliligi tekshirilmaguncha, chop etishga ruxsat berilmaydi. Kitob haqiqiy ilmiy natijaning e’tirofi hisoblanadi hamda o‘quv jarayonida ham keng qo‘llanadi.
Bir tomon gapirgan joyda haqiqat bo‘lmaydi. Shuning uchun mualliflar, ya’ni oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilarining fikri bilan ham qiziqdik. Aksar o‘qituvchilarning lo‘nda javobi shunday bo‘ldi: “Kitob chiqarmasak, “shaxsiy ish reja” bajarilmaydi”.
Shaxsiy ish rejasi haqida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2018-yil 10-sentyabrdagi 20-2018-sonli buyrug‘i ilovasida aniq ta’rif berilgan. Buyruqdan anglashiladiki, shaxsiy ish rejasi va unda nazarda tutilgan uslubiy va o‘quv qo‘llanmalar, monografiyalar, risolalar, darsliklar yozish hamda nashr etish o‘qituvchining shaxsiy ish rejasi talabi. Demak, uni bajarish shart.
VAZIFA QANDAY BAJARILMOQDA?
“Bu ko‘plab o‘qituvchilarni o‘ylantirayotgan masala, – deydi siyosatshunos olim Farhod Karimov. – Chindan, talabalar ba’zi darsliklarni varaqlab ham ko‘rmaydi. Chunki ko‘pgina darsliklarda faktologik tahlillar yetarli emas. Yana bir e’tiborli jihat, SHIR doirasida ish olib borayotgan o‘qituvchi mavzuni ham, janrni ham o‘zi tanlaydi. Bu esa ehtiyoj bo‘lmagan ilmiy adabiyotlar sonining ortib ketishiga olib keladi. Ayrim hollarda darsliklar yozilib, nashr etilgunga qadar o‘quv yili tugaydi. O‘qituvchi ertaroq harakat qilib kitob yozishga kirishmoqchi bo‘lsa, kelasi yili qaysi fanni o‘qitishini bilmaydi. Asosiy muammolardan yana biri, ushbu ilmiy adabiyotlarni yaratish uchun aniq buyurtma tizimi mavjud emas. Holbuki, ayrim universitetlarda bunday adabiyotlar davlat buyurtmasi asosida tayyorlanadi”.
“Juda unchalikmas, – dedi bu suhbat tafsilotini eshitgan o‘qituvchi Rahmat Sultonov. – Davlatimiz ilmiy maqolalarini xorijiy jurnallarda chop ettirgan barcha olimlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Olimning ilmiy maqolasi xorijiy davriy nashrda pullik asosda chop etilsa, to‘langan mablag‘ maqola muallifiga oliy ta’lim muassasasi tomonidan qaytariladi. Ayrim muassasalarda bu jarayon mutasaddilarning sovuqqonligi tufayli yo‘lga qo‘yilmagan. Kitoblar nashri bilan bog‘liq malomatda esa jon bor. Nashr qilinayotgan qo‘llanmalar, uslubiy qo‘llanmalar, monografiyalar, darsliklar va hokazolar g‘ij-g‘ij xatoga botib ketdi. Ayrim darsliklarni o‘qib hayron qolasan, qurama kashtadan farq qilmaydi. Shuniyam kengashlar o‘tkazgan, vazirlik ma’qullagan, kitobni ilmiy ishlarga mas’ullarimiz varaqlab ham ko‘rmay, kutubxonaga qabul qilgan”.
Rivojlangan mamlakatlarda bu masala qanday hal etilishi bilan qiziqdik. AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya universitetlarida nashr etiladigan darslik va monografiyalar odatda muallifning shaxsiy mablag‘i emas, universitet yoki ilmiy grantlar hisobidan chop etiladi. Ko‘plab universitetlarning maxsus nashriyotlari kitobni bir necha bosqichli ilmiy ekspertizadan o‘tkazadi, mustaqil mutaxassislar fikri olinadi, bu jarayon xalqaro amaliyotda peer review deb ataladi. Unga ko‘ra, taqrizchilar kitobning ilmiy darajasi, manbalarning ishonchliligi, uslubi va yangi g‘oyalarini baholaydi. Agar kitob ilmiy talablarga javob bermasa, nashrga qabul qilinmaydi.
