13.04.2024 | 09:38
359
QAYNONAMNING KITOBLARINI O‘QIB…

Ota – oilaning ustuni, himoyachisi, boquvchisi hisoblansa-da, odatda ro‘zg‘ordagi sog‘lom muhitni ayollar belgilaydi. Sabr-bardoshli, tadbirli, itoatkor ayol, har qanday vaziyatda ham erini, farzandlarini to‘g‘ri yo‘lga solib, xonadoniga fayz-baraka, tinchlik-osoyishtalik va pokizalik baxsh eta oladi. Oilaning har tomonlama mukammal bo‘lishi uchun tabiiy muhitning o‘zi kamlik qiladi. Qaysi oilada ko‘proq kitob, gazeta va jurnallar mutolaa qilinsa, tarbiya borasida maqsadga oson erishiladi.
Men Nurota tumani axborot-kutubxona markazida yigirma ikki yildan buyon mehnat qilib kelyapman. Yillar mobaynida shuni angladimki, kitobxonlar orasida uyushmagan va ishsiz yoshlar, katta yoshdagi onaxonu otaxonlar, mansabdorlar, qo‘l-oyog‘i chaqqon uy bekalari, maktab o‘quvchilari ozchilikni tashkil etadi. Yaqinda tumanimizdagi mahallalar bilan kelishgan holda, aholiga qulaylik yaratish maqsadida ko‘chma kutubxona tashkil qildik. Ko‘chma kutubxonada insonni mushohada qilishga, oila muhitini mustahkam shakllantirishga chorlaydigan ajoyib asarlar bor. Maqsadimiz “Har bir xonadon – kitobxon” loyihasi asosida tumanimiz hududidagi aksariyat oilalarga kirib borish, ularning ma’nan va ruhan o‘sishlariga amaliy yordam berishdan iborat. Tadbir bahona “Mirishkor”, Gʻafur Gʻulom, “Mustaqillik” kabi o‘nlab mahallalarda istiqomat qilayotgan zamondoshlarimizning kitob o‘qishga bo‘lgan xohish va ishtiyoqini o‘rgandik. Bu tadbirimiz yaxshi samara bera boshladi. Fuqarolarimiz bugunga kelib kitob tanlay boshladilar. Ba’zi kitobxonlarimiz Alisher Navoiy, Bobur asarlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘qishga qiynalayotganiga ham guvoh bo‘ldik. Demak, kitobxonlikni xalqimiz orasida keng targ‘ib etish uchun o‘zbek mumtoz adabiyoti namunalarini tushunishni osonlashtiradigan qo‘llanmalarni ko‘paytirishimiz lozim.
Kunlarning birida axborot-kutubxona markaziga bir onaxon kirib kelib, uzoq vaqt kitob tanladi. Javonlarga mehr va quvonch bilan ko‘z yugurtirdi. Onaxon bilan tanishdim. Ta’kidlashicha, u juda erta, ya’ni 19 yoshida turmushga uzatilgan ekan.
– Qizim Zumradxon tug‘ilganda bola tarbiyalashni bilmas edim, – deydi onaxon. – Shunday og‘ir kunlarda qaynonamdan tengsiz takalluf va mehr ko‘rdim. Bilmaganlarimni erinmasdan, koyimasdan o‘rgatdi, kamchiliklarimni tuzatdi. Kezi kelganda meni erimning, qayinsingillarimning tanbehlaridan himoya qildi. Oradan yillar o‘tib, yana ikkita farzandli bo‘ldim. Hayotimiz izga tushdi. Navbatma-navbat qayinsingillarimni uzatdik. Erim ham farzandlarimizga mehr qo‘yib, o‘rtamizdagi muhabbat rishtasi mustahkamlandi. O‘sha paytlarda qaynonamning yoshlari ancha ulug‘ bo‘lsa-da, qo‘lidan kitob tushmas edi. O‘zi o‘qigan kitoblarni menga berib, diqqat bilan o‘qib chiqishimni tayinlar, adabiyot yo‘li ulug‘ yo‘l ekanligini qayta-qayta ta’kidlar edi. Shu-shu qaynonamning talablari bilan men ham kitobga mehr qo‘ydim. Undan behisob kuch-qudrat, sabr-qanoat topdim. Ollohga shukr, farzandlarim ham adabiyotga ishtiyoqmand bo‘lib o‘sdi. Agarda qaynonam ko‘p kitob o‘qimaganida, biz farzandlariga nisbatan qattiqqo‘l, qahr-g‘azabli bo‘larmidi, deya o‘ylanib qolaman gohida. Men kitob hamda kitobxon qaynonam tufayli oilamizni parokandalikdan saqlab qoldim, deya baralla aytaman. Meni shunday qaynonaga duch qilgan taqdirimdan roziman.
Ma’suma onaxonning bu kabi dil so‘zlarini tinglar ekanman, ich-etim jimirlab ketdi. Afsuski, kitobxonlikning bu kabi foydasi haqida hammamiz ham yetarli tushunchaga ega emasmiz.
Qissadan hissa shuki, badiiy adabiyot insonning hayotini, uning oilasidagi muhitni tubdan o‘zgartirib yuborishiga zarracha shubha yo‘q. Mahallalarimizda kitobsevar onaxonlar, otaxonlar, aka-uka, opa-singillarimiz ko‘p bo‘lsa, kutubxonalarimizning javonlari oilalarimizda ahillik, mehr-oqibatni ta’minlaydigan asarlar bilan to‘lib tursa, nur ustiga nur bo‘lar edi. Shuni ham ta’kidlashni istardimki, umumta’lim maktablarining o‘qituvchi va o‘quvchilari davrasida kitobsevar zamondoshlarimiz bilan turli ijodiy uchrashuvlar, ko‘ngilochar tadbirlar tashkil qilinsa, mustahkam oila sari dastlabki muhim qadamlarni tashlagan bo‘lar edik.
Zebiniso IBRAGIMOVA,
Navoiy viloyati Nurota tumani axborot-kutubxona markazi xodimi
2024-yil 23 -fevraldagi 9-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599

