12.03.2025 | 08:57
445
“QORONG‘U UFQDAGI TONG YULDUZI”
Tarixdan ma’lum, Chor Rossiyasi dastlab Qrim, Tatariston, Kavkazorti kabi musulmon o‘lkalarini bosib oldi. XIX asrning uchinchi choragiga kelib Qo‘qon xonligi mahv etilib, Buxoro amirligi va Xiva xonligi amalda tobe davlatga aylantirildi. Bu sharmandali mag‘lubiyatga xonliklarning bir-biri bilan ochiqdan ochiq ixtilofi, iqtisodiy, siyosiy, hududiy masalalarda ziddiyatlari, ilm-fan, taraqqiyot bobidagi oqsoqliklari sabab bo‘ldi.

Aslan, bunday fojialar ozodlik uchun kurashchan qahramonlar tug‘ilishida eng katta omillardan biri bo‘lgan. Xususan, O‘rta Osiyoda Rossiya imperiyasi mustamlakasidan ozod bo‘lish g‘oyasining fidoyi jonkuyarlari – jadidlar o‘zlarining siyosiy qarashlari orqali adolatli fuqarolik jamiyati qurish g‘oyalari bilan maydonga chiqqan. Ular jamiyatda adolat o‘rnatish uchun birinchi navbatda istiqlolga erishish muhim ekanini o‘z harakatlari – chiqishlari, yozgan asarlari va hatto o‘limni bo‘yniga olganliklari bilan ham anglatishga uringan.
…Buxoroda ham jadidlik murakkab va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi. Jadidlikning bu ko‘hna zaminda vujudga kelishida XX asr boshlarida Rossiya, Eron, Turkiyada kechgan inqilobiy harakatlar, amirlikdagi ma’rifatparvarlarning ijtimoiy-siyosiy faoliyati muhim ahamiyat kasb etgan. Bunda umumbashariy g‘oyalari bilan dong taratgan ulug‘ siymo, olim va davlat arbobi Ahmad Donish shaxsini yodga olish o‘rinlidir.
Bu nom ko‘pchiligimizga tanish, albatta. O‘z zamonasida u “Ahmad Kalla”, “Ahmad maxdum”, “Muhandis” nomlari bilan ham dovrug‘ qozongan. Biroq uning Buxoroda ilmiy-adabiy tafakkur yangilanishiga ta’siri, bu borada olib borgan amaliy sa’y-harakatlaridan to‘la xabardormiz, deyolmaymiz.
Ahmad Donish nafaqat Buxoroda, balki O‘rta Osiyoda yangi zamon ma’rifiy harakatining yetakchilaridan biri sanaladi. Buxoro madrasalari mudarrislari, talabalari bu olimni g‘oyat hurmat qilishar, Sadriddin Ayniy ta’biri bilan aytganda, u “Buxoro amirligining qorong‘u ufqidagi tong yulduzi” edi.
Ahmad Donish 1827-yili Buxoroda shofirkonlik mudarris oilasida tug‘ilgan. Dastlab shu yerdagi maktab va madrasalarda tahsil oldi. Madrasada egallagan bilimlari bilan kifoyalanmay, riyoziyot, falakiyot, adabiyot, musiqa, me’morchilik, tarix va falsafani puxta o‘zlashtirishga bel bog‘laydi. Sharq shoirlari va mutafakkirlari asarlarini ko‘p o‘qib-o‘rganib Ibn Sino, Umar Hayyom, Navoiy, Fuzuliy, Bedil asarlariga o‘rtoq tutinadi. Buni olimning o‘z risolalarida ularning fikriga ko‘p to‘xtalganidan ham anglash mumkin.
Ahmad Donish Buxoro amiri elchilari safida uch bor (1857, 1869 va 1874-yillarda) Peterburgda bo‘lib, Ovro‘po madaniyati, ilm-fan sohasidagi yutuqlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lgan va safar chog‘ida ko‘rgan-kechirganlari xususida maxsus risola ham bitgan. O‘sha paytlari Rossiyaning “Голос”, “Новое время” gazetalarida uning hurfikri, bilim-saviyasi, siyosatdonligini xo‘p ta’riflab chiqishlar qilingan.