Yaponiya va Janubiy Koreya universitetlarida nashr etiladigan darslik yo monografiyalar universitetning maxsus tahririyat kengashi tomonidan bir necha bosqichli tekshiruvdan o‘tkaziladi. Matndagi imlo, uslub, manbalar, hatto iqtiboslarning to‘g‘ri keltirilgani ham alohida tekshiriladi. Kitob universitet byudjeti yoki davlat ilmiy dasturlari hisobidan chop etiladi hamda mamlakatdagi barcha universitet kutubxonalariga tarqatiladi.
Bizda professor-o‘qituvchilardan darslik va monografiyalar nashr etish talab qilinadi, ammo bu ishni moliyalashtirish mexanizmi ko‘p hollarda mavjud emas. Natijada kitob ilmiy tadqiqot natijasi emas, shaxsiy ish rejasini bajarish vositasi sifatida paydo bo‘ladi. Bu esa ilm-fanning tabiiy mantig‘ini o‘zgartirib yuboradi: tadqiqot kitob yozilishiga olib kelmaydi, aksincha, kitob talabni bajarish uchun yoziladi. Savol tug‘iladi: rivojlangan mamlakatlarda kitob nashri qat’iy ekspertiza, universitet nashriyotlari va davlat grantlari orqali ta’minlanar ekan, nega bizda bu jarayon ko‘p holda muallifning shaxsiy imkoniyati va nashriyot ixtiyoriga tashlab qo‘yilgan? Ilm-fan rivoji uchun sifat muhim emasmi?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilm-fan va ta’lim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi qarori bor. Ushbu qaror asosida qabul qilingan Nizom tartibiga ko‘ra, ilmiy maqola yoki bosma ilmiy nashr chop ettirgan, uning nashrga tayyorlanish ishlarida qatnashgan yoki tarjima va tahrir qilgan shaxslar qo‘shimcha moddiy rag‘batlantiriladi. Xo‘sh, unda o‘zining monografiya yoki darsligini besh-o‘n dona nashr qilayotgan o‘qituvchilar nega noliyapti?
Hamma gap shundaki, bitta monografiya yoki darslikni ming dona chiqarish uchun salmoqli mablag‘ talab qilinadi. Hatto, 300 dona chiqarishga ham ba’zan o‘qituvchining bir oylik maoshi yetmaydi. Biroq talab qattiq. Shaxsiy ish rejani bajarmagan o‘qituvchi bilan oliy ta’lim muassasasi keyingi yil uchun mehnat shartnomasi tuzmasligi yoki unga berilgan stavka birligini kamaytirib qo‘yishi mumkin. Bunday vaziyatda haqiqiy ilmiy tadqiqotga vaqt ajratish o‘rniga, “rejani bajarish” uchun tezkor va yuzaki kitoblar tayyorlashga urinishlar ko‘payadi. Natijada ilmiy muhitda sifat emas, son ustuvor bo‘lib qoladi. Bu esa yosh tadqiqotchilar uchun ham noto‘g‘ri ilmiy muhit shakllanishiga sabab bo‘ladi.
Ilmiy nashrning haqiqiy qiymati uning qancha nusxada chop etilgani bilan emas, balki unga bo‘layotgan murojaatlar bilan o‘lchanadi. Xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazalari – xususan, Google Scholar va Scopus kabi platformalarning tahlillariga ko‘ra, dunyoda nashr etiladigan ilmiy ishlarning sezilarli qismidan umuman iqtibos olinmaydi. Bu esa ilmiy adabiyotlar soni ko‘paygani bilan ularning barchasi ilmiy muomalaga kirib ketmaydi, degan haqiqatni ko‘rsatadi. Agar kitoblar faqat hisobot yoki rejani bajarish uchun nashr etilayotgan bo‘lsa, ilmiy muhitda muhokama qilinmaydi, ulardan iqtibos olinmaydi, kutubxonada chang bosib yotaveradi.
Bunday holatlar dunyo amaliyotida ham uchragan. Masalan, Wikipedia ensiklopediyasidagi “Publish or perish” maqolasida 2000-yillar boshlarida ayrim Yevropa mamlakatlarida ilmiy faoliyatni baholashda nashrlar soniga ortiqcha e’tibor berilgani “publish or perish”, ya’ni “nashr qil yoki kasbingdan ayril” degan tushuncha keng tarqalishiga sabab bo‘lgani alohida qayd etilgan. Bu esa ayrim olimlarni tezkor va sifatsiz nashrlar tayyorlashga undagan. Natijada ilmiy adabiyotlar orasida yuzaki tadqiqotlar va qayta ishlangan matnlar soni ortib ketgani haqida bir qator xalqaro tahlillar e’lon qilingan. Shu sababli, keyingi yillarda ko‘plab universitetlar ilmiy faoliyatni baholashda nashrlar sonidan ko‘ra ularning sifatiga, iqtiboslar soniga va tadqiqotning ilmiy ahamiyatiga ko‘proq e’tibor qarata boshlagan.
