Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 13°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


29.07.2025 | 16:22

img557

QUYOSH FARZANDI

1
Qatim nur qatida ajib yorug‘lik,
Yo‘lma-yo‘l ulashib borar ziyoni.
Taqdiri azali Quyoshga bog‘liq,
Ezgulik tomonga boshlar dunyoni…

Yorishib jilolar etadi maftun,
Qatrada aks etar uning borligi.
Tong otib, boshlangan sehrli bu kun
Ko‘rsatar bo‘y-bastin, ulug‘vorligin.

Nurafshon yuzidan yog‘adi mehr,
Qadami yetgan joy turar uyqudan.
Dillarga oydinlik baxsh etib axir,
Bahramand aylaydi ajib tuyg‘udan.

Nish urgan maysalar bahordan darak,
Novdalar ko‘ksida kurtaklar – marjon.
Hapriqib ko‘z tashlar atrofga yurak,
Bulutni panalab boqadi osmon…

Yastangan kengliklar qo‘ynida hovur,
Talpinib turibdi sirli kuch-qudrat.
Bu makon bag‘riga qo‘l uzatib nur,
Yorug‘ ufq tomonga bag‘ishlar shiddat…

Egatda saf tortgan g‘o‘zalar – uyg‘oq,
Boshoqlar ko‘targan g‘allazor – mag‘rur.
Saraton nafasi lab bosar qaynoq,
Jilg‘ada oqqan suv – dur-u javohir.

Bu nurning shashtidan
dala-dasht ko‘rkam,
Umidvor niyatlar topadi taskin.
Baxmalday to‘shalgan qirlarda ko‘klam,
Beg‘ubor shabada atrofda esgan.

Faraxbaxsh damlarni unutmayman hech,
Dilda satrlarga bag‘ishlayman jon.
Yuragim bahoriy orzularga esh,
Bog‘ga yo‘l olaman baxtli, shodumon…

                   2

…Bog‘da kezarkanman sog‘inib yana,
Quvnayman oftobning yuziga boqib.
Borliq yashnab turgan latif lahzada
Xayolim uchadi keng qanot yozib.

Ana nur! Izidan qolmaydi yelib,
Moziyga tutadi sokingina yuz.
Shamol-u bo‘ronga nogoh duch kelib,
A’zoyi badani titraydi shu kez.

Ne-ne bahodirga tarixdir guvoh,
O‘t qo‘yib yovlarning jism-u joniga.
Vatanga jon fido ayladi Shiroq,
Nurlar akslandi to‘kkan qonida.
Chingizxon diliga solib ming qutqu,
Kelar edi yovqur, bo‘lmay yuz xotir.
Dushmanni lol etgan Jaloliddin u,
Jasorat nuriga yo‘g‘rilgan botir.

Etagidan ushlab asriy sururning
Dunyo zabt etsa-da qilib hang-u mang.
Shiori shu edi buyuk Temurning:
“Nurga to‘lsin har uy, millat-u Vatan!”

Ilm-u fan bog‘larin yashnatib dildan,
Baxsh etdi olamga sirli dunyolar.
Kuch olgay umrbod osmon ilmidan,
O‘chmagay Ulug‘bek yoqqan ziyolar.

Ezgulik yo‘lidan mudom kuch olgan,
Mehr-u muhabbatga to‘lig‘idir u.
El qalbiga so‘zdan yorug‘lik solgan,
Navoiy – nurlarning ulug‘idir u.

…Na yo‘l ko‘rinadi,
na borar manzil,
Begona ovozlar bunda hukmron.
Nurning yelkasida yuki zil-zambil,
O‘zlikni topmoqqa izlaydi imkon.

Yillarni oralab qiynaldi taqdir,
Qaramlik dardidan sarson bo‘ldi u.
Ko‘rgilik dastidan ezilib oxir,
Ufqqa intilgan karvon bo‘ldi u.