Ahmad Donish o‘z ma’rifati, qomusiy ilmi bilan rus podshosi xizmatidagi yozuvchi-olimlarning-da hurmatini qozongan va hatto imperator Aleksandr II ning ham nazariga tushgan edi. Tabiiyki, safarlar mutafakkir dunyoqarashiga ulkan ta’sir o‘tkazib, olimning Buxoroda mavjud tartiblarni isloh qilish loyihasini olg‘a surishiga turtki beradi. Bu esa Amir Muzaffariddinga xush kelmay, uning noroziligiga sabab bo‘ladi. Amir o‘sha zahotiyoq olimni hududdan uzoqlashtirishga urinib, uni Huzarga qozi etib jo‘natadi. Amir vafotidan so‘nggina u Buxoroga qaytishga muvaffaq bo‘ladi.
Ahmad Donishdan bizga betakror ilmiy-adabiy meros qoldi. Adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Haqqul “Ahmad Kalla” nomli essesida ta’kidlaganidek, “XIX asrdagi Buxoro sharoitida Ahmad Donishdek olim, adib, mutafakkir va davlat arbobining kamol topishi hayratlanarli hol… Ilm-fanning sayozlashuvi, ma’rifat bo‘stonlarining qovjirashi, hurriyat nurlarining so‘nishi Buxoroning tinka-madorini quritgan edi. Davlat va hokimiyat Buxoroyi sharif ahli xohish-irodasiga zid bo‘lgan aqida va orzu-havaslarga tobe edi…”
O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida Ahmad Donishning 16 ta risola va yana bir qancha she’rlari kiritilgan tazkiralar, Gʻazzoliy, Jomiy asarlaridan ko‘chirgan qo‘lyozma nusxalari saqlanadi. Bu asarlarning aksari asl nusxa bo‘lib, muallifning o‘zi tomonidan bitilgan.
Ahmad Donish shaxsini tanishga xizmat qiladigan asosiy asar “Navodir ul-vaqoye’” – “Nodir voqealar”dir. Asarning “nodir” bo‘lib pishib yetilishi o‘n besh yil davomida (1870–1885) yozilgani bilan ham bog‘liq. Unda olim turli (ona va farzand munosabatlari, safar qilishning foydalari, vaqt qadri, kasb-kor, yer tuzilishi, ma’danlar va h.k.) masalalarga bobma-bob munosabat bildiradi. Shu nuqtayi nazardan “Nodir voqealar” tarixiy, falsafiy, memuar asar sifatida e’tirof etiladi.
Asarda, xususan, taraqqiyotga g‘ov bo‘lib qolgan feodal ijtimoiy-siyosiy tuzum, tartib va munosabatlar tanqid ostiga olinadi. Qolaversa, muallif Buxoro xonligini chet mamlakatlar bilan taqqoslab, o‘z vatanining iqtisodiy va madaniy jihatdan orqada qolganligini ko‘rsatib beradi. Bu qoloqlikdan qutulish uchun ijtimoiy-siyosiy tuzumda islohotlar qilish zarurligini bot-bot uqtiradi.
Buxoro amirligining so‘nggi qozikaloni, “Navodiri Ziyoiya” tazkirasi muallifi, ma’rifatparvar Sadri Ziyoning e’tiroficha, “Ahmad Donish butun umrini amir, vazir, qozikalon va boshqa amaldorlarni kelajakdan ogoh etish, oddiy odamlarga zulm o‘tkazmaslikka chorlash, ularni zo‘ravonlik, berahmlikdan qaytarishdek ezgu ishlarga sarflagan, biroq jamiyat hayotida biron bir o‘zgarish ko‘rmagan”.
Ahmad Donish bunday turg‘unliklarga qaramay, o‘z vatani rivoji uchun tinmay kurashdi, xalqni ilm-ma’rifatga chorlashdan bir zum to‘xtamadi. “Odam yaratilgandan so‘ng uning tuganmas baxti ilm va ma’rifatda bo‘ladi. Uning ixtiyori o‘zida bo‘lsa, ilmsizlik va dangasalikka bo‘yin egmasin, chunki ilm va ma’rifat ruhning istagi bo‘lib, rohatparastlik va dangasalik nafsning tilagidir”, deydi u.
Ahmad Donish 1897-yili vafot etdi. Uning ilmiy-adabiy merosi ko‘pchilik tadqiq etganiga qaramay, aytish mumkinki, hali ochilmagan qo‘riq hisoblanadi. Uning biz o‘qib, uqib olishimiz kerak bo‘lgan ibratlari, hikmatlari bisyor. Donish so‘zi bilan aytganda: “Kishi o‘z vatanini himoya qilsagina, o‘z xalqi bilan birga bo‘lsagina, u har doim barhayotdir”. Zotan, Donishning donishligi ham shunda edi.
Bahodir MA’MUROV,
Buxoro davlat pedagogika instituti rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 28-fevraldagi 9-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
106
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
617
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
613