Ilmiy nashrlarni kuzatib boruvchi Retraction Watch ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda turli sabablar – plagiat, ma’lumotlarni soxtalashtirish yoki metodologik xatolar tufayli minglab ilmiy maqolalar va tadqiqotlar ilmiy muomaladan qaytarib olingan. Bu holat ilmiy nashrlar soni emas, balki ularning ishonchliligi va ilmiy qiymati muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatadi. O‘zbekistonda ham mazkur holatga yetarlicha e’tibor berilmasa, buning yana bir salbiy oqibati yuz ko‘rsatishi, oliy ta’lim muassasalarida nashr etilayotgan darslik va qo‘llanmalar ilmiy adabiyot sifatida mutlaqo ishonchsiz manbalarga aylanib qolishi mumkin.
Jahondagi nufuzli universitetlar faqat binolari yoki talabalar soni bilan emas, ilmiy faoliyatining sifati bilan ham baholanadi. Masalan, xalqaro reytinglarni tuzuvchi Times Higher Education va QS World University Rankings kabi tashkilotlar universitetlarni baholashda asosan tadqiqot sifati, ilmiy nashrlar va ularga berilgan iqtiboslar sonini hisobga oladi. Demak, faqat hisobot uchun chop etilgan, ilmiy muhitda o‘qilmaydigan yoki iqtibos olinmaydigan kitob universitetning xalqaro nufuzini oshirmaydi.
Bu muammoga faqat alohida muallif yoki nashriyotning kamchiligi emas, tizimli masala sifatida qarash lozim. Ilmiy kitob nashrini reja bajarish vositasiga aylantirib qo‘yish ilm-fan rivojiga xizmat qilmaydi. Aksincha, ilmiy muhitda sifat va mas’uliyat tamoyillarini zaiflashtiradi.
OQIBATINI KIM O‘YLAYDI?
Barchamiz o‘ylashimiz kerak. Negaki, shundoq ham aksar oliy ta’lim muassasalarining bir-birlari bilan ilmiy aloqalari haminqadar. Qolaversa, masalaning boshqa tomoni ham bor: mamlakatdagi oliy ta’lim dargohlari soni ikki yuzdan oshdi. Bir ta’lim dargohida uchta yoki ellikta nashr etilgan darslik, monografiya, qo‘llanma yo o‘quv qo‘llanma barcha ta’lim dargohlarining kutubxonalariga yetib bormaydi. Natijada, bir mavzuda ilmiy tadqiqot olib borayotganlar bir-biridan bexabar holda ish tutadi.
Ilm-fan tarixi shuni ko‘rsatadiki, tadqiqotchilar o‘rtasida axborot almashinuvi yetarli bo‘lmagan joyda ilmiy taraqqiyot ham sekinlashadi. Shu sababli, rivojlangan mamlakatlarda ilmiy natijalarni bir joyda jamlash va barcha tadqiqotchilarga ochiq qilish uchun maxsus milliy va xalqaro platformalar yaratilgan. Masalan, Yevropa Ittifoqida OpenAIRE platformasi orqali universitetlar va ilmiy markazlarda yaratilgan tadqiqotlar, monografiyalar va maqolalar yagona elektron muhitga joylashtiriladi. Openaire.eu internet manbasi ma’lumotiga ko‘ra, bu tizim Yevropa mamlakatlari bo‘ylab minglab universitetlar va tadqiqot markazlarini birlashtirib, tadqiqot natijalarining erkin almashinuvini ta’minlaydi.
Yaponiyada ilmiy nashrlarni umummilliy elektron repozitoriylar orqali tarqatish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Repozitoriy – bu ilmiy maqolalar, monografiyalar, dissertatsiyalar, darsliklar va boshqa akademik materiallarni yig‘ish, saqlash, tizimlashtirish va keng jamoatchilikka taqdim etishga mo‘ljallangan raqamli platforma hisoblanadi. Masalan, JAIRO Cloud platformasi orqali universitetlar o‘z ilmiy nashrlarini yagona tizimga joylashtirib, ularni mamlakat bo‘ylab tadqiqotchilar uchun ochiq qiladi. Bu esa bir universitetda yaratilgan tadqiqot natijalaridan boshqa universitet olimlari ham erkin foydalanishiga imkon beradi.