Azob-uqubatlar duch keldi qancha,
Qovog‘in ochmadi hattoki zamon.
Istagan kunlarni intiq kutgancha
Murodga yetmoqlik bo‘lmadi oson!

Ammo imkoni yo‘q!
Zimiston – makkor,
Chopog‘on umri ham kezdi bemurod.
To‘rt tomon bosh urdi, barisi bekor,
Ich-ichdan oh chekdi, ayladi faryod.

Go‘yoki umid ham so‘ngandi butkul,
Barini taqdirga yo‘yib bo‘lgandi.
Qorong‘u pardasin yirtgan nima ul?
Armonlar ko‘ksini tig‘day tilgandi…

Toki nur bor zulmat ketadi titrab,
Yorishgan atrof ham tushar junbishga.
Qudratli kuchiga hayrat-la qarab
Bu olam talpingan faqat quyoshga!

Qatra nur singari yaralgan qismat,
Yillarning qa’ridan chiqdi birma-bir.
Boshiga yog‘arkan qor-yomg‘ir faqat,
Zahmat-u zug‘mlar chekdi ko‘p og‘ir.

Behbudiy, Cho‘lpon-u Usmon Nosirday
Nurlarni baribir so‘ndirolmadi.
Ularki barhayot Amu va Sirday,
Oqqan daryolardek oqmay qolmadi…

                     3

Nurdan yaralganki nurga intilar,
Maqsad-u murodi yorug‘lik abad.
U yetgan maskanlar xushbaxt, shan bo‘lar,
Egilgan qomatlar ko‘targaydir qad.

Olovli yillardan saqlab chiqdi jon,
Ko‘ksida avaylab ezgu orzuni.
Ne qilsin, yo‘l bermas edi u zamon,
Kimga ham aytardi yurak arzini?!

Ammo shijoati susaymadi hech,
Ro‘shnolik azmidan qaytmas edi u.
Hatto uxlolmasdi uyquda ham tinch,
Ko‘krak kerib bir so‘z aytmas edi u.

Registon bag‘rida minorlar guvoh –
Nurlarning ovozi yorug‘lik edi.
Uning vujudini sig‘dirolmas choh –
Borligi aslida ulug‘lik edi.

Qo‘qon ham ko‘z yosh-la chekdi ko‘p ozor,
Toshkent ko‘chalari qiynoqqa shohid.
Insonning toleyi bo‘lgan edi xor,
Nurlar ham hech qachon bo‘lmadi shahid.

Zomin-u Baxmalning tuprog‘i uzra,
Yaraqlab o‘zligin ko‘targan nurlar.
Haqning marhamatin xor-u zor izlab,
Oppoq yorug‘likka aylangan hurlar.

Buxoro boshiga tushgan savdolar,
Bosqinchi dastidan hamon o‘chmagan.
Xivani qiynagan qancha g‘avg‘olar,
Og‘rig‘i hali ham qalbdan ko‘chmagan…

                      4

Ko‘rinmas kishanni yechmoq osonmas,
Qaramlik nelarga qilmadi duchor.
Ozodlik o‘zicha kelgan ham emas,
Bu yo‘lda el, axir, ko‘p chekdi ozor…

Mutelik azobin yuklari og‘ir,
O‘zingning noningni olsang birovdan.
Zug‘mdan qiynalib dard chekkan bag‘ir,
Qon yig‘lab chiqardi so‘rov, burovdan…

Nurlarki zulmatga beraverdi dosh,
Gʻanim deb tuhmatdan uni otdilar.
Yurakmas ko‘ksida tutganlari tosh,
Porlagan nurlarni bir-bir sotdilar…

O‘zingdan sotqinning chiqqani yomon,
Ostonang ostida yotgan chayondir.
Uning qo‘lidadir tortilgan kamon,
O‘qidan yorug‘ qalb titragan jondir…

Yillarning qa’ridan so‘nmay o‘tdi nur,
Shamol-u dovullar yengolmadi hech.
Zulmatni oralab to tongga dovur,
O‘ziga bir olam topa oldi kuch…

Bu olam xalq edi…
Ezilgan, so‘ngan,
Iligi qaqshagan, talangan bori.
Ammo u nurlandi yana yangidan,
Yo‘qoldi qalbidan azob g‘ubori.