Dash.harvard.edu taqdim etgan ma’lumotlarga qaraladigan bo‘lsa, AQSHda ham shunga o‘xshash tizimlar faol ishlaydi.
MUAMMOGA YECHIM BOR
Mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida shunday holat kuzatilmoqda, degan fikr to‘g‘ri emas. Ayrim universitetlarda darslik va o‘quv qo‘llanmalarini nashr etish bo‘yicha aniq tartib joriy qilingan. Ularda kitoblar universitet hisobidan nashr etiladi, hatto mualliflar rag‘batlantiriladi. Ammo bunday ta’lim muassasalari barmoq bilan sanarli.
Axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan davrda ilmiy va ta’lim resurslarini raqamlashtirish hamda ularni markazlashtirilgan holda saqlash ushbu muammoga yechimlardan biri bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonda ilmiy va ta’lim adabiyotlarini elektron jamlashga xizmat qiladigan ayrim platformalar mavjud, albatta. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi aynan shu xizmatni bajarayotgan muassasalardan biri. Uning asosiy vazifasi milliy nashr mahsulotlarini yig‘ish, saqlash va foydalanuvchilarga taqdim etishdan iborat. Biroq uni to‘liq akademik repozitoriy deyishga shoshilmagan ma’qul. Chunki kutubxona asosan nashr qilingan kitob va jurnallarni arxivlashga yo‘naltirilgan. Ilmiy repozitoriy esa ilmiy materiallarni raqamli muhitda jamlash, ularni xalqaro standartlar asosida tavsiflash va global ilmiy axborot tizimlari bilan integratsiya qilish vazifalarini ham bajaradi.
Ilmiy jamoatchilik tomonidan keng foydalaniladigan portallardan yana biri – ZiyoNET ta’lim portali hisoblanadi. U orqali darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, metodik materiallar va ayrim ilmiy maqolalar elektron shaklda taqdim etiladi. Albatta, ZiyoNET ta’lim jarayonini axborot bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Ammo u ham to‘liq akademik repozitoriy talablariga javob bermaydi. Chunki repozitoriylarda har bir material xalqaro standartlar asosida metama’lumotlar bilan tavsiflanadi va ilmiy bazalar bilan integratsiya qilinadi. Yurtimizda adabiyot.edu.uz platformasi ham mavjud. U asosan darslik va o‘quv qo‘llanmalarini ekspertizadan o‘tkazish hamda ularga nashr etish uchun tavsiya berish jarayonlarini raqamlashtirishga xizmat qiladi. Ammo elektron kutubxona yoki ilmiy repozitoriy funksiyasini to‘liq ta’minlamaydi.
Natijada ilmiy va ta’lim adabiyotlari turli manbalarda tarqoq holda saqlanmoqda. Ayrim materiallar universitet saytlarida, boshqalari ta’lim portallari yoki ilmiy jurnallar saytlarida joylashgan. Ayrim tadqiqotchilar o‘z ishlarini Google Scholar yoki ResearchGate kabi xalqaro platformalarga yuklashadi. Bu esa ilmiy axborotning markazlashmagan tarzda tarqalishiga sabab bo‘lib, kerakli adabiyotlarni topishni qiyinlashtiradi.
Jahon tajribasi bu borada boshqacha yondashuvni ko‘rsatadi. Masalan, Rossiyada CyberLeninka ochiq ilmiy kutubxonasi, Yevropa mamlakatlarida OpenAIRE infratuzilmasi orqali ilmiy ishlar yagona platformada jamlangan. Bunday tizimlar ilmiy ma’lumotlarning ochiqligi va ulardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Muammoga faqat tanqid nuqtayi nazaridan emas, amaliy yechimlar orqali yondashish muhim. Avvalo, barcha universitetlar huzuridagi nashriyotlarni ixtisoslashtirish, har bir darslik hamda monografiyani nashrga qabul qilishdan oldin mustaqil mutaxassislar nigohidan o‘tkazish, plagiat tekshiruvini amalga oshirish, muharrirlik va musahhihlik ishlarini qat’iy ta’minlash lozim. Oliy ta’lim muassasasi reytingida jiddiy o‘rin tutadigan darslik va monografiyalarning nashr xarajatlarini oliygoh byudjeti yoki maxsus ilmiy grantlar hisobidan qoplash mexanizmini yanada kengroq joriy etish kerak. Bu jarayonda ilmiy axborot almashinuvini takomillashtirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Abdulhamid MUXTOROV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasining 2026-yil 3-apreldagi 14-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
98
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
610
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
607