Uqubat og‘rig‘i toparkan zavol,
Yuraklarga to‘ldi erkning sururi.
Xalq ko‘nglin yoritdi unda, ehtimol,
Yo‘lchi yulduzining muqaddas nuri…

            5

Istiqlol!
Nurlardan yaralgan olam,
Yorug‘lik boshlanar ostonasidan.
O‘tmishda qolgandek endi dard-u g‘am,
O‘zga nafas kelar koshonasidan…

Nur bor ekan axir hayot bardavom,
U borgan har manzil doim yorishgay.
Dunga tuhfa etgan har ne’mat, in’om,
Insonlar umriga umrlar qo‘shgay…

Charaqladi quyosh!
Charog‘on olam,
Kengliklar bag‘rida nuri taralgan.
Uning kabi go‘yo dunyoda bekam,
Nur misol fidoyi Inson yaralgan…

Tong ila uyg‘onar Quyosh farzandi,
Toshadi bag‘ridan bir olam mehr.
U axir mehribon, jasur va tanti,
Dilida tugamas muhabbat, sehr.

Niyatdan taft berib o‘z yuragiga,
Borarkan ajdodlar bosgan izidan,
Deydi g‘urur ila, chin sharaf ila:
“So‘nmas ziyolarning davomchisiman!”

O‘zidan uyalib, etmay tamanno
Bir chetda jim qolar
manfur boqishlar.
Bu saxiy ziyoga bo‘lsin tasanno,
Olqishlar, fidoyi nurga olqishlar!

Kezib tinchimaydi bu zamin aro,
Hatto ungurlar ham chetda qolmaydi.
Uning ezguligi yer-u ko‘k aro,
Yorug‘lik taratib sira tolmaydi.

Nurdan erkalanib shivirlar bog‘lar,
Giyohlar dam sayin bo‘yin cho‘zadi.
Lahzalar qo‘ynida o‘zgacha tog‘lar,
Boshida oqqushdek bulut suzadi…

Ko‘ngil ko‘taradi o‘zini azot,
Shodligi cheksizdir, yo‘q unga qiyos.
Jafokash edi u, o‘zgardi hayot,
O‘zlikning qadri ham ozod yurtga xos.

Yorug‘lik yuz ochgan kulbalarida
Gul-u rayhonlari atri bilan mast.
Bag‘riga talpingan shabadalarda
Bir olam halovat yashaydi besas…

Sahardan bedorlik, shijoat, jur’at,
Qolar pok niyatlar bag‘rida mangu.
Shashtida sabot bor, sabr-u matonat,
Nur kabi betakror yaralgan jon u!

Zulmatga chorlasa allakimsalar,
Ezgulik yo‘liga baxshida bu nur.
Kimlardir tinchlikni mensimasalar,
Yorug‘lik tomonga u boshlab borur…

Umrini bag‘ishlab millatga, shonga,
Bellashar zamonda shitob bilan u.
Har ko‘ngil, har o‘lka, har xonadonga
Boradi ilmi nur – kitob bilan u.

U millat dilbandi!
Boqqil zamondosh,
Unga talpinadi yaqin-u yiroq.
Bor bo‘lsin shunday
nur baxsh etgan Quyosh,
Qadami qutlug‘dir, tilagi porloq!

Istiqbol quyoshi kulsin muloyim,
Umidlar quchog‘i guliston bo‘lsin.
To saxiy nur kabi bor bo‘l ilohim,
Senga sharaf bo‘lsin, senga shon bo‘lsin!

O‘tkir RAHMAT
2025-yil, iyul.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 25-iyuldagi 30-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img61

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img586

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img583